29 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,3 °C

Madaniyat
9 Aprel  2020 961

Sohibqironning izidan obod shaharlar, gullagan bogʻlar qolgan

Sohibqiron Amir Temur dunyoga kelganda u koʻz ochgan olam oʻzgacha tahlika ichida yashardi: moʻgʻullarning bir asrdan oshgan istibdodi davom etar, zulm, jabru sitam haddidan oshgandi. Bir paytlar bosqinchiga qaqshatqich zarbalar berib, ancha esankiratgan “Turon yoʻlbarsi” — Jaloliddin Manguberdining shuhrati ham yillar gʻubori ostida xira tortib qolgandi. Baxtli tasodif shundaki, Sohibqiron oʻsha erkinlik va ozodlik ruhini qaytarish, ustuvor qilish uchun tugʻilgandi.

Bu ikki buyuk zotning tarjimayi holida ajabtovur garmoniya(hamohanglik)lar bor. Avvalo, ular bir ishni boshlash va oxiriga yetkazish uchun yaratilgan ekanlar, demak, biri – ustoz, ikkinchisi – shogird, yaʼni biri – ibtido (toʻlqinning boshlanishi), ikkinchisi – intiho (oxiri).

Bu mantiqiy bogʻlanish boshqa unsurlarda ham zohir boʻladi: 1). Sulton Jaloliddinning tugʻilish sanasi bilan AmirTemurning dunyoga kelish vaqti; 2). Sind daryosidagi Nilob kechuvi boʻyidagi Jaloliddinning Chingizxon bilan soʻnggi toʻqnashuvi va Temurbekning moʻgʻullar xizmatiga sipohsolor sifatida kelishi (biri ketyapti, ikkinchisi kelyapti); 3). Jaloliddinnning vafoti va Sohibqironning taxtga chiqishi orasida 138-140-yiloraliq bor. Agar bu muddat hijriy yoki milodiy hisob bilan agʻdarilsa, oʻrtacha 139 soni paydo boʻladi. Bu raqamlarda qanday maʼnolaryashiringanini matematik mantiq bilan shugʻullanuvchilar tasnif qilib berishar. Gapning indallosi shuki, bu tevarak olamda hech narsa tasodif emasva hamma gap tashqi alomatlardagi ichki mantiqni topa bilishda. Agar shunga erishilsa, soxta haqiqatlarga ham oʻrin qolmasdi.

Haqiqatan, insoniyat tarixida eng keng koʻlamli faoliyat sohibi sifatida Sohibqiron Amir Temur hayoti hamon turli qarashlarga sabab boʻlib kelgan, taassufki, bu hol hamon toʻxtagani yoʻq. Bitta odmi haqiqat shuki, endi bu faoliyat tarixning mulki, tarix xazinasidan esa faqat taraqqiyot maqsadlarida foydalanish madaniyat hisoblanadi. Axir kashf qilingan velosipedni qayta kashf qilishdan kimga naf? Faqat hamma dalillarga baho berayotganda bugungi kun koʻzi bilan emas, oʻsha davr ruhidan kelib chiqib, odilona tosh qoʻyish lozim. Oʻlchov bitta: oʻsha meros bugungi kun uchun qanchalik ­asqotyapti? Bugungi kun – madaniylashgan, biroq sirli davr oʻtmishdagi faqat kuchga asoslangan, yarim yovvoyi tartiblardan farq qiladi. Qolaversa, oʻtmish haqiqatini tushunish uchun ancha malaka ham talab qilinadi. Biz uchun hamon sirli boʻlib qolayotgan bobolar tajribasi ana shu teran haqiqatlarni butun boʻy-basti bilan tasdiqlaydi. Ulardan xabardor boʻlmay, keng va munavvar olamga teran nigoh bilan boqish mumkin emas, Toʻgʻri, quduqda uzluksiz sayrab, dunyoni bor-yoʻgʻi shunday koʻlamda tasavvur qilib, oʻz vaqtini chogʻ qilib yurish mumkindir, ammo Sohibqiron bobomizning 70 yillik hayoti saboq sifatida har lahzasi bilan bebaho. Har bir unsurida ming­lab sinoatlar yashiringan.

Masalan, tarixchi yozadi: “Sohibqiron Hoʻms qalʼasidan mansur cheriki bila Baʼalbakka shahrigʻa mutavajjih boʻldi” (Sharafiddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”, Muhammad Ali Buxoriy tarjimasi. 1519-yil. “Sharq”, 1997-y., 239-bet). 10 ta soʻz. Toʻgʻrisi, unda mujassamlashgan maʼnoni toʻla tushunib yetish uchun 10 sahifalik izoh ham kamlik qiladi. Bu voqea hijriy 803-yilrabiʼ ul-avval (1400-yil oktyabr-noyabr) oyida roʻy beryapti. (“Zafarnoma”da sanalar muchal yillariyu haftaning kunlarigacha aniq koʻrsatilgan). Gap nima haqida ketayotganini toʻlaroq tushunish uchun baʼzi dalillarni eslashga toʻgʻri keladi.

Mazkur voqea Sohibqironning yetti yillik yurishi asnosida roʻy bergan. Bu ulkan muhoraba davomida, shoir soʻzlari bilan aytganda, “keng Osiyo zabtga olinib”, bugungi kunlarda mavjud yigirmadan ziyod davlat chegaralarida Samarqand lashkari oʻsha davr talab qilgan olamshumul vazifasini ado etib yurgandi. Amir Temur yurishlarining mohiyati haqida turli-tuman fikrlar izhor qilinsa-da, umumiy manzara — murosa-yu madora, tinchlik-omonlik boʻlganini tan olish lozim. Baalbek shahriga yetmasdan oldin savdo karvonlari va yoʻlovchilarga tahdid solib turuvchi oʻnlab qalʼalar ishgʻol qilinadi, ulardagi qaroqchi va yoʻltoʻsarlar daf etiladi.

Mintaqada Halab (Aleppo) shahrining mavqei baland, u savdo yoʻllari kesishgan nuqtada joylashgan boʻlishi bilan birga, muhim madaniy markazlardan edi. Ayni shu kunlarda shahar bosqinchilar tomonidan egallangan, Sohibqironning eski qadrdoni, haj ziyoratiga yoʻl olgan tarixchi olim Nizomiddin Shomiy ham ularning qoʻlida asir edi. 28-oktyabr, payshanba kuni muzaffar qoʻshin Halab ostonasiga yetdi va uni ikki kunda qoʻlga kiritdi. Tarix kitoblarida shahar ozod qilingach, Sohibqiron olimlar bilan suhbatlashishni ixtiyor qilgani va turli masalalarda ularga murakkab savollar bilan murojaat etgani darj etilgan. Xuddi shunday Hama shahri va Hoʻms qalʼasi ham fath qilindi.

Baalbek shahri (yunoncha“Geliopol”, arabchada “Baʼlabakka”) hozirgi Livan mamlakati hududida joylashgan boʻlib, miloddan oldingi 180-yildaasos solingan. Uning asoschisi sifatida Nuh paygʻambar tilga olinadi. Keyinchalik uni Rim imperiyasi egallab olgan, uning soʻnggi koloniyasi hisoblanadi. Shaharda kishi aqlini lol qoldiradigan mahobatli tosh ustunlar va supalardan iborat (hozirgi mutaxassislar ularning ogʻirligi 600 tonnagacha kelishini hisoblab chiqishgan) koʻplab imoratlar mavjud boʻlgan. Binolarning bunyod etilishi kishi aqlini lol qoldiradi. Ularning orasida eng mashhuri quyosh xudosi Yupiter ibodatxonasi boʻlgan. Ibodatxonada turli diniy va dunyoviy amallar ado etilgan. Jumladan, magistrlar ishga kirishishdan oldin halol ishlash, burchga sodiq boʻlishga ont ichish marosimini shu joyda oʻtkazganlar (Yupiter huquq-tartibot maʼbudi ham hisoblangan). Amir Temur koʻplab nodir tarixiy yodgorliklar, masalan, Namrud otashgohi, Iso paygʻambar ibodat qilgan cherkov va boshqalar singari bu tosh obidalar hovlisiga ham qadam qoʻyadi.

Sohibqiron ana shu moʻjiza bilan yuzma-yuz boʻladi: “...ul shaharni koʻrub taʼajjubqa qoldilar. Aning uchunkim, ul qalʼa tamom toshdin erdi va asru ulugʻ toshlardin yasab erdilar. Va el ichida andoq mashhur tururkim, ani Sulaymon paygʻambar yasab turur (derlar)”. Shahar toqqa yaqin boʻlgan, qish boshlanayotgani va sovuq tushayotgani munosabati bilan u joydan tez qaytiladi. Lekin hammasi shu emas. Tabiatan bunyodkor boʻlgan Sohibqiron qadami tekkan yerlardagi nodir narsalarni Samarqandda barpo etishni ixtiyor etardi. Hatto shu yurish davomida bir boy kishining mehmonxonasiga tashrif buyuriladi. Bino Sohibqironga juda maʼqul keladi va mulozimlarga uning tarhini chizib olishni va Samarqandda shunday imorat tiklashni buyuradi. Baalbek taasurotlari ham izsiz ketmaydi.

Ayni shu kezlarda Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan, ularga malikalar Tuman oqa va Saroymulkxonim bosh-qosh edilar. Baalbekdagi tosh ustunlar, supalar, fontanlar, umuman, nodir meʼmoriy yechimlartarhi ham poytaxtga yetkaziladi va ularningnusxasidan Bibixonim jome masjidida foydalanadilar. Bosh malika nomi bilan ataluvchi bu ibodatxona namozgohida 470 dona tosh ustun tiklangandi. Shuningdek, masjiddan hozirgi Registon maydonigacha yoʻlning ikki tarafida savdo rastalari bunyod etilgandiki (ularning bir-biriga oʻxshamagan goʻzal va betakrorligi haqida guvohlar hayajon bilan yozishgan), tim va doʻkonlarni bezashda ham bu namunalar istifoda etilgani shubhasiz. Temuriylar saltanatining shukuhi asrlar osha dunyo ahlini lol qoldirib keladi. Bu noyob boylik ana shunday yoʻllar bilan zarralab toʻplangan va bobolarimiz zakovati bilan qaytadan jilolanib, yana ham purviqor va maftunkor tarzda voqe boʻlgandi.

Ha, ulugʻvorlik va buyuklikning sinoatlari koʻp. Bunday yetuklik, avvalo, maʼnaviyatda zohir boʻlgandi. Tarixchining hayajoni behuda zuhur boʻlmagan: “Sohibqiron davlatidin, bir kishikim boshigʻa tilla toʻla tabaqni qoʻyib, mamlakatni aylanib chiqsa, birav anga tegmas erdi”. Albatta, bu holning sharhi uzoq boʻlishi mumkin, “Nega odamlar tegmas edi, zarurat yoʻqmidi yoki qoʻrqardimi?” tarzida mulohaza qilinsa, oʻsha davr jamiyatining qiyo­fasi toʻlaroq namoyon boʻlaveradi. Sohibqiron amal qiladigan hayotiy eʼtiqodlari koʻp boʻlgan, jumladan: “Qayerda qonun ustuvor boʻlsa, oʻsha yerda erkinlik boʻladi” yoki “Dushmaningga jabr-zulm qilma” (“Tanbehlar”,toʻplovchiB. Ahmedov. 1996-y.). Aforizm darajasiga koʻtarilgan bunday fikrlar hayotiy tajribaning mahsuli ekani shubhasiz. Bu jihatdan “Temur tuzuklari” noyob kitob. Unda Yer yuzini bir tugʻ ostida birlashtirishga erishgan daho zotning insoniy qarashlari ifodalangan. 

Sohibqiron bobomizning hayotiy aqidalari sifatida “Bir kunlik adolat yuz kunlik toat-ibodatdan afzal”, “Biron kimsaning haqi boʻlsa, haqini hech qachon unutma”, “Uyquda yotgan fitnani uygʻotib qoʻyma”, “Adovat emas, adolat kerak”, “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat bilan, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshir”, “Yuz ming askar qilolmagan ishni bir kishi toʻgʻri tadbir bilan uddalashi mumkin” (“Tanbehlar”dan) singari durdona fikrlarni keltirish mumkinki, ularda “kuch” qaysi qutbda ekani oʻziga xos tarzda belgilangan, yaʼni yutuqni taʼminlashga xizmat qiladigan kuch zoʻravonlikda emas, balki aql va tafakkurda (ruhoniy omillarda). Binobarin, insonga jismoniy qudrat egalari hisoblanmish jonzotlar — vahshiy hayvonlardan farq qilib, oʻz harakatini boshqarish uchun aql-tafakkur (ong) ato etilgan. Mabodo vujuddagi bu nodir boylikdan tor maqsadlarda, olaylik, yongʻin xavfini sezish, ogʻriqni his qilish, daryodan koʻprik orqali oʻtish singari kichik, maishiy masalalardagina emas, balki bosh masalalar — mamlakatlar, minglab odamlar taqdiri hal boʻladigan masalalarda ham qoʻllansa, koʻplab fojialarning oldi olinishini faxrli ajdodimiz oʻz hayotiy tamoyillarida ilgari suryaptilar va shunday yoʻl tutishning ibratini oʻz faoliyatlarimisolida koʻrsatyaptilar.

Ana shunday izchil mantiqiy yondashuv“Kuch — adolatda” tamoyilining maydonga kelishini taʼminlagan boʻlsa ajab emas. Dunyodagi jami hukmdorlar, davlat boshliqlaridan farqli ravishda Amir Temur hazratlari oʻz faoliyatida moddiy tirgakka emas, balki ruhoniy zaminga tayanish qoidasini asosladi va uni muvaffaqiyatli joriy etdi. Bu holning bir qancha sabablari va omillari mavjud. Ularni Sohibqironni ulgʻaytirgan muhit, qurshab turgan maʼnaviy olam va, albatta, oʻzining dunyoqarashidan izlash lozim. Hech kimga sir emas, Sohibqiron avval boshdanoq hayotiy kredosi sifatida “Dilimning mashriqidan koʻtarilgan ilk tuzugim Olloh taoloning diniga va Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallamning shariatlariga rivoj berish boʻldi”, deb faoliyatining bosh maqsadini izhor qilgan edi. Va unga behuda nufuzli diniy allomalar jamoasi “Islom olamining sakkizinchi himoyachisi” unvonini bermaganlar. Demak, bobomiz ruhoniy tushuncha sifatida “Adolat”ning butun boʻy-bastini islom dini arkonlari va Muhammad (s.a.v.) shariatlarini dunyoviy amaliyotga joriy etish, deb tushungan, yaʼni islom koʻrsatmalari va paygʻambarimiz ibratlarini har bir fuqaroning ongli hayotiga olib kirishni bosh maqsad qilib qoʻygan. Adolat, Sohibqiron nazdida, sof islomiy aqidalar va paygʻambar ibratlarini hayotga joriy etish hisoblangan.

Shak-shubhasiz, boshqa fotihlar, yoʻlboshchilar bunday ulugʻ vazifani zimmalariga olmagan edilar va ular insoniyat paydo boʻlgandan beri amal qilib kelingan “Adolat — kuchda” tamoyilidan yuqori koʻtarila olmadilar. Mohiyat, barhayotlik shundan iboratki, dunyo ishlarini murosayu madora bilan hal qilish, har qanday sharoitda aql-tafakkurga quloq tutish! Dunyobu taʼlimotning nihoyatda toʻgʻriligini oʻz tajribasida ikki yarim ming yil davomida isbotladi. Dunyoning ahvoli shu darajaga kelib qoldiki, ayni hozir, mabodo kuch ishlatiladigan boʻlsa, bitta tugmachani bosish bilan Yer kurrasini kukunga aylantirib yuborish mumkin. Endi muammolarning muammosi sifatida ishlab chiqarishni rivojlantirish, olgʻa qarab taraqqiy etish emas, Yer sharini shu holida saqlab turish kun tartibiga bosh masala sifatida qoʻyil­yapti. Bu holni necha yuz yillar oldin Sohibqiron Amir Temur tafakkuri tasdiqlagandi va undan qochish usulini kashf etgan edi, yaʼni kuchga emas, adolatga tayanish insoniyatning aʼmoli ekanini koʻrsatib qoʻygan edi. Dunyoki bu haqiqatni endi anglab yetgan ekan, bu eʼtirofdan soʻng hatto insoniyat oʻsha davrlardan yuksalishda yuqori koʻtarila olmagan, balki boshi aylanib, aylanma yoʻllarda adashib yurgan, degan xulosaga kelish bor gap. Amir Temurning daholigi shunda, ul zot erishgan yuksak maqom shu darajada.

XIX asrdagi buyuk sarkardalardan biri sifatida Napoleon Bonapart tilga olinadi. Fransuzlar uni millat xarakterining qirralarini namoyon qila olgan zot sifatida qadrlaydi va u bilan bogʻliq hamma narsani milliy boylik sifatida eʼzozlaydi. Sir emas, Yer yuziga sigʻmagan miqti bahodir Yevropa mamlakatlariga bir necha marta yurish qildi, baribir, muvaffaqiyat qozona olmadi. Ammo shashtidan tushmagan imperator hammani bu izdihomga safarbar etdi, oqibatda qurol koʻtarishga yaraydigan erkaklar soni ham kamayib ketdi. Shundan soʻng moʻylovi endi sabza urgan 15-16 yoshli oʻsmirlarni ham harbiy yurishlariga jalb etdi, biroq omad kulib boqavermadi. Shunday holda millatining qirilib ketishidan vahimaga tushgan butun Yevropa ahli gapni bir joyga qoʻyib, bu ofatni jilovlash uchun unga qarshi xalq harakati — “Millionlar yurishi”ni uyushtirdi, hamma jam boʻlib, Napoleonni jilovladi va bir orolga badargʻa qildi.

Bu — tarix, shunday holga muqobil tarzda Amir Temur faoliyatidagi bir nuqtani yodga olaylik. Sohibqiron zimmasidagi vazifani uddalash uchun bir, ikki, uch, besh, yetti yillik yurishlar uyushtirdi. Bu esa saltanat hukmdori harbiy safar bilan shuncha muddat poytaxtdan chiqib ketdi va taqdirini nomaʼlum tasodiflarga, ofatlarga topshirdi, degani. Bir haqiqat ayonki, ana shu yurishlarda na poytaxtda, na safar asnosida birorta tahlikali-tahdidli holatlar roʻy bermagan! Sohibqiron har safar oʻzi moʻljallagan rejalarni bekamu koʻst amalga oshirib, zafar va nusrat bilan poytaxtga qaytgan. Agar bu holatga zid fikrlarni ilgari surib, mulohaza yuritiladigan boʻlsa, mabodo baʼzi gʻalamis olimlar taʼkid­laganidek, “uning izidan kultepalar qolgan”da edi, agar jahannamning oʻqi boʻlsa ham xalqlar birlashib, bu vayronkor kuchni mahv etardi. Voqelik esa aksincha boʻlgan: Sohibqironning izidan obod shaharlar, gullagan bogʻlar, obod el-ulus qolgan. Qolaversa, adolatsizlikdan ezilgan raiyat uni xalos­kori sifatida tan olgan, yordam soʻragan.

Amir Temurqadami yetgan oʻlkalarning rivojlanishiga yoʻl ochdi, odamlarini rozi qildi, oʻzlaridan rahbarlar qoʻyib, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatdi, tarbiyalab, voyaga yetkazdi.

Koʻhna tarix ana shunday haqiqatlarni ham bagʻrida saqlab, sukut bilan yashamoqda. Gapning sirasini aytganda, pinhon qolayotgan haqiqatlar butun boʻy-basti bilan yuzaga chiqqanida Yer yuzining qiyofasi hozirgidan boshqacharoq — obodroq va goʻzalroq boʻlarmidi?!

Oʻzbek tarixiga munosabatning oʻzgarishi — bor gapni borligicha aytishga intilish ruhi tahlil va tadqiqotlar uchun boy manba beryapti. Paydo boʻlgan roʻshnolikdan keyin bu merosni oʻz egalaridek mehr bilan tadqiq qilishning dastlabki natijalari shunday bir holni tasdiqlayaptiki, temuriylar davri, umuman, Amir Temurning shaxsiyati hech qanday boʻrttirish yoki madh etishga muhtoj emas. Aksincha, tadqiqotlar teranlashgan sari bu nodir xazinaning hali kashf etilmagan qirralari, hatto ilmiy muomalada uchramaydigan yutuqlari ochilaverar ekan (masalan, Alisher Navoiy moʻjizasi tobora yuz ochib boryapti-ku!). Shuning uchun bu borada ikkilanishga oʻrin yoʻq. Endi toʻla huquq bilan aytish mumkinki, xususan, Amir Temur shaxsiga munosabatda uni kashf etish emas, balki olimning salohiyatiga baho berish oʻngʻay boʻlib qolyapti, yaʼni Sohibqiron Amir Temur butun borligʻi, koʻlami bilan boʻy koʻrsatib turibdi, unga nazar solgan tadqiqotchining ahvoli nechuk? Bu voqelikka baho berishda yangi gap aytishdan koʻra tarixchining kimligi koʻproq muhim ahamiyat kasb etyapti, goʻyo donishmand ustoz bilan yuzma-yuz imtihon topshirgandek, bu mavzuda soʻz aytish ham sinovdan oʻtish maqomini olyapti.

Baribir hali asosiy tadqiqotlar oldinda, biz hamon muhtasham saroyning ostonasida turibmiz.

Hakim Sattoriy.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech