14 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13 °C

21 May  2019 1468

Yaponiyaga tikanli yo‘l davom etmoqda

Yaponiyada Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilishiga bir yildan ko‘proq vaqt qoldi. Sport tushunchalari bo‘yicha qaralsa, bunday Butunjahon forumiga tayyorgarlik jarayonining to‘rt yillik sikli qisqa muddat. Aslida, bu yil – 2020-o‘yinlarida ishtirok etish uchun litsenziyalarni qo‘lga kiritish bo‘yicha yakuniy bosqich. Shu monosabat bilan «Pravda Vostoka» gazetasi «Olimpiya monitoringi» maxsus loyihasini ochadi. Tahririyat muntazam ravishda atletlar va terma jamoalarning Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun qanday kurashayotgani haqida xabar berib borishni niyat qilgan. Eslatib o‘tamiz, hozircha Tokio yo‘llanmasini ikki o‘zbekistonlik sportchi qo‘lga kiritdi. Indoneziyada Osiyo o‘yinlari chempioni tennischi Denis Istomin va mamlakatimizda ilk marta tashkil etilgan Osiyo chempionatida eng yaxshi natija ko‘rsatgan velosport bo‘yicha terma jamoa yetakchisi Olga Zabelinskaya. Xo‘sh, keyingilari kimlar bo‘ladi?

Rashid Galiev surati.

2020-yilning may oxirida dzyudo vakillari uchun Tokio (Yaponiya) Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini beruvchi reyting ochkolari uchun marafon poygasi yakuniga yetadi.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari qator xalqaro saralash turnirlarida, jumladan, Gran-pri va «Katta dubl» seriyasida ishtirok etishdi. Ko‘pchilik allaqachon ma'lum miqdorda Olimpiya ballarini to‘plashgan ham. Qaysi yurtdoshimiz kunchiqar mamlakatga chipta olishga yaqin? Jahon reytingida qanday pozitsiyalarga ega?

Boshdayoq ta’kidlaymiz, agar bir oy oldin Xalqaro dzyudo federatsiyasi versiyasiga ko‘ra, potensial olimpiyachilar orasida o‘n nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan bo‘lsa, ulardan oltitasi 2020-o‘yinlariga yo‘llanma olishning imkoniyatli hududiga tushishgandi, bugun bu raqam 13:8 nisbatni tashkil etmoqda. Nomzodlar soni ortdi. Quvonarli dalil.

An'anaga ko‘ra, kichik vazn toifalarida dzyudochilar guruhi kuchli. Eslatib o‘tamiz, ular orasida uch marotaba Olimpiya bronza medali sohibi Rishod Sobirov bor edi. Bugun u murabbiylik yo‘lidan bormoqda. Lekin an'analar davom etyapti. 60 kg.gacha vaznda tajribali sportchi Sharofiddin Lutfullayev barqaror natijalar ko‘rsatmoqda, uning aktivida 1255 ball va sakkizinchi o‘ringa mustahkam joylashgan. U bilan iqtidorli yoshlar - Diyorbek O‘rozboyev va Komron Nurillayevlar raqobatlashmoqda. To‘g‘ri, ular terma jamoadagi katta og‘asidan ancha ortda. Diyorbek - 40 pozitsiyada, Komron – 46 da. Bundan tashqari, o‘tgan oy ikkoviyam besh pog‘onaga pastlab ketishdi, natijalari yomonlashdi.

Dunyoning eng yaxshi dzyudochilari safida 66 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida ham uch yurtdoshimiz bor. Sardor Nurullayev (877 ball), Shahram Asadov (569) va Muhriddin Tilavov (260) mos ravishda ular 15, 30 va 59-o‘rinlarni egallashgan. Litsenziya hududida faqat Sardor. Biroq bu vazndagi yetakchi, olimpiadaning asosiy favoriti hisoblangan yaponiyalik Joshiro Maruyama 2250 (!) ballga ega. Bizning yetakchi dzyudochimiz Tokioda g‘alabaga erishish uchun u bilan munosib raqobatlasha olarmikan?

Qolgan besh vazn toifasida esa, bor-yo‘g‘i bittadan o‘zbekistonlik sportchi bor. Olimpiada nomzodlaridan tashqarida faqat Davlat Bobonov (90 kg) o‘zi turgan 55-o‘rindan yuqorilay olmadi. Hikmatullo To‘rayev (73) sezilarli o‘sishga erishdi va uch pog‘onaga ko‘tarildi. Endi reytingda o‘n uchinchi o‘rinda bormoqda. Osiyo va Okeaniya chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan Sharofiddin Boltaboyev (81) ham hozirda Olimpiya yo‘llanmasiga talabgorlar qatorida. Bir oy oldin u ushbu ro‘yxatdan tashqarida edi. Og‘ir vazn toifalaridagi Muhamadkarim Xurramov va Bekmurod Oltiboyevlar ham umid uyg‘otmoqda. Taniqli gruziyalik ustalar Varlam Liparteliani va Guram Tushishvilining soyasida qolgan polvonlarimiz to‘plangan ballari bilan kerakli paytda asosiy raqobatchilarini ortda qoldirish uchun ularning uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘yishmayapti.

Nihoyat, qizlarimiz ham ancha ko‘tarilib qolishdi. Osiyo va Okeaniya chempionatida reyting ochkolari zaxirasini to‘ldirishgan Diyora Keldiyorova va Gulnoza Matniyazovalar Jahon sport forumida ishtirok etish imkoniyatiga ega sportchilar qatorida kirib olishdi. Lekin ular faqatgina Olimpiada ishtirokchilari bo‘ladimi yoki sovrindorlar qatoridan joy oladimi – buni vaqt ko‘rsatadi. Tajriba orttirish va mahoratlarini oshirish uchun oldinda hali ko‘plab musobaqalar bor. Yaponiya sari mashaqqatli yo‘l davom etmoqda.

Paradzyudochilarimizning ham chiqishlari monitoring qilinmoqda. Ular g‘alaba qozonish uchun ajoyib iroda namoyish etmoqdalar. Xususan, Ozarbayjon poytaxti tatamilarida o‘tkazilgan Gran-pri seriyasining xalqaro turnirida respublika terma jamoasi ajoyib ishtirok etishdi va umumiy hisobda birinchi o‘rinni egalladi. Hamyurtlarimiz sakkizta medalni qo‘lga kiritishdi, ularning to‘rttasi oltin. Olimpiya reytingiga o‘z vazn toifasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Shirin Sharipov, Feruz Saidov, Davurxon Karamatov va Nafisa Sheripbayevalar yetakchilik qilmoqda. Bronza medallari Vasila Aliboyeva, Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva va Parvina Samandarovalarga topshirildi. Endi erishilgan natijalarni saqlab qolish kerak, va bu ba'zan shohsupaga ko‘tarilishdan ham qiyin bo‘ladi.

Timur Nizayev.
«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech