19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,3 °C

Tashvishli xabar
6 Mart  2019 13863

Itlar jangi, vahshiyona ermaklarga qarshi kurashish lozim

It insonning do‘sti, albatta. Ammo ayrimlar ana shu to‘rtoyoqli do‘stlarimizni pul ishlab topish manbai, deb ham tushunadi. Gap jonivorlarni ko‘paytirib, sotish emas, balki it urishtirish haqida ketmoqda. Bir qarashda bu johilona ish o‘tmishda qolgandek. Lekin bugun ham it janglarining tomoshabini baribir topilmoqda.

 

O‘tgan haftaning esda qolarli hodisalaridan biri Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining jonivorlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabat uchun javobgarlikni qat’iy oshirish va ularni urishtirishni taqiqlashga tayyorligi bo‘ldi, deyish mumkin. Ushbu mavzu omma tomonidan anchadan beri muhokama qilinayotgan ham edi. Internet tarmoqlarida respublikamizda, jumladan, poytaxtda, uyushtirilayotgan ana shu yovuzona ermaklar haqida ham ma’lumotlar tarqaldi. Nihoyat, harakatlar boshlandi.

«IIBB: aholi (Toshkent) bilan muloqot» Facebook-guruhida foydalanuvchi Karina Mirzayevaning Sergeli tumanida o‘tkazilayotgan itlar jangi g‘azabini qo‘zg‘ayotgani to‘g‘risida post qoldirgan. Qonun himoyachilari ana shu xabar asosida tezkor harakatga tushdi. Hodisa joyiga Sergeli tumani ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari ham yetib kelishdi. Tadbirni tashkillashtiruvchi esa buni «ko‘rgazma», deya nomladi. Biroq tez orada haqiqat yuzaga chiqdi. Ma’muriy sud «O‘zbek bo‘ribosari» jamiyati rahbarini O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 2001-moddasida («Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish») nazarda tutilgan holatda aybdor deb topdi va jarimaga tortdi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun qanday ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda? Bunday xatti-harakatlar nimasi bilan xavfli?

Ana shu savol bilan Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markaziga murojaaat qildik. U yerda esa bizga:

– Xodimlarimiz bundan voqealarga hech qachon loqayd qarashmaydi. Bunday faktlarning oldini olish va aniqlash tadbirlari qo‘llanilmoqda, – deya ma’lumot berishdi.

Ayni damda mahkama jonivorlar janglarini taqiqlash va ularga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni qat’iy oshirish bo‘yicha takliflarni tayyorlamoqda. Buning uchun boshqa mamlakatlar tajribasi o‘rganilyapti. Xususan, Rossiyada «Jonivorlarga munosabat borasida javobgarlikni oshirish va Rossiya Federatsiyasining ba’zi qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi federal qonuni imzolangan.  Hujjatning 11-moddasida «Jonivorlarni shafqatsiz munosabatdan himoya qilish»da jonivorlar janglarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. Qonun nafaqat jonivorlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lishni, balki u bilan bog‘liq yozuv va videolarni tarqatishni ham taqiqlaydi. AQSh qonunchiligi ham bunday tomosholarni uyushtirganlarni qattiq jazolaydi.  Buyuk Britaniyada jonivorlarga shafqatsizlarcha munosabat ko‘rsatish jinoiy javobgarlikka tenglashtiriladi hamda 51 haftaga hibsga olinish va 20 ming funt jarimaga tortilishga sabab bo‘ladi.

Milliy qonunchiligimizda, afsuski, hozircha jonivorlar janglarini o‘tkazishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydigan modda yo‘q. Buni to‘xtatuvchi yagona omil – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasi – Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishdir. Unda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek, hayvonlarni qiynash — eng kam ish haqining 0,5-2 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi keltirilgan. Ko‘rib turganingizdek, bu sanksiyalar hayvonlarga nisbatan shafqatsizlikka moyil kishilarni to‘xtatib qololmayapti. Toshkent IIBB bunday holatlarni aniqlash va oldini olishda davom etmoqda. Jonivorlar  muammolariga befarq bo‘lmagan barcha fuqarolarning murojaati e’tiborsiz qolmaydi.

So‘z ko‘ngillilarga

Karina Mirzayeva, Toshkent IIBBga murojaat muallifi:

– O‘zim stajga ega zoohimoyachiman va mamlakatimizda o‘tkazilayotgan itlar jangi meni bunga befarq qoldirmaydi. Bu tomoshatalablar xohishiga ko‘ra itlar ishtirokidagi qonli va dov tikiladigan o‘ziga xos qimordir. Bunda itlar bir-biriga gijgijlanadi va jonivorlar ko‘pincha hayoti uchun xavfli tarzda jarohat ham oladi. Eng yomoni, bundan tomoshalarda bolalarning ham qatnashishi. Jonivorlarga yetkazgan azoblari uchun bundaylar qattiq jazolanishi kerak. Istiqbolda O‘zbekistonda it go‘shtidan ovqatlar tayyorlanadigan nuqtalar faoliyatini to‘xtatish ustida ham ishlaymiz.

Vladislava Zaikina:

– Afsuski, itlar jangini faol tashviqot qiluvchi turli Telegram-guruh va kanallar ham anchagina. Ularda ishtirokchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlarning aksariyati – bolalar va o‘smirlardir. Zoohimoyachilarning hisoblashicha, bunday tadbirlarni tag-tugi bilan yo‘q qilish lozim. Insondan aziyat chekkan uysiz jonivorlar taqdiriga befarq bo‘lmagan ko‘ngillilar turli Telegram-guruhlar ochishmoqda va ularni qutqarish, tibbiy yordam ko‘rsatish va ularga ega topishga harakat qilishmoqda. Ammo biz qancha harakat qilmaylik, davlatning qo‘llab-quvvatlashisiz hech nimaga erisha olmaymiz!

Oldin jonivorlarni qiynaydi, so‘ng insonlarga zo‘ravonlik qila boshlaydi...

Itlar jangi – nafaqat jonivorlar uchun jarohat olish va azob. Muammo ildizi yanada chuqurroq ketgan. Ota-onasidan ko‘ngildagidek tarbiya olmagan, itlaru mushuklarga shafqatsizlarcha munosabatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan bolalar qanday ulg‘ayishi haqida psixolog Shahnoza SABDAROVA so‘zlaydi:

– Jonivorlar va insonlar ustidan zo‘ravonlikning umumiy jihati bor: har ikkalasida ham og‘riqlarni his etadigan, ulkan stressni boshdan kechiradigan, olingan jarohatlardan halok bo‘lishi mumkin bo‘lgan tirik jonlar ishtirok etadi. Ilmiy tadqiqotlarda jonivorlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, oiladagi tajovuzkorlik va jamiyatdagi zo‘ravonlikning boshqa shakllari orasida o‘zaro bog‘liqlik borligi aniqlangan. Ya’ni agar o‘g‘il yoki qiz bolani bolaligidan it va mushuklarga zo‘ravonlik qilish (masalan, ularni itlar jangiga olib borish) me’yoridagi ish ekaniga ko‘niktirib borilsa, tez orada ular ta’sirchanlikni yo‘qotadilar. Bu nima degani? Ya’ni individuum ma’lum bir vaziyatlarda qancha ko‘p bo‘lsa, bunday muhitda shuncha tez o‘zini yaxshi his qila boshlaydi. Afsuski, jonivorlarni qiynash va ularga azob berishni ko‘rgan bolalar bir kun kelib o‘zlari zo‘ravonga aylanishi mumkin. Ota-onalar esa farzandini yaxshilik va mehribonlikka, qushlar, itlar, mushuklar va boshqa jonivorlarga g‘amxo‘rlik qilishga o‘rgatishi kerak. Darvoqe, jonivorlar ham o‘z navbatida bolalarga xavotir va tajovuzkorlikdan qutulishga yordam beradi, boshqa insonlar bilan aloqalar o‘rnatish, ochiqlik, bir-biriga nisbatan xayrxoh bo‘lishga «o‘rgatishadi», ruhiy va hissiy zo‘riqishni yo‘qotishga yordam beradi.

«Mehr va Oqibat» Jonivorlarni himoya qilish jamiyati vakillari bunga izoh so‘rab murojaat qilganimizda itlar jangini jonivorlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabat sifatida malakalash kerak, uning tashkilotchilari va hayvonlarning egalarini birinchi marta katta jarimaga tortish lozim, agar bu yana takrorlansa, ozodlikdan mahrum etish jinoiy javobgarligini qo‘llash lozim, deya javob berishdi. Ayni damda NNT Toshkent Yuridik universiteti bilan birgalikda hayvonlar va qushlar bilan o‘tkaziladigan barcha ko‘rinishdagi janglarni taqiqlash kiritiladigan jonivorlar bilan insonparvarlarcha munosabatda bo‘lish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashmoqda.

Yuliya Sarimsoqova.

Evelina Sinotova

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech