25 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,5 °C

Tashvishli xabar
15 Mart  2019 9799

Ehtiyot bo‘ling, zombi!

Ko‘pincha yo‘l harakatining qoidalarini buzgan va aksariyat hollarda YTHni keltirib chiqaradigan haydovchilarni tanqid qilishga o‘rganib qolganmiz. Ammo piyodalar ham buning uchun jazolanmasliklarini his qilib, taqiqlangan joydan ko‘chani bemalol kesib o‘tadi, qizil chiroq yonib turgan bo‘lsa ham harakatlanishda davom etadi... Buning yana bir qiziq tomoni, bunday yo‘l harakatining qoidalarini buzish YHXB xodimlari tomonidan qayd etilmaydi (mazkur xulosaga inspektorlar bilan uzoq vaqt yonma-yon turib piyodalarning harakatlanish qoidalarini buzishganini kuzatgandan so‘ng kelingan).

Mazkur boshqarma xodimlari bunga har kuni juda ko‘plab qoidabuzarlarni «ushlash»ini aytib, fikrimizga e’tiroz bildirishlari, hatto, samarali tadbirlar o‘tkazilayotgani va ularning statistikasini ham keltirishlari mumkin. Biroq savol tug‘iladi: qayerda piyodalar eng ko‘p jarimaga tortiladi? Javob: poytaxt markazida.

Amir Temur xiyoboni bo‘ylab o‘n kilometr radiusda YHXB xodimlari tomonidan yo‘l rosa belgilab tashlangan. Bu hududda piyodalar «zebra»lar bo‘ylab va boshqariladigan piyodalar o‘tish joyidan harakatlanishadi, haydovchilar ham ularni hurmat bilan o‘tkazib yuboradi. Havas qilgudek tartib!

Ammo shahar markazidan sal chetroqqa, masalan, Chilonzor tumaniga yaqin joylarda esa vaziyat butunlay boshqacha. Bu yerlarda piyodalar qayerdan xohlasa, o‘sha yerdan yo‘lni kesib o‘taveradi, YPX xodimlari ham ularga beparvo, piyodalar juda kamdan-kam hollarda jarimaga tortiladi.

Qatortol ko‘chasi – «ulgurjichi»lar hududi – ko‘pchilik u yerda har kuni avtomobillar tirbandligini ko‘radi, ko‘p mashinalar qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketadi, taqiqlovchi belgilar qo‘yilgan joyda mashinalarini to‘xtatishadi.

Aynan shu yerda piyodalar va haydovchilarning harakatini kuzatishga qaror qildik. Ko‘rganlarimizni suratlarga ham muhrladik. Xullas, manzara quyidagicha: piyodalar taqiqlangan joyda yo‘lni kesib yugurib o‘tadilar: bir xillari sumkalarini to‘ldirgancha bozordan qaytmoqda, boshqalari – sumkalarini to‘ldirish uchun bozor tomonga ketyapti, uchinchilari, telefonda so‘zlashgancha ko‘chani kesib o‘tmoqda... Tushunganingizdek, ular yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqarishlari mumkin. Mashinalar esa yugurib o‘tayotganlarni yo‘l berish uchun yo‘l yoki trassaning istalgan joyida to‘xtashga majbur bo‘ladi. Hayron qolarli tomoni, bu yerdan bir necha o‘n qadamlar narida boshqariladigan piyodalar o‘tish joyi mavjud. Bozorning o‘ng tomonida «zebra» chizilgan, ammo undan ko‘pchilik deyarli foydalanmaydi. Darvoqe, Yo‘l harakatining qoidalarini buzgan piyodalarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasiga muvofiq eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarimaga tortish nazarda tutilgan.

Qatortol ko‘chasida chetki qatoriga, garchi bu mumkin bo‘lmasa-da, mashinalar qo‘yib ketiladi. Mashinalar tirbandligi esa haydovchilarning noadekvat xatti-harakatlarni sodir etishiga to‘g‘ri keladi  - ular o‘zlari va boshqalarning hayotlarini xavf ostida qoldirib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketadilar. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285-moddasida transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqishi, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lsa, bu eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yaqinda Qonun hujjatlari ta’sirchanligini baholash tizimi (QHTBT)da Prezidentimizning mehnatga haq to‘lash, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar miqdorini belgilash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni loyihasi e’lon qilindi. Hujjatga ko‘ra, jarimalarni belgilashda «bazaviy hisob summasi» qo‘llaniladi (ayni damda eng kam oylik ish haqi miqdori 202 730 so‘m).

Toshkent kichik halqa yo‘lining «Chilonzor» metro bekatidan «Shuhrat» (bu joyni mahalliy xalq shunday ataydi) chorrahasigacha bo‘lgan qismida minglab piyodalar o‘tadi, o‘tish yo‘llari orasidagi masofa ham katta, shu bois odamlar yo‘lni o‘zlariga qulay qismidan yugurib kesib o‘tadilar. Bu keltirish mumkin bo‘lgan minglab misollardan bittasigina, xolos.

Darvoqe, rivojlangan mamlakatlarda, masalan, Buyuk Britaniyada, diqqatsiz kishilar uchun yo‘lga tushirilgan belgilardan tashqari yana alohida ko‘rinadigan qilib yozib ham qo‘yishadi... Yoshlarning trassadan smartfonlardan ko‘z uzmay kesib o‘tish odati hisobga olinib, haydovchilar uchun «Ehtiyot bo‘ling, zombi!» belgisi ham o‘rnatilgan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili respublikamizda yo‘l-transport hodisasidan ikki mingdan ziyod kishi, shu qatorda piyodalar ham, hayot bilan vidolashgan. Buning oldini olish uchun bor-yo‘g‘i qo‘shimcha svetoforlar o‘rnatish, yo‘l belgilarini yangilash, shu bilan birga, odamlarda belgilangan tartib-qoidalarga omal qilish ko‘nikmasini shakllantirish lozim.

Konstantin Bashlayev.

Muallif surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech