20 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +41,2 °C

Tashvishli xabar
13 Yanvar  2019 5923

Ko‘chaning narigi tomoniga o‘tish ham ish bo‘ptimi? Bir o‘tib ko‘ring-chi!

O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlar kengliklarida «Yandeks.Mahalla» servisi ishga tushirildi. Unda turli masalalar bo‘yicha ko‘plab mavzular bilan tanishish, fikr almashish, o‘z fikrlarini aytish mumkin.

E’lon qilingan postlar kishini shoshirib qo‘yadi. Jo‘yali mavzularu savollardan tashqari, ortiqcha va ensani qotiradiganlari ham ko‘p uchraydi. Bir foydalanuvchining Yashnobod tumani harbiy harakatlar o‘tkazilayotgan hududga o‘xshaydi, degan xabari e’tiborimizni tortdi. Bunda yer usti metrosi qurilishi jarayoni tilga olingan. Fuqarolarning bunday g‘aroyib loyihalarga e’tirozi yo‘q, albatta. Ammo muallif tanganing ikkinchi tomoniga e’tibor qaratishni so‘raydi: kavlab tashlangan xandaqlar, ayrim joylarda kotlovanning maxsus to‘siqlar bilan o‘rab qo‘yilmagani, chang-to‘zon ko‘tarilishi, loy, uylar yonidagi yuk mashinalari va ekskavatorlar shovqini. Bunda asosiy e’tibor «Do‘stlik» metro bekatidan chiqishdagi yo‘lga qaratilgan. Endi aholi A nuqtadan B gacha yetib olish uchun yaxshigina chiranishi va mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Chindan ham, shunday. Shaxsiy tajribamda sinab ko‘rganman. Ishgacha metroda yetib olaman. Avtobusga chiqsa ham bo‘ladi, biroq tig‘iz paytlarda bir-ikki bor yo‘llardagi tirbandlikka tushib qolib, bu fikrimdan qaytganman. Yana bir ko‘ngilsiz holat. Agar biz aytayotgan tomonlarga kimningdir yo‘li tushgan bo‘lsa, ilgari bu yerda uchta chiqish joyi ishlaganini yaxshi eslasa kerak. Hozir ikkitasigina ishlamoqda.

Endilikda Toshkent mexanika zavodi (oldingi Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi)ga yaqin tomonda katta xandaq qazilgan, kelgusida yer osti va yer usti metrolarini tutashtiruvchi tunnelni qurish ishlari jadal ketmoqda.

An’anaga ko‘ra, shaharga qatnaydigan avtobuslar xuddi shu joyda to‘xtaydi. Ko‘pchilik, nima bo‘pti, ko‘chaning narigi tomoniga o‘tish ham ish bo‘ptimi, deyishi aniq. Ammo o‘zingiz bir o‘tib ko‘ring-chi! Qurilish ishlari sabab yo‘lning bir qismini to‘sishga qaror qilingan. Tumanga boradiganini esa ikki tor qismga chiziq bilan ajratib qo‘yishgan. Ammo ikkala tomonga ham qatnaydigan transport vositalari oqimini hisobga olishmagan ko‘rinadi. Shu bois ko‘chaning narigi tomoniga o‘tishi uchun keti uzilmas mashinalar qatorining qachon tugashini kutishga to‘g‘ri keladi. Ushbu mammoni hal etish uchun hokimiyatdagilar o‘tish joyiga «zebra» chizib qo‘yishdi, ammo bu chora ham o‘zini oqlamayapti.

Bir yil ilgari «Do‘stlik» metrosiga yetib olish uchun taksiga 1000 so‘m pul sarflardim. Bu uyimdan bir yarim bekatcha masofa. Ammo hozir vaziyat butunlay boshqacha. Soat 7:00 dan 8:15 gacha metroga to‘rttadan odam oladigan taksichilar navbatchilik qilishadi. Yo‘l haqi 1500 so‘m. Agar taksilar turadigan joyga 15 daqiqa kech kelsangiz, u bo‘m-bo‘sh bo‘ladi. Yo‘lovchi mashina to‘xtatsangiz, qimmat, besh ming so‘mdan kamiga olib bormaydi.

Ishdan uyga qaytayotganimda ham xuddi shu ahvol. Yana qorong‘i tushgan bo‘ladi. Uyimgacha birorta avtobus yoki yo‘nalish taksisi yurmaydi, shunday transport topilgudek bo‘lsa ham, o‘rab olingan qurilish maydoni yonidan o‘n besh daqiqacha yurishim kerak. Qurilish esa butun tumanga yoyilib ketgan.

Buning yana bir noestetik tomoni mavjud: biz, ish yoki o‘qishga chiroyli kiyinib, toza-ozoda bo‘lib borishga o‘rganganmiz. Ammo qurilish boshlandi-yu, buning iloji bo‘lmay qoldi. Yozda metro bekatigacha poyabzalingiz qalin chang qatlami, qishda esa loy bo‘lib yetib olasiz. Yashnobod tumani aholisining ayrimlari poyabzali ustidan baxilla yoki sellofan xaltacha kiyib olishadi. Nahotki, mutasaddilarga ozgina qulaylik yaratish, yo‘lakcha yotqizish yoki biror maxsus to‘shama tashlash qiyin bo‘lsa? Bu yerda yashovchi aholi muammoni tegishli joyga yetkazishga harakat qilmoqda. Ana shu masalada, hatto, oddiy ishchilarga ham murojaat qilyaptilar. Ular esa tabiiyki, yelka qisishdan nariga o‘ta olishmaydi.

– Asli buxorolikman, – deydi Shukurullo. – Ekskavatorchiman. Bo‘lajak metropoliten qurilishi butun  O‘zbekistonga tarqaldi. Pul ishlash maqsadida poytaxtga keldim. Dastlab, shartlarni kelishib oldik, keyin maoshlar berilishi cho‘zilib keta boshladi. Ish esa oson emas, jazirama issiqda, qishning ayozida, qor va yomg‘irda ham mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Brigadamizda xuddi men kabi viloyatlardan kelganlar ham bor. Afsuski, aholining bu iltimosi bo‘yicha yordam bera olmaymiz. Oldimizga boshqa vazifa qo‘yishgan.

P.S. O‘zining qulayligi, xavfsiz va tezkorligi bilan metroning boshqa transport vositalaridan samaraliroq ekani bilan ajralib turishi, shubhasiz. Negaki, metro boshqa transport vositalariga tushadigan yuklamaning bir qismini o‘ziga oladi, shahar markazida yo‘llarning ochilishiga yordam beradi. Bunga davlatimiz rahbari ham urg‘u beradi. Qurilish bilan bog‘liq noqulayliklarni bir kun ichida hal etib bo‘lmasligini ham tushunamiz, albatta. Biroq manzaraning chetdan tabiiy ofat oqibatlariga o‘xshab ko‘rinmasligi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, sharoit yaratsa bo‘ladi.

Margarita Mironova.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019 yil 13 yanvardagi 8-sonida e’lon qilingan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech