22 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,6 °C

O‘zbekiston: yangi davr
17 May  2019 1341

"Bo‘ston" - bo‘stonga aylanyapti

Spidometr ko‘rsatkichi masofani hisoblab, 70 kilometrdan oshganini ko‘rsatmoqda. Barchamiz Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi o‘sha mashhur «Bo‘ston» mahallasiga yo‘l olganmiz. Xo‘sh, mahalla nimasi bilan shunchalik mashhur bo‘lib ketdi? Mahallada kutilmaganda boshlanib ketgan tub o‘zgarishlarni uzoq kutishgan. Bu yerda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning amalga oshirilishi qizg‘in ketmoqda. Mamlakatimiz rahbari topshirig‘iga binoan Vatanimizning ushbu chet burchagini o‘zgartirish bir vaqtning o‘zida bitta emas, balki bir nechta yo‘nalishda amalga oshirilmoqda. Hamkasblarimiz ham sal oldin bu yerga tashrif buyurishgan, endi «Pravda Vostoka»ning boshqa tarkibi yo‘lga chiqqanmiz. Bizga nafaqat rejalashtirilgan vazifalarni amalga oshirish jarayonini o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rish, balki bunga nisbatan aholining fikri ham qiziq edi. Axir, buning bari ular uchun qilinmoqda. Mana shu yugurib o‘tayotgan bir to‘da o‘g‘il-qizlar, ular ketidan bir-bir odimlayotgan mo‘ysafidlar, erkaklar va ayollar, bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning barcha aholisi kabi, chindan ham, eng yaxshisiga munosib.

Adham akaning orzusi

Odamlarimiz ochiqyuzli. Begonalarga, hatto, biror ko‘rsatkichlari bo‘lmagan joyda ham bajonidil yo‘l ko‘rsatib yuborishadi. «Oldin to‘g‘riga, keyin chapga burilasizlar, u yog‘iga kerakli joyga yetib kelganingizni tushunib olasiz». Shunday deya jilmayib ham qo‘yishadi. Birozdan so‘ng nima uchun bu o‘zgarishlar hududini sezmaslikning iloji yo‘qligini tushunamiz. Bu yerda bir oydan beri keng ko‘lamli qurilish hamda bunyodkorlik ishlari ketmoqda va aholi uning yakuniga yetishini sabrsizlik bilan kutmoqda.

«Bo‘ston» kaftdek ko‘rinib turarkan, yo‘lni yo‘qotib qo‘ymaysiz. Bu mazkur joyda ilk marta bo‘lganlar uchun ham qulay. Mehmonligimizni odamlar darrov payqadi. Ammo xuddi o‘zlarinikidek qabul qilishdi.

Adham Teshayev bilan rekonstruksiya ishlari jadal sur'atlarda ketayotgan parkda to‘qnash keldik. Bu yerda ko‘p ham emas-oz ham emas 50 yildan beri yasharkan. Jonajon qishlog‘idagi o‘zgarishlarni undan so‘ramasak, boshqa kimdan ham so‘rardik. 

- O‘zim Farg‘ona viloyatida tug‘ilganman, - deydi u. - Keyin bu yerlarga ko‘chib keldik va shu yerda o‘troqlashib qoldik. Oilam bilan yashayman, ilgari ishlaganman, hozir pensiya olyapman. Kim bo‘lib, deysizmi? Musiqa o‘qituvchisi, keyin agronom, so‘ng brigadir va bo‘lim boshlig‘i. Garchi uzoq vaqt musiqadan dars bermagan bo‘lsam-da, lekin yoshlar bilan ishlagan, ularga milliy sozlarimizni chalishni o‘rgatganimni hali-hali eslayman. Musiqa har qanday so‘zdan ham muhimroq, u orqali juda ko‘p narsani tushunasiz. Bu, ayniqsa, yoshlarni tarbiyalashda juda katta kuchdir. Bugun unga katta e'tibor qaratilayotganidan juda xursandman. Bolalar - kelajagimiz va bu, shunchaki quruq gap emas. Kelajakda ular bizdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun yangi avlodlarga investitsiya kiritish juda muhim. Huvv anavi madaniyat markazini ko‘ryapsizmi, u ham o‘zgaradi. Ishlar hali nihoyasiga yetmagan, uning ochilishini kutyapmiz. Axir, aholining bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazishi uchun, jumladan, yosh avlod uchun ham, ko‘proq imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Bilasizmi, 50 yil ichida bu yerda birinchi marta bunday o‘zgarishlarni ko‘rmoqdaman. Masalan, biz hozir suhbatlashib turgan parkni olaylik. U ilgari ham bo‘lgan, albatta. Endi uning hududi obodonlashtirilib, turli attraksionlar keltirildi.

Adham akaning oilasi katta: besh farzandi, 17 nabirasi bor, eng kichiga – endi bir oylik bo‘lgan. Turmush o‘rtog‘i Matluba opa bilan ellik yil birga ahil-totuv umrguzaronlik qilgan. Hammasi ham birga yashashmasa-da, Shohista, Shahnoza, Shohida  qizlari, Umid va Hamid ismli o‘g‘illari doim ota-onasidan xabar olib turishadi.  Xo‘sh, nega yana o‘zi tug‘ilgan vodiyga qaytib ketmagan? Oilasi yonida, ishi yaxshi edi, boshqa nimayam kerak? Ehtimol, farzandlari baxtli, ro‘zg‘orida baraka, ishli bo‘lishini istagandir? Oddiy qadriyatlarga hammavaqt ham osongina erishib bo‘lmaydi, albatta. Biroq u to‘siqlarni qanday yengib o‘tishni shipshib qo‘yishi ham mumkin. Butun umri mehnatda o‘tgan, katta oila boshlig‘i bo‘lish mas'uliyatini yaxshi tushungan kishi o‘z farzandlariga hamisha to‘g‘ri maslahatlar bera oladi, albatta.

Uning yo‘li - sal oldin bu yerda bo‘lmagan yo‘l orqali, chiroyli va anvoyi gullar ekilgan gulzor yonidan o‘tadi. U ehtimol, sal keyinroq qishloqdoshlari yig‘ilib hordiq chiqaradigan o‘rindiqlar yonidan ham o‘tadi. Ketishga chog‘lanayotganda undan bu yerga yana nimalar yetishmayapti, deya so‘radik? Baxt uchun nimanidir qo‘shimcha qilib aytish mumkin, ammo uning o‘lchovi qandayligini kim ham bilardi? Bu har kimda turlicha bo‘ladi. Shunda Adham aka yana ko‘rishni istaydigan narsalari borligini aytib qoldi. Biroz sukut saqladi, endi gaplari o‘n daqiqa oldin biz bilan suhbatlashgandek chiqmasdi. Xuddi eng muhim narsani aytayotgandek: «Bolalar uchun maktab yo‘li va oldiga asfalt yotqizilsa zo‘r bo‘lardi. Bolalar ham o‘qishiga qiynalmay qatnardi», dedi.

O‘tmish va kelajak o‘rtasida

Otaxon bizni bog‘da qoldirib, o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi. Parkda ishlar ketayotganiga qaramay, uning eshiklari lang ochiq. U rekonstruksiya qilinmoqda va unga ko‘p narsalar olib kelib o‘rnatishga va'da qilishgan. Biz ham o‘sha o‘zgarishlarning guvohlariga aylanib turibmiz. Quyosh jaziramasidan eng yaxshi himoyalangan baland va seryaproq daraxtlar soyasiga ba'zi attraksionlar allaqachon o‘rnatilgan. Bundan tashqari, trenajyorlar ham o‘rnatilayotgan ekan. Demak, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash tomon yana bir qadam tashlanmoqda.

Bu orada bolakaylar guruhi bir-birini quvlab, ortda qoldirib, bir arg‘imchoqdan ikkinchisiga, uchinchisiga o‘tishmoqda. Ular gapirishadi, kulishadi. To ota-onasi yoki oilaning biror kattasi ularni uyga chaqirib qolishmaguncha qorinni ham unutib o‘ynayverishadi. Arg‘imchoq tomonga yugurayotgan bolakayni hyech to‘xtatib ko‘rganmisiz? Yana ular yap-yangi, yorqin ranglarda va ilgari bu yerga qo‘yilmagan bo‘lsa? Oldindan ishonch bilan aytish mumkinki, uddalay olmasangiz kerak. Shuning uchun ham ota-onalar ularni chaqirib olishga shoshilishmaydi. Mayli, xuddi multfilmning o‘zidan keltirilganday ko‘rinuvchi parovozchada uchishsin.

Hozircha attraksionlar ishga tushirilmagan. Ammo bu bolakaylarni bezovta qilmaydi, ular o‘z o‘yin ssenariysiga ega. Ulardan biri boshqalariga poezdning hozir jo‘nashini va hamma joy-joyiga o‘tirib olishini aytadi. Qolganlari ham darrov g‘imirlashga tushib, go‘yoki poezd chindan ham ketib qoladiganday harakat qila boshlaydilar. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, oldinda ularni qiziqarli sarguzashtlar kutmoqda, dunyoning istalgan nuqtasiga borishlari mumkin. Hozircha bu yolg‘ondakam, shunchaki, ijodiy yoqilg‘ida - tasavvur kuchidan foydalanib.

Xo‘sh, yaqin orada nima bo‘ladi? Kelajakda bu bolakaylarni katta imkoniyatlarga ega olam kutmoqda. Bo‘ka tumanida beshta tashabbusning amalga oshirilishi ham farovon hayot uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ham fuqarolar salohiyati, iste'dodini yuzaga chiqarishga qaratilgan. Ular mavjud muammolarni kompleks hal qilishni va har bir aholi uchun mustahkam poydevor, teng sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.

Eng muhimi, ish bor

- Men bu parkni ko‘p yillardan beri bilaman, - deydi Murodxo‘ja Azimov. - Ilgari u butunlay boshqacha edi, mana shu daraxtlar bunga shohid.

Suhbat asnosida uning ilgari temirchi bo‘lib ishlaganini, hozirda qorovul ekanini bildik.  Hyech qachon mehnatdan qochmagan. Ayniqsa, farzandlariga ish topish vaqti yetganida tashvishga tushib qoldi, bu yerda uni qanday topsin.  Qishloqdoshlaridan ba'zilari qo‘shni tumanga, boshqalari poytaxtga ketgan, hatto, xorijga jo‘naganlari ham bor. Biroq, sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar unga yana umid berdi.

U har kuni bu yerga o‘zgarishlarni ko‘rish uchun keladi. Bu yerga darvozalar o‘rnatildi, qurilish uchun poydevor qo‘yildi va ertasi kuni tom yopishga tushdilar. Muxtasar qilib aytganda, qurilish to‘xtamaydi. «To‘g‘ri, hamma ishlar ham tezda bitavermaydi, - deydi u, - lekin asosisi, boshlab olishdi-ku?!»

 Qo‘shnisi Adham aka kabi u ham bu yerda uzoq yillardan beri yashaydi. Otasi - Yo‘ldoshxo‘ja Azimov bu erga ko‘chib kelgan, hozir 91 yoshda. Murodxo‘janing o‘zi olti nabiraning bobosi – xullas, avlod davom etmoqda. O‘zgarishlardan juda mamnun ekanini ta'kidlaydi. Bu aholi uchun ko‘proq sharoitlar yaratilmoqda, degani. «Sal yursangiz, tikuv sexiga yetasiz. Bo‘ka tumanidagi ko‘plab ayollar ishli bo‘lishdi. Ular uchun xursandman, bu ular oilalari uchun ham katta madad», deydi xayrlasha turib.

Yangi hayot uchun tezkor kurslar

Esingizda bo‘lsa, «Oltin buzoqcha»da Ostap Bender Balaganovdan baxt uchun qancha pul kerak bo‘lishini so‘raydi. U: «100 rubl», deb javob beradi. «Yo‘q, meni tushunmadingiz. Bugungi kun uchun emas, balki umuman. Baxt uchun. Tushunyapsizmi? Dunyoda hammasi yaxshi bo‘lishi uchun», aniqlik kiritadi suhbatdoshi. Shura unga olti ming to‘rt yuz rublni hisoblab beradi.

Mualliflar Ilya Ilf va Yevgeniy Petrov bir qahramonning baxti narxini misol keltirdilar. U bu tushunchani moddiy qiymat bilan o‘lchamaydi, lekin agar kerak bo‘lsa, o‘sha raqamni keltira oladi – juda baland, osmondagi raqamni. Bugun kimdan so‘ramang - har biri o‘z shaxsiy variantini aytadi, albatta.

«Poytaxt baraka chevarlari» tikuvchilik korxonasida yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirgan ayollar uchun baxt – ishning borligi va o‘z-o‘zini namoyon qila olish imkoniyatidir. Bu yangi hayotga yo‘llanma, degani ham. Bundan oldin ularning hyech biri ish bilan band emas edi va uni topish ham oson bo‘lmagan.

Ko‘zimiz birinchi bo‘lib, tog‘-tog‘ qilib taxlab qo‘yilgan tayyor mahsulotlar orasida ajralib turuvchi yorqin yashil tusdagi ish kiyimiga tushdi. Barcha oila a'zolariga to‘g‘ri keladigan bosma naqshli asl trikotajlar. Mahsulot «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» yorlig‘i bilan chet elga jo‘natiladi. Dastlabki buyurtma - Rossiyadan.

Bir vaqtning o‘zida bir necha o‘nlab tikuv mashinalari, overloklar ishlayotgan, qaychi bilan kesilayotgan va bug‘lab dazmollanayotgan joyni tinch, deb bo‘lmaydi, albatta. Biroq ayollarga bu ma'qul, ularning har biri muayyan vazifani muhim detallarini ham unutmagan holda diqqat va ehtiyotkorlik bilan bajarmoqda.

- Olti kunlik ish jadvali – ish soat 8:00 dan 17:00 gacha, - deydi ishlab chiqarish bo‘yicha usta Mashhura Abdug‘afforova. - Bundan oldin ishchilar kollej bazasida o‘qitildi. Qisqa muddatli tikuv kurslari uchun guruhlar ham tezda yig‘ildi. Asosiy e'tibor amaliyotga qaratildi. Bu yerdagi har bir ishchi sertifikat olgan.

Tasodifiy tasodifni qarang…

Bu 39-maktabda mutlaqo boshqa masalalarni o‘rganish uchun tashrif buyurgan XTV xodimlarini ko‘rganimizda shunday o‘y ko‘nglimizdan kechdi ham. Aytishadi-ku, kerakli paytda - kerakli joyda, deb. Vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjaev Bo‘ka tumanidagi u yerda ham kelajakka mo‘ljallangan dasturlar amalga oshirilayotgan 3-maktabdan to‘g‘ri shu yerga kelishgani haqida gapirdi. Xalq ta'limi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida ularning qaysi kasblarga eng ko‘p mos kelishi va moyilligini aniqlash mumkin bo‘lgan loyihani ishga tushirishibdi. Kasb-hunar tanlashga yo‘naltirilgan test kompyuterda yechiladi va olingan natijalar kasbni to‘g‘ri tanlashga yordam beradi. Testlarga jami 27 kasb kiritilgan. AKT yo‘nalishiga to‘g‘ri keladiganlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi kurslarida o‘qishlari mumkin mumkin. Demak, bunda ular kompyuter dasturlari borasida yangi bilimlarga ega bo‘ladilar.

Tumandagi jami 49 ta maktab, 2500 ga yaqin o‘quvchi qamrab olinishi ta'kidlandi. Biroq, bu hammasi emas. Kitobxonlik marafoni tashabbusi doirasida maktablar badiiy adabiyotlar bilan ta'minlanmoqda. Bu yerga klassiklar va zamondoshlarning asarlari ham keltirilgan. Bu vazifani amalga oshirishni davom ettirish rejasi borligi ham aytildi. Kelajakda olib kelingan kitoblar soni ming nusxaga ko‘payadi va nashrlar yangi javonlarga joylashtiriladi.

Sakkizinchi sinf o‘quvchisi Sevara Mansurovaning qo‘lida Chexovning kitobi. Mahalliy tarjimonlar yordamida Anton Pavlovich o‘zbek tilida «so‘zlagan». Aytgancha, o‘quvchi qiz ham kelajakda yozuvchi bo‘lmoqchi ekan.

Maktabning boshqa o‘quvchilari kabi qizning adabiy didi ham bu yerga terib qo‘yilgan asarlar nomlari bilan hayratlanarli darajada mos keladi. Nafaqat maktab o‘quv dasturi bo‘yicha, balki mutolaaga ham qiziqish katta. Biroq u atrofdagi mavjud narsalar asosida qurilgan. Ya'ni agar bir qator mualliflarning boshqa asarlari ham qo‘yilsa, yosh kitobxonlarda tanlov kengayardi.

Qidirilgan narsa topildimi?

«Bo‘ston» mahallasida bo‘la turib, beixtiyor 39 qush haqidagi afsonani esladik. Ular bitta, 40-chisini qidirishgan. Afsonaga ko‘ra, u har qanday to‘siqlarni yengib, qiyinchiliklarga dosh bera oladigan kuchli galani hosil qilarkan. Qushning ismi ham aniq va uni topish kerak edi, xolos. Gala butun dunyo bo‘ylab parvoz qildi, sayyoramizning har bir burchagiga yetib bordi, yo‘lda juda ko‘p qiyinchilik va sinovlarga duchor bo‘ldi. Biroq baribir o‘z maqsadiga erisha olmadi. Va faqat yo‘lning oxiridagina gala izlayotgan qushning nomi «39 qush», deya tarjima qilinishini tushunib yetdilar.

Bu tumanda biz bilan uchrashgan har bir kishiga birdamlik, mehribonlik, ochiqyuzlilik xos ekan. Birgalikda ular ko‘p narsaga erishishi mumkin. Axir, salohiyatlan tashqari, eng muhimi, mehnat qilish, yangi cho‘qqilarni zabt etish va to‘siqlarni yengib o‘tish istagi mavjud. Faqat zarur shart-sharoitlarni yaratish va qo‘llab-quvvatlash qoladi.

39-maktabda mashg‘ulotlar ketmoqda. Ulardan biri Nazira Turdiboeva 3 «D» sinfda saboq beradi. U ham o‘quvchilarining o‘qishni yaxshi ko‘rishlarini aytadi. O‘qituvchining fikricha, bunda eng muhimi, matnni o‘qish emas, balki tushunish ham kerak. Shuning uchun ularga ijodiy vazifalar beradi. Ular ertakni o‘qidilar, endi ular o‘zlarinikini to‘qishlari kerak. Yosh yozuvchilar qahramonlarni kashf etadilar, ularning fe'l-atvorlarini tasvirlaydilar, o‘ziga xos syujet yaratadilar. Shuningdek, ular erkin mavzuda she'rlar ham yozadilar. O‘qituvchi o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi, mabodo biron nima o‘xshamasa, so‘zlarni qanday tanlashni birgalikda muhokama qiladi. Hatto, shunday jarayonlar bo‘ladiki, unda butun sinf o‘quvchilari ishtirok etadi. O‘qituvchi bundan mamnun negaki, o‘quvchilar ijodiy fikrlashni, o‘z nuqtai nazarini ifoda etishni o‘rganadilar.

Boshqa ingliz tili o‘qitiladigan sinf xonasidagi deyarli har bir buyumga rangli stikerlar yopishtirilgan: «board» - «doska»,  «door» - «eshik» kabi. O‘quvchilar har kuni o‘tib, so‘zlarni eslab qoladi. O‘qituvchilardan biri Gavhar Haqberdieva ham boshlang‘ich, ham yuqori sinflarda dars beradi.

- Maktabda 18 yildan beri dars beraman, - deydi ingliz tili o‘qituvchisi. – Ana shu vaqt ichida bolalar o‘zgardi, zamon ham boshqacha. Ular bizdan farqli o‘laroq, mutlaqo boshqacha dunyoqarashga ega. Bunda zamonaviy texnologiyalarning roli katta, albatta. Ularsiz hayotimizni tasavvur etish qiyin. Hozirda internetdan  instalgan ma'lumotni yuklab olish mumkin. Virtual tarmoq - o‘qituvchilar uchun ham muhim ma'lumotlar manbaidir, chunki undan darslarni o‘tkazish borasida qiziqarli g‘oyalarni topsa bo‘ladi. Kutubxonamizda ingliz tilida ham kitoblar mavjud va o‘quvchilar o‘rtasida talash. O‘ylaymanki, bolalarning nafaqat sinfda, balki uyda ham o‘qishlari juda muhim.

Yulianna Moroz.

Blits-intervyu

Nargiza Hasanova, tikuvchi-motorist:

- Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson hayotida o‘z ifodasini topmoqda. Biz beshta tashabbusni amalga oshirish jarayonini aniq hayotiy misollarda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz.

Ilgari uy bekasi bo‘lib, asosan, ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanardim. Hozirda yaqinda ochilgan va unda hayot qaynay boshlagan «Poytaxt baraka chevarlari» sexida ishlayapman. Turmush o‘rtog‘im fermer xo‘jaligida mehnat qiladi.

«Bo‘ston» mahallasida tikuvchilik sexi ochilganidan barchamiz xursand bo‘ldik. Nima uchun? Birinchidan, barcha tikuvchilar yaqin atrofda yashaydi. Misol uchun, bizning uy sex binosining orqasida, ya'ni ishdan ikki qadam narida joylashgan. Bundan tashqari, ular tez orada doimiy ravishda bepul tushlik tashkil etishga va'da berdilar.

Farzandlarim meni qo‘llab-quvvatlaydi. Katta o‘g‘lim poytaxtdagi to‘qimachilik korxonalaridan birida ishlaydi. Eng kichik qizim to‘garakda dutorda chalishni o‘rganyapti.

Sevara Mo‘minova, 5-sinf o‘quvchisi:

- Maktabimizda turli to‘garaklarga - to‘qish, chet tili va boshqa yo‘nalishlarga yozilish mumkin. Men rasm chizish to‘garagini tanladim. Tabiatni tasvirlash joni-dilim. Agar biron ishim o‘xshamasa, ustozimga murojaat qilaman. U esa hamisha rangni qanday to‘g‘ri tanlash, soyani aks ettirishni tushuntirib beradi. Kelajakda taniqli rassom bo‘lishni orzu qilaman.

Abdulaziz Kamolov, 5-sinf o‘quvchisi:

- Bo‘sh vaqtimda o‘qishni yaxshi ko‘raman. Hamid Olimjon va Xudoyberdi To‘xtaboevlarning asarlari menga juda yoqadi. Hozir rasm to‘garagidan tashqari, o‘zbek jang san'ati bilan ham shug‘ullanyapman. Ulg‘ayganimda sportchi bo‘laman, musobaqalarda birinchi o‘rinlarni egallayman.

Malika Omonova, 39-maktab kutubxonachisi:

- Prezident tomonidan e'lon qilingan beshta tashabbusning amalga oshirilishiga bizning tumanga birinchilardan bo‘lib e'tibor qaratildi. Ayniqsa, kitobxonlikka, jumladan, yoshlar orasidada ham, alohida e'tibor qaratilayotganidan xursandman. Kutubxonamizda eng ko‘p so‘rashadigan kitoblar orasida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdurauf Fitrat, zamondoshlarimiz Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, O‘tkir Hoshimov asarlari o‘rin olgan. Xorijiy adiblardan Ernest Xeminguey, Anton Chexov, Ivan Turgenev, Aleksandr Pushkin, Chingiz Aytmatov, Gans Xristian Andersen va Daniel Defoning kitoblariga talab katta. O‘quvchilarining ota-onalari ham maktab kutubxonasiga murojaat qilishi va sevimli kitobini olishlari mumkin. Tez orada maktabda emas, balki alohida ob'ekt sifatida yana bir kutubxona ochiladi va buni intiqlik bilan kutyapmiz.

Umid Sultonov, Toshkent viloyati Bo‘ka tumani Xalq ta'limi bo‘limi mudiri:

- Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbus tumanni rivojlantirish, bandlikni ta'minlash, yoshlar salohiyatini ochishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bo‘ka tumanidagi 49 ta maktabda vaziyat atroflicha o‘rganilganda ularga sport anjomlari va kitoblar, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yetishmayotgani aniqlandi. Hozirda optik tolali kabellarni tortish masalasi hal qilinmoqda, demak internet ham bo‘ladi.

 Ta'lim muassasalarini kitoblar bilan ta'minlash vazifalarimizdan biridir. Bunda tumandagi barcha maktablar qamrab olinadi. Bundan tashqari, kelgusida eski kompyuterlarni almashtirish, sport jihozlarini yangilash, ayrim ta'lim muassasalarini ta'mirlash rejalashtirilmoqda.

Nurpo‘lat Nurqulov yozib oldi.

Timur Kaysarov surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech