22 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,3 °C

Tashvishli xabar
13 Mart  2019 16835

Choyimizdan bir piyola ichib keting, lekin sifatiga kafolat yo‘q!..

Namangan viloyati Kosonsoy tumani «Chorbog‘» mahallasi ahli tuman hokimligiga navbatdagi arznomani olib kelishdi. Buning isboti sifatida mahalla yaqinidagi ariqdan suv o‘rniga oqayotgan allaqanday tushunarsiz suyuqlikni ham topshirishdi.

 

Tumanning iqlimi va tabiati ajoyib bo‘lsa-da, ichimlik suvi ta’minoti muammosi ko‘ndalang turadi. Bu yerda viloyatning ko‘plab sog‘lomlashtirish maskanlari joylashgan, Kosonsoy tog‘ daryosi to‘lib oqadi. Masalan, nomi yuqorida tilga olingan mahallaning Tong yulduzi ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi mana, bir necha yildirki, ovqat pishirish, kir chayish va boshqa xo‘jalik zaruratlari uchun suvni shu yerdan oqib o‘tuvchi ariqdan oladi. Bu suv ichishga yaraydimi, sanitar-gigienik me’yorlarga to‘g‘ri keladimi-yo‘qmi o‘ylab ham ko‘rishmaydi negaki, o‘zga iloj ham yo‘q-da!

– Mahallamiz ahli orasida oshqozon-ichak kasalliklariga chalinganlar foizi yuqori. Sababi tozalanmagan, dezinfeksiya qilinmagan suvdan iste’mol qilishadi. Boz ustiga ariqning yuqorisidagi aholi punktlarida sanitariya me’yorlariga rioya qilinishiga umid ham yo‘q. Ilgari odamlar suv tozaligiga alohida e’tibor qaratardilar, bugun daryoga chiqindi yoki o‘lgan jonivorlar tanasini tashlashlari mumkin. Yoz oylarida kasalliklar ko‘payib ketadi, bu yerda yuqumli kasalliklar shifoxonasi ochsa ham bo‘ladi aslida, – deydi hamshira D.Karimova. – Ariqni tozalash chog‘ida esa unda loyqa suv oqadi. Uni esa bir necha kun tindirib qo‘yib, keyin iste’mol qilish lozim.

Mahallani suv quvurlari tarmog‘idan 2012-yilda uzib qo‘yishgan. Biroq tuman hokimiyati va «Suvoqova» korxonasi negadir aholiga ulkan qarzdorlikni yozib qo‘ygan.

– Bir necha yildan beri ichimlik suvi yo‘q bo‘lishiga qaramay, uning uchun to‘lovni amalga oshirib kelyapmiz. «Suvoqova» nazoratchilari, Majburiy ijro byurosi xodimlari ostonamizda turib olib, tag-tugi bilan yo‘q suv uchun to‘lovni amalga oshirishimizni, yo‘qsa, mol-mulkimizni xatlash bilan qo‘rqitishadi, – deydi oqsoqollardan biri Anvarjon Dadayev. – Tuman hokimiyatiga ko‘p bor murojaat qildik, natija bo‘lmadi. Ha, u yerda hurmatimizni joyiga qo‘yib kutib olishadi, tinglashadi, masalani hal qilishga va’da berishadi. Ammo oradan bir necha kun o‘tib, yana kimdir eshik-darvozamizni gumburlatib qoqa boshlaydi...

Fuqarolar ham vaziyatga qo‘lidan kelgancha moslashishgan: har bir uyda zaxira suv saqlaydigan kanistr, baklar va boshqa idishlar mavjud. Bir necha yuz litr suyuqlikni sig‘dira oladigan metall idishlar ikki-uch millionga tushadi. Uni to‘ldirish uchun chelaklab qancha suv tashish kerakligini esa o‘ylab ham ko‘rging kelmaydi. Har bir oila kuniga o‘rtacha 200 litr suv iste’mol qiladi. Ayrimlari suvni mototsikl va mashinalarida tashiydi. Ayollarimiz ham sarvqomat – bu har kuni suv tashiyverishning natijasi.

– Juda ko‘p marta tuman hokimiga tomorqamizni qanday sug‘orishni bilmayotganimizdan shikoyat qilganmiz va bu borada yordam berishini so‘raganmiz, – deydi Karomat opa. – Ushbu masalani zudlikda hal qilish kerakligini tushunishi uchun bir piyola choyga ham taklif qilganmiz.

«O‘rikzor», «Qorasuv», «Olmazor» va boshqa mahallalarda ham ahvol shu. Qizig‘i, tuman rahbariyati va suv ta’minoti korxonasi rahbarlari tumanimizda ichimlik suvi ta’minotida muammolar deyarli yo‘q, degan ko‘ngilni ko‘taruvchi kayfiyatda. Go‘yoki aholining qandaydir infeksiya tushishi xavfi ostida ochiq havzadan suv olayotganini mutlaqo eshitishmagandek.

Kosonsoy tumani markazidan 25 kilometr masofadagi «Iftixor» mahallasida ham bo‘ldik. Bu yerda ikkita aholi punkti joylashgan va ulardan biri «Yangi shahar», deya nomlanadi. U yerda ichimlik suvning bahosi oltinga teng. 700 ga yaqin aholi anchadan buyon ariqdan suv ichadi. O‘tgan yili bir kilometr naridan o‘zlari artezian qudug‘i qazishdi. Ammo undan suv chiqarib beradigan nasos elektrsiz ishlamasligini unutib qo‘yishibdi, qarang. Omad kelmasa ham qiyin ekan-da! Aholi barcha idoralarga murojaat qilib ko‘rdi, ularning barchasida vaziyatni o‘nglashga harakat qilishlari haqidagi va’dalarni ham oldi. Ammo hozircha ish shundan narisiga o‘tmayapti. Darvoqe, tumandagi mavjud artezian quduqlarning bari ta’mir va tozalashga muhtoj. Odamlar haliyam ichimlik suvni mashinalarda, ot-ulovda, chelaklarda tashimoqda. Ular meni vaziyatning o‘nglanishiga umid bildirilgan so‘zlar bilan kuzatdilar. Ammo ko‘zlaridan puch va’dalardan qanchalik to‘yib ketishgani shundoq ko‘rinib turardi.

Darvoqe, Namanganning o‘zida ham suv ta’minoti tizimi rekonstruksiyani talab etadi va bu jarayon juda imillab ketmoqda. Yana suv sifati ham aytarlik darajada emas.

Feruza Otaxonova.

Namangan viloyati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech