17 Fevral 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Mamlakatimizda
1 Yanvar  2019 3569

Innovatsion rivojlanish malakali mutaxassislar ko‘payishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq

Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatini tinglagach, ertangi kunga bo‘lgan ishonchim yanada oshdi.

Bugun bizga yuklatilgan ustuvor topshiriqlar va vazifalar yangi vazirlikning innovatsion rivojlanish sohasidagi ilk qadamlaridayoq boshlagan ishlarining mantiqiy davomi ekani meni juda to‘lqinlantirdi. Davlatimiz rahbarining 2019-yilni – Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili, deb e’lon qilishi kelgusida barcha sohalarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi, shubhasiz. Xususan, ayonki, investitsiyalarsiz innovatsiyani, ijtimoiy sektorni yaxshilash va mos ekotizimni shakllantirishning iloji yo‘q.

Prezidentimiz respublikada inson kapitalini rivojlantirish uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etishga chaqirdi. Bu maktabgacha ta’limdan boshlab, umumiy va oliy ta’limgacha va ilmiy faoliyatda mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha barcha darajalarni kuchaytirishni talab etadi. Masalan, davlatimiz rahbari 2019-yilda hozirgi oliy ta’lim bilan qamrab olishni 15 dan 20 foizga ko‘tarishni va kelgusida bu ko‘rsatkichni yanada oshirib borish topshirig‘ini berdi. Boshqa vazifalar esa OTMlarning qabul kvotalarini mustaqil shakllantirishni ta’minlash va abiturientlarga parallel ravishda bir nechta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatini yaratishdir. Innovatsion rivojlanish malakali mutaxassislar sonining ko‘payishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Bu O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish Strategiyasining asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab olingan.

Shuningdek, Murojaatnomada OTMlar va tarmoqlar bo‘yicha tadqiqot institutlarining akademik salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ko‘p miqdorda konstruktorlik byurolari va innovatsion markazlar tashkil etish bo‘yicha aniq maqsadlar qo‘yilgan. Eng asosiysi, endi investitsiyalarni nafaqat iqtisodiyot tarmoqlariga, balki ilmiy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlashga ham yo‘naltirish belgilanmoqda. Vazirlik bu borada o‘z takliflarini bildiradi.

Bugungi kunning muhim talablaridan biri – yuqori texnologik, innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan va eksport qilayotgan korxonalarga qulay sharoitlar yaratishning zarurligidir. Mamlakatimizda bu soha hali yosh.

Vazirlikka, shuningdek, fermerlarning ilg‘or texnologiyalardan foydalanishini ta’minlash va ularni qishloq xo‘jaligiga joriy etish usullariga o‘qitish vazifasi ham topshirilgan. Buning uchun ma’lum tadbirlarni amalga oshirish talab etiladi. Bundan tashqari, Murojaatnomada paxta-to‘qimachilik bilan bir qatorda urug‘chilik klasterlarini ham shakllantirishning muhimligi aytib o‘tilgan. Ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari ishini ham faollashtirish zarur.

Shunday qilib, Prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar umumlashtirilsa, bu O‘zbekistonning 2019-yildagi innovatsion rivojlanishi uchun asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Ibrohim Abdurahmonov,

O‘zbekiston Respublikasi
Innovatsion rivojlanish vaziri

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech