17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,1 °C

Tashvishli xabar
28 Fevral  2019 8806

Shimoliy Qutbga ekspeditsiya... yoki tabiiy gazimiz qayoqqa ketmoqda?

Mana, qish oylari ham poyoniga yetdi. Har bir kuz-qish mavsumi aholini juda muhim hisoblangan tabiiy gaz resursi bilan ta'minlashdagi muammolarning yuzaga qalqib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Qishning sovuq va ayozli kunlarida ushbu tabiiy ne'matga bo‘lgan talab oshadi: nafaqat ovqat pishirish, choy qaynatish, balki uyni isitish ham kerak. Bugun juda past bosim yoki umuman gaz yo‘q ligi sabab tirikchiligini o‘tin yoki ko‘mir bilan o‘tkazayotgan xonadonlar sohiblari uyida zangori olov gurillab yonib turganlarga havas bilan qarashi ham bor gap. Ammo ko‘mir yoki o‘tin yoqilg‘isiga bo‘lgan narxlar ham sezilarli oshgan.

Bir safar Namangan viloyati Chust tumanidagi Varzik qishlog‘iga yo‘lim tushib qoldi. Tezda kech tushib, chor-atrof qorong‘ilashgach, Malika opanikida tunab qoladigan bo‘ldim. Qishloqda gaz 11 yildan beri yo‘q ekan. 2008-yildan beri odamlar uyini o‘tin va ko‘mir bilan isitadi, ayrimlari g‘o‘zapoyadan foydalanadi. Deyarli har bir uyga gollandcha pechka qurilgan.

Malika opa menga eng issiq uyiga joy solib berdi va ertalabgacha pechka o‘chib, uy ichi sovib ketishini aytib, yechinmay uxlashni tavsiya qildi. Mehmondo‘st oila a’zolarining o‘zlari ham qalin kiyinib olishgan, bolalarning boshidan to‘qilgan telpak tushmaydi. Go‘yo Shimoliy Qutbga ekspeditsiyaga ketishayotgandek bo‘lib ko‘rinadi.

Kechga borib, chiroq ham o‘chib qoldi va shu bois ertaroq yotishga to‘g‘ri keldi. Tuni bilan sovqotib chiqdim va ertalab MFY raisiga uchrab bu borada gaplashib olmoqchi bo‘ldim. Ammo kun bo‘yi kutsam-da, u kelmadi, shu bois fuqarolarning o‘zi bilan suhbatlashishga majbur bo‘ldim.

- Mahallamizda qachon gaz bo‘lgani esimdan ham chiqib ketgan, - deydi pensioner Faridaxon opa. – Qish yaqinlashaversa, yuraklarimiz zirillaydi. O‘tinni yozda tayyorlab qo‘yamiz, negaki, qishda juda qimmat bo‘lib ketadi. Agar qish ayozli kelsa, o‘tinimiz tez tugab qoladi. Bunday sharoitda ovqat tayyorlash ham muammo, xullas, elektrdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Qurbi yetganlar propan gazi to‘ldirilgan gaz ballonlardan foydalanadi, aksariyat odamlar uyini elektr uskunalar bilan isitadi.

- To‘rt bolali beva ayolman. Yaqinda o‘g‘limni uylantirdim. Bor topgan puli o‘tinga sarflanyapti. Barcha uylarni birday istishning iloji yo‘q, shu bois qishda bitta xonaga tiqilib olamiz - u yer ham oshxona, ham yotoqxona. To‘g‘ri, suyultirilgan gaz ballon olish mumkin, ammo u ovqat pishirish va choy qaynatish uchun, xolos, uyni isitib bo‘lmaydi. O‘tinning narxi qimmat, boz ustiga, uning tutunidan nafas olishga to‘g‘ri keladi. Qishlog‘imizga qachon gaz kelarkan-a? - deya xo‘rsinadi qo‘shni ayol Sanobar opa.

Qishloqning boshqa kishilari ham xuddi shunday muammolarni aytishdi. Chindan ham, muammolar bir talay – yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir, ichimlik suv ta’minoti yo‘q hisobi.

Isitish uchun ko‘mir yoqiladigan maktabga bordik. Ammo ularning ko‘miri mayda va sifatsiz, yaxshi yonmaydi. Sinfxonani isitish uchun ancha terlab-pishishga to‘g‘ri kelarkan. Aholining ish bilan bandligi qanday va ular tadbirkorlikka jalb etilyaptimi, degan savolga hammasi yelka qisishdi. Biror kishidan jo‘yali javob ololmadik. Mahallada bir nechta tegirmon, do‘kon va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari bor. Birorta yirikroq tadbirkorlik sub'ektiga duch kelmadik, ochig‘i, maydalariga ham. Fermer xo‘jaligida ishlaydiganlar chidasa bo‘ladigan sharoitda turmush kechirishadi, lekin ular ham hamma qulaylik yetarli, deb maqtana olishmaydi.

Ha, Varzikda shunga o‘xshagan muammolar ko‘p, ammo viloyat markazi ham undan ortiq emas. Bu yerda ham yechilishi kerak bo‘lgan masalalar bir talay. Masalan, gaz uchun qarzdorlikni olaylik. Shahar gaz xizmatida million so‘mdan ziyod qarzi borligini eshitib, «Istiqlol» mahallasida yashovchi mehnat veterani G‘anijon Rahimovning mazasi qochib qolay dedi.

- Gazning o‘zi tag-tugi bilan yo‘q, uylarni isita olmayapmiz. Bir necha yil oldin kelinim Dilorom vafot etgan, - deydi veteran ma'yus tortib. – yetarli sharoit yaratib bermadim, uyni issiqlik va issiq suv bilan ta’minlay olmadim, deb marhum kelinimning ota-onasi ko‘ziga qaray olmayman. O‘g‘limning nogironligi bor, surunkali bod (revmatizm)dan aziyat chekadi. Ancha yillar oldin gaz ta'minoti xizmatining talabi bilan quvurlar sotib olganmiz, ularning olib kelinishi va payvand-montaj qilish pulini to‘laganmiz. Ayrimlar o‘lchagich ham sotib olishgan. 2014-yilda bizga gaz berishni to‘xtatib qo‘yishdi. Shikoyat qilmagan joyimiz qolmaydi, hamma joyda bir xil javob: suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballon sotib oling. Bizni aldab, ushbu tabiiy ne'matning kerak bo‘lmagan trassasini tortishga majbur qilishdi. Bu haliyam hammasi emas, biz issiqqina va barcha sharoitlarga ega uylarimizni tashlab, biyday dalaga ko‘chib chiqdik. Kompensatsiya tarzida berilgan 21,5 million so‘m pul yangi uylarimizning poydevoriga ham yetmadi. Davlat narxida qurilish materiallari bilan ta'minlashga va'da berishgandi, ammo so‘zlarida turishmadi. Mana, keti ko‘rinmas bu qurilishlarga sement ham sotib ololmayapman.

Shu o‘rinda aniqlik kiritsak: bundan bir necha yillar oldin Bobur ko‘chasidagi uylarni buzishga qaror qilishdi. Aholiga yer uchastkalari ajratishdi, ammo ular ko‘chganidan juda pushaymon bo‘lishdi ham. Qurilish jarayonida bir olam muammolarga duch kelishdi, jumladan, gaz bo‘yicha ham, ammo u haliyam yo‘q.

- O‘tinga ikki million so‘mdan ziyod mablag‘ ketadi, hatto, yog‘och qirindisi ham arzon emas. Shu bois qishda hammamiz bitta xonaga tiqilib olamiz, - deydi Extibor Eshonova. – Ularga ishonib, bu yerga ko‘chib kelganimizdan afsuslanyapmiz. O‘lchagichlaru gaz quvurlari o‘rnatildi, ammo... undan hamon darak yo‘q. Gaz balloni sotib olish qimmatlik qiladi: o‘zim pensionerman, o‘g‘limning nogironligi bor. Mahalla ayollari kasallik ko‘payib ketayotganidan noliydi, bolalarimiz doim shamollab yuradi. Gaz uchun to‘layapmiz, ammo qani u?

Murodjon Hamidovning yangi uyida xonalar va hammomni isitadigan zamonaviy kamin o‘rnatilgan, ammo o‘zi, xotini va uch farzandi bilan yerto‘lasifat joyda yashashmoqda. Uyni isitish uchun gaz yo‘q, yong‘in chiqishi xavfsizligi nuqtai nazaridan ko‘mirdan foydalanish mumkin emas. Ota-onasi kichkinagina xonada turishadi va burjuyka yordamida jon saqlashadi. Onasi – Muhabbat Abbosova – insultni, otasi – Sobitxon Hamidov – infarktni boshdan kechirgan.

QFY rahbariyatining so‘zlariga qaraganda, tabiiy gaz uchun qarzdorlikni vaqtida yopish uchun qo‘ldan keladigan barcha ishlar qilingan, aholi hatto, oldindan to‘lagan ham. Ikki yil oldin 800 xo‘jalikdan 230 tasiga, sal keyinroq butun mahallaga gaz berishni to‘xtatib qo‘yishgan. Bu katta muammolarni keltirib chiqaradi, ayniqsa, nogironligi bo‘lganlar va pensionerlarga.

Aholining aytishicha, hamma gap har kuni yuzlab avtomobillarga gaz to‘ldirib berayotgan qishloq yaqinidagi avtogazto‘ldirgich stansiyasida ekan. Mutaxassislar esa avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi boshqa, alohida magistral orqali gaz bilan ta'minlanishini, aholi esa shahar gaz ta'minoti ruxsatisiz o‘zboshimchalik bilan quvurlar tortib, o‘zlaricha loyihalar tuzayotgani muammolarni keltirib chiqarayotganini aytishdi. Ammo aholi bu mutlaqo noto‘g‘ri, ishlarga viloyat gaz ta'minoti mutaxassislarining o‘zlari rahbarlik qilgan, demoqda.

Yana bir narsaga e'tibor qaratamiz, bu yerda yashil ekinlar juda kam: qishda yonadigan nimaiki qo‘lga ilinsa, pechkaga tiqiladi. Ammo aholiga yangi uchastkalarda tomorqalar tashkil etish, meva-sabzavot yetishtirish mumkinligini va'da qilishgandi...

Feruza Otaxonova.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech