15 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,2 °C

Tashvishli xabar
10 Aprel  2019 6610

Bizga parkni qaytaring!

«Pravda Vostoka» tahririyatiga Mirzo Ulug‘bek tumani Nodirabegim mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarodan murojaat kelib tushdi. O‘z xatida mehnat veterani biryo‘la Buyuk ipak yo‘li va Shukur Burhonov chorrahasi atrofidagi bir nechta kvartallarga tegishli muammolarga tuxtalgan.

Tahririyat xodimlari murojaat sababi va shikoyatning o‘rinli ekaniga ishonch hosil qilish maqsadida yo‘lga otlandi. Negaki, murojaatda juda ko‘p kamchiliklar tilga olingan va ko‘p tanqidlar mavjud edi.

Beshta – Shukur Burhonov nomli, Nodirabegim, Alisher Navoiy, «Sho‘rtepa» va «Bahor» mahallalari Chirchiqqa olib boradigan juda serqatnov yo‘l yoqasi bo‘ylab joylashgan. Ular Toshkentning do‘stona va bir-biriga mehr-oqibatlilik kuchli, mehmondo‘st hamda shinam mahallalaridan hisoblanadi. Ammo aholi bu go‘zal maskanni yashash uchun yanada qulayroq qilish borasidagi iltimoslarining tushunmaslik devoriga borib urilayotganidan, ayniqsa, xafa.

Bunday iltimosnomalar bittagina emas, albatta. Murojaatlar orasida boshqaruvning hududiy organlari, turli vazirliklaru mahkamalarga, Oliy Majlisga, O‘zbekiston ekologik harakatiga va OAV («Xalq so‘zi» va «Gazeta.uz» axborot agentligi)ga yo‘llanganlari ham bor. Ularga esa bir taxlam qariyb bir xil mazmundagi «Sizning murojaatingiz... ...ga jo‘natildi», «Vaziyat nazoratga olindi» qabilidagi javob xatlarini va bu kabi javoblar aholini qoniqtirmasligini ham ko‘rdik.

Ammo bunda bajarib bo‘lmaydigan ishni uddalash so‘ralayotgani yo‘q, qo‘yilgan talablari to‘g‘ri va ularning bajarilishi tumanning o‘ziga ham foyda, bundan u o‘ziga jalb qiluvchi yanada qulaylik va shinamlik kasb etadi. Xullas, hammasi tartibi bilan.

Hozir tasvirlanayotgan joyda ilgari «Gulshan» madaniyat va istirohat bog‘i bor edi. Faol madaniy hordiq oluvchilar, o‘rindiqlarda o‘tirib, shunchaki dam olishga kelganlar yoki bir piyola choy ustida gurunglashishni istovchilar uchun deyarli barcha infratuzilma mavjud, ajoyib, sersoya maskan edi.

Afsuski, mazkur park mana bir yarim yildirki, yopilgan. Sug‘orish tizimi, qishki va yozgi kinoteatrlar ishlamaydi, «Otalar choyxonasi» qulflangan. Aholining aytishicha, bir paytlar bu yerga ko‘chma qo‘g‘irchoq teatri kelib tomoshalar ko‘rsatgan, ommaviy-madaniy dam olish va sport bellashuvlari tadbirlari o‘tkazilgan, kinoteatrlarda filmlar namoyish etilgan.

– Ba’zan o‘zimga o‘xshagan yoshi katta og‘aynilarim bilan bir piyola choy ustida gurunglashishni sog‘inaman, – deydi mahalliy aholi vakili Ibragim Abdug‘aniyev. – Ammo shu atrofdagi yagona choyxona ham yopiq, navbatdagi yangi xo‘jayini esa uni nima qilishni bilmaydi.

Bu nafaqat mehnat veteranlarning muammosi, balki yoshlar ham o‘z tengdoshlari bilan borib vaqtini chog‘ o‘tkazishlari mumkin edi. To‘g‘ri, bayramlarni nishonlash yoki shunchaki ovqatlanish mumkin bo‘lgan kafe bor, ammo bu madaniy hordiq emas-da!

Park borasida mahalliy aholi Madaniyat vazirligiga, shahar hokimiyatiga murojaat qilgan. «Muammo nazoratga olingan», biroq vaziyat haliyam yechimsiz qolmoqda. Mahalliy aholining aytishicha, eng alam qiladigani, park darvozalariga qulf osilishidan sal oldin kinoteatrlarni ta’mirlashga va hududni tartibga keltirishga erishishgan ekan...

Parkning xo‘jayini bor, albatta – direktor vazifasini bajaruvchi shaxs. U mahalliy aholining qiziqishlari bilan hisoblashmay tuzilgan qandaydir investitsiyaviy loyiha borasida bosh qotirib, hududni rivojlantirish uchun mablag‘ yo‘naltiradiganlarni izlayotgan ekan. Unda ko‘ngilochar (rekreativ) hududlar, attraksionlar va umumiy ovqatlanish nuqtalari ko‘p bo‘larkan. Ammo buning qachon amalga oshishi noma’lum, hozircha mahalliy aholining ham qulf osilgan darvozaga xo‘rsinish bilan qarab qo‘yishdan o‘zga chorasi yo‘q.

Uzoq vaqt davomida ushbu hududni, ya’ni park va xususiy uylar tomorqasini «To‘rt ariq» - uncha katta bo‘lmagan ariq, suv bilan ta’minlagan. Bugun u qurib qolgan, ba’zi joylari tosh, chiqindi va tuproq bilan ko‘milib yotibdi. Ammo Toshkentning kanallar ro‘yxatida haliyam oqayotgan va besh kilometrga cho‘zilgan suv tarmog‘i sifatida yozib qo‘yilgan. Axir, bir vaqtlar ariq nafaqat Toshkentning, balki Toshkent viloyati Qibray tumanining bog‘larini ham sug‘organ. Oqmay qolgan ariq borasida ahalliy aholi tabiatni muhofaza qilish organlari, tuman va poytaxt hokimiyatlariga murojaat qilgan, albatta. Ammo uning oqishiga o‘sha yerlarda noqonuniy qurilgan do‘konlar, kafe va boshqa qurilishlarning bunga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi javobni olishgan. Aholining o‘zi bu noqonuniy imoratlarni buzib tashlay olmaydi, albatta. Balki biron kim ushbu masala bilan shug‘ullanar?

– Oldiniga ariq qurib qoldi, – deydi I.Abdug‘aniyev. – Natijada daraxtlar qurib qoladi va oxir-oqibat hech kimga kerak bo‘lmagan park hududi qoladi. Axir, yashil hududlar bu tumanning «o‘pka»si, kishilar salomatligi, degani.

– «Gulshan» parkini o‘zimiz hashar yo‘li bilan ham tartibga keltira olamiz, – deydi Nodirabegim mahallasi oqsoqoli Xayrulla Ziyomuhammedov. – Bizga ruxsatnoma kerak, xolos. Aks holda, o‘sib kelayotgan yosh avlodni qanday band qilish mumkin?

Yana bir og‘riqli nuqta – o‘sha atrofda bolalar bog‘chasining yo‘qligi. Bir paytlar ular ikkita edi. Keyin bittasini imorat ko‘tarish uchun sotib yuborishdi, ikkinchisini ta’mirlab, yana faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun investorga berishdi. Biroq u ham uch yil mobaynida bu vazifani uddalay olmagan. Undan yerni olib qo‘yib, boshqasiga berishdi. Ammo bunisi ham bolalar bog‘chasini tiklashni paysalga solmoqda, vaqt esa o‘tib boryapti.

Shukur Burhonov ko‘chasidagi bir paytlar ancha gavjum bo‘ladigan bozor bugun bor-yo‘g‘i ikkita-uchta savdo nuqtasi bilan maqtana oladi, xolos. Qolgan hudud shundoq bo‘sh yotibdi va buning hech kimga qizig‘i ham  yo‘q. Yoshi kattalar bir zamonlar bozor peshtaxtalarining meva-sabzavotlar ko‘pligidan sinib ketay deganini, hatto, odamlar viloyatdan ham har kuni tongda sut-qaymoq keltirishganini eslashadi.

Chorrahada ko‘p yillardan beri Maishiy xizmat uyi qurilishi chala yotibdi. Bittagina sartaroshxona ishlamoqda. Unga yetib borish uchun uyum-uyum g‘ishtlar va qurilish chiqindilari oralab o‘tib borish kerak. Ammo mahalliy aholi unga boradi, negaki, boshqasi ancha uzoqda. Bir paytlar bu yerda maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, tikuv sexi va boshqalar faoliyat ko‘rsatardi. Ammo mana, ko‘p yillardan beri bo‘m-bo‘sh oynalarini namoyish qilgancha qaqqayib turibdi.

Uzoq yillar ishlagan hisob-kitob kassasini yopishdi, endi aholi xizmatlar to‘lovlarini amalga oshirish uchun avtobusda bir necha bekat yurishlari kerak. Kommunal xizmatlar va soliqlarni to‘lashda eng intizomli hisoblangan pensionerlar uchun bu – chinakam azob. Xalq banki ham ancha vaqtdan beri uning ishini tiklashga va’da bermoqda, ammo hali bundan biror natija chiqqani yo‘q...

Mahalliy aholi tumanning gullab-yashnashi va chinakamiga qulay, shinam va go‘zal bo‘lishiga yordam beradigan yana ko‘p narsalarni istaydi. Biznesmenlar dorixona, vino-aroq marketi va boshqalarni ochgan joy o‘rnida kitob do‘koni bunyod etishni. Mahalliy rus tilida o‘qitadigan 208-maktabda o‘zbek sinflari ochishni ham. Shuningdek, yo‘l yoqasi bo‘ylab piyodalar yuradigan me’yoridagi yo‘lakni ham. Piyodalar hozircha anchayin xavfli yo‘l chetidan harakatlanishmoqda.

Ammo, mahalliy aholi o‘zlari murojaat qilgan mahkamalarda arzlarini eshitishlarini hammadan ham ko‘proq xohlaydi. Quruq javoblarsiz, pastga tomon idorama-idora jo‘natishlarsiz, jonli tarzda dardlarini tinglashlarini istashadi.

Mahalla rolining mustahkamlanishi fonida buning imkoniyati bor, albatta. Hozircha esa, konstruktiv mazmun bilan to‘ldirilishi lozim bo‘lgan murojaat, iltimosnoma va shikoyatlarning bo‘shliqda osilib yotganini ta’kidlashgagina majburmiz...

Sanjar Yoqubov.

Muallif surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech