05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,5 °C

Fikr
6 May  2020 2167

Saxovat karvonlari

Odamlar uzoq yillar yonma-yon, hamnafas yashab ham, bir-birlarini yaxshi bilmasliklari mumkin. Katta shaharlar hayotida bu holatga koʻp bor duch kelamiz. Hammaning boshida ming birxayol– yugurish kerak, ulgurish kerak. Ertalab, kechqurun yoʻlakda sizdan bir qavat pastda yoki yuqorida turadigan qoʻshni bilan koʻrishib qolsangiz, oddiy salom-alikdan boshqaga oʻtmaysiz. Vaqt sizni kutib turmaydi.

Faqat shu emas, yaqin-yaqingacha dunyoning ancha-muncha davlatlarida ham uzoq-yaqin qoʻshnilar bilan shunchaki salom-alik qilib, onda-sonda ha-hu deb yashayverish mumin, degan qatʼiy fikr bor edi. Hayotning bugungi mantigʻi bunday iddaolarni butunlay rad etdi. Bundan buyogʻiga shunchaki, “Men tinch boʻlsam boʻldi-da, boshqa bilan nima ishim bor”, deb yashab boʻlmaydi. Qoʻshning tinch – sen tinch. Tor qobiqqa oʻralib yashash jahoniy jarayonlardan uzilish, taraqqiyotda orqaga ketish, tanazzul botqogʻiga botish deganidir. Bir kuni ofat ismli balo eshikdan moʻralaganida, yolgʻizlanish nima ekanini qoʻshnilar bilib oladi, ammo kech boʻladi.

Sharqliklar hayotning bu oddiy haqiqatini boshqalardan koʻra avvalroq anglab, qadim zamonlardayoq bir-birlariga yelkadosh, suyanchiq boʻlib yashashni, yaʼni jamoaviylikni ixtiyor etganlar. Toʻy ham, aza ham birgalikda oʻtkazilgan. Birga ov qilishgan, dushmanlarga qarshi birgalikda kurashishgan. Suv balosi,oʻt balosidan, samoviy, zaminiy tahlikalardan shu bois omon chiqishgan. Bunday kulfatlar takrorlanmasligi tadorigini birga koʻrishgan.

Sirdaryoning Sardoba tumanida yuz bergan nogahoniy toshqin bunday hayot tarzining naqadar toʻgʻriligini yana bir bor isbot etdi. Davlatimiz rahbari zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi, vaziyatni nazoratga oldi, odamlar bilan yuzma-yuz boʻlib, koʻngillarini koʻtardi. Tabiiy ofat yetkazgan talafotlarning oʻrnini toʻldirish, suv ombori toʻgʻonini mustahkamlash ishlari boshlandi. Prezidentimiz, hukumat aʼzolari, tegishli tashkilotlarning rahbarlari shu yerda. Barcha viloyatlardan yordam kelib turibdi. Sirdaryoga koʻmaklashuvchi koʻngilli guruhlar tuzilmoqda, oilalarga insonparvarlik yordami koʻrsatish markazi ish boshladi. Oʻzbekiston Milliy universiteti, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, “Jahon adabiyoti” jurnali, “Oʻzbekkonsert” va yana koʻpdan koʻp xoʻjalik, ilmiy, ijodiy, maʼnaviy-maʼrifiy, qurilish, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlarida yordam aksiyalari oʻtkazilayotir. Xayriya ishlariga qoʻshilayotganlarning soni soat sayin koʻpaymoqda.

Bugun hammaning koʻnglida: “Sardoba, biz sen bilan birgamiz!”, “Koronavirusni ham, suv balosini ham bir musht boʻlib yengamiz”, degan soʻzlar. Yosh ayol saxovatli andijonlikarning yordam karvoni Sirdaryo tomon yoʻl olayotganida farzandini bagʻriga bosgancha: “Uerda odamlar qiyin ahvolda tursa, biz bu yerda xotirjam turolamizmi? Yeganimiz ichimizga tushmaydi”, dedi. Hammamiz eshitdik.

Bu gapni dunyoning yana qayerida eshitish mumkin? Shoir Muhammmad Yusuf yozganidek, mehmon kelsa, koʻrpani mehmonning ustiga yopib, oʻzi choponining ustida yotadigan, shoira Munavvara yozganidek, oqshom kelgan qoʻnoqqa tunda turib non yopadigan, ayvoniga in qurgan qaldirgʻoch bolasiga qoʻlida yemish beradigan xalq yana qayerda bor? Qurgan hovlisi bilan emas, mehmonxonasi bilan maqtanadigan xalqni boshqa yana qayerda koʻrish mumkin?

Paygʻambarimiz alayhissalom qoʻy soʻydirsalar, qassobga avval qoʻshnilarga ulush berishni tayinlar ekanlar. Ota-bobolarimiz hovlidagi oʻchoqda taom pishirganda, qoʻshniga nasiba uzatishni kanda qilishmagan. Qoʻshnining qoʻshnida haqi bor, deyishgan. Asrlar davomida bunga amal qilib kelgan xalqmiz. Yonma-yon ikki hovlining oʻrtasida lagan, likopcha uzatiladigan eshikcha boʻlgan. Ne-ne davrlarning ne-ne toʻfonlaridan omon chiqqanimiz, muqaddas tuprogʻimizdan ne-ne allomalarning yetishib chiqqani, dunyo tamadduniga bezak berganimiz, balkim shu fazilatimizning ajridir?!

Sirdaryolik nuroniy otaxon Oʻtbosar Abdiyev bilan anchadan beri tanishman. Koʻpni koʻrgan, el-yurtda yurishning, kayvonilik qilishningtarozisini toʻgʻri qoʻya oladigan, qoʻlida qalami bor odam. Shu satrlarni qogʻozga tushirayotib, u kishiga qoʻngʻiroq qildim. “Falokat toʻsatdan keldi. Yuz bergantoshqin xalqimizning qanchalar matonatli ekanini koʻrsatdi. Prezidentimiz ofat roʻy bergan manzilga yetib kelib, odamlarning ruhini koʻtardi. Shu qadar samimiy, otalarcha gʻamxoʻrlik bilan gapirdilarki, balo-qazoni yengishga boʻlgan ishonchimiz ortdi”, dedi.

Taniqli tadbirkor Abdusattor Ismoilov bilan soʻzlashdim. “Sirojiddinning ashula qilib aytiladigan sheʼri bor edi-ku, “Egasi bor yurtning ertasi bordir”, degan. Televizorchilarga ayting, shu qoʻshiqni tez-tez qoʻyib turishsin. Yurtning otasi shunday boʻlishi kerak. Falokat yuz bergan, koʻplar gangib, dunyo koʻziga qorongʻi koʻrinib turgan paytda elning oldiga chiqish, malham soʻzlar bilan dardlarida darddosh boʻlishjasoratli rahbarning ishi”, dedi u hayajon bilan.

Shoir Muhammad Ismoilni qidirib topaman. Erkin Vohidovga ishora qilib, “Toʻgʻonning qayta tugʻilishi, saxovatli insonlar toʻgʻrisida doston yozing, qurilish maydoniga borib, chodirning ichida oʻtirib boʻlsa-da,hamyurtlaringizning matonatini, sabr-qanoatini qoʻshiqqa soling, Sardoba qoʻshiqqa aylansin”, deyman.

Sardoba... Ota-bobolarimizning aql-idroki bilan bunyod etilgan, sir-asrori haligacha toʻla ochilmagan bu noyob inshoot asrlar davomida savdo karvonlari, tujjorlar, sayyohlar,ziyoratchiyu ahli donishlarning suvsiragan lablariga, holsizlangan vujudlariga jon bagʻishlagan,hayotlarini saqlab qolgan. Olimlarning fikricha, sardoba qurilishi uchun tayyorlangan loygayantoq, qamish, yulgʻun kuli, qoʻy suti, tuya juniqoʻshilgan. Inshoot shu qadar mustahkam boʻlganki, uning suvi ikki yilgacha aynimagan, aksincha, qishda issiq, yozda sovuq holda turgan. Qum dahshatli toʻzonga aylanib, yeru koʻk oʻrtasida charx urgan kezlari ham ifloslanmagan. Sardobaning osti doira shaklida boʻlib, suv sizmasligi uchun uch qavat qoramol, tuya terisi, uch qavat kigiz, ularning ustiga bir qavat ganch, yuqorisiga esa sifatli gʻisht yotqizilgan.

Rivoyatlardan birida Sohibqiron Amir Temurning buyrugʻi bilan qurilgan sardobaning gʻishtlarini odamlar qoʻlma-qoʻl qilib, Samarqanddan tashib kelishgani, hovuz Sirdaryodan suv oluvchi Oʻrinboy ariq tashlamasi yordamida toʻldirilgani aytiladi.

Ulugʻ yozuvchi Chingiz Aytmatov “Paxtaning oydin yoʻli” maqolasida oʻzbek paxtakorlarining Mirzachoʻl dalalaridagi zahmatli mehnati bilan yetishtirgan paxtani kecha-kunduz tinim bilmay xirmonlarga tashiyotgan turnaqatortraktor karvonlari gʻoyat taʼsirchan tasvirlanadi. Endi esa biz –saxovatli odamlar birgalashib, suv bosgan Sardobani, Olot va Qorakoʻlni qutqaramiz, yarasiga malham bogʻlaymiz. Bu joylarda yangi zamonaviy mahallalar, turar joy binolari, maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar bogʻchalari, madaniyat saroylari, istirohat bogʻlari qad rostlaydi. Ana oʻshanda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga ozmi-koʻpmi hissa qoʻshganlarning koʻnglida bu ulugʻ saxovatga daxldorlik tuygʻusi paydo boʻladi. Qoʻrqib, talvasaga tushib, oʻzi mayli, boshqalarni ham chalgʻitganlar uchun esa bu sinov ogʻriqli saboq boʻlib qoladi.

Sardoba, biz sen bilan birgamiz. Umring sardobalar kabi uzoq boʻlsin. Mirzachoʻlni Mirzagulistonga aylantiraver.

Ahmadjon Meliboyev.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech