27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,5 °C

Salomatlik
8 May  2019 3493

Zararli va foydali taom

Sog‘ligimiz, chindan ham, nima yeyayotganimizga bog‘liqmi?

Qaysi taomlarni afzal ko‘rish kerak va qaysilarini suiiste’mol qilmaslik lozim?  Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh mutaxassisi, JSSTning Oziq-ovqat masalalari bo‘yicha mintaqaviy byurosi milliy muvofiqlashtiruvchisi, professor Anatoliy Xudoyberganovga shu va shu kabi savollar bilan murojaat qildik:

– Salomatligimizning deyarli barcha ko‘rsatkichlari nimani va qancha miqdorda iste'mol qilishimizga bog‘liq. Misol uchun, ortiqcha osh tuzi juda zararli. Bu 2015-yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida o‘tkazilgan tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.

Yashirin tahdidni ifodalovchi o‘ta muhim omil – kolbasa, pishloq, nondagi ortiqcha tuz. Ishlab chiqaruvchilar shunday yo‘l bilan o‘z mahsulotiga qo‘shimcha ta'm beradi. Bir misol: 200 gramm non iste'mol qilgan kishi kunlik tuz dozasini oladi - besh gramm va ba'zan ko‘proq.

Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisining sog‘lom ovqatlanishi sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni jalb etgan holda sog‘lom ovqatlanishni ta'minlash muammosini kompleks hal etish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi huzurida Respublika dietologiya o‘quv-ilmiy markazi tashkil etildi. Bundan tashqari, 2015-2020-yillarda respublika aholisining sog‘lom ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha Konsepsiya va kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi. Ustuvor vazifalar: ta’lim va tibbiyot muassasalarida oziq-ovqat mahsulotlarini tashkil etish tizimini yanada tartibga solish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, bolalar ta’lim jamoalari ratsionini yaxshilash, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan hamda chet eldan keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va xomashyosi sifati nazorati, oziq-ovqat mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish orqali fuqarolarning ehtiyojlarini qondirishni ta'minlaydigan shart-sharoitlar yaratish, sog‘lom ovqatlanish va  dietologiya sohasida fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borishdir. So‘ng davlatimiz rahbarining 2018-yil 18-dekabrdagi «Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ushbu markaz negizida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi tashkil etildi.

Yog‘ kislotasi transizomerlari (to‘yinmagan yog‘larning bir turi) ning oziq-ovqatdagi yashirin tarkibi hali hal etilmagan muammo. Transyog‘larning yurak-qon tomir kasalliklariga, oshqozon-ichak trakti zararlanishiga, qand kasalligi va boshqa ko‘plab xastaliklarning rivojlanishiga yordam berishi aniqlangan. JSSTning tavsiyasiga ko‘ra, oziq-ovqat yog‘idagi olein kislotasining transizomerlari tarkibi taomnoma kaloriyasi tarkibining bir foizidan oshmasligi kerak. 2016-yilda mamlakatimizdagi sanepidemiologik me'yorlarga o‘zgartishlar kiritildi. Ularga ko‘ra, yog‘ kislotalari transizomerlari soni yog‘ umumiy miqdorining ko‘pi bilan ikki foizini tashkil etishi kerak. Ushbu qaror yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarda norozilik uyg‘otdi. O‘zbekistonga yog‘ kislotasi transizomerlari miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan faol olib kela boshlashi xavotiri ham mavjud. Oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanayotgan mamlakatda Sog‘lom ovqatlanish va dietologiya ilmiy-tadqiqot markazi (instituti) bo‘lmasa, ushbu muammoni hal qilish imkonsiz. Qozog‘istonda - ikkita, Tojikiston va Turkmanistonda - bittadan ana shunday muassasa faoliyat yuritmoqda.

– O‘zbekistondagi ovqatlanish madaniyati haqida gapirsangiz. Qaysi taomlarimiz, ayniqsa, foydali?

– Xalqimiz uchun an’anaviy taomnomani shakllantirishda mavsumiylik ham muhim rol o‘ynaydi. Yurtimizda mo‘l bo‘lgan sabzavot, meva va yong‘oqning ayrim turlari ham asosiy taomlar, ham original shirinliklar tarkibiga kiritiladi. Bunda boshqa xalqlar taomnomasida juda kam ishlatiladigan yashil turp, sariq sabzi, sholg‘omdan ko‘proq foydalaniladi. Shuningdek, baqlajon, shirin qalampir va pomidor keng qo‘llaniladi. Uy bekalari qish mavsumi uchun yuqorida aytib o‘tilgan sabzavotlardan ko‘plab tuzlamalar, konservalar yopadilar, shuningdek, ularni quritib, qoq qiladilar. Yilning sovuq davrida issiq va to‘yimli  ovqatlar iste'mol qilinishi shart. Ular sirasiga un va tuxum asosli an'anaviy makaron va boshqa turdagi taomlar kiradi.

O‘zbek oshxonasi taomlari turli ta'mlarga juda boy. Bunda qizil va qora qalampir, zira, kashnich, kunjut va zirk kabi keng tarqalgan ziravorlarning qo‘shilishi yordam beradi. Hech bir go‘shtli taom yo‘qki, shivit, seldr yoki rayhon qo‘shilmasa.

Markaziy Osiyodagi eng sevimli taom sho‘rva hisoblanadi. Palov, lag‘mon, kabob emas, aynan, sho‘rva. Uni pazandalik transformeri, deyish mumkin. Bu shifobaxsh, tiklash xususiyatiga ega, ajoyib taom hatto, yaxshi bo‘shashtiruvchi bo‘lishi mumkin. Qo‘y go‘shtidan pishirilgan qaynoq va yog‘likkina sho‘rva kamqonlik, bod, zotiljam, silni davolashda yordam beradi. Lekin oshqozon yarasida mol go‘shti va o‘tlar bilan tayyorlanganining nafi tegadi. Operatsiyadan keyin qirg‘ichdan o‘tkazilgan sabzavotli suyuqroq sho‘rva tavsiya etiladi. 

Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari singari o‘zbeklar ham sut mahsulotlariga katta e'tibor qaratadi. Ayniqsa, mashhur nordon sutdan qilingan yogurt va tvorogga o‘xshash suzma keng tarqalgan. Deyarli har bir taom yangi uzilgan va bo‘rsildoq non bilan dasturxonga tortiladi.

Ko‘p asrlik Sharq an'anasi bu - choy ichishdir. O‘zbekistonda ushbu ichimlikni damlash va tortishning qadimiy urflarini hurmat qilishadi. Mehmonga hurmat-izzat belgisi sifatida shakarsiz ko‘k choy damlanishi odatiy holga aylangan. Agar mehmon bunga monelik qilmasa, qora choyga shakar qo‘shiladi.  Ushbu ichimlikning har qanday turi holva, turli shirin pishiriqlar yoki yopgan non bilan tortiladi.

– O‘zbekistonda barcha taomlar shohi palov hisoblanadi. Birorta tadbir usiz o‘tmaydi. Osh foydalimi yoki baribir hazmi og‘ir taommi?

– Buyuk tabib va olim Abu Ali ibn Sino kasallarni davolashda oshdan foydalanganini bilamiz. Uni darmonsizlangan, organizmi charchagan, uzoq muddatli ochlik va xastalikdan turganlarga tavsiya etgan. Juda og‘ir jismoniy mehnat qilgandan so‘ng ham osh yeyishgan. Biroq hozirda ushbu taomni tayyorlash usuli o‘zgarib ketgan. Ammo go‘sht, guruch, yog‘ va sabzi kabi an'anaviy masalliqlari o‘zgarishga uchramagan.

– Milliy taomlardan qaysilarini iste'mol qilishda e'tiborliroq bo‘lishni maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Qovurilgan va tuzlangan taomlarni. Misol uchun, tavsiya etilgan oshda ham ikki muhim, kaliy va natriy mikrounsurlari nisbati 5:1 miqdorda. Kaliy tanadagi suyuqlikni chiqarib yuboradi. Bu turli shishlar xavfini kamaytiradi va qon bosimi oshishiga to‘sqinlik qiladi. Biroq natriy (tuz) unsuri organizmda suvni ushlab turadi.

– Nima deb o‘ylaysiz, u yoki bu taom ma'lum bir azoga tasir ko‘rsatadimi?

– Ha, bu ilmiy tilda taomning farmakodinamik yoki shifobaxsh xususiyatlari, deb ataladi. Masalan, tarkibida xolin konsentratsiyasini yuqori bo‘lgan sumalak jigar va asab tizimi faoliyatini me'yorlashtirishga yordam beradi.

– So‘nggi paytlarda o‘zbekistonliklar orasida fastfud iste'mol qilish juda ommalashdi. Ularning yangi turlari, masalan, xorazmcha burger, non-kabob va boshqalar paydo bo‘ldi. Bu haqda nima deya olasiz?

– Fastfudning zarari haqida yetarlicha ilmiy ishlar e'lon qilingan. Odatda bu yuqori kaloriyali mahsulotlardan oddiy usulda va tez tayyorlangan taomlardir - masalan, tovada yoki yog‘ga tashlab qovurilgan. Shunday qilib, hatto, parhyezbop hisoblangan tovuq to‘shi ham yuqori xolesterinli taomga aylanadi. Albatta, bunday oziq-ovqat zararli, ammo uni yoshlar baribir afzal ko‘rmoqda. Uni tayyorlash uchun ko‘p miqdorda modifikatsiyalangan hayvon va o‘simlik yog‘laridan tashkil topgan margarinli emulsiya qo‘llaniladi. Sun'iy kimyoviy birikmali yog‘ kislotalari bunday ovqatlarni saqlash vaqtini uzaytiradi, ammo asab tizimining buzilishiga olib kelib, taomga «bog‘lanib qolish»ni hosil qiladi. Bunda oshqozon insonga o‘z hukmini o‘tkaza boshlaydi. Ko‘chadagi taomning salbiy jihati – uni yeyish madaniyatida. Odamlar yo‘l-yo‘lakay, keta turib o‘zlari sezmagan holda ulardan ko‘p iste'mol qilishlari va shunda ham ochlik hissi yo‘qolmasligi mumkin.  Parhyezshunoslar ovqatni shoshmasdan yeyishni tavsiya qiladi, ana shunda kam yegani bilan to‘yish hissi tez paydo bo‘ladi.

– Ovqatdan keyin turli kasalliklar xavfini kamaytirish va shifoxonaga tushib qolmaslik uchun nima qilish kerak?

– Bu savolga Abu Ali ibn Sino eng yaxshi javobni bergan. U eng dahshatli dushman – ovqatni keragidan ko‘proq yeyish, deb hisoblardi. Tabib bizning davrimizdagi rafinadlangan oziq-ovqat mahsulotlarini oldindan ko‘ra bilgandek, hazm qilish jarayonida biriktiruvchi to‘qimalar (kletchatka)ning roliga ulkan e'tibor qaratgandi. Ba’zi xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan epidemiologik tadqiqotlar, ko‘richak, yo‘g‘on ichak yo‘lining torayishi (divertikulyoz), bachadon o‘smalari adenomasi va ichaklardagi yomonsifatli o‘smalar zararli oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish bilan bevosita bog‘liq ekanini ko‘rsatdi. Shu bois ham karam, lavlagi, petrushka hamda boshqa sabzavot va ko‘katlardan ko‘proq iste’mol qilish lozim.

Evelina Sinotova

yozib oldi.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech