18 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,3 °C

Salomatlik
18 Aprel  2019 8076

«O‘zbekistonda barcha onkologik xizmatlarda tub «qayta yuklanish» jarayoni ketmoqda»

Onkologik kasalliklarni samarali davolash usullarini izlab topish bugun butun dunyo zamonaviy tibbiyot fanining eng dolzarb masalasi hisoblanadi. O‘zbekistonda ham ana shu xastalikka chalinganlar sonining ortib borishi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 28-dekabrdagi Parlamentga qilgan murojaatida har yili mamlakatimizda 22 ming kishida onkologik xastalik aniqlanayotganiga barchaning diqqatini qaratdi va ushbu tizimni tubdan yaxshilash zarurligini ta’kidladi. 2019-2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida ham besh yil muddat ichida onkologik kasalliklarga chalinganlar orasida o‘lim holatlarini besh foizdan kam bo‘lmagan ko‘rsatkichda kamaytirish vazifasi yuklatilgan.

Bu kabi keng ko‘lamli ishda, so‘zsiz, xalqaro hamkorlik  muhim ahamiyat kasb etadi.  Ana shular haqida ayni damda Toshkentda bo‘lib turgan MDH va Yevroosiyo davlatlari onkologiya va rentgenoradiologiya markazlari va institutlari direktorlari Assotsiatsiyasi (ORMIDA) vitse-prezidenti, professor Dilshod Zikiryaxo‘jayev bilan suhbatlashdik.

Butun umringizni onkologik kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlagansiz. Bu kurashda eng qiyini nima?

– Onkologiya masalasi bilan ellik yilga yaqin vaqtdan beri shug‘ullanaman. Tibbiyotda yuksak texnologiyalarning intensiv tarzda o‘zlashtirilayotganiga qaramay, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu kasallikdan yer yuzida to‘qqiz milliondan ziyod kishi hayot bilan vidolashgan. Millionlab ushbu kasallikka chalinish holatlari qayd etilgan. Bunda ayollar ko‘krak saratoni eng ko‘p tarqalgani hisoblanadi.

Onkologiya – tibbiyotning multiintizomiy sohasi hisoblanadi. U davlatdan katta subsiyadiyalar, ulkan intilish va mutaxassislardan yuqori malaka talab etadi. Qudratli laboratoriyalar kasallik tabiatini bilib olishga harakat qiladi, morfologik tadqiqotlar o‘tkazadi, inson irsiyatini o‘rganadi. Biroq hozirgi kunga qadar fan saraton kelib chiqishining asl sababini aniqlagani yo‘q.

Shu bilan birga bugun bunday jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘plab omillar borligi ham ma’lum. Masalan, rivojlangan davlatlarda o‘pka saratoniga chalinganlar ko‘p uchraydi. Biz buni tamaki chekishning keng tarqalishi va havoning ifloslanishi bilan bog‘laymiz. Afsuski, urbanizatsiya bizga qulaylik bilan birga turli ko‘rinishda saratonga chalingan xastalar soni oshishini ham keltirmoqda.

Nima deb o‘ylaysiz, insoniyat saratonni davolash kalitini topadimi, ushbu dahshatli kasallik ustidan uzil-kesil g‘alaba qozona oladimi?

– Shifokor va olim sifatida bunga shubha qilmayman. Zamonaviy tibbiyot sezilarli darajada ilgariladi. Dunyo onkologlari teri, ko‘krak, prostata bezi, yo‘g‘on ichak saratonlarini erta bosqichda yuz foiz davolashga erishgan. Mijozlar faol hayotga, to‘laqonli umrguzaronlikka qaytishadi.

So‘nggi yillarda sohadagi ko‘pgina muammolar hal etilgan. Kasallikning nasldan o‘tishi omilini ham inobatga olib, kimning, deylik, ko‘krak saratonidan aziyat chekkan yaqin qarindoshlari bo‘lsa, bunday xavf guruhiga kiruvchilar ustidan manzilli genetik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda.

Masalan, Yaponiyada oshqozon-ichak trakti, prostata bezi saratonlarining o‘tkazib yuborilgan shakllarini juda kam uchratasiz. Sababi – faol profilaktika. Ma’lum bir yoshga yetgach, barcha mahalliy aholi maxsus ko‘rikdan o‘tadi. Agar biror kishi bundan bosh tortsa, ishga qo‘yishmaydi. Vaqti-vaqti bilan profilaktik ko‘riklarni o‘tkazishni shart qilib qo‘yishni qo‘llab-quvvatlayman, negaki, bu o‘smalarni erta aniqlash va kelgusida samarali davolash kafolatidir.

Zamonaviy tibbiyot yangi paydo bo‘lgan shishlarni tashxislash uchun zarur texnologiyaga ega. Bu gastrofibroskopiya, kolonoskopiya, genetik tadqiqotlar va boshqa xatti-harakatlardir. Ba’zi rivojlangan mamlakatlarda pochta orqali uylariga jo‘natilgan reaktivlar yordamida odamlar o‘zidan mustqail ravishda namunalar oladi va laboratoriyada tadqiqotlar o‘tkazish uchun klinikaga jo‘natadi.

Kasallikni profilaktika qilishning yana bir muhim jihati – emlashdir. Bugun vaksinalarning juda ko‘p turi yaratilgan. Xususan, qizlar bachadon bo‘yni saratoniga qarshi emlanadilar. Ushbu oldini olish chorasi juda faol qo‘llaniladigan mamlakatlar ham bor. Ayrim davlatlar esa keyin yuzaga keladigan murakkabliklar ehtimoli sabab undan voz kechgan. Xullas, ushbu masala - bahsli. Biroq emlashni profilaktika qilishning eng samarali yo‘nalishlaridan biri deb hisoblayman.

Agar sport bilan ko‘proq shug‘ullanilsa, sog‘lom taom yeyilsa, tamaki chekish va alkogol iste’mol qilishdan voz kechilsa, stresslardan uzoqroq yurilsa, xullas, sog‘lom turmush tarzi yuritilsa, bu saraton paydo bo‘lishi oldini olishi isbotlangan.

MDH va Yevroosiyo davlatlari onkologiya va rentgenoradiologiya markazlari va institutlari direktorlari Assotsiatsiyasi saratonga qarshi samarali kurashishga qanday hissa qo‘shmoqda? Sohada xalqaro hamkorlik qanchalik muhim?

– Assotsiatsiya tarkibiga MDH va Yevroosiyoning barcha yirik onkologiya institutlari kirgan. Uning shtab-kvartirasi esa P.Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutida joylashgan. Ilg‘or tajribalar, yutuqlar va muhim ma’lumotlarni o‘zaro almashish yo‘lga qo‘yilgan. Bunday hamkorlik yetakchi ilmiy markazlar va klinikalarda turli mamlakatlardan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash imkonini berdi. Masalan, o‘tgan yili bir qator o‘zbekistonlik istiqbolli yosh shifokorlar MOITIda ko‘krak bezi rekonstruktiv jarrohligi, kasallarga yuqori texnologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha stajirovkadan o‘tdilar. ORMIDA shafeligi ostida onkologlarning xalqaro s’yezd, kongress, simpoziumlari o‘tkazib turiladi. Ana shunday tadbirlardan ikkitasi Toshkentda o‘tkazildi.

Bilim, tajriba va salohiyatlarni birlashtirib, onkologik kasalliklarga qarshi samarali kurasha olamiz, millionlab insonlarning hayoti va salomatligini saqlab qolishda eng to‘g‘ri qarorga kelish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Tibbiyotni tizimli rivojlantirish zarurligiga ishonchim komil, ya’ni yangi texnologiyalarni tatbiq etish bilan bir vaqtning o‘zida eng murakkab masalani ham yechishga qodir yuqori malakali kadrlarni tayyorlash lozim. Bu ishda meros qilib olish ham muhim ahamiyatga ega. Baxtiyor Ahmedov, Nikolay Bloxin, Nikolay Trapeznikov kabi yetakchi onkolog-olimlarning shogirdi bo‘lish baxti nasib etganidan taqdirimdan minnatdorman. Ular ham olim, ham shifokor bo‘lib shakllanishimda mendan yordamlarini ayashmagan.

Tibbiyotda shunday an’ana bor: yoshi kattalar tajriba va bilimlarini keyingi avlodga qoldirishlari lozim. Shogirdlarim bilan faxrlanaman, ularning ko‘pchiligi taniqli olimlarga, amaliyotchi-onkologlarga aylanishgan. Bugun mening ham ulardan o‘rganadigan narsalarim bor. Shifokor uchun yangi bilimlar va ko‘nikmalar – doimiy, shart bo‘lgan jarayondir va u butun umr davom etadi.

O‘zbekistonlik hamkasblaringiz bilan qanchalik yaqin aloqadasiz?

– O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahri va viloyati onkologik dispanserlari va respublikaning boshqa tibbiy muassasalari yetakchi onkologlari bilan doimiy aloqa o‘rnatganmiz. Bu o‘zaro maslahat almashinuvi, mutaxassislar malakasini oshirishni tashkillashtirish, birgalikda ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazish, murakkab operatsiyalar chog‘i ikki tomonlama yordam ko‘rsatishdan iborat.

O‘zim O‘zbekistonda tug‘ilib-o‘sganman. Va meni, so‘zsiz, ushbu go‘zal mamlakat bilan bog‘liq, uning rivojlanishiga doir hamma narsa qiziqtiradi. O‘zbekiston – ulkan, avvalo, insoniy salohiyatga ega boy davlatdir. Xususan, respublika postsovet davridagi eng kuchli onkologiya xizmati ko‘rsatadigan mamlakat.  Va bugun ushbu sohada tub «qayta yuklanish» ketmoqda. Va rivojlanishga ham katta mablag‘lar ajratilyapti. Har bir hududda ixtisoslashtirilgan dispanserlar qurilgan, kapital ta’mirlangan, amaldagi klinikalar rekonstruksiya qilingan va barchasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.

So‘nggi ikki yil ichida, ayniqsa, sohada ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tibbiyot sohasida yig‘ilib qolgan muammolarni hal etishga katta e’tibor qaratmoqda va uni ijtimoiy siyosatning asosiy yo‘nalishiga aylantirdi.

Bunda sog‘liqni saqlashda tizimlilikni ta’minlash birlamchi vazifaga aylandi va bu haqiqatan ham, juda muhim. Kadrlarni tayyorlash, tashxislash va davolash usullari takomillashmoqda, turli mamlakatlar va mintaqalarning yetakchi klinikalari va ixstisoslashgan oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalar kengaymoqda, sog‘liqni saqlash muassasalari va aholini dori-darmon bilan ta’minlash yaxshilanmoqda, malakali tibbiy yordam olish kafolatgangan. Mazkur ishga poytaxtdagi tibbiyot markazlarining eng yaxshi mutaxassislari jalb etilgan.

Kelgusida onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirishning kompleks Dasturi amalga oshirilmoqda. Unda 2021-yilga borib onkologik kasalliklardan o‘lish ko‘rsatkichini sezilarli kamaytirish, bemorlarni shishlarga qarshi preparatlar bilan ta’minlanishini oshirish va yuqori texnologik muolajalar olish imkoniyatini yaratish maqsadi qo‘yilgan. Ana shu maqsadlar uchun 32 milliard so‘m va 144 million dollar mablag‘ ajratilmoqda.

Dasturni bajarish doirasida onkologik xizmat ko‘rsatishning yagona vertikal integrallangan tizimi yaratilgan. Saraton kanserogenezi va epidemiologiyasi, yomonsifatli o‘smalar rivojlanishining molekulyar-biologik mexanizmlari, shuningdek, shishlarga qarshi mamlakatning o‘zida preparatlar yaratish ustida ishlash borasida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Tashxislash, davolash va profilaktika qilishning zamonaviy usullari joriy etilishi bemorlarda erta bosqichda kasallikni aniqlash ko‘rsatkichlarini ikki baravardan ko‘proqqa oshirish imkonini berdi. Bu taassurot qoldiradigan natija.

Mamlakatda aholini jismoniy tarbiya va sportga ommaviy jalb etish, qudratli sport bazasi yaratish, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, ovqatlanish madaniyati, insonlar turmush tarzi va sifatini yaxshilashga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Buning bari, shubhasiz, millat salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ulkan ishlardir.

Yana aytishni istardimki, O‘zbekiston turli sabablar bilan xorijda yashayotgan va o‘z yurti rivojiga hissa qo‘shishni istagan boshqa vatandoshlari bilan aloqalarini tiklayotgani menda chuqur taassurot qoldirdi. O‘zbekistonga foydam tegishi va kerakligim, men uchun ulkan sharaf. Bilaman, respublikadan chiqib ketgan boshqa ko‘plab vatandoshlarimiz ham buni orzu qiladi. Negaki, Vatandan yurakni olib chiqib ketib bo‘lmaydi.

      Liliya Axmedjanova.

Muzaffar Abdullayev surati.

 

Ma’lumot uchun

Dilshod Zikiryaxo‘jayev - MDH va Yevroosiyo davlatlari onkologiya va rentgenoradiologiya markazlari va institutlari direktorlari Assotsiatsiyasi (ORMIDA) vitse-prezidenti. Taniqli onkolog-jarroh, sog‘liqni saqlash tashkilotchisi, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, klinik onkologiyaga oid 450 dan ziyod kitoblar muallifi. Shogirdlaridan 30 tasi fan nomzodi, 13 tasi fan doktori.

Shuningdek, u AQSh Xalqaro akademiklar jamiyati akademigi, Bolalar onkologiyasi Yevropa jamiyatining haqiqiy a’zosi, Tibbiyotdagi integratsion jarayonlar rivojiga qo‘shgan hissasi uchun Xalqaro mukofot laureati. AQSh, Isroil, Germaniya, Avstriya, Polsha, Gretsiya, Chexiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlar onkologlarining xalqaro forumlari qatnashchisi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech