25 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,2 °C

Raqamlashtirish
8 Aprel  2020 1975

Taraqqiyotning eng maqbul yoʻli

Soʻngi yillarda rivojlanish surʼati tufayli koʻz oldimizda turmushimizdagi koʻplab mushkulotu azoblarimiz yengillashganiga guvoh boʻlamiz. Saksoninchi yillarning ohirida bir varaq xatni yozuv mashinkasida “taraq-turuq” qilib terishga toʻgʻri kelar edi. Agar bitta-ikkita xato uchrab qoladigan boʻlsa, butun varaqni yana qayta terishga toʻgʻri kelar edi. Matnlarni uzoq masofalarga uzatadigan “faks”lar tezlik bilan hayotga kirib keldi. Keyinroq, uyali telefonlar uzoqni yaqin qila boshladi, odamlar yaqinlari bilan koʻchada ketayotib yuz koʻrib gaplashashish imkoni yaraldi. Internet taraqqiy topgach, u orqali nafaqat matn, balki tasvir, ovozni uzatish imkoniyatlari paydo boʻlganidan keyin “disk”lar, “faks”lar qanday tezlik bilan kirib kelgan boʻlsa, shunday tezlik bilan isteʼmoldan chiqib ketdi. Odamlar uydan turib banklardan kreditlarni on-layn orqali qisqa muddatlarda rasmiylashtirib olishlari mumkin, zamonamiz olimlari oʻzini-oʻzi boshqaradigan mashinalar yaratib, uni takomillashtirish borasida bosh qotira boshladilar. Asta-sekinlik bilan raqamli texnologiyalar tegramizni qamrab ola boshladi.

Raqamli texnologiyalar turmushimizning barcha sohalariga samarali xizmat qilishi kundek ravshan. Masalan, bugungi kir yuvish mashinasi uy bekasining ishini yengillashtirgan. Pochta xizmatining ishi anchagina qisqarib ketdi. Xatlar yer kurrasining istalgan nuqtasiga sayt va ilovalar orqali soniyalar mobaynida yetib boradi. Texnologiyalar muloqot jarayonlarida katta inqilob yasadi.

1990-yilda angliyalik olim Tim Berners-Li internetdan millionlab odamlarni bahramand etadigan kodni yaratdi. Oʻsha paytda bu kashfiyot iqtisodiyotda, industriyada va bizning har birimizning faoliyatimizda kanchalik darajada aks-sado berishi, balki koʻpchilikning xayoliga ham kelmagan edi. Bugungi kunda jahondainternetdan foydalanuvchilar soni 4 milliard birlikni, uyali jihozlar soni esa yer yuzi aholisi sonidan ham ortiqroq boʻlib, 8,1 milliard birlikni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, 1995-yilda amerikalik dasturchi Nikolas Negroponte “raqamli iqtisodiyot” atamasini amaliyotga kiritdi. Hozirgi paytda bu istiloh jahondagi barcha siyosatchilar, iqtisodchilar, jurnalistlar, tadbirkorlar — deyarli barcha faol hayotiy pazitsiyaga ega boʻlgan insonlar tilidan tushmay qoldi. 2016-yilda Butunjahon banki dunyodagi raqamli iqtisodiyotning ahvoli haqida ilk marta maʼruza eʼlon qildi.

Dunyo olimlari bizning yurtdoshimiz Muhammad al Xorazmiy tomonidan uzoq moziydayoq kashf etilgan “nol” raqami yordamida bugun katta kashfiyotlar qilinayotganini, ayniqsa uyali aloqa tizimi dunyoni egallaganini bugungi kunda ham tan olishmoqda.

Aslida, raqamli iqtisodiyot – bu iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy aloqalarni raqamli texnologiyalarni qoʻllash asosida amalga oshirish tizimidir. Baʼzida u internet iqtisodiyoti, yangi iqtisodiyot yoki veb-iqtisodiyot degan atamalar bilan ham ifodalanadi. Taraqqiyot nuqtayi nazaridan tilga olinadigan raqamli iqtisodiyot tushunchasi esa ish yuritishning elektron tijorat bilan bogʻliq yoʻnalishlariga asoslangan faoliyatini ham nazarda tutadi.

Baʼzida raqamlashtirishni axborotlashtirish bilan chalkashtiradilar. Biroq ularning oʻrtasida farq mavjud. Raqamlashtirish — oʻz faoliyatida mustaqillik kasb etadi, u masalani hal etishning oqilona usulini oʻzi tanlay oladi, tahlil etadi va prognozlaydi. Foydalanuvchi uning oldiga qoʻygan masalani hal etib beradi. Boshqacha aytadigan boʻlsak, raqamli tizim — mashinaga qaraganda ancha taraqqiy etgan, qariyb sunʼiy intellekt darajasidagi obyektdir.

Raqamli iqtisodiyot borasidagi taraqqiyot shu darajadajadallashib ketdiki, jarayonni iqtisodiyotchilarning oʻzlari ham idrok etib ulgura olmapyatilar. Buni iqtisodiy lugʻatni toʻldira borayotgan yangi atamalarning sonidan ham payqab olish mumkin. Bu – faqatgina keyingi bir necha yilning oʻzidayoq ehtiyoj iqtisodiyoti (on-Demand Economy), mobil iqtisodiyot (Mobile Economy), oʻzaro isteʼmol iqtisodiyoti (Sharing Economy), vikinomika (Wikinomics), yuksak texnologiyali tuhfa iqtisodiyoti (The Hi-Tech Gift Economy), gigonomika (Gig Economy) va boshqa juda-juda koʻp, qariyb120 soʻz va 60 ga yaqin atamalarning kirib kelganidan ham yaqqolkoʻrinib turibdi.

Ushbu yangiliklar va jarayonlarni taʼriflash uchun ularning mohiyatini tadqiq etish hamda kibersport, kriptovalyutalar, messenjerlar, botlar, trollar, vishing, kraudsorsing, kraudfanding, virus marketingi, raqamli fabrikalar va boshqalarning turfa oʻzaro aloqalarini aniqlashga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, hozirgi paytda raqamli iqtisodiyotning asosiy vositalari – narsalar interneti (IoT - Internet of Things), katta maʼlumotlar (Big Data), sunʼiy ong (Artificial Intelligence), mashinali tahsil (Machine Learning), kiberfizik tizimlar, blokcheyn, neyron tarmoqlari, robototexnika, 3D modellashtirish, virtual haqiqat, bulutli hisoblash va boshqalar hisoblanadi.

Masalan, “sunʼiy ong” degan umumiy atama turlicha boʻlgan koʻpgina konseptlarni oʻz ichiga oladi. Bu koʻpincha mashinaviy tahsilni koʻzda tutadi. Mustahkamlovchi chuqur taʼlimni oltin oʻrtalik deb hisoblash mumkin. U nafaqat sanash va turli havolalar qila oladigan, balki dunyoni koʻrib, eshita oladigan, shunisi bilan bizning u bilan muloqotimiz usulini butkul oʻzgartira oladigan dasturlash taʼminotini yaratishga yordam beradi.

Blokcheyn - hisob-kitob olami. U qayerda joylashganidan qatʼiy nazar, koʻplab raqamlar tranzaksiyasini avtomatik ravishda yozib borish va qiyoslab, tasdiqlash – yaʼni verifikatsiya qilishga qodir boʻlgan global reyestrdir.

Uning qayta taqsimlovchi shakli shuni ifoda etadiki, bu texnologiya majburiyatlari kamyoblashgan holatda sanoatlarning aksariyat qismini oʻzgartirish salohiyatiga ega: pulni avtomatizatsiyalash – eski yangilik, ammo majburiyatlarni avtomatizatsiya qilish – bu katta biznes.

Ushbu jarayonlar real vaqt rejimida boshqariladi, monitoring va nazorat qilinadi. Shuning uchun ham ulardan foydalanish aniq va kerakli natijalarni beradi. Raqamli texnologiyalarning boshqa omillari singari blokcheyn amalga oshirilayotgan moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini taʼminlashda juda katta imkoniyatlar yaratadi. Bu esa koʻplab korrupsiya holatlarini oʻz vaqtida aniqlash va uning oldini olishga, mablagʻlarning oʻz vaqtida, oʻz oʻrnida va aniq maqsadlar uchun ishlatilishiga yordam beradi.

Raqamli iqtisodiyot birinchi navbatda korrupsiyadan xoli hududda ishlash imkoniyatini yaratadi. U “xufiyona iqtisodiyot”ning asosiy kushandasidir. Chunki, raqamlar hamma narsani muhrlaydi, xotirada saqlaydi, kerak paytda maʼlumotlarni tez taqdim etadi. Bunday sharoitda biron maʼlumotni yashirish, yashirin bitimlar tuzish, u yoki bu faoliyat haqida toʻliq axborot bermaslikning iloji qolmaydi. Shunda iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan qonuniy mablagʻlar oʻz joyini egallaydi. Ayniqsa, soliqlar oʻz vaqtida, toʻgʻri hisoblanadi va toʻlanadi, byudjet taqsimoti oshkor olib boriladi, ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan mablagʻlar, maktablar, kasalxonalar, yoʻllarga ajratilgan pullar toʻliq maqsadli yetib boradi va hokazo.

Shuni aytish kerakki, hozirga qadar raqamli iqtisodiyot allaqachon hayotimizga kirib kela olgan. Hozircha undan qisman foydalanmoqdamiz. Shu bois raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishmasʼuliyatini bugungi kunda davlatimiz oʻz zimmasiga olayapti.Shuning uchun ham Prezidentimiz 2020-yilni — Ilm maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qildi.

— Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart, — dediPrezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatida. — Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.

Raqamli texnologiyalarni bizni taraqqiyotga olib boradigan eng qisqa yoʻl deya atash gʻoyat oqilona va odilona taʼrif hisoblanadi. Yurtimiz “Xalqaro axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” boʻyicha 2019-yilda 8 pogʻonaga koʻtarilgan. Bu esa qoniqarli daraja hisoblanmaydi. Bugungi kunda taraqqiyotning ana shunday nodir mevalaridan soha asoschilaridan birihisoblangan Al Xorazmiy bobomizning yurtida ana shundayfoydalanilmoqda.

Yuqorida taʼkidlanganidek, hatto yirik davlat tashkilotlari, tumanlarning internet saytlari ham yoʻq, boʻlganlari ham ishlamaydi. Bugun butun umidini kelajakka, taraqqiyotga tikkan mamlakat uchun bu mutlaqo kelishib boʻlmaydigan holdir.

Hozirgi kunda butun raqamli iqtisodiyotning 90 foizdan ortigʻi toʻqqizta kompaniya - Apple, Google, Facebook, Amazon, Microsoft va yana toʻrta Xitoy kompaniyalari tomonidan boshqarilayotgani hammaga maʼlum.

Bugungi kunda mamlakatimizda birinchi navbatda “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirishda tub burilishni, yaʼni – ilmiy yutuqlarning elektron platformasini, mahalliy va xorijiy ilmiy ishlanmalar bazasini yaratish, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, sogʻlikni saqlash, taʼlim, kadastr va arxiv ishlari sohalarini raqamlashtirishni oʻz oldida maqsad qilib qoʻygan, raqamli markalash va onlayn chiptalar sotilishi alohida nazoratga olinadi.

Bu holda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda harakatlanuvchi kuch biznes modellaridan foydalanadigan platformalarning koʻpayishi ekanligini taʼkidlash kerak.

Mamlakatimizda, bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning ulushi Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotida ikki foizidan oshmaydi. Aslida esa, yetti-sakkiz foiz oʻrtacha va maqbul koʻrsatkich hisoblanadi. Bu holda ishga toʻsqinlik qiladigan omillar mavjud. Ulardan biri axborot kommunikatsiya tizimi (AKT) sohasiga investitsiyalar jalb qilish surʼatining pastligidir. Masalan, «www.review.uz» portalining maʼlumotlariga koʻra, 2019-yilning birinchi yarmida sohaga investitsiyalar 2018-yilning shu davriga nisbatan ikki baravar koʻpaydi. Biroq, bu 2017-yildagi koʻrsatkichdan deyarli ikki barobar kam –0,9 trillion soʻmga nisbatan – 1,9 trillion soʻm. Aslini olganda, 2019-yildagi investitsiyalar ikki yil oldingilarining miqdori bilan bir xilda. Yaʼni taqqoslash uchun. 2017 –2019-yillarda Oʻzbekistonda AKT sohasiga har yili oʻrtacha 200 million dollar investitsiya kiritilgan. Bu yoʻnalishga faqatgina 2018-yilning oʻzida AQSH – 1,3 trillion dollar, XXR – 499 million dollar, Belorussiya esa 1,5 milliard toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan. IDC tahliliy kompaniyasi mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra, dunyo boʻyicha AKT xarajatlari har yili 3,8 foizga oʻsadi va 2023-yilga kelib, ular 4,8 trln. dollarga yetadi. Yaʼni, agar ushbu omilga eʼtibor berilmasa, raqamli iqtisodiyot bir joyda depsinib turaveradi.

Kamchiliklar qanchalik tez bartaraf etilsa, taraqqiyot shunchalik jadallashishi mumkin. Bu holda, birinchi navbatda internetning sekin rivojlanayotgani bilan birgalikda uning yuqori narxi masalaning zaif tomonlari sarasiga kiradi. Aynan shu holat mamlakatlar oʻrtasidagi raqamlashtirish darajasidagi ulkantafovutda oʻzini namoyon etadi. 2018-yilda Internet tezligi 10 marotaba–120 dan 1200 Gbit/s gacha oshganiga qaramay, 2019-yildagi MDH koʻrsatkichlariga nisbatan Oʻzbekistonda Internetning oʻrtacha tezligi (mobil va belgilangan keng polosali aloqa) deyarli ikki baravar past edi.

Narxning yuqoriligiga kelganda shuni aytish kerakki, masalan, provayderlar uchun Internet xizmatlari tariflarning narxi 2019-yilda 1 Mbit/s uchun 8,5 dollarni, 2020-yil 1-yanvardan 56 ming soʻm (5,8 dollar)ni tashkil etdi. Toʻgʻri, narxda sezilarli pasayish sodir boʻlgan. Biroq internetning dunyodagi oʻrtacha bahosi 1 Mbit/s uchun toʻrt dollar hisoblanadi. Bizda narx bundan yuqori.

Optik tolali aloqa liniyalarning umumiy uzunligi borasida ham ortda qolmoqdamiz. Liniya 12,7 ming kilometr boʻlgan 2013-yil bilan taqqoslanganda, 2019-yilda u uch baravar koʻpaydi va 36,6 ming kilometrga yetdi. Ammomamlakatimiz uchun bu qanoatlanadigan koʻrsatkich emas.

Aloqa tayanch stansiyalari son jihatdan ham talabga javob bermaydi. Mamlakatimizda 1 600 kishiga bitta tayanch stansiyasi toʻgʻri keladi. Masalan, Qozogʻistonda bitta shunday minora 643 fuqaroga, Rossiyada esa 235 kishining AKT ga boʻlgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Axborot texnologiyalari vazirligining maʼlumotlariga koʻra, respublikamizdagi tayanch uyali aloqa stansiyalarining umumiy soni 26 mingtadan oshgan (2017-yilda ularning soni 18 194 tani tashkil etgan).

Onlayn-savdo maydonchalari yetarli darajada emas. Elektron tijorat yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlarini ragʻbatlantirish maqsadida “e-tijorat.uz” elektron tijorat subyektlarining milliy reyestri yaratildi, undan hozirga qadar atigi 42 subyekt roʻyxatdan oʻtgan, xolos. Shu bilan birga, www.uz milliy axborot-qidiruv tizimida atigi 69 ta (2019-yil noyabr holatiga koʻra) elektron tijorat sohasida ishlaydigan veb-sayt mavjud. 2019-yilning ikkinchi choragida ushbu segmentdagi bitimlar soni 75,39 million, summasi esa 3,515 trillion soʻmni tashkil etdi.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot taraqqiyotini barqaror etish birinchi navbatda uyali aloqa tizimini koʻngildagidek yoʻlga qoʻyishdan boshlanadi. AKT ning asosiy infratuzilmasi darajasini oshirish, shaharlarning optik-tolali aloqa bilan jihozlashni tezlashtirish, keng polosali simsiz ulanish qamrovi va uni tarqatish tezligi ulushini oshirish, iqtisodiy jarayonlarga Internet bilan bogʻliq, ilgʻor texnologiyalarni keng joriy qilinishini, shuningdek chekka hududlardagi asosiy tarmoq infratuzilmasiga kirishni taʼminlash gʻoyat muhim ahamiyatga ega.

Davr oldimizga qoʻyayotgan marralarga erishish uchun sohani yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, shuningdek dasturiy mahsulotlar sanoatini (platformalar, ilovalar, dasturlar va boshqalar) rivojlantirishga har tomonlama hissa qoʻshish zarur boʻladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 17-martdagi Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda raqamliiqtisodiyotni joriy etish borasidagi yana bir muhim va amaliy qadam boʻldi.

Biz, shuningdek, davlat organlarining axborot tizimlari integratsiyasini va kiberxavfsizlikni kafolatlash, shuningdek AKT mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish (eksport qilish)ni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni barqaror etsak, barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar faoliyatida elektron hujjat aylanishini qanchalik tez joriy etsak, shaffof elektron tijoratni rivojlantirish darajasini oshirsak koʻzda tutilgan maqsadlargashunchalik tez erishamiz.

Jahongir Negmatov,
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi
Byudjet-soliq tadqiqotlari Instituti direktori.

Jamshid Raupov,
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq
tadqiqotlari instituti Blokcheyn texnologiyasini oʻrganish va tahlil qilish byurosi boshligʻi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech