25 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,7 °C

Kеyingi avlod
27 Mart  2019 11186

Toshkentdagi Puchon universiteti rektori: “Istiqbolda kerak bo‘ladigan kadrlarni tayyorlashimiz zarur”

Koreyscha usulda ta’lim berish eng ilg‘or tizimlardan sanaladi. Bugun O‘zbekistonda ham bunga katta etibor qaratilmoqda, o‘qitish jarayonlariga xorijiy tajribalarni tatbiq etish zarur. Respublikamiz Prezidenti 2018-yil 2-iyulda «Toshkent shahrida Puchon universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Joriy yilda imtihonlar qanday bo‘ladi, yangi fakultetlar, o‘kituvchilar va boshqa ko‘pgina masalalar haqida Toshkentdagi Puchon universiteti rektori Viktor Nam bizga so‘zlab berdi.

 

– O‘tgan yili universitet o‘zining 60 yillik yubileyini nishonladi. Ana shu davr ichida universitet yuqori malakali kadrlar tayyorlashda katta tajriba to‘plagan.

Aytish joizki, o‘tgan oyda Koreyaning Puchon universitetiga qabul bo‘lib o‘tdi. Tanlov – bir o‘ringa 20 nomzod, ba’zi fakultetlarda esa ular soni 30 taga ham yetdi. Oliy ta’lim muassasasi talabalarni qabul qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadi. U yerda OTMlar 400 dan ziyod va hammasi ham bunday natijalar bilan maqtana olmaydi.

Shuningdek, Puchon Koreya Respublikasining barcha universitetlari ichida umumta’lim xizmati ko‘rsatish sifati bo‘yicha qatorasiga to‘rtinchi yil birinchilikni quldan bermay kelyapti.

Universitet o‘ziga uning bitiruvchilari tomonidan barpo etilgan 1500 korxona va muassasani birlashtirgan – ish bilan ta’minlash ko‘rsatkichi juda yuqori. Buni o‘ziga xos oila desa ham bo‘ladi, ular o‘zlari ta’lim olgan bilim maskaniga yordam berishadi. Ya’ni bu xayriya mablag‘lari orqali moddiy yordam, va yana birinchi navbatda, universitetning boshqa bitiruvchilarni ham ishga olish bilan ko‘maklashadilar.

– O‘zbekistonda ancha vaqt oliy ta’lim olishni istaganlarga o‘qish o‘rinlarning kamligi muammosi mavjud edi. Endilikda yangi oliy o‘quv yurtlarining va xorijiy OTM filiallarining ochilishi samarasi o‘laroq, raqobat paydo bo‘ldi. Siz yoshlarimizni nima bilan jalb qilmoqchisiz?

– Bunga sifat bilan, sifat bilan va yana sifat bilan, deya javob bergan bo‘lardim. Faqat shu yo‘l bilan talabalarni qiziqtirish, va umuman, oliy ta’lim muassasasi sifatida rivojlanish mumkin.

Sifatli ta’lim berish nima degani? Biz uchun bu muntazam o‘zgarib turuvchi bozor kon’yunkturasiga yo‘naltirilgan koreyscha o‘quv dasturini qo‘llash. Ana shunday sharoitlarda istiqbolda kerak bo‘ladigan kadrlarni tayyorlashimiz zarur. Agar hozirga vaziyatga qarab mo‘ljal olinsa u holda uch yildan so‘ng olingan bilimlar dolzarb bo‘lmay qoladi.

Bunda o‘qituvchi-professorlar tarkibi ham juda muhim. O‘qitishning yangicha usullarini qo‘llaydigan yuqori malakali pedagoglarni ishga taklif qilyapmiz. Koreyadagi Puchon universiteti esa bu yerga maktabgacha ta’lim, arxitektura va til bo‘yicha o‘zining eng yaxshi mutaxassislarini xizmat safariga jo‘natmoqda. Ularning bari PhD (filosofiya doktori) darajasini olganlardir. Bizda katta tajribaga ega xodimlar mehnat qilmoqda. Xorijda, va tabiiyki, vatanimizda ta’lim olgan ingliz va koreys tillarini biladigan o‘qituvchilarni ham ishga olyapmiz.

Shu yerda yashaydigan o‘zbekistonlik rezidentlar va xorijlik ekspertlar orasida chet elda ta’lim olmagan va bir necha tilni bilmasa-da, tanqidiy fikrga ega, innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalanadigan, ijodiy usullarni qo‘llaydigan mutaxassislar ham bor. Bunda asosiysi, o‘qitishga shaxsiy-yo‘naltirilgan yondashuv. Xullas, biz bunday mutaxassislarni bajonidil hamkorlikka taklif qilamiz.

– Puchon universiteti tomonidan Toshkentda ochilgan fakultetlar haqida gapirsangiz. Yangilarini ochish ham rejalashtirilyaptimi?

– Asosiy fakultetimiz – Maktabgacha ta’lim fakultetidir, unga o‘tgan yili 480 (kechki va kunduzgi bo‘limlarga 240 tadan) talaba qabul qilingan. Koreys tili va menejment fakultetiga 60 ta va umumiy hajmda jami 540 talaba qabul qilindi. 2019/20 o‘quv yilida ushbu fakultetlar bo‘ladi va ular safiga yangi, arxitektura fakulteti qo‘shiladi. Qabul qilish kvotalari ham tasdiqlangan:  Maktabgacha ta’lim – 390 ta (kechki bo‘limga qabul biroz qisqardi), Koreys tili va menejment hamda Arxitektura fakultetlariga 90 tadan.

Kelgusida Umumiy ovqatlanish va Jismoniy reabilitatsiya fakultetlarini ochish rejalashtirilmoqda. Ayniqsa, jismoniy reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassislar yetishmasligiga ko‘pgina muassasalar: fitnes-markazlar, bog‘lar, maktablar va boshqalar ehtiyoj sezadi. Bundan kelib chiqadiki, ish bilan bandlik amalda oldindan hal etilgan bo‘ladi.

– Universitetning Toshkent filiali ochilganidan beri biror muammoga duch keldimi?

– O‘zbekiston hukumatining qo‘llab-quvvatlashi natijasida qiyinchiliklarni his etmadik. Ammo biz hamisha ro‘baro‘ keladigan o‘z vazifalarimiz bor. Masalan, o‘quv jarayoni bilan bog‘liq. Ayrim talabalar boshqacha ta’lim olgani bois koreyscha o‘qitish tizimiga hali ko‘nikma hosil qilishmagan. Xorijlik mutaxassislarning bu yerda yashashi bilan bog‘liq maishiy jihatlar mavjud.

Potensial talabalar va abituriyentlar o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazamiz. Bizda boshqalardan farqli o‘laroq, qabul yiliga ikki marta bo‘ladi.

Shuningdek, bir vaqtning o‘zida bizga ajratilgan sobiq kollej binosini rekonstruksiya qilish ishlari ketmoqda.

– Kirish imtihonlari qanday o‘tadi va natijalarning shaffofligi ta’minlanadimi?

– Ana shu jihatni uzoq o‘yladik. Birinchi yili barcha savollarni Koreyada ishlab chiqdik, ishlar ham u yoqqa samolyotda jo‘natildi. Ochiq aytsak, bu juda murakkkab. 2019-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishuv imzoladik. Barcha jarayonni miridan-siriga qadar o‘zimiz yozib chiqdik: qanday axborot to‘playmiz va guruhlarni shakllantiramiz, test topshiriqlari qay darajada bo‘ladi.

Har biri abituriyent tanlagan yo‘nalishlarga mos tarzda ingliz va koreys tilidan ikkita imtihon bo‘ladi. Shuningdek, sinovdan ozod bo‘lishni ham taqdim etamiz. Kimda ingliz (IELTS 5.0 /SEFR B1 va undan yuqori) va koreys (TOPIK 3  va undan yuqori) tillaridan sertifikat bo‘lsa, ular test sinovlaridan ozod etiladi. Bunday abituriyentlar ikkinchi bosqich – suhbatga kelishadi.

Kasbiy yaroqlilikni tekshirib, aniqlaydigan uch-besh kishilik komissiya shakllantiriladi. Masalan, agar gap bunda maktabgacha ta’lim haqida ketsa, u bolalar bilan ishlay oladimi, o‘zi shu sohaga qiziqadimi aniqlash zarur bo‘ladi. Suhbat abituriyent uchun qulay istalgan – o‘zbek, rus, ingliz va koreys tillarida o‘tkaziladi.

– Aftidan, O‘zbekistondagi va Koreyadagi o‘qitish tizimi bir-biridan farq qilar ekan. Sizning OTMga kirishni istagan abituriyentlar qanday murakkabliklar va ko‘ngilli «syurpriz»larga tayyor turishi kerak?

– Haqiqatan ham, xuddi yondashuv kabi, tizimlar ham mutlaqo boshqa-boshqa. Ko‘pgina talabalarimizning o‘zi bu haqda gapirishadi: xorijiy OTMga shunchaki, biror maqsadsiz kirgandik, endi o‘z niyatimizga va kelgusida rivojlanishimizga ishonchimiz komil.

Shuningdek, yoshlarimiz uchun O‘zbekistonda va Koreya respublikasida ta’lim olish imkoniyati mavjud.

Biz o‘qitish davrida ikkita diplomga ega bo‘lishni taklif etamiz va bunda yo‘nalishiga qarab, «2+2» va «3+1» tizimi qo‘llaniladi. Ya’ni talaba bizning universitetda 2 yoki 3 yil o‘qishadi va «Associated Bachelor» («Kichik mutaxassis») diplomini qo‘lga kiritadilar. Shunday qilib, bitiruvchi ushbu diplom bilan bolalar bog‘chasi, xususiy sektor va boshqa joylarga ishga joylashishi mumkin. Xorijda bu tizim keng ommalashgan, ammo bizda «Associated Bachelor»ga tugallanmagan ta’lim deya biroz hadik bilan qarashadi. Ammo oradan bir-ikki yil o‘tib, bu holat ham me'yoridagidek qabul qilina boshlaydi, deb o‘ylayman. Deylik, talaba menejmentlikka ikki yil o‘qidi, ishlab ko‘rdi va bu soha uning uchun emasligini tushundi. U bemalol o‘z mutaxassisligini o‘zgartirishi mumkin. Boshqasi esa to‘rt yil o‘qigan va shunday vaziyatga tushib qolgach, vaqtni yo‘qotganini tushunadi.

Agar faoliyat ma'qul kelsa,o‘qishini davom ettirishi mumkin va to‘rt yil o‘qigach, bakalavr diplomiga ega bo‘ladi. Bunda yana shu ikki yilni qaerda o‘qigan ma'qul, Toshkentdami yoki Koreyada, degan tanlov ham mavjud.

– Toshkentdagi Puchon universiteti bitiruvchisiga qanday imkoniyatlar eshiklari ochiladi?

– Biz kelajak avlod talabalarini tayyorlaymiz. Ularning O‘zbekistonda va xorijdagi mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar bo‘lishiga ishonchim komil.

Bitiruvchimiz uchun barcha eshiklar ochiq: u tillarni biladi, boshqa mamlakatlarda o‘qiy va ishlay oladi. Boz ustiga O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida bu borada hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Bunga xususan, nega bitta fakultetda ish sohasi ancha kengroq bo‘lishi uchun koreys tili va menejmentlikka o‘qitishni birlashtirganimiz sabab. Bunday mutaxassis bemalol o‘qitishi, tarjimonlik qilishi va biznes bilan shug‘ullanishi mumkin.

– Universitetingiz ramzi juda qiziqarli. Uning tarixi bilan o‘rtoqlashsangiz?

– Sharq – bu nozik ish, turgan-bitgani falsafa, desa ham bo‘ladi. Bizning ramzimiz ham bundan istisno emas.

U «Blooming Creative» («Gullayotgan ijod»), deb nomlanadi va ko‘pgina muhim detallardan tashkil topgan. Koreys tilida «?»- «in», ya'ni inson, ieroglifi mavjud. Moychechakka o‘xshagan gul aksi – aslida o‘n kishini anglatadi, ya'ni ijodkor insonlar bir jamoaga birlashgan ma’nosida. Yoqimli kulrang bo‘yoq ishonchga asoslangan kasbiy mahoratlilik, to‘q sariq rang – yoshlik, hayotiy quvvat. Universitet ham ana shu falsafani o‘ziga jo etgan.

– Sizning universitetingizga kirishni rejalashtirayotgan yoki hujjatlarini topshirgan abituriyentlar nimalarni kutishi kerak?

– Men Koreyada 12 yildan ziyod vaqt ta’lim oldim. Hamisha o‘sha talabalik hayoti iqlimini bizda ham his etishlarini istardim.

Hammaning ham xorijda o‘qishiga imkoniyati bo‘lavermaydi, Toshkentdagi Puchon universiteti esa yoshlarimizga bu ajoyib, an'anaviysidan farqlanuvchi, o‘qishga bo‘lgan ijodiy yondashuvni his etish imkoniyatini beradi.

Sabina Alimova

suhbatlashdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech