17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,1 °C

Tashvishli xabar
22 Fevral  2019 9546

Besh oyda narxi 84 millionga ko‘tarilgan kvartira

Ikki farzandli onaning arzon turadigan boshpanaga ega bo‘lish orzusidan kelajakka bo‘lgan ulkan ishonch ufurib turardi. Boz ustiga kelgusida nufuzli hududga aylanishi kutilayotgan viloyat markazining yangi mikrorayonidagi ko‘pqavatli uylarning qurilishi jadal sur’atlarda ketmoqda. Yana o‘sha uylarga uyushtirilgan ekskursiya ham yaxshi taassurot qoldirdi: yangi ko‘chib kirganlar ichkarini yaxshilab ko‘rib olish uchun uylariga kiritishga bajonidil rozi bo‘lishdi.

 

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi tezda kerakli hujjatlarni tayyorlash lozimligini aytganda esa juda uzoqda bo‘lib ko‘ringan imkoniyat uchquni yaqin kelganday bo‘ldi. Ular ro‘yxatiga shahardan uy olishga qaror qilgan mening hamkasbim ham kiritilibdi. To‘g‘ri-da, har kuni uzoq qishloqdan o‘nlab kilometr yo‘l bosib, ancha-muncha vaqt va mablag‘ sarflab, ishiga qatnardi. Barcha navbatda turganlarni, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Navoiyda ular soni ikki yarim mingdan oshadi, bir joyga yig‘ib navbatdagi yig‘ilish o‘tkazishganlaridan so‘ng orzu qilgan uy-joyga ega bo‘lishni istaganlar soni kamaygan. Bunday vaziyatlarda eng ko‘p beriladigan savol: «Nima uchun?», javobi esa: «Narxi haddan tashqari qimmat ekan». Fuqarolarni to‘xtatib qoladigan minuslardan biri, turarjoyning, budjetga oid hisoblansa-da, amalda qo‘l yetmas, juda baland narxidir.

2016-yilning oktyabrida Prezidentimiz 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha uylar qurish dasturini (keyingi matnlarda - Dastur) tatbiq etish tashabbusi bilan chiqdi. Bir oy o‘tib esa shaharlarda ko‘pkvartirali arzon uylar ham paydo bo‘la boshladi. Unga milliy degan juda yuqori maqom ham berildi. Bunday uylar, xususan, taqdir taqozosi bilan o‘z boshpanasi bo‘lmagan, qarindoshlarinikida yoki ijara xonadonlarda, undan ham yomoni, eskirgan uylarda yashayotganlarning imkoniyatini oshirishga mo‘ljallangan.

O‘z daromadi hisobidan uy yoki kvartira sotib olishning imkoni yo‘q, negaki, narxlar ko‘pchilikning xarid qilish imkoniyatidan ancha yuqori. Hatto, shunday imkoniyatga ega-yu, lekin faqat maoshga kun ko‘radiganlarni ham dastlabki badal va kredit stavkalarining balandligi o‘ylantirib qo‘ymoqda, bulardan tashqari, qandaydir mablag‘ evaziga yashash ham kerak-ku?! Shu bois ham ijtimoiy muhim ahamiyatga ega muammoni hal etish uchun arzon uylar qurish muammolarning yagona yechimiga aylandi. Darvoqe, ekspertlarning aytishicha, ehtiyojni qondirish imkoniyatlaridan ko‘ra uy-joyga bo‘lgan talablarning ortib borishi sharoitida ijtimoiy turar-joy bozorini kengaytirish o‘ta muhim. Negaki bu, sog‘lig‘i yomonligi, ishlamasligi yoki cheklangan daromadi sabab bozor narxida uy sotib ololmagan aholining ulkan qatlamlashuviga olib keladi.

Rasmiy axborot bo‘yicha Navoiyda Dasturda belgilangan o‘nta uylardagi har bir kvadrat metr joyning narxi 3,659 milliondan 3,682 million so‘mgacha atrofida. Unga ko‘ra, 2020-yilga qadar viloyat markazida 840 kvartiraga mo‘ljallangan 20 ta ko‘pqavatli uy qurish rejalashtirilgan. O‘tgan yili 420 kvartirali o‘nta yetti qavatli bino foydalanishga topshirildi. Turar-joylarning oltitasini «151-sonli KPM» MChJ, qolgan to‘rttasini mahalliy bozorda ko‘p yillik ijobiy tajribaga ega «Temur Malik» MChJ qurgan. Loyiha bo‘yicha har bir binoning narxi 7,9 milliard so‘mni tashkil etgan. 2018-yil 25-dekabr holatiga ko‘ra kvartiralarning balans narxlari – 204 milliondan 207 million so‘mgacha.

Uylarni olish sxemasi qat’iy reglament asosida amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj yosh oilalar, eski uylarda yashovchi aholi va boshqalar yettita toifaga ajratilgan, kvartiralar va ipoteka kreditlari taqsimoti shaffofligini ta’minlash uchun elektron tizim joriy etilgan. Qavatlar taqsimotida suiiste’mol qilishlar oldini olish uchun to‘lovlar miqdori differensiallashtirildi: qancha balanddan bo‘lsa, dastlabki badal shuncha kam.

Ammo bunday shaffoflik ta’minlangan vaziyatlarda hammayam birday uyga ega bo‘la oladimi? Amaliyotda javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq. Masalan, Dastur talablariga to‘g‘ri keladigan, ammo to‘lov qilishga qurbi yetmaydigan oilalar borasida nima qilish mumkin? Yoxud o‘rtacha daromadi oyiga ikki million so‘mcha bo‘lgan yolg‘iz onani olaylik. Agar u uch xonali kvartirani xarid qilsa, dastlabki uch yillik imtiyozli davrda ipoteka to‘lovlari 1,8 million so‘mni tashkil etadi. Uch yillik imtiyozli davr tugagach, summa uch million so‘mgacha oshib ketadi, yana ma’lum vaqtdan so‘ng olti millionga ko‘tariladi. Ammo ana shu davr ichida uy-joyga bo‘lgan narxlar oshganini ma’lum qilishsa, nima qilish kerak? Xuddi shunday holat Xadiya (ism o‘zgartirilgan) bilan sodir bo‘ldi. Uning ko‘p bolali oilasi 2018-yilda yangi uyga ko‘chib kirgan. Onasi, uch singlisi bilan o‘n ikki yil yotoqxonada yashagan. Alohida uy olish imkoniyati paydo bo‘lgach, o‘ylab ham o‘tirmay, hujjatlarni topshirishdi va milliy loyiha ishtirokchilariga aylanishdi. Oradan besh oy o‘tgach, bankdan tashvishlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi: ma’lum bo‘lishicha, sotib olingan kvartiraning narxi deyarli 84 millionga ko‘tarilib ketibdi. Bankka bunday buyruqni hujjatlarni notarial rasmiylashtirish ma’lum vaqtni olganini asos qilgan va shu bois ilgari hisoblangan kredit foizlariga yana 60 kalendar kunining qo‘shib hisoblanishi haqida «O‘zshahar qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi bergan.

Bunday uylarga ega bo‘lishni istagan tanishlarimdan birining tarixi hisob-kitob qilib ko‘rgach,  muqobil tijorat uylaridan birini sotib olish bilan yakun topdi. Hisob-kitobiga ko‘ra, ular arzon uylarning belgilangan narxlaridan pastroq bo‘lib chiqibdi, boz ustiga, sifatdan ham yutish mumkin ekan. Boshqasi, moliyaviy imkoniyatlarini chamalagach, ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlarda sezilarli farq bo‘lgan va cho‘ntagiga to‘g‘ri keladigan uy qidirmoqda.

Ikki farzandli ona har kuni kechqurun ijara kvartirasi derazasidan turib, yaqinginada u yerdan kvartira sotib olishni orzu qilgan qarshidagi uylarga tikiladi. Ularda ham hayot o‘z maromida kechmoqda.

Dilfuza G‘ulomova.

Navoiy viloyati.

 PS: biz ushbu dolzarb mavzuga yana qaytamiz. Mazkur dasturni amalga oshirishda ishtirok etayotgan mahkamalardan izoh kutamiz. Maqola o‘qilganidan so‘ng paydo bo‘ladigan savollarga javob olishda ularni konstruktiv muloqotga chaqirib qolamiz.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech