14 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14 °C

Kеyingi avlod
24 Yanvar  2019 8582

Oliy ta’lim sifatini oshirishning qo‘shimcha omillari

Oliy ta’limni tashkil etish strategiyasida oliy ta’lim muassasalarining ichki tuzulmalari ham muhim o‘rin tutadi. Sharq va G‘arb madaniyatida oliy ta’lim muassasalarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixida jamiyatning turli ijtimoiy-iqtisodiy bosqichlarida ta’lim muassasalarining muayyan tuzilmalari shakllanganligini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda islohotlar, shu jumladan, oliy ta’lim tizimida jadal amalga oshirilmoqda, zero mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish uchun  oliy ta’lim muassasalari tarkibidagi tuzulmalarda ham muayyan o‘zgarishlar qilishni talab etadi.

Oliy ta’lim tizimini takomillashtirishda erishilayotgan bir qator ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, biz alohida e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan ayrim muammolar ham borligini ta’kidlamoqchiman.

Birinchidan, ma’lum bir mintaqadagi (hatto bir shahardagi) o‘xshash oliy ta’lim muassasalarining bir-biridan uzilib qolganligini, aytaylik birgina shaharda qurilish, transport, avtoyo‘l yoki boshqa texnika sohasiga oid oliy ta’lim muassasalarning faoliyat yuritishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Asos fanlar o‘tiladigan kafedralarning taxminan 30-60 % aynan bir xil yoki o‘xshashdir. Ma’lumki, hajman kichkina kafedraning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bo‘ladi. Avvalo, bu ilmiy faoliyatda va uslubiy ishlar yaratilishida cheklanganlikni keltirib chiqaradi. Yuqori intellektual kuchlar to‘plangan jamoada yaxshi, innovatsion, samarali g‘oyalarning tug‘ilishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Ilmiy va pedagogik kadrlarning bir shahar hududidagi aynan bir xil yoki o‘xshash ko‘plab kafedralarga tarqalib ketishi inson resurslaridan unumli foydalanish samaradorligini pasaytirib yuboradi. Shu bilan bir qatorda, bir nechta o‘zaro yaqin ta’lim yo‘nalishlari fan va mutaxassisliklar kesimida yangi-yangi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga yordam beradi. Masalan, tibbiyot institutlari qoshidagi fizika, kimyo, biologiya, informatika, matematika kabi kafedralar anchagina cheklangan darajada faoliyat olib boradi. Agarda ularga klassik universitetlarning fizika-matematika va biokimyo fakultetlari xizmat ko‘rsatsa, erishiladigan yutuqlar yanada zalvorli bo‘lishi aniq. Bu yerda biz tibbiy ta’lim sohasi  mutaxassislarini ranjitish maqsadida misol qilib keltirayotganimiz yo‘q, bilaks ushbu soha hayotiy misol bo‘lganligi uchun ta’kidlamoqdamiz, xolos. Bu yo‘l dunyoning ko‘plab ilg‘or, yetakchi universitetlari tomonidan tanlangan va u o‘zini oqlab kelmoqda.

Misol uchun oladigan bo‘lsak, Isroilda bu sohada 8 ta tibbiyot fakulteti faoliyat yuritadi va ularning barchasi yirik universitetlar tarkibidadir. Isroil aholi jon boshiga tibbiy turizm sohasida ham dunyoda birinchi o‘rinda turadi, shuning uchun ham ular dunyoga ko‘plab innovatsiyalarni, shu jumladan, tibbiyot sohasiga doir yangi innovatsiyalarni taqdim etmoqda. Texnika, tabiiy-ilmiy sohadagi oliy o‘quv yurtlarida ham xuddi shunday. “Suyultirilgan” muhitda innovatsion fanni rivojlantirib bo‘lmaydi. Ilmiy va pedagogik jarayonning yuqori samaradorligi uchun “zichlangan” ilmiy-pedagogik muhit maqsadga muvofiqdir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, oliy ta’lim muassasalarini mustahkamlash uchun ularning ichki tuzulmalarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, chamasi. Boshqaruv tizimini takomillashtirish, oliy ta’lim muassasalari ichki tuzulmalarini qayta qurish va oliy ta’lim muassasalariaro aloqalarni mustahkamlash imkonini beradi. Ushbu bosqichda mazkur strategiyani konseptual tarzda qabul qilish muhimdir. Ichki tuzulmalar qayta qurilishining har bir bosqichi natijalari vaqti-vaqti bilan tahlil qilinishi, zarur hollarda tuzatishlar kiritilishi va va shundan so‘ng keyingi bosqichga o‘tilishi lozim bo‘ladi. Asosiy maqsad – mutaxassislar tayyorlash sifatini hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini yanada oshirish uchun ilmiy-pedagogik salohiyatni bir joyga jamlashdir.

Ikkinchidan, Respublikada faoliyat yuritayotgan ta’lim sohalari va mutaxassisliklari tasnifi muntazam ravishda takomillashtirib borilmoqda va hozirgi zamon talablariga mos keladi. Shu bilan bir qatorda, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatura va magistrlik mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim sohalari ro‘yxati prinsipial va oliy ta’lim muassasalarining o‘zlari mustaqil ravishda inventarizatsiya qilishlarini talab etadi. Tahlillar va qayta qurilgan ichki tuzulmalar har bir oliy ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyatiga muvofiq ravishda mazkur ro‘yxatning shakllanishini ta’minlaydi. Ixtisoslashgan o‘qituvchilarning yetishmasligi (ayniqsa yangi ochilgan yo‘nalishlarda), talabga javob bermaydigan (yumshoq qilib aytganda yaroqsiz) laboratoriya qurilmalari va o‘qituvchilarning ortiqcha ishlar bilan shug‘ullanishlari oqibatida, ayrim yo‘nalishlarda mutaxassis tayorlash  sifati pasayib ketdi. Har bir oliy ta’lim muassasasi uchun mutaxassisliklar ro‘yxatini takomillashtirish va bir vaqtning o‘zida xalq xo‘jaligida o‘zini oqlagan yo‘nalishlarda kontingentni ko‘paytirish bu – hyech qanday ortiqcha xarajatlarsiz ta’lim sifatini oshirishning muhim omili bo‘ladi.

Ta’limning har bir yo‘nalishida kurs bo‘yicha kamida 50-100 nafar talabaning qabul qilinishi fan va ta’limda konsentratsiya tamoyilidan ijobiy foydalanish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, laboratoriya va tajriba-konstruktorlik bazasini yaratish va qo‘llab-quvvatlash uchun katta e’tibor va mablag‘ talab qiladigan ta’lim sohalariga taalluqlidir. Aytish mumkinki, bundan oliy ta’lim muassasalarining manfaatlariga hech qanday zarar yetkazilmaydi. Aksincha, bundan nafaqat jamiyat, balki oliy ta’lim muassasalarining o‘zlari ham foyda ko‘radi: mablag‘lar tarqalib kemaydi, kafedralarning ilmiy-pedagogik va metodologik salohiyati, o‘z-o‘zini nazorat qilish va o‘z-o‘zini baholash, axloqiy-ruhiy muhit va eng muhimi, jamoaning mahsuldorligi sezilarli daraja ortadi. Ba’zi oliy ta’lim muassasalarining monopoliyaga aylanishi yuz bermaydimi degan e’tirozlar paydo bo‘lishi mumkin. Bu savolga so‘nggi yillarda yangi ochilib, faoliyat yuritayotgan yo‘nalishlarning bugungi holati javob beradi, shekilli. Shubhasiz, ularning ba’zilari o‘zlarini oqlashdi, boshqalari faoliyati bo‘yicha xulosalar chiqarish lozim ko‘rinadi. Mazkur oliy ta’lim muassasalarida ochilgan yangi yo‘nalishlar jamoaning ilmiy-pedagogik salohiyati, mintaqada ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy talablarning tabiiy o‘sishi natijasi bo‘lishi lozim.

Uchinchidan, ikki bosqichli asosda mutaxassislar tayyorlash tizimida magistrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Magistrlar tayyorlash borasida barchaga ma’lum muammolarni yana bir bor eslatib o‘tirishning hojati bo‘lmasa kerak. Yumshoq qilib aytadigan bo‘lsak, bu soha juda ham muvaffaqiyatli chiqmadi. Mening nuqtai nazarimcha, bu  muvaffaqiyatsizlikka qabulning kamligi, iste’molchilarning tor doiradagi mutaxassisliklarga talabi bo‘lmagani holda ixtisosliklarning haddan ziyod kichik qismlarga bo‘linib ketishi kabilar sabab bo‘ldi. Bakalavriatura shakllanib kelayotgan bir sharoitda magistrlar tayyorlashdagi kamchilik va nuqsonlar milliy ta’lim maqomini sezilarli darajada pasaytiradi. Magistratura tizimida uchrayotgan kamchiliklarga nimlarni ko‘rsatish mumkin? Avvalo, bakalavr va magistr mutaxassislar mehnat maqomining noaniqligi sababli qabulda tanlovning pastligi. Amalda, hozirgi vaqtda bakalavrlar ham, magistrlar ham bir xil lavozimni egallashlari mumkin (kamdan-kam istisno tariqasida, masalan, ilmiy va pedagogik faoliyatda ular farqlanishi mumkin). Mutaxassisliklarning har bir kursida 3-5 nafargina magistrantning ishtiroki ma’ruza va boshqa mashg‘ulotlarning to‘laqonli o‘tkazilishini rag‘batlantirmaydi. Magistratura hozirgi shaklida o‘qituvchining talaba bilan individual ishlashiga asoslanadi, lekin magistrantlarda mustaqil ishlash malakasi to‘la shakllanmagan, o‘qituvchilarda esa magistrantlar bilan individual ishlashda izchillik va prinsipiallik yetishmaydi.

Oliy ta’lim muassasalari ichki tuzulmasini erkin isloh qilish, islohotlarning maqsadlar bilan uzviy bog‘lanmaganligi, profilning o‘ziga xosligi va bu borada dunyo ijobiy tajribasining hisobga olinmaganligi kabilar ta’lim jarayonining sifati va samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Bu shuni ko‘rsatadiki, islohotlarni, boshida o‘ylanganidek, chuqur mulohazakorlik bilan va ichki tuzulmalarga bosqichma-bosqich tizimli ravishda o‘zgartirishlar kiritish orqali amalga oshirish lozim.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand Davlat universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor

           

 

 

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech