15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21 °C

Sport
8 Avgust  2019 2931

Tennis mahorat maktabi: olmosga jilo berish

Napoli shahrida (Italiya) o‘tkazilgan Butunjahon yozgi Universiadasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 122 davlatdan tashrif buyurgan talabalar terma jamoalari o‘rtasida umumiy hisobda o‘n to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.Vatandoshlarimiz sakkizta - ikkita oltin, shuncha kumush va to‘rtta bronza medallarni qo‘lga kiritishdi. Ushbu yutuqqa Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi (ROZTM) tarbiyalanuvchilari bo‘lgan tennischilar jamoasi katta hissa qo‘shdi. Sanjar Fayziyev va Humoyun Sultonov dueti g‘alabasi sharafiga Italiyada O‘zbekiston madhiyasi yangradi. Shaxsiy birinchilikda ham muvaffaqiyatga erishildi: namanganlik Sultonov kumush medal sohibi bo‘ldi. Turnirning asosiy setlarida ishtirok etishsa-da, shohsupaga ko‘tarila olmagan talaba-qizlar Kamola Umarova va Laylo Bahodirovalar ham muhim ballarni qo‘lga kiritishdi. To‘plangan ballar miqdori bo‘yicha yurtdoshlarimiz to‘rtligi Xitoy Taypeyi vakillarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Xorijiy ekspertlarning fikricha, mazkur natija Neapoldagi eng katta shov-shuvlardan biri bo‘ldi. Shunday qilib, yozgi Universiada-2019 dasturining sakkiz turida ishtirok etgan 42 nafar tennischidan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bitta «oltin» qo‘shib qo‘yildi.

...O‘tgan mavsumda ROZTMning yetakchi murabbiysi, erkaklar terma jamoasi sardori Pyotr Lebed ixtisoslashtirilgan maktabning o‘n yilligini nishonlash marosimida iste’dodli bolalarning butun boshli avlodi o‘sib kelayotganini aytgandi. «Hozircha ularning ism-shariflarini aytmayman, lekin tez orada barcha ularning nomlarini bilib oladi», degandi u.

Bilib aytgan ekan. Ushbu mavsumda ITF shafeligida O‘zbekiston kortlarida Yevropa, Osiyo va Amerikaning yigirmadan ziyod tennis rivojlangan mamlakatlaridan tashrif buyurgan iqtidorli bolalar ishtirokida o‘tkazilgan uchta xalqaro yoshlar turnirida ham ROZTM tarbiyalanuvchilari shohsupaga ko‘tarildilar. Sitora Normurodova shaxsiy birinchilikda ham, juftlik bahslarida ham to‘rtta har xil rangdagi medallarni qo‘lga kiritdi. Xorijiy mutaxassislar ikki oltin, kumush va ikkita bronza medalni qo‘lga kiritgan 17 yoshli Azizbek Dadaboyevning taktik jihatdan yetuk o‘yinini alohida ta’kidladilar. Darvoqye, Azizbek yoshlar terma jamoasi tarkibida Malayziyada o‘tkazilgan Devis Kubogida Osiyo va Okeaniya terma jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlarda kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘n olti yoshli bolalar terma jamoasi hozirda jahon reytingida o‘n birinchi o‘rinda va Osiyo reytingiga yetakchilik qilayotganini e’tirof etish lozim.

ITF-2019 turnirlarining g‘oliblar ro‘yxatini davom ettiramiz. Mukofotlanganlar orasida, albatta, iqtidorlilar ko‘p. Masalan, Amin Valixonov, Farida Marimova, Darya Kornilova, Mohira Alimova, Maftunabonu Qahramonovalar nazarga tushishdi. Yoshlar orasida Ravshan Qodirov, Nuriddin Shodiyevlar o‘z iqtidori va mahoratini namoyish etdi. ROZTMning foydali ish koeffitsienti yuqori. O‘tgan yillarda ushbu maxsus maktab o‘quvchilariga respublikada tengi topilmagandi, bugun ular xalqaro maydonlarda ham ishonchli ishtirok etishmoqda.

Kimdir: «Shunday bo‘lishi ham kerak-da!», der. Negaki, ROZTMda yaratilgan sharoitlarni boshqa hududlardan kelgan yosh tennischilarniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ushbu tasdiqqa e’tiroz bildirishingiz ham mumkin, albatta. Ammo, chindan ham, Toshkentdagi baza AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy yoki Yaponiya kabi mashhur tennis akademiyalarinikidan sira qolishmaydi. Yosh iqtidorlilarimiz ixtiyoriga turli qoplamali yigirmata kort berilgan, ulardan uchtasi yopiq zallardir. Qishda ikkita dam berib shishiriladigan modul tiklanadi. O‘z sport zali, yozgi hovuz, basketbol va voleybol maydonchalari mavjud. Bu - umumiy jismoniy tayyorgarlik uchun. Tibbiyot markazi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Bir guruh malakali shifokorlar ishlaydi. Qulay va shinam mehmonxona. Taxminan oltmishtacha o‘smir kuniga besh mahal ovqatlanadi. Umumiy o‘rta ta’lim maktabi shundoq yaqinginada. O‘smirlar uchun ikkinchi ota-onalarga aylangan o‘qituvchilar uy vazifalarini bajarishda yordam beradilar. O‘z farzandlariday g‘amxo‘rlik va ustozlik qilishadi.

ROZTMda eng kuchli bolalar murabbiylari ishlaydi. Pyotr Lebed haqida yuqorida so‘z yuritdik. Qizlarga murabbiylik qiluvchi Konstantin Tomashevichning ham nufuzi baland. Shuni e’tirof etish kerakki, xuddi o‘sha Sitora Normuradova boshchiligidagi 14 yoshli qizlar jamoasi Osiyo qit’asida eng kuchli beshlikka kiradi. E’tiborga molik jihati, taniqli va tajribali murabbiylar bilan birga viloyatlardan kelgan ko‘plab murabbiylar, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universiteti talabalari bo‘lgan ROZTM bitiruvchilari ishlashmoqda. Murabbiylar korpusida maktabning o‘zgarmas direktori Samuk Abidovning ikki o‘g‘li - Farrux va G‘ayratlar ham faoliyat olib boradi. G‘ayrat, darvoqe, Azizbek Dadaboyev bilan shug‘ullanadi.

- Shogirdlarimiz bilan aloqani yo‘qotmaslikka harakat qilamiz, - deydi Samuk Kazimovich. - Biz nafaqat ularga ish topishda yordam beramiz, balki chet ellik mutaxassislar ishtirokidagi mahorat-darslari, malaka oshirish bo‘yicha seminarlar tashkil etamiz, maslahatlar beramiz. Bu yosh mutaxassislarga nisbatan bizning prinsipial pozitsiyamiz. Ular o‘z jonajon o‘lkasiga murabbiy sifatida qaytib, juda tez moslashadilar va ko‘pincha hududdagi yetakchi murabbiylarga aylanishadi.

  1. Abidov bu munosabatlar ham muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaydi, chunki murabbiylikni endigina boshlayotganlar maktab talablarini biladi va o‘g‘il-qizlar bilan yagona usul bilan shug‘ullana boshlaydi. Ularning aksariyati ROZTMga kirishda xalqaro standartlarga muvofiq test normativlarini juda oson bajarishadi. Shunday qilib, ixtisoslashtirilgan sport muassasasida seleksiya va tanlov sifat jihatidan boshqa darajaga ko‘tariladi, iqtidorli o‘yinchilarni izlash geografiyasi ham kengaymoqda. Bugun bu yerda taniqli va kuchli tennis maktablaridan nafaqat poytaxt, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Buxorodan, balki Samarqand, Termiz, Jizzax, Qarshi, Nukus, Urganchdan kelgan yosh iste’dodlar ham o‘qitilyapti.

O‘n yildan sal ko‘proq vaqt mobaynida yuzdan ziyod yigit-qiz tennis bo‘yicha yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Birinchi bitiruvchilar orasida xalqaro toifadagi sport ustasi normativini bajargan Sabina Sharipova hali ham musobaqalarda ishtirok etmoqda. Yana o‘n beshtasi sport ustasi, 33 tasi ustalikka nomzodlar, birinchi razryadga ega sportchilar guruhi esa juda katta. Sarvinoz Saidxo‘jayeva, Go‘zal Yusupova, Temur Ismoilov ham turli yosh guruhlaridagi terma jamoalar a’zolaridir. Yuqorida nomlari sanab o‘tilgan birinchi avlod tarbiyalanuvchilari bo‘lgan tennischilar bilan bir qatorda ular ham Boku (Ozarbayjon)dagi «Islom birdamlik o‘yinlari» jahon sport forumida, Ashxobod (Turkmaniston)da yopiq inshootlarda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida va Jakarta (Indoneziya)da bo‘lib o‘tgan yozgi Asiada-2018 musobaqalarida o‘zbekistonliklarning erishgan yutuqlariga salmoqli hissa qo‘shdilar. Hozirgi mavsum ham muvaffaqiyatli kechmoqda. Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabi o‘quvchilarining uchinchi avlodi ham o‘zini ko‘rsata boshladi. Ehtimol, bizning mashhur tennischimiz Denis Istomin kabi ular orasidan ham ba’zilari Olimpiada, ammo Fransiya-2024 o‘yinlariga, yo‘llanmasini qo‘lga kiritar.

...ROZTM direktori bilan suhbatimiz o‘n yoshli iste’dodlarni test sinovlaridan o‘tkazish paytiga to‘g‘ri kelib qoldi.

- Namanganlik anavi qizga e’tibor bering, - deydi Samuk Kazimovich. - Zarbasi kuchli bo‘lmasayam, tennis to‘pini kvadratlarga aniq yo‘llaydi. Orqa chiziqda ishonch bilan harakat qiladi. Muayyan ko‘nikmalari bor. Maktabimiz murabbiylari deyarli ikki yildan beri qizaloq ishtirok etayotgan turnirlarda uni kuzatyapti. Yana bir nechta potensial nomzodlar ham bor, albatta. Oldin yaxshilab kuzatib, keyin tanlaymiz. Bunday tanlov haqiqiy iste’dodli tennischilarni yuzaga chiqarish imkonini beradi. Bizda tayyorgarlik guruhlari yo‘q, faqat mahorat sinflari mavjud.

Qizning ismi Dilxush. U biz yuqorida tilga olgan va tennis olamiga endigina kirib kelayogan Azizbek Dadaboyevning singlisi.

- Albatta, bunday yoshdagi qiz bolani boshqa shaharga yuborish biroz cho‘chitadi, - deydi Yulduz Dadaboyeva, - lekin o‘g‘limning sportda erishayotganlari, qizimning ham sportda o‘z yo‘lini topib olishiga umid uyg‘otadi.

Temur Nizayev.

«Pravda Vostoka».

Rashid Galiyev surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech