19 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +13 °C

Madaniyat
4 Aprel  2019 2199

Tomoshabin «ishg‘ol qilgan» teatrlar

Ba’zida ajoyib tashabbus ham kutilmagan natijalarga olib kelishi mumkin ekan. Ammo bu yaxshi g‘oyadan voz kechishga sabab bo‘lolmaydi, albatta. Qaytanga, aksincha, uni yanada rivojlantirish kerak.

«Odatga ko‘ra, spektakldan bir soat oldin eshiklarni ochgan edik hamki, bir to‘da tomoshabin betartib ravishda ko‘rgazmaga e’tibor ham qaratmay, foyedan o‘tib, to‘ppa-to‘g‘ri zalga tomon yo‘l oldi. Hammasi tartibsizlik bilan boshlandi, zal to‘lgach, eshiklarni yopmoqchi bo‘ldik. Qolganlarga ichkarida umuman joy qolmaganini tushuntirish uchun butun ma’muriyat eshik oldiga chiqdi. Shundan so‘ng ularga turli haqoratlar yog‘ildi, sochlardan tortildi, pidjak tugmasi uzildi. Buning barini video va fotoga muhrladik...»

 

Bepul spektakllar namoyishlari bo‘lib o‘tgan kunlardan biri poytaxtning yirik teatri xodimlari esida ana shunday muhrlanib qoldi. Yaqinda butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan Teatr tomoshalari haftaligi davrida boshqa teatrlarda ham xuddi shunday vaziyatlar kuzatildi. Uning tashkil etilishi Prezidentimizning 2018-yil 28-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori punktlaridan birida keltirib o‘tilgan. Hujjatda aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish va soha muassasalariga kirishda ijtimoiy tenglikning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan. Shu bois vatandoshlarimiz spektakllarga, sahna dekoratsiyalari va liboslari ko‘rgazmalariga erkin kirishi hamda artistlar bilan muloqot qilishi uchun har yili bahorda yetti kunga istovchilar uchun davlat teatrlari eshiklari ochib qo‘yildi. Bunga hech bir yangilik yoki yangicha tarix kiritilmagan, biroq yuzaga kelgan ajiotaj nafaqat tashkilotchilarni, balki tomoshabinning o‘zini ham shoshirib qo‘ydi. Tomoshabinlar qiziqishi to‘lqini tom ma’noda barcha teatrlarni qamrab oldi.

Alisher Navoiy nomidagi DAKTda milliy va xorijiy opera va baletlarga tushish mumkin bo‘ldi. Bolalar uchun – ertaklar, barcha mehmonlar uchun – hozirgi va oldingi postanovkalar dekoratsiyalari va liboslari eskizlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. O‘zbek davlat drama teatri spektakllardan tashqari, xalq va xizmat ko‘rsatgan artistlar, adabiyotchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Musiqali komediya (operetta) va Satira teatrlarining tig‘iz dasturlari konsertlar bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatrida sahna yulduzi Shahodat Rahimova xotirasiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazildi, Yoshlar teatrida – sahna ortiga ekskursiya uyushtirilgan bo‘lsa, Yosh tomoshabinlar teatrida – bo‘lg‘usi aktyorlar – O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Qolgan hududlarda ham - xuddi shunday manzara kuzatildi. Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat akademik musiqali teatri tarixiy fotoekspozitsiya, simfonik orkestr va xor konsertlarini taqdim etgan.

- Ushbu kunlar uchun turli janrlardagi, jumladan, «Kunduzsiz kechalar» va «Imon» dramalari, «Revizor» va «O‘jarlar» komediyalari kabi eng yaxshi spektakllar tanlandi, - deydi O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fatxulla Ma’sudov. – Tomoshalarni esa mashhur «Andishali kelinchak»dan boshladik. Zal 540 o‘ringa mo‘ljallangan, ammo bir yarim-ikki baravar ko‘p tomoshabin keldi. Bu birinchi kuniyoq, qolgan kunlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Tomoshabinlar ko‘ngildagidek dam olishi uchun sharoit yaratishga va ularning barini sig‘dirishga harakat qildik.

So‘nggi bir necha yil ichida teatr chiptalari narxlari sezilarli oshdi. Qaerlardadir haliyam oldingi qatorlarga 20 ming to‘lab chipta olish mumkin, lekin ba’zi joylarda 100 ming so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Agar tomoshaga butun oila kelsa-chi? Kattagina pul bo‘ladi. Buni ko‘pgina vatandoshlarimiz, ayniqsa, pensionerlarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Xususan, ayrim oilalar uchun bunday tashrif chinakam noyob hodisa va unga alohida tayyorgarlik ko‘rishadi, kiyimlar tanlashadi. Odamlar quvonchini tushunish qiyin emas, ular spektakl tomosha qilishadi va oilaviy byudjetidan mablag‘ sarflanmaydi.

Tomoshalarni ko‘rishni istaganlar shunchalik ko‘p ekanki, ba’zilari hatto, spektakllar boshlanishidan 2-3 soat ilgari kelib olishdi. Navbatga turishlar paydo bo‘ldi, afsuski, ularning bariga ichkarida joy yetishmadi. Tomosha boshlangan paytda ham san’at ixlosmandlari yopiq kirish eshiklarini taqillatib, ketmay turishdi... Ularning umidlarini puchga chiqarmaslik uchun ayrim ma’muriyatlar spektakllarni qatorasiga ikki marta qo‘yishga qaror qilishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham tomoshaga kira olmagan vatandoshlarimizning fikrlari va izohlari ko‘p bo‘ldi:

«Shunday bo‘lishini bilardim! Yaxshiyam bormaganimiz, tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi», «Nima deb o‘ylovdinglar? Kim ertaroq borsa, o‘sha o‘tiradi-da!», «Biz farzandimiz bilan yakshanba kunini mo‘ljallagandik. Aftidan, pullik haftani kutamiz, shekilli», «Ommaviy tadbir ommaviy tartibsizlikka aylandi. Yoshi kattalarga rahmim kelib ketdi». 2017-yil sentyabrda Amir Temur xiyobonida o‘tkazilgan xalq saylida tarqatilgan bepul oshni ham eslashgan.

- Zal to‘lib bo‘lguncha barchani kiritaverdik. Afsuski, to‘lgach, qolganlarni kiritishga texnik xavfsizlik sabab haqqimiz yo‘q. Joylarimiz, ayniqsa, balkonda, tik turish uchun mo‘ljallanmagan, - deydi DAKT direktorning tomoshabinlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Bahodirov. – O‘z navbatida yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Xodimlar va qo‘riqlash xizmati olomonni zo‘rg‘a to‘xtatib qolishdi. Biz tomoshabinlarni kirish eshigi oldida ushlab tura olmadik. Do‘stlar, bunday qilmaslik kerak, axir - bu teatr!

Bu bepul tomoshalar haftaligidagi eng yaxshi saboqlardan biri bo‘ldi – tomoshabinning o‘zini tutish madaniyatini oshirish kerak! Ammo bu muammo kecha paydo bo‘lmagan, albatta, bunday ommaviy tadbirlar uning yuzaga qalqib chiqishiga turtki berdi. Tomoshabinda madaniyatni tarbiyalash va sahna san’atiga o‘rgatish uchun ham bunday ma’rifiy tashabbuslarni davom ettirish juda muhim.

- «Lyuchiya di Lammermur» operasini ko‘rmaganim uchun ham borgandim. Juda yoqdi. Ammo gap bunda emas. Bunday tadbirlarga o‘ta jiddiy qarash kerakligini angladim, - deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi poytaxtimizda istiqomat qiluvchi Lyudmila Kalmikova. – Zal to‘lgan, hatto, bolalari bilan kelishgan. Yonimda yigirma uch yoshlardagi erkak farzandlari bilan paydo bo‘ldi. Tomosha chog‘i kattalarning beto‘xtov yoshlarni tiyib turishiga to‘g‘ri keldi, ularning dadasi esa sahnaga deyarli qaragani ham yo‘q, smartfoniga muk tushib olgan. Oldinda va orqada o‘tirgan qizlar o‘zaro laqillashib, xalaqit berishdi...

Xullas, teatrda bo‘lganlarning bari bunday holatga duch kelishgan va ko‘plab misollar keltira olishadi. Quyida ulardan ayrimlari:

«...Oldimizda bir oila o‘tirdi va tomosha boshlanganda qarsillatib bodroq yeya boshlashdi, keyin qoqnonlarga o‘tishdi. Hidini gapirmasa ham bo‘lar, ammo orkestr musiqasidan ko‘ra yeyilayotgan qoqnonlarning qasir-qusuri ko‘proq yodda qoldi. Nima deb o‘ylaysiz, bu bolalar katta bo‘lgach, madaniyatli bo‘lib yetisharmikan?»

«...Odamlar jimlik saqlanishini, vaqtidan oldin turish mumkin emasligini, spektakl paytida suhbatlashmaslik kerakligini, tomosha payti bodroq yemaslik lozimligini va telefonning chirog‘i xalaqit berishini tushunishmaydi».

«...Bolalar juda ko‘p edi. Nega bu yerga olib kelishgani tushunarsiz. Ular asar bilan tanish ham emas. Ular hatto, qaerda nima bo‘layotganini ham tushunishgani yo‘q. Betinim pitirlab, o‘rindiq orqasini tepishar, bir joyda o‘tira olishmasdi».

«...Xuddi poliklinikaga o‘xshab ketdi. Zalning teng yarmisi yo‘talganidan artistlarni umuman eshitib bo‘lmadi».

«...Butun spektakl davomida yosh bolaning yig‘isi eshitilib turdi. Ba’zilar telefonda gaplashardi, teatr xodimlari esa bunga ko‘z yumishdi... Bir onaning bolasi tinmay xarxasha qilaverdi. Spektaklning o‘rtasida ayol: «Musiqani sal pastroq qilinglar, bola yig‘layapti!», deb yubordi. Sira tushunmayman, bir yarim yashar bolakay teatrda xarxasha qilsa, uning bu yerga olib kelib nima qilasan?».

«...Xuddi shu payti paketlar shitirlab, zalga qaynatilgan tuxum va qovurilgan tovuq hidi tarqalib ketdi».

«...Hozir gap menga juda yoqqan spektakl haqida emas, balki bunday joyda o‘zini qanday tutishni bilmaydiganlar haqida. Ko‘plar boshdanoq o‘zgalarning joyiga o‘tirib oladi. Kechikishadi, bu ham beadablik, va eng yomoni, tomosha boshlangandan so‘ng o‘n besh daqiqalar davomida doim oldingdan odamlar o‘tib, ta’bingni xira qiladi. Kechikkanlar o‘tirib olishga ulgurmay, yangilari xuddi bir joyga o‘t ketganday yugurib chiqa boshlashadi. Tomosha oxirida aktyorlar ta’zimga chiqishganida, odamlardagi hurmatsizlikni ko‘rib, ochig‘i, uyalib ketdim. Bundan chiqdi, ular salkam ikki soat davomida oqibatsiz tomoshabin oldida ter to‘kishibdi-da!»

Ko‘rining turibdiki, bir qism tomoshabinlarning beadabligiga, asabiylashtiradigan, chalg‘itadigan turli omillarga qaramay, ko‘pchilik spektakllarga munosib baho berdi. Bu ham juda yaxshi boshlangan haftaning muhim yakunidir. Bir narsa aniq bo‘ldi: teatrga kirishni istovchilar juda ko‘p.

- Bu keng tomoshabinlar ommasi, ayniqsa, yoshlar, o‘rtasida san’atni targ‘ib qilishning ajoyib imkoniyatidir, - deydi Madaniyat vazirligi boshqarma boshlig‘i Muqaddas Ahmadjonova. - 37 ta davlat teatri 250 dan ortiq spektakllarni taqdim etdi. Ularning barcha rahbarlari aholimizning sahna san’atiga qanchalik qiziqishiga ishonch hosil qilishdi, negaki, tomoshalar kundan-kunga anshlagga aylanib bordi. O‘zlari ham tomoshalarga odamlarning bunday oqib kelishini kutishmagandi! Hafta aholi uchun haqiqiy bayram va sovg‘a bo‘ldi.

Barcha suhbatdoshlarimizning aytishicha, chindan ham, zallarning to‘lib ketishi kimlar uchundir kayfiyatni tushiradigan hol bo‘lsa-da, artistlar uchun rosmana quvonchga aylandi. Har bir teatrning u yoki bu darajada tanilgan o‘z spektakli bor. Ba’zan shunday bo‘ladiki, ular bir necha o‘n kishi uchun sahnaga chiqadilar. Anshlaglar ham istalganidek emas, balki kamdan-kam bo‘ladi. Chunki zalda o‘tirgan tomoshabinlarning quvvati sahnadagi aktyorlarga ko‘chadi va ular bundan ulkan ilhom olib, rollarini ijro etadilar.

Soha vakillarining fikricha, zalda bo‘sh joyning bo‘lmasligi – ijrosini ming-minglab kishilar qabul qilishga tayyorligi san’at ustalariga ulkan mas’uliyat yuklanayotgani haqidagi eslatma hamdir. Ehtimol, kimdir Teatr tomoshalari haftaligi sabab bu dargohga ilk marta qadam qo‘yib – bir umrga uning ixlosmandiga aylangandir ham. Boshqalari esa o‘zlari uchun yangi spektakllarni, dramaturg yoki artistlarni kashf etishgandir. Bunday madaniy-ma’rifiy aksiyalarning asosiy vazifasi ham ana shunda. O‘z navbatida tomoshabinlarning ham hisoblashicha, kelgusida muxlislarni teatrlarga tashrif buyurishga, boshqalar va ijodiy tarkibga noqulaylik tug‘dirmaslikka tayyorlash maqsadida ular orasida tushuntirish ishlari olib borilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

2017-yilning avgustida Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda ham insonlarnining ma’naviyatini oshirishda va ularning estetik olamini sog‘lom asosda shakllantirishda madaniyatning o‘rni muhim ekanini alohida ta’kidlagandi. O‘shandagina teatrga tashriflar biz yuqorida keltirib o‘tgan ko‘ngilni xira qiluvchi holatlarsiz kechadi. O‘zbekistonliklar uchun anshlaglar ham yiliga bir haftagina bilan cheklanib qolmasligi odat tusiga kiradi.

Ramil Islomov.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech