20 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Transport
5 Yanvar  2019 10666

«O‘zbekiston havo yo‘llari»: eski yilda nimalarga erishildi va kelgusi rejalar qanday?

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasida ko‘p narsalar o‘zgardi. Havo bandargohlarimiz ham o‘zgacha tus olib, yo‘lovchilar va aviatexnikalarga sifatli xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaxshilandi. Bundan tashqari, soha maqomini yanada ko‘tarishni ta’minlay oladigan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov «Pravda Vostoka» gazetasi muxbiri bilan suhbatda o‘tgan yil yakunlari va yangi rejalar bilan o‘rtoqlashdi.

– Umid Abrorovich, mana, faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili ham poyoniga yetdi. Bu yo‘nalishda qanday ishlar amalga oshirildi?

– 2018-yilni samolyot bortida yo‘lovchi uchun eng qulay joyni oldindan bron qilish imkoniyatini beruvchi «joy tanlash» interfaol xizmatini ishga tushirish bilan boshladik. Bu aksariyat yo‘lovchilar yaxshi ko‘radigan illyuminator oldidagi o‘rindiq, salonning old qismidagi yoki yo‘lak yonidagi joy bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘tgan yilda «Uzbekistan Airways» aviachiptalarini bron qilish yoki sotib olishga mo‘ljallangan rasmiy mobil ilova ishlab chiqildi va joriy etildi. Undan tashqari, ilgari kompaniya xizmatlari uchun onlayn haq to‘lash faqat «VISA» va «UzSard» bank kartalari orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, noyabr oyida ular ro‘yxatiga «MasterSard» ham qo‘shildi. Bu esa o‘z navbatida, nafaqat O‘zbekiston, balki chel el fuqarolari uchun ham sotib olish tizimini ancha qulay qildi.

Yuk tashishni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish uchun MAK «Logistika milliy portalini joriy etish to‘g‘risida»gi hujjat loyihasida faol ishtirok etdi. «logistika.uz» portali barcha taransport kompaniyalari va tadbirkorlar uchun yuklarning mavjudligi va ularni tashish bo‘yicha imkoniyatlar haqidagi yagona ma’lumotlar bazasidir. Bu yuk egalariga muqobil asosda bo‘sh yoki yo‘nalishi to‘g‘ri keladigan transportni izlash va topish, shuningdek, tez buziladigan (agar bu oziq-ovqat tovarlari yoki meva-sabzavot mahsulotlari bo‘lsa) yuklarni tashish masalalarini tezda hal etish imkonini beradi.

Yuk tashishlari sotish boshqarmasi call-markazi ishiga ham innovatsion yechimlar kiritildi – 30 apreldan faoliyatni avtomatlashtirish va optimallashtirish uchun maxsus dasturiy ta’minot test rejimida ishlamoqda.

Bir yil ichida uch millioninchi yo‘lovchini tashishni so‘zsiz, yorqin va muhim hodisa bo‘ldi, deyish mumkin. Bunda uch millioninchi yo‘lovchi 17-dekabrda qayd etildi va u «Toshkent» xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Agar raqamlarga murojaat qilsak, 2018-yilda «Uzbekistan Airways» 21 mingdan ziyod marta aviareyslarni amalga oshirdi, uch milliondan ziyod yo‘lovchini manziliga yetkazdi.

Tarmoqni rivojlantirish haqida gapirganda MAKga boshqa davlatlar tomonidan berilayotgan bahoni ham aytib o‘tmasak bo‘lmas. Ulardan biri  - Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan «NETWORK 2018» forumida «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning aviatsion marketing sohasida yevroosiyo mukofoti bilan taqdirlanishi bo‘ldi. Shuningdek, MAK bir necha marta «Domodedovo», «Sochi», «Krasnodar», «Qozon» xalqaro aeroportlarida eng aniq ishlaydigan aviakompaniya, deya tan olindi. Fuqaro aviatsiyasi kemalarida servis va xizmatlarni rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan «Sky Service» nomli III xalqaro forumning nufuzli «Yil jamoasi» professional ko‘rik-tanlovida bortkuzatuvchilarimiz jamoasi kubokni qo‘lga kiritdi, xodimalarimizdan biri «Eng yaxshi bortkuzatuvchi», deya tan olindi.

– Fuqaro aviatsiyasi faoliyatini boshqaradigan huquqiy baza haqida ham gapirsangiz...

– Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan zarur samarali qonuniy asos yaratilgan. Aviakompaniya faoliyatida O‘zbekiston havo hududini ekspluatatsiya qilish sohasida va undan barcha foydalanuvchilar faoliyatlaridagi munosabatlarni tartibga soladigan Havo kodeksi asosiy hujjat bo‘ldi. Unda respublika hududlarida aviatsiya ishlari, xavfsizlikni ta’minlash, mamlakat xalq xo‘jaligi va fuqarolari ehtiyojlarini qondirish tartibi belgilab berilgan. Bu yo‘nalishda Parvozlar xavfsizligi nazorati davlat inspeksiyasi samarali faoliyat yuritmoqda.

Jahon standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish muntazam ravishda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston amalda qariyb barcha ko‘pyoqlama ixtisoslashgan xalqaro-huquqiy hujjatlarga qo‘shilgan. Ekspertlarning qayd etishicha, respublikamizda sifatli aviatsiya qonunchiligi amalda, soha tuzilmalari esa parvozlar xavfsizligining yuqori darajasini ta’minlash imkonini beradi. Shu bilan birga tarmoq me’yoriy bazasi muntazam takomillashtirib borilmoqda.

Fuqaro aviatsiyasining klassik modeli bo‘yicha boshqaruvchi organ tomonidan siyosat va nazorat funksiyasining ishlab chiqilishi, parvozlar va aeroportlar ishi bir-biriga bog‘liq bo‘lmasligi lozim. Ilgari bizda boshqaruv modeli boshqacha tamoyilda bo‘lgan. Ana shu munosabat bilan Prezidentimizning 2018-yil 27-noyabrda «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Hujjat tarmoqni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan. Xususan, MAK bazasida «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyatlari qayta tashkil etiladi va asos solinadi. «Maxsus aviatsiya ishlari» aviakompaniyasi DUK bazasida «Uzbekistan Helicopters» MChJ barpo etiladi, «O‘zaeronavigatsiya» markazi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Farmonda shuningdek, davlat boshqaruvini kuchaytirishni va Parvozlar xavfsizligi nazorati davlat inspeksiyasiga bir martalik parvozlarga va aerodromlar yaqinida ob’yektlar qurish vakolatini berish yo‘li bilan raqobat muhitini yaratish nazarda tutilgan.

– Bu yilda parvozlar geografiyasi va MAK sotuv tarmoqlari kengaydimi?

– Milliy aviakompaniya o‘z faoliyati mobaynida barcha mintaqalar bo‘yicha chegaralarini kengaytirdi. «Uzbekistan Airways» laynerlari yevropa, Osiyo, Amerika mamlakatlariga 60 dan ziyod yo‘nalishlarda parvozlarni, Alyaskadan Yangi Zelandiyagacha charter reyslarini amalga oshirmoqda.

So‘nggi uch oy mobaynida uch yo‘nalishda - Mumbay, Vladivostok va Jidda shaharlariga muntazam reyslar ochildi. Muqaddam ushbu shaharlarga charter asosida parvozlar amalga oshirilardi. Shuningdek, Tbilisi, Myunxen va Karachi yo‘nalishlarini ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Xalqaro parvozlar soni sezilarli oshdi. Masalan, eng serqatnov yo‘nalishlardan biri bo‘lgan «Toshkent-Moskva» yo‘nalishi haftasiga 27 martagacha yetdi. Agar Rossiya poytaxtiga Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Namangan va Farg‘ona shaharlaridan amalga oshiriladigan parvozlarni ham qo‘shsak, 49 taga yetadi.

Toshkentdan Seul, Dushanba, Bishkek, Minsk, Rostov-Don, Astana va Novosibirsk shaharlariga parvozlar ko‘paydi. Eng ko‘zga ko‘rinarli reyslardan biri Instanbulga haftasiga poytaxtdan o‘nta, Samarqanddan ikkita reys amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, «Uzbekistan Airways» dunyo bo‘ylab 37 ta aviakompaniyalar bilan yo‘lovchi elektron interlayn-kelishuvga erishgan. Shu sabab MAK yo‘nalish tarmoqlari kengaymoqda, yo‘lovchilarga esa hamkorlarning tutash reyslarini hisobga olgan holda sayohat uchun ko‘plab yo‘nalishlar ro‘yxati taqdim etilmoqda.

– Mamlakatimizning havo bandargohlari qanchalik o‘zgardi?

– Aerovokzal majmualari, uchib-qo‘nish chiziqlarini qayta ta’mirlash bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi, terminallar qurish mamlakatimizdagi barcha aeroportlarni ICAO xalqaro standartlariga mos holga keltirish, parvozlar xavfsizligi va xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish imkonini berdi. Bugun O‘zbekistondagi 11 ta havo bandargohi xalqaro maqomga ega va ular istalgan samolyotlarni qabul qilish, hatto, murakkab ob-havo sharoitida ham kecha-kunduz ishlash layoqatiga ega.

Butun mamlakat bo‘ylab havo harakatini boshqarish tizimi takomillashtirildi va modernizatsiya qilindi. Xavfsiz parvoz va O‘zbekiston havo hududidan foydalanuvchilar sonini oshirish imkonini beruvchi yangi aeronavigatsiya tizimlari tatbiq etildi. «Toshkent», «Buxoro», «Urganch», «Farg‘ona» va «Navoiy» aeroportlarida terminallar qurildi. Joriy yilda poytaxtda soatiga 1200, Nukusda soatiga 400 yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega xalqaro liniyalardan uchib keluvchilar uchun mo‘ljallangan terminallar foydalanishga topshirildi, Urganchda uchib-qo‘nish chizig‘i kapital ta’mirdan chiqarildi. Yaqin istiqbolda, ya’ni 2021 yilgacha, infratuzilmani rekonstruksiya  va modernizatsiya qilish, shuningdek, Termiz, Samarqand va boshqa sharharlar aerovokzallari va uchib-qo‘nish chizig‘ini rekonstruksiya qilish, poytaxtda xalqaro yo‘lovchilar terminalini qurish bo‘yicha va yana qator loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Ayni damda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi mavjud «Toshkent-2» bazasida uni bunyod etish loyihasining tayanch konseptual dizaynini ishlab chiqish uchun Turkiyaning «Yildirim Hollding A.S.» kompaniyasini jalb etgan.

Aviakompaniya qabul qilingan dasturlar, Prezident va hukumat qarorlari asosida samolyotlar xarid qilish, aeroportlarning yerdagi infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator investitsiyaviy va infratuzilmaviy tashabbuslarni amalga oshirdi. O‘tgan yilning may oyida to‘rtta «Boeing-787 Dreamliner»dan bittasi olib kelindi. 2019-2020-yillarda yana uchta layner keltiriladi. Ular yetib kelgach, MDH bo‘yicha bunday havo kemalarini ekspluatatsiya qilishda yetakchiga aylanamiz.

– Umid Abrorovich, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) 2018-2015-yillarda mamlakatimiz aviatsiya xizmatlari ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar rejasini imzoladi. Unga muvofiq qanday ishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan?

– Hujjatda respublikamizning havo orqali yuk tashishdagi ayrim xalqaro qoidalarni bir xillashtirish uchun Monreal Konvensiyasiga qo‘shilishi imkoniyati, buning zarurligi va oqibatlari, «Navoiy» xalqaro aeroporti bazasida yuk tashish bo‘yicha xalqaro bozorga chiqish uchun «xab» xizmatini ilgari surish bo‘yicha IATA ning maslahatlar taqdim etishi aks etgan. Shuningdek, assotsiatsiyaning umumiy masalalarni hal etish, doimiy tajriba va axborot almashish uchun «evroosiyo» muvofiqlashtiruvchi kengashi ishtirokchisi bo‘lgan «O‘zaeronavigatsiya» markazi bilan hamkorligi ham nazarda tutilgan.

Hujjatda, shuningdek, IATAning aviakompaniyalar, aeroportlar mutaxassislari, havo harakatini boshqarish (HHB) dispetcherlik tarkibi va sayyohlik agentliklari xodimlarini, «Toshkent» aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlari va texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish borasida ishchilarni amaliy o‘qitish usullarini taqdim etishi ham o‘z aksini topgan.

– Kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

– Parvozlar xavfsizligini ta’minlashning bosh omili sifatida mazkur yo‘nalish hamisha aviakompaniya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. Nafaqat uchuvchilar tarkibini o‘qitish, balki ularning malakasini muntazam ushlab turishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Bugun yuqori malakali instruktor-o‘qituvchilar tarkibiga, zamonaviy aviatsion trenajyorlar va Full-flight-simulyatorlari ega MAK o‘quv-mashq markazida nafaqat aviakompaniya xodimlari, balki xorijiy yuk tashuvchilar ham mashq qilmoqda. O‘tgan yil davomida Qozog‘istonning «Air Astana» hamda «Scat» aviakompaniyalari bilan ishlarni kuchaytirish, shuningdek, xorijiy hamkorlarni ham jalb qilish hisobiga «Airbus A320» va «Boeing 767» trenajyorlarining yuklanishi ko‘rsatkichi o‘rtacha 60 foizga o‘sdi.

Ayni damda O‘zbekistonda uchuvchilarni bevosita dastlabki tayyorlash amalga oshirilmoqda. Sentyabr oyida Niderlandiyada ishlab chiqarilgan o‘t o‘chirish va samolyot saloni ichida tutun paydo bo‘lgandagi harakat qilish ko‘nikmalarini oshiradigan trenajyor foydalanishga topshirildi. O‘quv-mashq markazining bunday ta’minlanganligi aviakompaniya talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni shakllantirish imkonini beradi.

– MAK mutaxassislari samolyotlarning parvozga yaroqliligini mustaqil va sifatli qilib qancha ushlab turishi mumkin?

«Uzbekistan  Airways Technics» – MAKning nafaqat tuzilmaviy bo‘limi, balki 95 yillik tarixga ega barqaror rivojlanayotgan aviata’mirlash korxonasi hamdir. Bu zamonaviy jihozlangan angarlar va tajribali mutaxassislarga ega qudratli kompleks bo‘lib, o‘zimizda ekspluatatsiya qilinayotgan barcha turdagi havo kemalariga texnik hamda ta’mirlash xizmatini ko‘rsatadi. Oddiy ishchidan rahbarlarga qadar bo‘lgan xodimlar maxsus o‘qitiladi va ular dunyoda tan olingan mutaxassislarni tayyorlash makazlarida malaka oshirishda davom etishmoqda.

«UAT»ning texnik ta’minlanganligi «Boeing» va «Airbus»larning istalgan murakkablikdagi ta’mirini amalga oshirish imkonini beradi. Sohaga sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, xalqaro aviatsiya agentliklari va davlat avia xizmatining barcha talablari bajarilmoqda.

2016-yilda «UAT» bazasida «Boeing» korporatsiyasi bilan birga zamonaviy havo kemalari planerlarining yuqori texnologik kompozit konstruksiyalarini ta’mirlash bo‘yicha sex foydalanishga topshirildi. Ishlab chiqarish zarur uskunalar, shu bilan birga titan qotishmalarga termik ishlov berish, kompozitlarni ulash uchun inert muhitli pechlar bilan ham ta’minlangan. Fyuzelyaj sirtiga zarar yetkazmay ko‘zdan kechirish uskunasi ham mavjud va bu konstruksiyaning yirik metall va kompozit unsurlari ta’mirini amalga oshirish imkonini beradi. Muxtasar aytganda, bu «Uzbekistan Airways Technics»ning aviakompaniya havo floti kemalarining parvozga yaroqliligini sifatli saqlab turishdagi imkoniyatlaridan darak beradi.

– Havo harakatini boshqarish sohasi qanday rivojlanmoqda va modernizatsiya qilinmoqda?

– Bugun osmonimizdagi har bitta layner «O‘zaeronavigatsiya» markazining yuqori malakali dispetcherlari doimiy nazoratida. O‘tgan yilning 11 oyi davomida  respublikamiz hududlaridan tranzit bilan o‘tayotgan 57 155 havo kemalariga xizmat ko‘rsatilgan. Bu 2017-yilning mos davriga taqqoslaganda 13,5 foizga ko‘pdir. Respublika aeroportlarida zamonaviy HHB markazlari qurildi va foydalanishga topshirildi, parvozlarni yanada xavfsiz amalga oshirish va mamlakatimiz havo hududlaridan foydalanuvchilar sonini oshirish imkonini beradigan zamonaviy tizimlar joriy etildi.

2019-yilgi rejalar haqida gapirsak, mutaxassislar oldida havo hududlari va hududiy navigatsiya yo‘nalishlarini, shuningdek, chegaradosh davlatlar bilan, tasniflashni tatbiq etishni amalga oshirish turibdi. Toshkent HHB markazining avtomatlashtirilgan tizimini modernizatsiya qilish, yana xabarlar va koordinatalarni ovozsiz uzatish tizimini joriy etish ishlari rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, yurtimiz xalqaro aeroportlarida parvozlarni ta’minlaydigan radiotexnika uskunalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tadbirlar kompleksini bajarish amalga oshiriladi. Mamlakatimizda  «choksiz» havo bo‘shlig‘ini yaratish jarayonlari kechmoqda. Ana shu va boshqa masalalar ustida ishlayotgan mutaxassislarimiz sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarning faollashishi fonida havo trafigining oshishini kutmoqdalar.

Davlatimiz rahbariyati tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgan Milliy aviakompaniyamiz xalqaro avia yuklar tashish bozorida o‘zining munosib o‘rniga egaligi bilan faxrlansak arziydi.

Akimjon Adizov
suhbatlashdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech