04 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,3 °C

Mamlakatimizda
3 Aprel  2020 906

Qonunchilik sotsiologiyasi

meʼyoriy hujjatlarni hayotiy sinovdan oʻtkazishi kerak

Hozirgi innovatsion taraqqiyotga oʻtish pallasi davlatning qonun ijodkorligi faoliyatiga, umuman, qonunchilik siyosati mazmuniga yana-da yuqori talablar qoʻymoqda. Ayni paytda qonun ijodkorligini davr ruhi va ehtiyojlariga mos holda takomillashtirishni taʼminlash bilan birga, qonunchilik sotsiologiyasini rivojlantirish ham dolzarb masalaga aylandi. Davlatimiz rahbarining 2018-yilgi Murojaatnomasida ham qonun ijrosi va samaradorligi xususida soʻz yuritilib, “...Huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir koʻrsatmaydigan, ijro mexanizmlariga ega boʻlmagan, taʼbir joiz boʻlsa, “oʻlik” qonunlar kimga kerak?”, deya taʼkidlangan edi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: bugun Oʻzbekistonda 1160 dan ziyod amaldagi (harakatdagi) qonun mavjud boʻlsa, ularning qanchasi u yoki bu tarzda sotsiologik tadqiq hamda tahlil etildi? Ularning ijtimoiy hayotdagi samarasini qay darajada aniq baholay olamiz?!

Albatta, qabul qilinayotgan har bir qonun va qonunosti hujjat aholi manfaati va huquqlarini koʻzlagan holda amaliyotga tatbiq etiladi. Qonunlar qabul qilinaveradi. Ammo ularning samarali ishlayotgani, natijadorligi hamda parlamentning ularni qabul qilishidan koʻzlangan maqsadlarga erishilayotganini aniqlaydigan qonunchilik sotsiologiyasi hanuzgacha koʻngildagidek rivojlanmaganini tan olish kerak.

Sotsiologik tadqiqotlarga ehtiyoj

“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunni olaylik. Agar soʻnggi yigirma yil mobaynida mazkur hujjatning qanday samara bergani sotsiologik oʻrganishlar asosida aniqlanganida edi, bugun akademik litsey va kollejlar tizimi taʼlim-tarbiya borasida oʻzini oqlamadi, degan xulosaga kelmasdik. Binobarin, aynan shu tufayli yurtimizda 11 yillik oʻrta taʼlim tizimi tiklanmadimi? Oʻtgan davrda maktablarda faoliyat yuritayotgan 450 ming nafardan ziyod, oliy taʼlim tizimidagi 220 ming nafardan ortiq, shuningdek, kollejlarda ishlagan 100 ming nafardan koʻproq pedagog oʻrtasida “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun qanday samara berayotgani xususida sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazilganida salbiy koʻrsatkichlarning oldi olingan boʻlarmidi...

Yigirma yil davomida taʼlim sohasidagi islohotlar zoʻr samara bermoqda, deb bong urdik. Yurtimizda shu davrda ikki yuzga yaqin litsey va 1600 dan ziyod kollej qurildi. Ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar bilan taʼminlash va boshqa zarur maqsadlar uchun katta mablagʻ sarflandi. Xalq toʻlagan soliqlardan jamgʻarilgan bu mablagʻlar endi suvga oqib ketdimi? Shuningdek, boshqa koʻplab qonunlarimiz nega “oʻlik” hujjatlar toifasiga oʻtib qolmoqda? Bunga qanday omillar taʼsir etmoqda? Shu kabi savollarga faqat chuqur ilmiy asoslangan sotsiologik tadqiqotlar vositasida joʻyali javob topishimiz mumkin. Shu bois, qonunlarimiz ijro etilishining sotsiologik mexanizmiga eʼtibor qaratish oʻta muhim va zarur.

Huquqiy munosabatdan chuqur tahlilgacha

Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini taʼminlashning sotsiologik mexanizmi murakkab ijtimoiy-hayotiy hodisa boʻlib, uning oʻziga xos ish zanjiri bor.

Bunda, avvalo, Konstitutsiya va qonunlarning qabul qilinishidan koʻzlangan maqsad huquq subyektlariga, huquqiy munosabat ishtirokchilariga yetkaziladi. Keyin qonunlarni hayotga tatbiq etish, qoʻllash jarayonining barcha bosqichlarida namoyon boʻluvchi omillar tahlil etilib, ularning taʼsir kuchi, salmogʻi oʻrganiladi va chegaralari baholanadi.

Ana undan keyin tahlil boshlanadi: qonunlar mazmuni, undagi huquqiy norma va talablarga huquq subyektlari tomonidan qay darajada rioya etilayotgani, ularni bajarish yoʻlidagi xatti-harakatlar va faoliyat obdon oʻrganiladi. Qonun taʼsirida subyektlar xulq-atvoridagi oʻzgarishlar (ijobiy yoki salbiy) tendensiyasi va dinamikasi aniqlangach esa munosib baholanadi.

Qonunlarni qoʻllash jarayonining barcha bosqichlari boʻyicha ijtimoiy-amaliy va huquqiy axborot jamlangach, ijtimoiy munosabatlarning huquqiy tartibga solinish holati, darajasi va mazmunidagi oʻzgarishlar dinamikasini aniqlash imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, erishilishi kutilgan yakuniy natija(oqibat, vaziyat, huquqiy holat)ni prognozlashga zamin yaratadi.

Afsuski, hozirga qadar mamlakatimizda qonunlar ijrosi boʻyicha umummilliy sotsiologik tadqiqotlar deyarli oʻtkazilmagani (“Ijtimoiy fikr” markazi bu vazifani hal etolmaydi), bu borada mutaxassislar tayyorlaydigan muassasa va markazlar faoliyatining hanuz yoʻlga qoʻyilmagani, qonunchilik sotsiologiyasining fan, taʼlimot sifatida rivojlanmagani qonunchilik sohasida sotsiologik oʻrganish va tadqiqotlar oʻtkazadigan institut yoki markaz tashkil etilishi hamda maxsus huquqiy bilim va maʼlumotga ega sotsiolog mutaxassislar korpusi yaratilishini taqozo qilmoqda.

Ijtimoiy muhitni oʻrganish zarurati

Fikrimizcha, mazkur sohani rivojlantirish uchun uning dolzarb va istiqbolli yoʻnalish hamda mavzulari xususida tadqiqotlar oʻtkazilishi kerak.

Avvalo, qonunni qoʻllash vaqtida ijtimoiy muhitni oʻrganish zarur. Bu qonunni amalga oshirishga qay darajada ehtiyoj va zarurat mavjudligini aniqlash imkonini beradi.

Keyin qonun qoʻllangungacha boʻlgan huquqiy tartibga solish holatini oʻrganish maqsadga muvofiq. Bu qonun qoʻllanishi natijasida erishiladigan huquqiy tartibga solish holati va darajasini (natijasini) baholashga zamin yaratadi.

Qolaversa, qoʻllanayotgan qonun va huquqiy meʼyorlarning boshqa ijtimoiy regulyatorlar (axloq qoidalari, urf-odat, jamoat birlashmalari normalari, diniy meʼyorlar, madaniyat, estetika normalari va maʼnaviy mezonlar) bilan oʻzaro aloqasi hamda taʼsiri, harakat yoʻnalishi darajasini aniqlash ham muhim ahamiyatga ega.

Qonunlarni qoʻllash jarayoniga (uning barcha bosqichlarida) taʼsir koʻrsatuvchi ijtimoiy omillar, qonunlarning yakuniy natijaga erishish darajasini aniqlab, uning samaradorligini oʻrganish esa istiqbolda qonunlarning xalqchil ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

Shunday qilib, qonunni amalga oshirishning yuridik, ijtimoiy, ruhiy-maʼnaviy va sotsiologik mexanizmlarining kompleks tarzdagi izchil va faol harakatlanishiga erishish mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashda katta samara beradi.

Hojimurod Odilqoriyev,
Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori, professor

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech