29 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,3 °C

Fikr
21 Aprel  2020 706

Tiniq qalblar, tiniq maqsadlar!

Bugun xalqimiz oʻzining choʻng matonati va birdamlik kayfiyati bilan har qanday ofatu balolarga qarshi mardonavor tura olishini namoyon etmoqda. Yurtimiz aholisining aksariyati joriy etilgan karantin talablariga rioya etib, oʻz xonadonlarida, qadrdon oilasi bagʻrida sinovli damlarni sabru qanoat bilan oʻtkazyapti.

Ha, oila – muqaddas qoʻrgʻon. U kecha, bugun va ertaning goʻzal rishtalari tutashgan nurli maskan. Zero, kechagi kunimizni tabarruk nuroniylarimiz siymosida kuzatsak, yorqin kelajakni unib-oʻsib kelayotgan bolajonlarimizning gulgun chehralarida koʻramiz.

Kundalik faoliyatimiz koʻcha-koʻyga mustahkam bogʻlanib qolgan ekanmi, koʻpchiligimiz muayyan muddatli karantin davrida uyda qolish kayfiyatini hadeganda maʼqul topmadik. Ammo chuqur tushunib yetmoq kerakki, talab barchamizga birday tegishli! Qolaversa, bu kabi cheklov va taqiqlar mohiyatan oʻz sogʻligʻimiz, yaqinlarimiz salomatligi, bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz omonligidan soʻzlaydi. Qimmatli vaqtimizni qadrdon uyimizda, farzandlar qurshovida goʻzal mashgʻulotlarga bagʻishlab oʻtkazishga nima yetsin! Ertaga karantindan soʻng istasak-da topolmaymiz bunday imkonu fursatlarni. Karantinning har bir kuni oilamiz, farzandlarimizga qachonlardan buyon ulasholmay qolgan mehrimiz oʻrnini toʻldirishga imkon berayotgani bilan shukuhlidir. Zero, biz oʻzbeklar bolajon xalqmiz va orzu-umidlarimizni ham aynan farzandlar kamoliga bogʻlaymiz.

Shaxsan men ham ayni pallada koʻproq fursatimni farzandlarim bilan suhbatga, ularning qiziqishi va oʻy-fikrlari bilan yaqindan tanishishga bagʻishlayapman. Bolalar ijodkori emasmanmi, har birining oʻz tengquriga aylanib til topishib ketdim. Aziz farzandlarim bilan suhbatlarim asnosida bir narsaga amin boʻldimki, targʻibotning kuchi beqiyos ekan!

Bugun hamma qatori bizning oilada ham televizorga har doimgidan koʻproq eʼtibor qaratyapmiz. Maqsad bitta — u ham boʻlsa, bugungi dunyo qiyofasi va jonkuyar shifokorlarimiz koʻmagida tojdor ofat balosidan xalos boʻlayotgan yurtdoshlarimiz safining kengayib borayotganini koʻrib ruhlanish!

Tan olib aytish kerak, davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan oqilona siyosat yuritilayotgani, kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar koʻrilayotgani hamyurtlarimizga ishonch bagʻishlab, metin intizom bilan ish tutishga, pandemiya balosiga qarshi jipslashib kurashishga xizmat qilyapti.

Teleekranimizda namoyish etilayotgan har bir lavhada kun kayfiyati hukmron. Oʻzlarining jasoratli mehnati bilan elimiz salomatligi yoʻlida bor salohiyatini namoyon etayotgan tibbiyot xodimlarining bugungi jonkuyarligiga barchamiz birdek tahsin oʻqib turibmiz. Shu bois, ish faoliyatimizda ham bolajonlarimizda kasb-hunar, ayniqsa, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, shifokorlik kasbiga boʻlgan qiziqish, hurmatni oshirish va shu orqali ularda vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishga katta eʼtibor qaratyapmiz. Prezidentimizning mazkur sohani yana-da rivojlantirish, tibbiyot kollejlarini jamoat salomatligi texnikumlari sifatida qayta tiklash haqidagi qarori bu borada eng ezgu ishlardan boʻldi. Bundan tashqari, sogʻayib borayotgan bemorlar haqidagi xushxabarlarning tez-tez eʼlon qilinayotgani, shifokorlarning jasorati bot-bot tilga olinib turgani ham yoshlarimiz koʻngliga goʻzal orzularni joylashga ulgurdi. Yosh avlod har doim oʻzining kelgusi hayotini koʻz oldiga keltirar ekan, dastavval mana shu elu yurt koriga yaraydigan yetuk mutaxassis boʻlmoq orzusida biror kasbni tanlash masalasiga roʻbaroʻ keladi. Bunda, avvalo, ota-onaning, oila muhitining oʻrni alohida. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari ham yosh avlodni kasbga yoʻnaltirishda asosiy targʻibot manbai vazifasini oʻtaydi, desak xato boʻlmaydi.

Bugungi karantin davrida televideniye va radio toʻlqinlarida, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlarining zahmatli faoliyati va beorom saʼy-harakatlarining yorqin samarasidan barchamiz bahramand boʻlyapmiz. Mana shu muhitning oʻzi farzandlarimiz koʻnglida havasmandlik uygʻotayotgan boʻlsa, ne ajab.

Oilamizdan qiyos, ayni kunda 13 yoshni qarshi olgan qizim Parizoda shifokorlikka mehr qoʻyib ulgurdi. Bir soʻz bilan aytganda, endi u oʻzining kelajakdagi mehnat faoliyatini oq libosda tasavvur etmoqda. Bundan esa bizning boshimiz osmonda! Tibbiyot xodimlari oldida nechogʻli masʼuliyatli vazifalar turganini koʻrib-bilib turib, farzandimizning shunday qarorga kelishining oʻzi katta yutuq aslida.

Bundan shunday xulosaga kelaman: bugungi yoshlarimiz, ibora bilan aytganda, “ogʻirning ustidan, yengilning ostidan” borishni moʻljal qilmaydilar. Ularning asl maqsadini taxminan bunday izohlash mumkin: “Meni jahondagi hech bir tengdoshimdan kam qilmay oʻstirayotgan, taʼlim berayotgan va, albatta, oʻz gʻamxoʻrligiga olgan davlatim oldida bir umrga qazdorman! Havas ila mehrim tushgan kasbning mohir ustasi boʻlib, elimiz koriga har doim shay turgan holda sadoqat bilan xizmat qilaman!”

Bu kabi maqsadlar, albatta, roʻyobga chiqadi! Zero, yosh yurakning oʻz oldiga qoʻygan talablari zalvorli boʻlganidek, unga qarab intilishi ham shiddatli.

Ushbu mulohazalarimni qogʻozga tushirar ekanman, boʻlajak shifokor qizim xonamga yangi xushxabar bilan kirib keldi:

- Dadajon, tabriklayman, sogʻayganlar soni yana oshibdi!

- Rahmat, jon qizim! Avvalo, xushxabar senga muborak boʻlsin! Axir bu yutuqlar ertaga sen faoliyat yuritadigan sohaning zafari! Hamkasblaringga men ham havas qilyapman, qizim! Ilohim, hech kim kasal boʻlmasin, bemorlar dardiga darmon boʻlayotganlarni Yaratganning oʻzi yarlaqasin!..

Qizimni tibbiyotimizning porloq ertasiga ruhlantirar ekanman, shifokorlarga boʻlgan tilaklarim joʻshib, bu yogʻini nazmiy davom ettirishni lozim topdim.

El boshiga ish tushganda safarbarsiz,

Mehnatingiz asli zahmat, shifokorlar.

Siz bor, deya xalqning koʻngli xatarlarsiz,

Boringizga shukur, rahmat, shifokorlar!

Ishingizda boʻlsin madad SINOlardan,

“Tomirimda buyuk tabib qoni bor”, deng.

Achchiq gaplar aytsak, oʻzni tutib bardam —

“Kasbimizning biroz qattiq noni bor”, deng.

Bunday paytda borligingiz — buyuk dalda,

Ogʻir kunda oʻrni qattiq sezilganlar.

Mitti bolam tili bilan soʻzlaganda:

“Ulovining otlari ters yozilganlar”.

 

Libosingiz rangi — koʻngil oqligidan,

Maqsadingiz pokligidan dalolatdir.

Gippokratning qasamini qoʻyaturing,

Musulmonmiz, dinimiz ham adolatdir.

Boringizga shukur, rahmat, shifokorlar!

Bu yuraksoʻz! Siz yurakka yaqindirsiz.

Qahramonsiz, shunday yashar fidokorlar,

Elga najot, Siz — Luqmoni hakimdirsiz!

Bilimingiz oldida dard — oʻzi xasta,

Tajribangiz tovonida talqon boʻlgʻay.

Yurt sogʻligʻi yoʻlida Siz kamarbasta,

El duosi Sizlar uchun qalqon boʻlgʻay!

Orif Toʻxtash,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech