22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,6 °C

16 Fevral  2019 4780

Ra’no Shodiyeva: “Nimagadir erishmoq uchun fe’l-atvor ham, asos ham bo‘lishi kerak!”

Ushbu maqola bilan «Pravda Vostoka» «Kuchli insonlar», deb nomlangan loyihasini ochib beradi. Bu yerda gap arqonni tishlab yuk mashinalarini tortadigan mushakdor, pahlavonkelbat kishilar haqida emas, balki jasurligi, irodasi bilan eng og‘ir holatlarda ham o‘z yo‘lini topa olgan va undan og‘ishmayotgan, har kuni atrofdagillarning tushunmasligini, o‘z qo‘rquvini yengayotgan, og‘riqlaru umidsizlik bilan kurashayotganlar haqida hikoya qilamiz. Fikrimizcha, aynan, shunday insonlarning kuchli deyilishiga ma’naviy huquqi bor. Toki ularning bu namunasi yengilishga va taslim bo‘lishga tayyor kishilarga kuch va umid, o‘zgalar baxtsizliklari yonidan o‘tayotganlarga inson bo‘lishga va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rishga yordam bersin.

Loyihamizning ilk qahramoni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi qoshidagi «Mehrli qo‘llar» respublika «Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi» rahbari Ra’no Shodiyeva. Kinoaktrisa, xalqaro kinofestivallar mukofoti sovrindori va shunchaki go‘zal ayol uzoq yillardan beri muhtojlarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelayotgani bilan ham taniqli.

Darvoqe, «Pravda Vostoka» muxbiri bilan suhbatda uning o‘zi bu haqda hikoya qladi.

Ularning bari – mening farzandlarim!

- Ra’no, kinoekranda emas, balki hayotda qanaqasiz? Fe’l-atvoringizda nima borki, u erishilgan yutuqlardan mag‘rurlanmay, mutlaqo notanish bolalar taqdiri uchun kurashishga undaydi?

- Birinchi galda talabchanlik. Hayotga, ishga, odamlarga. Asosiysi – o‘zimga. Nimagadir erishmoq uchun fe’l-atvor ham, asos ham bo‘lishi kerak. Menimcha, o‘zim aynan, shunaqaman. Ana shu menga maqsadlarimga erishishda yordam beradi.

Qilayotgan ishim o‘zimga yoqadi, turli yo‘nalishlarda ishlayman, shu bois ham hammasi oson bitadi. To‘g‘ri, hamma joyda murakkabliklar mavjud, ammo qat’iylik va mehnat ularni yengib o‘tishga yordam beradi. O‘qib-o‘rganish, yangi narsalarni bilish, mayda-chuydasigacha tushunib olish menga yoqadi, ba’zida qattiq charchatsa-da, bundan lazzat olaman.

Fe’l-atvorim unchalik yengil emas va goho kinoekranda jonlantiradigan obrazlarimdan tamomila farq qiladi. Asosan, ijobiy, oddiy, kirishimli personajlarni o‘ynayman. Buning bari hayotda ham bor. Boshqa ko‘pgina narsalar kabi kuchli fe’l-atvorim, ozgina hukmni o‘tkazishga moyillik bor, hamma ishni o‘z qo‘limga olishni yaxshi ko‘raman. Farzandlariga talabchan, qattiqqo‘l onaman, hatto, o‘zimga ham. Ba’zan o‘zimni to‘xtatishimga to‘g‘ri keladi.

Biz shug‘ullanayotgan bolalarning birortasini begona, deb o‘ylamayman. Ular bizniki va xususan, meniki ham. Har bittasi.

- Bunday og‘ir ish bilan shug‘ullanishingizga nima turtki bergan?

- Ijtimoiy sohada mehnat qilayotganlardan ko‘pchiligining shunday muammoga yo‘liqqan yaqinlari bor. Qalban tanish bo‘lmagan insonni bu masala qiziqtirmasligi ham mumkin. Ana shu og‘riqqa o‘zim ham to‘qnash kelganman: ota-onamning eshitish qobiliyatida muammo mavjud, shu bois bu mavzu menga tanish, negaki, yomon eshitadigan va kar odamlar ichida o‘sib-ulg‘ayganman. Nogironligiga qaramay, ular menga munosib tarbiya va ta’lim berishgan.

Ta’lim hamma uchun

- Masalaga ichdan nazar solish vaziyatni boshqacha qabul qilish imkonini beradimi?

- Bu muammo butun dunyoni, jumladan, rivojlangan mamlakatlarni ham tashvishlantirishini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yaqinda Amerikada bo‘lib, ularda ham kar odamlarni o‘qitishda yagona amaliyotga kelishmaganini ko‘rdim. Nogironligi bor bolalarning boshqa toifalarida esa bu borada aniqlik bor, ma’lum amaliyot va usullar ishlab chiqilgan.

Ehtimol, bunda karlikdan aziyat chekuvchi o‘g‘il va qiz bolalarga ikki xildagi munosabat katta rol o‘ynar. Ko‘pgina oilalarda ana shunday farzandlar dunyoga keladi, ota-ona va bola o‘rtasidagi me’yoriy munosabatning o‘rnatilmasligi ularni ulkan jarlik kabi bir-biridan uzoqlashtiradi. Bunday oilalarda ko‘pincha bolaning maktabda kar-sovqovlar tilini o‘rganishi emas, balki gapirishni o‘rganishini istashadi. Buni amalga oshirsa bo‘ladi, albatta. Ammo bunda nutq ma’lum nuqsonlar bilan bo‘ladi. Boshqa oilalarda esa masalan, oila barcha a’zolari karlikdan aziyat chekadi – ota-ona ham, bolalar ham. Bunday oilalarda imo-ishoralar tilining o‘z an’anasi paydo bo‘ladi va ular bemalol o‘zaro muloqot qiladilar. Bunday ota-onalar maktablarda bu tilda gaplashishni taqiqlashga qarshi, negaki, farzandining adabiy imo-ishoralar tilini erkin bilishidan manfaatdor. Bunday yondashuv karligi bo‘lgan bolalarga maxsus muassasalarda ta’lim berish jarayonida ham o‘z aksini topadi.

Masalan, MDH dvlatlarida imo-ishoralarning ikki tili mavjud: o‘z grammatikasi va xususiyatiga, boy va barcha komponentlarga ega, uni lingvistik jihatdan to‘laqonli tavsiflovchi adabiy – professional hamda o‘ylab topilgan va o‘zlashtirish osonu ammo noto‘g‘ri bo‘lgan «ko‘cha» yoki «sleng» tili. Bunda muammo shundaki, kar-soqov bola adabiy imo-ishoralar tilini o‘rganmay turib kitob o‘qishni boshlasa u shunchaki hech nimani tushunmaydi.

- Bunga mamlakatimizda ham o‘qitishadimi?

- Afsuski, respublikamizdagi maxsus maktablarda boshqacha, bolani gapirishga majburlashni nazarda tutgan uslubda o‘qitishadi. Bunda pedagogning o‘zi bolalarga imo-ishoralar tilida dars bermaydi, bu fikrimcha, muammo. Ilgari ota-onam ham maxsus maktabda o‘qishganida ularni gapirishga majburlashgan, biroq dasturni imo-ishoralar tilida olib borishgan.

O‘qituvchi bolalarga artikulyasiya, lablar harakati orqali yetkazishga uringan axborotni qabul qilishning murakkabligi uni to‘liq hajmda o‘zlashtirish imkonini bermaydi. Bunga bolalardan gapirish ko‘nikmasini ham o‘zlashtirishni talab eta turib, o‘qitishda og‘zaki nutq, mimika va imo-ishoralar tilidan foydalanish zarur deb hisoblaydigan ko‘pgina mutaxassislar ham qo‘shiladi. Fikrimcha, bu bolalarga yetkazilayotgan axborotni to‘laqonli o‘zlashtirishda yordam beradi, so‘z boyligini to‘ldiradi va savodli muloqot qilish san’atini rivojlantiradi.

Markazdagi faoliyat sabab mamlakatimizning ko‘plab maxsus maktablarida bo‘laman. U yerda ham bir talay muammolar borligini ko‘rdim. Bizda bunday muassasalar juda yaxshi ta’minlangan. Davlatimiz imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bergan. Biroq fikrimcha, ularga munosabatni o‘zgartirish kerak, o‘qitishning yangi usullarini joriy etish va unga hatto, xorijda bo‘lsayam, ustozlarni o‘qitish lozim.

Hozir ana shu masala ustida ishlayapmiz, ana shunday o‘qitish usulini biladigan ekspertlarni taklif qilishni rejalashtirganmiz. Turli guruh nogironligi bo‘lgan har bir bolaga alohida-alohida yondashishga asoslangan maxsus davolash pedagogikasi mavjud va biz uni O‘zbekistonda ham qo‘llash masalasini ko‘taryapmiz.

- Ushbu masalada ma’lum tartib o‘rnatishga nima xalaqit bermoqda?

- Ko‘pgina davlatlar bunga uzoq yillar davomida kelgan va bu borada bizda ma’lum ustunliklar bor – tayyor dasturlarni o‘z tilimiz, mentalitetimiz va qonunlarimizga moslashtirib qo‘llash. Tajribalar qilib ko‘rishimizga to‘g‘ri kelmaydi. Ana shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan Amerika kompaniyalari, Rossiya  profil markazlari bilan kelishuvlar olib boryapmiz. Har bir davlatning o‘ziga xos ajoyib ishlanmalari bo‘ladi, albatta. Masalan, Rossiyada autizmdan aziyat chekuvchi bolalarni musiqiy o‘yin, axborotni she’riy usulda yetkazish dasturlari orqali o‘qitishadi.

Hammasi yetarli darajada oddiy, ammo shunga kelishimiz kerak. Pedagoglarga ham ko‘mak, ham ularning fantaziyalariga turtki berish lozim. Ular yangilik izlab yurmasin, balki allaqachon tayyor usullarni qabul qilib, amaliyotga qo‘llasin.

«Ularning har biri alohida tarix»

- Ayni damda markaz qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

- O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi qoshidagi markaz davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil 13-dekabrda tashkil topgan va o‘tgan yilning mart oyidan o‘z faoliyatini boshlagan. Faol jamoa yig‘ilgan va har bir hududda o‘z koordinatorlarimiz bor. «So‘zlovchi qo‘llar» xayriya fondi orqali eshitish imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashda yigirma yillik tajribam borligi va sohani yaxshi tushunishim sababli menga ushbu markazga rahbarlik qilish taklif etildi.

Faoliyatimiz barcha turdagi nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab oladi, ular esa 50 dan oshadi. Shu bois ham ayrim sohalarni yangidan o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Boshqacha xususiyatlar, o‘zgacha yo‘nalish bo‘lgani uchun ham hammasini o‘rganish va tushunib olish zarur. Mavjud Nogironlar uyushmasi, «Sharq ayoli» xalqaro ayollar fondi va boshqalar. Shuningdek, fuqarolarning tashabbuskor guruhlari bilan hamkorlik ham bu ishda yordam bermoqda. Xalqaro darajaga chiqyapmiz.

Markazning ko‘pgina xodimlarida nogironlik mavjud. Ularning har biri – alohida shaxs. Ko‘pchiligi magistr darajasini olgan yoki o‘qishini tamomlamoqda. Ular maqsadga intiluvchan, bu juda muhim bo‘lgan va imkoniyatlariga mos keladigan kuchli nafsoniyatga ega xodimlardir. Har biri alohida tarix. Har biri nafaqat barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tgan, balki boshqalarga orzulari ro‘yobini ko‘rishga umid beruvchi tajribalari bilan o‘rtoqlashishmoqda ham.

Bunda maqsadga yo‘naltirilgan davlatning ijtimoiy siyosati ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, oldingi yili mamlakatimiz OTMlariga 450 nafar nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘qishga kirgan bo‘lsa, 2018-yilda ular soni bir yarim mingdan oshib ketdi!

Markazdagi faoliyat davomida ushbu yo‘nalishda ko‘plab aniq tadbirlar qo‘llanilmoqda. Rivojlanish yo‘lida ulkan qadamlar tashlayotgan mamlakatimiz bilan hamnafas, hamqadam bo‘lishga intilyapmiz. Ammo, muammoni ichdan o‘rganish zarur, deb o‘ylayman va aynan, shu ishni amalga oshiryapmiz. Respublika bo‘ylab ko‘p kezishga, maxsus muassasalarga, nogiron farzandlari bo‘lgan oilalarga  borishga to‘g‘ri keladi.

Ana shu tashriflardan qanday xulosaga keldim? Bugungi ulkan muammolardan biri – qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh. Bu qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa-da, baribir ko‘pchilik xatoga, buni aytishdan qo‘rqmayman, fojiali xatoga, yo‘l qo‘yishda davom etmoqda. Bu yetti avlod davomida 30 foizlik ehtimol bilan kelgusi avlodlarda yuzaga chiqishi mumkin. Bu umri davomida og‘ir qismatni boshidan kechirishi kerak bo‘lgan inson, nogiron farzand tug‘ilishi mumkin, degani.

Bunday vaziyat ayniqsa, Farg‘ona viloyatida ko‘p, katta va o‘zaro ahil oilalar boshqa urug‘lardan kuyov qilish yoki kelin tushirishni istamaydi. Ayrim ota-onalarning ikkita-uchtadan nogiron farzandlari bor. Baxtsiz onalar! An’analarimiz va dinimizni nihoyatda qadrlayman va hurmat qilaman, ammo farzandlarga nisbatan bunday mas’uliyatsiz munosabatni mutlaqo ma’qullamayman.

Qoraqalpog‘istonda esa buning butunlay aksi, erkak kishiga yetti avlodgacha qarindosh bo‘lgan ayolga uylanish mumkin emas. Ammo ularning ham o‘z muammolari yetarli – yetti foizga yaqin bola autizm tashxisi bilan dunyoga kelmoqda. Ehtimol, bu ekologik muhit bilan bog‘liqdir, mutaxassis bo‘lmaganim uchun bu borada biron nima deya olmayman.

- Odamlar o‘zini jamiyatdan chetga surilgan, deb hisoblamasligi uchun nimalar qilishimiz mumkin?

- Birinchi galda atrofimizni o‘rab turgan barcha narsa – do‘konlar, muassasalar, jamoat transporti, ta’limni jismoniy imkoniyatlari cheklangan odamlar uchun ham qulay qilish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Bunda gap atrofdagi barcha narsalarga ularning munosabatini o‘zgartirish haqida ham ketmoqda. Shunday qulay sharoitlar yaratishimiz kerakki, ular tamaddun qulayliklaridan bemalol foydalana olishsin.

Afsuski, qayd etmoqchiman: bu hozircha yo‘q. Ammo biz yo‘l davomida har bir odam mustahkam poydevor qo‘yishi shart bo‘lgan maqsadlar sari intilyapmiz. Farzandlarimiz - mamlakat kelajagi ekanini, O‘zbekistonni barcha yo‘nalishlarda sayyoraning yetakchi davlatlari darajasiga ko‘tara olishimiz mumkinligini qachon tushunib yetamiz.

Qayd etish joiz, davlatimiz ijtimoiy sohalarda juda ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda. Bu jismoniy imkoniyatlari cheklangan kishilar uchun keng imkoniyatlar eshiklarini ochadigan qonunlarning qabul qilinishi va tibbiy vasiylikka muhtojlar uchun maxsus muassasalarning barpo etilishidir.

Ularga mehr, dalda kerak!

- Jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar qanaqa bo‘lishadi? Biz xuddi vaqti-vaqti bilan to‘qnash kelib qoladigan yondosh olamlarda yashayotgandaymiz go‘yo.

- Ular turlicha, ammo juda kuchli bo‘lishadi. Markazdagi barcha g‘aroyib buyumlar shunday bolalar qo‘li bilan yasalgan. O‘sha suratlar, maketlar, mahsulotlardan ham ularning har biri alohida iste’dod sohibi ekani ko‘rinib turadi.

Ular bizning achinishimizga muhtoj emas, ruhiyatlari shunchalik mustahkamki, ayrimlariga hatto, qo‘llab-quvvatlash ham kerakmas. Ammo mehr va motivatsiyaning yordami tekkan bo‘lardi. Ularga: «Bu qo‘lingdan keladi! Buni uddalaysan!» degan dalda kerak va ular buni isbotlash uchun kerak bo‘lsa tog‘ni tolqon qiladilar.

- Yanada samaraliroq faoliyat uchun markazga nimalar zarur?

- Nogiron bolalar bilan ishlash tajribasiga ega psixologlar. Jamiyatning, boshqa bolalarning,  ularga qiyshiq va achinish bilan qarashlari sezilib turadi va bu bundaylar tomonidan juda og‘riqli qabul qilinadi ham.

Ana shunday bolalarga mo‘ljallangan muassasalarda tez-tez bo‘lib turaman. Ayrimlari o‘ta og‘ir patologiyaga, dahshatli tashxislarga ega. Asabi bo‘shroqlar buni ko‘tara olmasliklari mumkin. Ularga bizning achinishimiz emas, balki mehrimiz va qo‘llab-quvvatlashimiz kerak! Ular oxiriga qadar mo‘’jizaga ishonishadi va bunga umid qilishadi.

Meni hayratda qoldirgani, o‘zlarini yomon his qilishlariga qaramay, yoshiga nisbatan katta bo‘lib qolishgani va amalda hech qachon nolimasligi bo‘ldi. Ular kun sayin emas, balki soat sayin xastalik bilan kurashadilar, bu esa ularni donishmandlarga aylantiradi, kuchli qiladi. Albatta, natijasiz kurash ularni ham ruhan sindirishi mumkin. Xuddi shunday paytda ular yonida ularni ma’nan qo‘llab-quvvatlab, dalda berib turadigan kishi bo‘lishi lozim. Afsuski, bunday mutaxassislar bizda yetishmaydi.

San’at tushunishga yordam beradi

- Biz bunday kishilarga munosabatning o‘zgarishini istaymiz, ammo bu yo‘nalishda hatto, san’at yordamida ham joyimizdan jilmayapmiz. Nimaga?

- Mening o‘zimni ham bu hamisha jahlimni chiqaradi. Ammo hamma joydayam vaziyat bir xil emas. Mana, maslan: o‘tgan yili Kann kinofestivalida ishtirok etdim. Ko‘chada ketib borayotib, meni hayratlantirgan afishaga ko‘zim tushib qoldi. Unda yozilishicha, taniqli tadbir bilan bab-baravar imkoniyatlari cheklangan kishilarga bag‘ishlangan festival ham o‘tkazilayotgan ekan. Bu ular haqidagi yoki shunday kishilar suratga olgan filmlar edi.

Menda ham shunday kishilar ishtirokida kinotasma yoki birorta loyihani amalga oshirish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Axir, ular orasida iste’dodli kompozitorlar, xonanda, shoir va rassomlar ko‘p. Shu bois har safar mamlakatimiz bo‘ylab maxsus muassasalarga borganimda imkoniyati cheklangan iste’dodli bolalarni qidiraman. Bundan maqsad – ular salohiyatini rivojlantirish va o‘zini namoyon etishiga ko‘maklashish. Siz, masalan, taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekovning ijro etgan qo‘shiqlaridan birini qachonlardir bitta qo‘li kesib tashlangan qizaloq yozib berganini bilasizmi? Bunday iste’dodli bolalar juda ko‘p, biroq ular o‘z-o‘zini namoyon qila oladigan maydonni barpo etish kerak. Imkoniyati cheklangan yosh rassomlar o‘z suratlarini sotgan kimoshdi-yarmarkasini o‘tkazdik. Axir, bu ularga birgina mehnati uchun to‘lov emas. Ular juda ko‘p qiyinchiliklarni yengib, asarlar yaratishdi va bu chinakamiga tan olindi.

Ana shunday bir nechta tashabbusni o‘tkazishni rejalashtiryapmiz, konsepsiya ishlab chiqyapmiz, iste’dodlarni qidiryapmiz. Ana shulardan biri Moskvadagi elchimiz taklif etgan jismoniy imkoniyati cheklangan mo‘yqalam ustalari ishlari auksionini tashkil etishdir.

«Vatan sening nigohingda» mavzusida startap tashkil etib, unda ishtirok etish uchun respublikadan turli yo‘nalishlarda ijod qiluvchi rassosmlarni taklif etdik. Eng yaxshi suratlar Moskvada namoyish etiladi. Xuddi shunday tadbirni O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida o‘tkazish borasida ham kelishuvlar olib bordik. Albatta, bunday tadbirni vatanimizda, Toshkentda o‘tkazishni ham rejalashtirganmiz. Unga tashrif buyuruvchilar san’at asarlari qanday yaratilishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Fikrimcha, bu barchaga birday qiziq bo‘ladi.

Umuman olganda, turli tadbirlarni, jumladan, jismoniy imkoniyatlari cheklangan bolalar ishtirokida teleshou o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Ayrim respublika telekanallarining bizning ishimizni qo‘llab-quvvatlagani ham o‘rnak olsa bo‘ladigan ishdir...

- Ishlar beto‘xtov ketayotgan ekan, keyin-chi?

- Istalgan yangi tashkilot kabi faoliyatimizning birinchi yilida ishlarning ahvoli, mavjud vaziyatlar bilan tanishdik, kuchlarimizni chamaladik. Nazariyasiz amaliyot bo‘lmaydi va aksincha. Hammasi o‘zaro bog‘liq bo‘lishi lozim. Maxsus bolalar muassasasiga tashrif buyurdik, oilalar bilan tanishdik, bolalar va ota-onalar bilan suhbatlashdik va ularga nima kerakligi va muhimligini aniqladik. Axir, ularning markaz dasturiga moslashishi emas, balki biz ularning imkoniyati va muammolarini hisobga olib faoliyat olib borishimiz kerak.

Mana, masalan, maktabga tayyorgarlikni olaylik. Bu zarurat, va biz, Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda imkoniyatlari cheklangan bolalarni tayyorlaydigan inklyuziv markazlar ochyapmiz. Bu ham juda katta ish, yana markazlarni kerakli uskunalar bilan jihozlash, mutaxassislarni tayyorlash kerak bo‘ladi. Hozircha o‘zimizning o‘zgarmas ko‘ngillilarimiz xizmatlaridan foydalanib turamiz.

Har qanday sharoitda ham kelajak jamiyatini qurayotganimizga va bizni omad kutayotganiga ishonaman.

Aleksandr Zotov
suhbatlashdi.

Muzaffar Abdullayev surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech