01 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,3 °C

19 Mart  2020 1093

Uy-joy sotib olishda shartnoma sharti qanday?

Xalqimiz orzu-havas bilan yashaydi: imorat quradi, farzandlariga to‘y qiladi, yaqinlarining yaxshi-yomon kunlarida yonida turadi. Butun umr “Vatan ichra kichik vatanim bo‘lsin, bola-chaqamga yaxshi turmush sharoitini yaratay”, deb intiladi. Lekin ne-ne orzu-niyatda yiqqan-terganini berib, kredit yoki bo‘lib to‘lash sharti bilan uy olsa-yu, uning sifati qoniqtirmasa, aytilgan vaqtida topshirilmasa, dili xira bo‘ladi.

 

Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida xususiy sektorga keng yo‘l va imkoniyatlar ochilmoqda. Yangi ipoteka krediti tizimi orqali endi aholi xususiy tadbirkorlar qurgan uylarni bo‘lib to‘lash, kredit yoki naqd pulga xarid qilishi mumkin. Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, xususiy tadbirkorlar orasida buyurtmachining talablarini bajarmaydigan, ishonchini suiiste’mol qiladiganlar ham yo‘q emas. Ayrim hollarda huquqiy madaniyatining yuqori emasligi oqibatida fuqarolarning o‘zi shunday qonunbuzarlikka sababchi bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Qurilish vazirligining hududlarda joylashgan tashkilotlariga hamda mahalliy hokimliklarga fuqaro (iste’molchi)lardan yangi qurib topshirilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar bo‘yicha bir qancha shikoyat arizalari kelib tushgan. Ularda qurilish va ta’mirlash ishlari to‘liq amalga oshirilmagani, shartnoma shartlari to‘liq bajarilmagani, kommunikatsiya tarmoqlari tortilmagani yoki ulanmagani, ko‘p qavatli uylar to‘lovidagi xatoliklar, qurilish sifati va boshqa masalalar o‘rin olgan.

Xo‘sh, huquqlari buzilgan iste’molchi kimga, qaysi tashkilotga murojaat qilishi kerak? Uning manfaati qaysi qonun yoki qarorlar orqali himoya qilinadi?

Bu savollarga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida iste’molchilar huquqlarni himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Hamdam Ganjaev quyidagicha javob berdi:

— Prezidentimizning 2019-yil 11-sentabrdagi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, agentligimizga iste’molchilar huquqlari buzilishi sabablarini aniqlash, tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olish vazifasi yuklatilgan.

Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida hududiy boshqarmalarimiz bilan birga ko‘p kvartirali uylarni qurish bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar bilan o‘zaro munosabatlarda uy-joy sotib oluvchilar huquqlarining himoya qilinganlik darajasini o‘rgandik. Jumladan, ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanuvchi 206 ta sub’ekt tomonidan 2019-yili fuqarolar bilan tuzilgan 13902 ta shartnoma tahlil qilindi.

To‘qson foizida buyurtmachi manfaati yo‘q!

Tahlil natijalariga ko‘ra, ko‘p hollarda tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalarda uy-joy sotib oluvchilarning huquqlari ta’minlanmagani (nazarda tutilmagani) ma’lum bo‘ldi. Aksariyat shartnomalarda qurilishni tugallashning aniq muddati, uyning sifatiga kafolat umuman qayd etilmagan.

Eng qizig‘i, xonadonlarga o‘rnatilgan sovuq va issiq suv, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz hajmini hisoblash uskunalari belgilangan talablarga mos bo‘lishi, texnologik va muhandislik qurilmalariga kafolat muddati, investor kvartirani qabul qilib olgandan so‘ng kafolat muddatiga qadar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishi nazarda tutilishi kerakligini ko‘pchilik bilmaydi.

Ayrim tadbirkorlar javobgarlikni zimmasiga olishni istamaydi. Mijoziga katta va’dalar berib, shartnomani imzolatib oladi. Ob’ektni vaqtida topshirolmasa, turli bahonalar to‘qib, o‘zini olib qochib yuradi. Pulni to‘lab qo‘ygan buyurtmachining quruvchi gaplariga ishonib, kutishdan boshqa iloji qolmaydi. Haq-huquqini talab qilay desa, tadbirkor bilan tuzilgan shartnomada bunday band umuman yo‘q. Tekshiruv jarayonida 122 ta holatda qurilishni tugallash muddati kechiktirilgan taqdirda (fors-major holatidan tashqari) javobgarlik bo‘yicha majburiyatlar nazarda tutilmagani ma’lum bo‘ldi.

Iste’molchi huquqlarining ta’minlanganlik darajasi tahlil qilinganda, uyni qurishga ruxsat berish va qurilish bilan bog‘liq hujjatlar bilan tanishish, ayrim hollarda kvartirani qabul qilib olgandan so‘ng kafolat muddatiga qadar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishni talab qilish kabi huquqlar shartnomalarda keltirilmagan.

Yuqoridagi kabi shartnomalar tuzilishining oldini olish, ularda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida qonun hujjatlariga zid shartlar (holatlar) kiritilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni qurish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro munosabatlarda iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash maqsadida quyidagilar taklif etiladi.

Imtiyoz va afzalliklar

“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga asosan, iste’molchi tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli, xavfsiz bo‘lishini bilish huquqiga ega.

Agar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli moddiy ziyon yetkazilsa, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplanishini, buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya ­qilinishini so‘rab sudga va boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat eta oladi.

Iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonun hujjatlari bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari bo‘yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.

Kafolat muddati belgilanishi shart

Qonunning 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.

Shuningdek, qonunning 11-moddasida ishlab chiqaruvchi(ijrochi)ning kafillik majburiyatlari belgilangan bo‘lib, unga asosan, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan ­boshlanadi.

Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar(xizmat)ning, shu jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanishini, ulardan foydalanilishini) ta’minlashi lozimligini har bir iste’molchi bilib qo‘yishi kerak.

Namunaviy shartnoma ishlab chiqilishi zarur

Avvalo, tomonlarning majburiyat va huquqlarini qat’iy belgilashni nazarda tutuvchi namunaviy shartnoma ishlab chiqish hamda uni ko‘p kvartirali uylarni qurish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ochiq manbalarda (oferta shaklida) joylashtirish tartibini joriy qilish kerak.

Qurilishga ruxsat berilishida namunaviy shakldagi shartnomada qayd etilgan huquq va majburiyatlarni inobatga olgan holda shartnoma tuzilishini ta’minlash majburiyatini nazarda tutish to‘g‘risida amaldagi qonunchilikka qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ko‘p kvartirali uyni iste’molchiga topshirish vaqtida esa uyning texnik nazoratdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi sohaga oid muayyan malaka sertifikatiga ega mutaxassisning xulosasini taqdim etish amaliyoti joriy qilinishi aholining ishonchini orttiradi.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
 Sohiba Mullayeva yozib oldi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech