17 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,6 °C

Kеyingi avlod
3 May  2019 6002

Maktablar: islohotlar qanday bormoqda?

O‘tgan yildan boshlab respublika maktablari hayotida o‘qituvchilar va ularning ota-onalariga ham ma’qul tushgan jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Sohada va amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha vatandoshlarimizdan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Ana shu savollarga javob olish uchun tahririyat O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod ShERMATOVga murojaat qildi.

Timur Kaysarov surati.

Qoidabuzarliklar aniqlansa…

«Fevral oyi boshida Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi davlat tuzilmalarida Xalq ta'limi vazirligi (10,9 mlrd. so‘m) moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turishini ma'lum qilgandi. Qaysi holatlar haqida so‘z bormoqda va ular qanday bartaraf etiladi?»

X.Zoirov, Urganch sh.

– Moliyaviy qoidabuzarliklar asosan, maosh, turli to‘lovlar, kasallik varaqasi va o‘qituvchilarning mehnat ta'tili pullarining noto‘g‘ri hisoblanishi bilan bog‘liq. Shuningdek, davlat xaridlari va boshqa sohalarda ham qoidabuzarliklar qayd etilgan.

Xalq ta'limi vazirligi bunday holatlarning, shu bilan birga, XTV va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari uchun turli treninglar tashkil etish orqali oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘lladi.

"Turmush o‘rtog‘im vaqti-vaqti bilan navbatchilik deb maktabda tunab qoladi, keyin ertalab dars o‘tgani jo‘naydi. Agar ta'lim berish bilan bog‘liq bo‘lmagan ish taqiqlangan bo‘lsa, unda nimaga asoslanib tungi navbatchilikka jalb etish mumkin?"

A.Rahimov, Toshkent sh.

– Bunday navbatchiliklar muassasaning xavfsizligini ta'minlash uchun bayramlar arafasida o‘tkaziladi. Vazirlik bu borada maktablarga navbatchilikka texnik xodimlar va qorovullarni jalb etishni tavsiya etgan.

«Yonginamizdagi davlat umumta'lim maktabida doim bolalarni shanbalikka jo‘natishlari, maktab atrofi, jumladan, stadionni supurtirishlarini ko‘raman. O‘quvchilarni tozalovchilar ishini bajarishga majbur qilish qonunga qanchalik to‘gri keladi va qanday maqsadda shunday qilinadi?»

Z.Kim, Toshkent sh.

– O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rmoqda. Xalq ta'limi vazirligi ham sohada bunday mehnatning oldini olish bo‘yicha ishlar olib boryapti. Bunda Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq mamlakatimizda vaqti-vaqti bilan hududlarni, jumladan, maktablarni ham, obodonlashtirish uchun umumrespublika hasharlari o‘tkazilmoqda.

"Darslikni varaqlay turib, bir nechta xato topdim. O‘sha darslikning yangi nashrida xatoni tuzatishlari uchun qayerga murojaat qilish kerak?"

A.Yermolova, Farg‘ona sh.

– Xalq ta'limi vazirligi o‘z saytida http://eduportal.uz maxsus bo‘limini ishga tushirdi. U orqali o‘z izohingizni qoldirishingiz va darsliklardagi xatoliklarni ko‘rsatishingiz mumkin.

"Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi pedagogik jamoa yig‘ilishi va o‘quv jarayoniga, umuman, maktab faoliyatiga aralashishga, xodimlarni turli obodonlashtirish ishlariga jalb qilishga haqlimi?"

M.Almyasheva, Toshkent sh.

– Mahalla fuqarolar yig‘ini raisining maktab faoliyatiga aralashishga yoki xodimlarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilishga haqqi yo‘q. Ammo u ushbu muassasada mavjud muammolarini hal etishda ishtirok etishi mumkin.

Pullar qayoqqa ketadi?

"Maktablarda ota-onalar majlislarida sinf fondi, maktab fondi, deb pul yig‘ishadi. Bu qanchalik qonuniy va bunday badallarni to‘lash shartmi?"

O.Petrov, Samarqand sh.

– Maktablar turli maqsadlarda pul yig‘ishga haqli emas. Ammo ota-onalar yoki boshqa shaxslar o‘z ixtiyori bilan shartnoma asosida homiylik vositalarini taqdim etishlari, shuningdek, homiylar «MFond» tizimidan ham foydalanishlari mumkin.

 

"MFond faoliyatining dastlabki natijalari qanday va olingan mablag‘lar qayoqqa yo‘naltiriladi?"

G‘. Qodirov. Andijon sh.

– MFond jamoatchilik xayriya jamg‘armasi bo‘lib, XTV tomonidan ta'sis etilgan. Uning vazifasi – O‘zbekiston Respublikasida maktab ta'limini rivojlantirishga ko‘maklashish. Uning maqsadlari ichida: maktab ta'limi, ma'rifat, madaniyat va shaxsning ma'naviy rivojlanishiga ko‘maklashish; maktablarning infratuzilmasi va moddiy-texnika bazasi, hamda o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish; imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash. Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari - o‘quvchilarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash; iqtidorli hamda kam ta'minlangan o‘quvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash; o‘quv jarayonini moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash va uskunalar bilan ta'minlash, o‘quv binolarini jihozlash; maktab infratuzilmasini rivojlantirish (maktab binolari, xonalar va boshqalarni ta'mirlash)dan iborat.

Faoliyati davomida jamg‘arma tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:

- xayriya malag‘larini jalb qilish uchun onlayn-platforma ishga tushirildi;

- A. Avloniy nomidagi xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida hududiy maktablarning 250 nafar direktori uchun MFond taqdimoti o‘tkazildi;

- Xalq ta'limi vazirligi delegatsiyasining AQShga rasmiy tashrifi doirasida Mfondning birinchi faxriy elchisi tayinlandi;

- Yoshlar ittifoqi bilan xayriya aksiyalari o‘tkazildi. Tashkilotchilar 9636 ta maktabga umumiy qiymati o‘n milliard so‘mlik 47 ta nomidagi, orasida vatanimiz va xorijiy klassiklar asarlari ham bo‘lgan, 450 ming dona kitob taqdim etishdi.

Ayni damda mablag‘larni jalb qilish samaradorligini oshirish uchun portal takomillashtirish jarayonida. Xayriya yig‘imlarining ishlatilishi hamda ular bo‘yicha hisobotlarning shaffofligi va sifatliligi ustida ishlanmoqda.

Ijtimoiy vektor

"Uch farzandimiz bor, erim – nogiron, o‘zim farrosh bo‘lib ishlayman, maoshim past. Barcha bolalarimga yaqinda hamma kiyishi shart bo‘ladigan maktab formasi sotib olishga qurbim yetmaydi. Yordam so‘rab kimga murojaat qilsam bo‘ladi?"

L.Ikromova, Angren sh.

– Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-avgustdagi «Davlat umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq tijorat banklari aholiga maktab formasi xarid qilish uchun qisqa muddatli iste'mol kreditlarini taqdim etadi.

"Internetda maktab o‘quvchilarini maxsus avtobuslar tashishi haqida o‘qib qoldim. Rostdan ham shundaymi va ular qachon paydo bo‘ladi?"

K.O‘rolova, Termiz sh.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 2-noyabrda kelgusida xalq ta'limi tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirishni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Uning borishi chog‘ida joylardagi maktablar filiallarini to‘laqonli muassasalarga aylantirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi. Bunda to‘laqonli maktab barpo etish maqsadga muvofiq bo‘lmagan joylarda o‘quvchilarni tashish uchun avtobuslar taqdim etish masalasini o‘rganish ham topshirildi. Ushbu tashabbus birinchi navbatda olis tumanlardagi muassasalarga taalluqli.

"Maktab kutubxonasiga nafaqat o‘quvchilar, balki qo‘shni kvartallar aholisi ham yozilishi mumkin ekanligi rostmi? Rost bo‘lsa, qanday shartlarda?"

S.Tixomirova, Navoiy sh.

– Xalq ta'limi vazirining 2011-yil 19-avgustdagi 189-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Umumta'lim muassasalari kutubxonalari to‘g‘risidagi Nizomda «O‘quvchilar, o‘qituvchilar, ta'lim xodimlari, umumta'lim muassasasining boshqa xodimlari, ota-onalar (ularning o‘rnini bosuvchi) kutubxonaga a'zo bo‘lishi mumkin. Umumta'lim muassasasining kutubxonasi zarurat bo‘lganda mikrorayon (qishloq) aholisining pedagogika va xalq ta'limi adabiyotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi. Kutubxonaning o‘quv zalida foydalanuvchilarga xizmatlarning to‘liq spektri taqdim etiladi», deya keltiriladi.

Yuqorida keltirilganlardan kelib chiqib, umumta'lim muassasalari kutubxonalaridan aholi ham foydalanishi mumkin.

Kadrlar masalasi

"Maktabda ijtimoiy fanlar o‘qituvchisi bo‘lib ishlashni istayman, gumanitar ixtisoslik bo‘yicha bakalavr va magistr darajasiga egaman, lekin pedagogik emas. Maktablar o‘qituvchilarga muhtoj, ular qayta tayyorlash kurslarini tamomlagani haqidagi diplomsiz ishga olishmayapti, kurslar esa maktabda ishlamaydigan odamni qabul qilishdan bosh tortadi. Nima qilish kerak?

Yana bir savol: oliy ma'lumoti bo‘lmagan, biroq pedagogik yo‘nalishdagi kollejni tamomlaganlar maktabda dars bera oladimi?"

Sh. Hidoyatov, Namangan sh.

– Prezidentimizning 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga, shuningdek, Xalq ta'limi vazirining 2018-yil 10-sentyabrdagi «Xalq ta'limi tizimida kelgusida oliy ma'lumotli kadrlarni professional-pedagogik qayta tayyorlashni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi buyrug‘iga muvofiq oliy ma'lumotli mutaxassislarni professional va pedagogik qayta tayyorlash amalga oshiriladi. Nomzodlarning hujjatlari buyruqning ilovasida keltirilgan ko‘rsatmalariga mos kelishi lozim.

Uning 4-chi «Xalq ta'limi tizimida professional-pedagogik qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish tartibi» bandida bunday qayta tayyorlash xalq ta'limi hududiy organlari tasarrufida bo‘lgan vazirliklar, idoralar va muassasalar buyurtmalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Ya'ni, muhtoj bo‘lgan maktab talabgorga yo‘llanma berishi kerak. Agar siz murojaat qilgan umumta'lim muassasasida o‘qituvchi kerak bo‘lsa, lekin sizning diplomingiz mos kelmasa, unda siz yo‘llanma bo‘yicha kurslarda o‘qish huquqiga egasiz, deya keltiriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-oktyabrdagi «Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Klassifikatorini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan kvalifikatsion talablarga muvofiq umumta'lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida pedagogik yo‘nalishdagi  kollejlarni tamomlagan va boshlang‘ich sinf, jismoniy tarbiya, texnologiya, musiqa va tasviriy san'at o‘qituvchisi mutaxassisligiga ega shaxslar ishlashlari mumkin.

"Ikki yildan beri ikkita maktabda o‘rindoshlik asosida dars beraman. Mehnat ta'tiliga chiqishim tartibi qanday?"

X.Jalilov, Toshkent sh.

– Mehnat Kodeksining 133-moddasiga ko‘ra, barcha xodimlarga, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlayotgan xodimlarga, dam olish va ish qobiliyatini tiklash uchun ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlangan holda yillik mehnat ta'tillari beriladi.

"Maktabdan so‘ng repetitorlik qilib pul ishlamoqchiman. Buning uchun o‘zim ishlaydigan maktab binosidan ijara shartnomasi asosida foydalana olamanmi?"

F.Nozimova, Jizzax sh.

– Siz maktab bilan ijara shartnomasi tuzishingiz mumkin. Bunda pul mablag‘i ta'lim muassasasi hisobiga o‘tkaziladi. Ammo sizning repetiteorlik faoliyatingiz o‘quv jarayoniga xalaqit qilmasligi kerak.

Yangicha o‘qish

"Toshkent va boshqa shaharlarda Prezident maktablarining tashkil etilganini eshitdim. Bu maktablarga kimlar kira oladi?"

D.Abrorov, Nukus sh.

– Prezident maktablariga qabul to‘rtinchi sinflarni bitirgan o‘quvchilar o‘rtasida mantiqiy fikrlash, yozma imtihon va suhbat tariqasida o‘tkaziladi va ular XTV tomonidan o‘rnatilgan tartibda saralab olinadi.

Birinchi o‘quv yilida 5-10 sinflarga qabul qilinganlarning umumiy soni 144 kishiga yetdi. Yillik qabul kvotasi 24 o‘quvchini tashkil etadi. Bir sinfda 12 nafardan bola o‘qitiladi.

Qabul muddatlari va shartlari to‘g‘risida alohida xabar qilinadi.

 "Bir necha yil avval xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy institutlari kadrlar tayyorlash tizimining turli darajadagi aloqalarini mustahkamlash uchun oliy o‘quv yurtlari tuzilmasiga o‘tkazildi. Endi ularni XTVga qaytarishmoqchi. Nima uchun bunday qarorga kelingan?"

D.Oqilov, Shahrisabz sh.

– Prezidentimizning 2017-yil 26-sentyabrdagi «Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari tegishli hududdagi oliy ta'lim muassasalari tasarrufiga berildi. Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari barpo etildi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan XTV ga pedagog kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish vazifasi yuklatildi. Hujjatga muvofiq uning ijrosini ta'minlash uchun oliy ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatgan hududiy Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi. Bu sohada kadrlar tayyorlash tizimi tayyorlashning turli darajalari o‘rtasidagi munosabatlar samaradorligini yanada oshiradi. Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari tomonidan o‘qitilgan o‘qituvchilar sabab maktablarda ta'lim jarayonini va tizimda o‘qituvchilar uchun talablarni o‘rganish mumkin, bu esa universitetlarda o‘qituvchilarni tayyorlashda e'tiborga olinishi lozim.

“Ko‘pgina maktablarda ingliz, nemis yoki fransuz tillari o‘rganilmoqda. Boshqalarni, xususan, Sharq tillarini ham o‘rganadigan sinflar sonini ko‘paytirish rejalashtirilyaptimi?”

N.Yoqubov, Qarshi sh.

– Barchasi hududdagi ehtiyoj va imkoniyatlarga bog‘liq. Agar deylik, xitoy tilini o‘rganishga muhtojlik bo‘lsa, shunday sinflarni tashkil etish mumkin. Biroq bunda hududda o‘sha tillarni o‘qita oladigan o‘qtuvchi bor-yo‘qligini ham ko‘rib chiqish zarur.

“Yevropa va AQShda jismoniy tarbiya bo‘yicha maktab dasturi biznikidan tubdan farq qiladi – normativlarni topshirish o‘rniga asosiy urg‘u bolalar mazza qilib o‘ynaydigan o‘yinlarga qaratiladi. Bizning dasturimizni ham ushbu predmet bo‘yicha jahon talablarini inobatga olgan holda o‘zgartirish qilish rejalashtirilyaptimi?”

V.Nadejdin, Chirchiq sh.

– Hozirda Xalq ta'limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda nafaqat Yevropa va AQSh davlatlarining, balki Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi davlatlarning umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida ham qo‘llaniladigan jismoniy tarbiya o‘quv dasturini o‘rganmoqda. Ushbu yo‘nalishda o‘qitish sifatini oshirish uchun ijobiy xorijiy tajribani qo‘llash maqsadida hamkorlikdagi ish yakunlariga ko‘ra amaldagi dasturlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga ichki tizimda xorijiy metodologiyani joriy etishda samaradorlikka erishish uchun "ASIS" dasturi bo‘yicha jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazish jarayonini tahlil qilish ko‘zda tutilgan.

“Respublika maktablarining birinchi reytingida ishtirok etadigan maktablar qaysi tamoyil bo‘yicha tanlanadi va bunday cheklangan miqdordagi muassasalarda reytingni shakllantirish nima beradi?”

R.Qayumov, Kattaqurg‘on sh.

– Prezidentimizning 2018-yil 5-sentyabrdagi «Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga va davlatimiz rahbarining 2019-yil 16-yanvardagi ta'lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq ta'lim muassasalari reytingini aniqlash, tuzish va rasman e'lon qilish masalalari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakolatiga kiradi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech