06 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,4 °C

Fan
16 Aprel  2020 845

Pandemiyaga qarshi global kurashda ilm-fanning oʻrni ortmoqda

Bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida tarqalgan COVID-19 pandemiyasiga qarshi global kurashda ilm-fanning oʻrni beqiyos ekanini jahon tajribasi koʻrsatib turibdi. Davlatimiz tomonidan zamonaviy ilmiy tadqiqotlarga qaratilgan yuksak eʼtibor bejiz emasligiga yana bir karra iqror boʻldik.

Shunday favqulodda vaziyatlar asnosida davlatimiz toʻgʻri va tezkor choralar koʻra olish salohiyatini namoyon qildi. Bunga fan nuqtayi nazaridan qarasak, ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilayotgan biologiya-kimyo hamda biotexnologiya sohalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha qarori loyihasi soʻzimizni isbotlaydi. Unda ilm-fan taraqqiyotida biologik va kimyoviy tadqiqotlarni rivojlantirishga zarur shart-sharoit yaratish, mikro va nanotexnologiyalar bilan bir qatorda biotexnologiyalarning ham oʻrni muhimligiga eʼtibor qaratilgan. Loyihaning “Tibbiy biotexnologiyalar” qismida aynan shu muammo — biotexnologik xavfsizlikning milliy tizimini yaratish borasidagi oʻta muhim chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan.

Ushbu tarixiy davrda koronavirus tahdidi tufayli mamlakatimizdagi ezgu jarayonlar shiddati susaygani yoʻq. Vaziyat taqozo qilgani va insonlar salomatligi muhim boʻlgani uchun yangicha ish tartibiga oʻtildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi ham vaziyatning muhimligini va mohiyatini chuqur anglagan holda pandemiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishga qaratilgan keng miqyosli choralarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlamoqda.

Xususan, vazirlik tomonidan oʻtkir respirator virusli infeksiyalarga qarshi mavjud va roʻyxatdan oʻtgan dori preparatlarini COVID-19 koronavirusini davolashda foydalanish uchun tanlab olish maqsadida tezkor laboratoriya sinovlarini oʻtkazish boʻyicha innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Uning asosiy maqsadi mazkur virusni davolash amaliyotida toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish uchun eng samarali mahalliy preparatlarni tanlab olishdan iborat. Sababi, yangi dorini tez surʼatda yaratish va uni klinik sinovlardan oʻtkazish ancha mushkul vazifa. Qolaversa, bu jarayon koʻp vaqt talab qiladi.

Dunyo amaliyoti shuni koʻrsatmoqdaki, hozir OITS, revmatizm yoki bezgak kasalliklariga qarshi yaratilib, bundan bir necha yillar avval ishlab chiqarila boshlangan dori vositalari koronavirusga qarshi yaxshi samara bermoqda. Bu, birinchidan, ilm-fan natijalari va ular asosida yaratilgan ishlanmalarning yillar oʻtsa ham naf berishi mumkinligini koʻrsatsa, ikkinchidan, yurtimizda mavjud shu turkumdagi dori-darmonlar ichidan samaralilarini tanlab olishga katta umid bagʻishlaydi.

Shu yilning fevral oyidan boshlab virusning butun dunyo boʻylab tarqalayotgani, uning Oʻzbekistonga ham kirib kelish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda test tizimini ishlab chiqish ustida ish boshlangan edi. Mart oyining uchinchi oʻn kunligi boshida ilk natijalarga erishildi: vazirlik huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazining biotexnolog mutaxassislari koronavirusni aniqlash boʻyicha test tizimini ishlab chiqdilar. Inson tanasi va qonida DNK va RNK virus fragmentlari paydo boʻlishiga imkon beruvchi oʻta taʼsirchan tahlil — oʻzbekistonlik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan test tizimining alohida xususiyati. Hozirgi kunda yurtimizdagi ilmiy va tibbiy laboratoriyalarda mavjud xorijiy test tizimlari faqat virus genomining bir boʻlagi tahliliga asoslangan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo institutida grippga qarshi yaratilgan original “Rutan” dori vositasining Xitoy mutaxassislari tomonidan tekshirilishini tashkil etdi. Xitoylik olimlar oʻtkazgan sinovlar mazkur dori vositasining COVID-19 infeksiyasiga qarshi qoʻllashda samarali boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Shunga muvofiq, vazirlik va Bioorganik kimyo instituti hamkorligida “Rutan” dori vositasini GMP standartiga toʻliq javob beradigan “China — Uzbekistan Medicine Technical Park” xorijiy korxonasida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bundan tashqari, Bioorganik kimyo institutida oʻtkir respirator infeksiyali kasalliklarga qarshi ishlab chiqilgan, olinish texnologiyasi va nou-xausi patent bilan himoyalangan, virusga qarshi faollikka ega 30 ta yangi biologik faol birikma mavjud. Ularning koronavirusga qarshi taʼsirini sinovdan oʻtkazish maqsadga muvofiq. Shu bois, Xitoydagi Shanxay tibbiy materiya institutida ularning COVID-19 ga qarshi taʼsiri hamkorlikda skrining qilinmoqda.

Avval bezgak kasalligiga qarshi ishlatilgan Hydroxychloroquine (“FenLe”) dori preparati Xitoyda koronavirusga qarshi samara bermoqda. Bu turkum dori vositalari ham Oʻzbekistonda IMMARD® (Immard, Hindiston) va PLAKVENIL (Plakvenil, Ispaniya) nomi ostida roʻyxatdan oʻtgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu dori vositasining yigirma ming qadogʻini Oʻzbekistonga begʻaraz yordam sifatida keltirish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishdi. Bu kabi ilmiy yondashuvlar yurtimizda koronavirusga qarshi kurashda samarali natijalarga erishishdagi dastlabki qadamlardir.

Vazirlikning Elsevier kompaniyasi bilan imzolagan shartnomasi doirasida uch ming shifokor mutaxassisga jahon tibbiyot jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etiladigan Clinicalkey platformasidan 2020-yil davomida tekin foydalanish imkoniyati yaratildi. Mazkur dasturiy taʼminot davolash va diagnostika standartlarini yangilash, klinik protokollarni va dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish, mikrojarrohlik, robot jarrohligi, nuklear tibbiyot, tibbiy genetika sohalarida jahon tibbiyotining eng soʻnggi yutuqlari toʻgʻrisidagi ulkan maʼlumotlar bazasini oʻzida jamlagan. Tibbiyot sohasida tadqiqot oʻtkazayotgan olim va shifokorlarimizning mazkur platformadan foydalanishi COVID-19 ga qarshi kurashda ijobiy natija beradi.

Vazirligimiz tomonidan COVID-19 virusiga chalingan bemorlarni davolashda qoʻllanadigan, hozir butun dunyoda taqchilligi sezilayotgan oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi (OʻSV) apparatlarini ishlab chiqarish boʻyicha texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda. Shu sohadagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlmish Slovakiyaning Chirana kompaniyasi va rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda IVL qurilmalarini ishlab chiqarish shu yilning may oyida boshlanadi. Koronavirus tufayli mamlakatdagi mavjud vaziyat va OʻSV hamda shaxsiy himoya vositalariga ehtiyojni hisobga olgan holda mazkur loyiha doirasida Oʻzbekistonga ming dona nafas olish konturi, 500 dona namlik kollektori bilan nafas olish konturi va bir martalik bakterial-virusli ming dona filtr begʻaraz foydalanish uchun topshiriladi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasida COVID-19 balosi tez orada bartaraf etilishiga shubha yoʻq. Oʻzbekiston olimlari bu muammolarni hal qilishda xalqimizga va davlatimizga kamarbasta boʻla oladilar, bunga salohiyatimiz va imkoniyatimiz yetarli.

Ibrohim Abdurahmonov,
innovatsion rivojlanish vaziri, akademik.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech