05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,5 °C

Mamlakatimizda
24 Aprel  2020 2940

Pandemiyaga bagʻishlangan xalqaro onlayn anjuman

Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Pandemiyaga qarshi kurash sharoitida xalqaro hamkorlik: Oʻzbekiston va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Onlayn tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda 7 ta mamlakat — Oʻzbekiston, Rossiya, AQSH, Germaniya, Qozogʻiston, Sloveniya, Misrdan 92 nafar vakil ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi ­Prezidentining 2020-yil 16-apreldagi “Sharqshunoslik tizimida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tashkil etilishi hamda mazkur oliy oʻquv yurtiga xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish boʻyicha yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan onlayn davra suhbatida ushbu ilm dargohi bilan bir qatorda, respublikamizning turli oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar, magistratura va bakalavriat talabalari, siyosiy fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi sharqshunos olimlar qatnashdi. Ular xorijiy davlatlarning xalqaro munosabatlar boʻyicha yetakchi ekspertlari bilan bugunning dolzarb mavsusi yuzasidan onlayn fikr almashdi.

Anjumanda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, avvalo, qatnashchilarni ayni sharoitda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining yana-da keng tarqalishi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlari oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. Karantin davrida oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida professor-oʻqituvchilar, yosh olim va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida gapirdi. Shuningdek, bugungi kundagi pandemiya holati xalqaro hamkorlik mustahkamligining oʻziga xos sinovi boʻlib, davlatlarning nafaqat epidemiologik va tashkiliy masalalarda tajriba almashish, balki moliyaviy, iqtisodiy va oziq-ovqat mahsulotlari borasida oʻzaro koʻmak berishga tayyorligida ham yaqqol namoyon boʻlayotganini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston bugun hech qaysi davlat koronavirusni faqatgina oʻz hududida tugatish orqali mamlakat, xususan, inson xavfsizligini toʻliq taʼminlab boʻlmasligini toʻgʻri tushunayotganini aytdi. 2020-yilda Osiyo ­taraqqiyot banki, Jahon banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi kabi xorijiy moliya institutlari tomonidan yurtimizga yoʻnaltirilgan 2,7 milliard AQSH dollari mablagʻni oʻzlashtirish rejalashtirilgani, mazkur tashkilotlar pandemiya bilan kurash uchun sogʻliqni saqlash sohasiga 277 million AQSH dollari ajratayotganini maʼlum qildi.

Onlayn suhbat davomida xalqaro tashkilotlar ham yurtimizga kerakli koʻmakni berishga doim tayyor ekanligini bildirdi. Shu bilan birga, xorijlik mutaxassislar mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurash doirasida olib borilayotgan aniq chora-tadbirlarga yuqori baho berdi.

— 2003-yildanbuyon AQSHning Oʻzbekistondagiikkita tashkilotida rahbar sifatida faoliyat yuritib kelaman. 2011-yilda yurtingizda markazimizning bir boʻlimi ochildi, — dedi ­Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro markazi direktori Myusha Sever. — Oʻzbekistonda inqirozga qarshi kurash boʻyicha masʼullarning ayni paytdagi faoliyatini yuqori baholayman. Globalizatsiya pandemiyaning bu qadar keng avj olib ketishiga qulay sharoit yaratib berdi. Oʻzbekiston misolida xalqaro ochiqlikning bugungi darajasi qator byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga olib keladi. Men baʼzi ijobiy jihatlar va qiyinchiliklar xususida oʻz fikrimni bildirmoqchiman. Birinchisi, boshqaruvni tashkillashtirishdahar bir shaxsni qamrab olish qiyinchiligidir (yaʼni hajm muammosi). Koʻplab ish oʻrinlari yopildi. Aholi oʻz uyida. Karantin vaqtida insonlarga oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish buyurildi. Bunday sharoitda xalqni toʻgʻri va aniq maʼlumotlar bilan taʼminlash talab etiladi. Oʻzbekiston hukumati karantin vaqtida toʻgʻri yoʻl tutdi. Ommaviy axborot vositalari bilan aloqani yoʻlga qoʻydi. Men oʻz hukumatimga Oʻzbekiston tajribasini namuna sifatida tavsiya etaman.

— Pandemiya tufayli inson xavfsizligi masalasi birlamchi boʻlgan global xalqaro xavfsizlik arxitekturasining yangi tizimi shakllanmoqda. Bu, oʻz navbatida, mintaqaviy va xalqaro mojarolarni hal qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarda ijobiy natijalarga erishishga koʻmak beradi, — dedi AQSHning J.Marshal nomidagi Xavfsizlik masalalarini oʻrganish ­Yevropa markazi professori, siyosiy fanlar doktori ­Gregori ­Glison. — Darhaqiqat, pandemiya davrida eʼtiborga olishimiz kerak boʻlgan eng asosiy omil inson xavfsizligidir. Shuningdek, pandemiyani yengishda, avvalo, har bir davlat oʻzining iqtisodiy-siyosiy holatini aniq baholay olishi lozim. Hozirgi sharoitda ayrim davlatlar iqtisodiyoti inqirozga yuz tutmoqda. Bu koʻproq eksport masalasi bilan bogʻliq. Oʻylashimcha, Oʻzbekiston hukumati bu masalalarni samarali hal etishga erishmoqda.

— Markaziy Osiyo davlatlari orasida Oʻzbekiston qisqa vaqt ichida barcha resurslarini safarbar etib, mamlakatda koronavirus tarqalishining salbiy oqibatlariga qarshi chora-tadbirlar dasturini qabul qildi, — dedi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi ­Stanislav Pritchin. — Respublikada olib borilgan inqirozga qarshi kurash ishlari natijasida ayni paytda Oʻzbekiston qator davlatlarga gumanitar yordam ham bermoqda. Shunday ogʻir vaziyatda davlatlarning bir-birini qoʻllab-quvvatlayotgani insoniyatning pandemiyaga qarshi olib borayotgan umumiy kurashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Onlayn suhbat davomida xorijlik vakillar oʻz mamlakatlarida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida ham gapirdi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar bu boradagi xalqaro hamkorlikning bugungi shart-sharoitlari va postpandemiya munosabatlari, shuningdek, dunyo davlatlari, jumladan, Oʻzbekistonning inqirozga qarshi chora-tadbirlari va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlari borasidagi masalalarning xalqaro darajada muhokama qilinishini tashkil etgani uchun Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasiga minnatdorlik bildirib, bularning barchasi, oʻz navbatida, pandemiyaga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech