01 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,6 °C

Agrosеktor
16 Aprel  2020 871

Oʻsimliklar salomatligini asrasak, turmushimiz farovonligini taʼminlaymiz

Bugungi tahlikali davr — koronavirus pandemiyasi sharoitida mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash vazifasini davlat oʻz zimmasiga olib, muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Mamlakatimiz rahbari raisligida 10-aprel kuni qishloq xoʻjaligini rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida har bir viloyat va tuman uchun ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilib, ularga muvofiq agrotexnik tadbirlarning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini tashkil etish muhimligi qayd etildi. Gʻallani oziqlantirish, zang kasalligi, zararkunanda va begona oʻtlarga qarshi kimyoviy ishlov berish kabi masalalarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Bugungi kun va tarix saboqlari

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlumotlariga koʻra, inson oziq-ovqatining 80 foizini oʻsimlik mahsulotlari tashkil etadi vajahon boʻyicha uning bir yillik savdo aylanmasi 1,1 trillion dollarga teng boʻlib, buning asosiy qismini, yaʼni 82 foizini oziq-ovqat mahsulotlari egallaydi.

FAO 2020-yilni “Oʻsimliklar salomatligini asrash xalqaro yili” deb eʼlon qilgani bejiz emas. Qishloq xoʻjaligida hosilni saqlovchi muhim tizimga yetarli eʼtibor berilmasa, oʻsimliklar zararkunanda va kasalliklar tufayli doimiy va oʻta jiddiy xavfga uchraydi. FAOning Oʻsimliklar himoyasi va karantini xalqaro konvensiyasi kotibiyati maʼlumotiga koʻra, zararli organizmlarga oʻz vaqtida hech qanday choralar qoʻllanilmasa, bu holat achinarli va tiklash mushkul boʻlgan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bugungi kunda zararkunandalar va kasalliklar tufayli 20 dan 40 foizgacha hosil yoʻqotilib, pulga chaqqanda yiliga 220 milliard dollarni tashkil etadi.

Zararli organizmlarning globallashib, bir qitʼadan boshqasiga tarqalishiga oʻsimlik mahsulotlari, yaʼni urugʻlar, koʻchatlar, mevalar va boshqa omillar sabab boʻlgan. Yuqumli kasalliklarni, asosan, viruslar, fitoplazmalar, bakteriya va zamburugʻlar keltirib chiqaradi. Ularning ziyoniga tarixda koʻp bora guvoh boʻlingan. Masalan, 1942-1943-yillarda Janubiy Osiyoning shimoli-sharqiy qismida asosiy ozuqa boʻlgan sholining gelmintosporioz kasalligi tarqalib, “Bengaliya ocharchiligi”ni yuzaga keltirgan va natijada koʻplab insonlar yostigʻini quritgan. Bundan tashqari, yaqin oʻtmishda tarqalgan bugʻdoyning poya zangi qoʻzgʻatuvchisining yangi rassasi — Ug99 Afrikaning Uganda davlatida paydo boʻlib, 50 foizdan 100 foizgacha bugʻdoyzorlarni zararlagan. Keyinchalik u Keniya, Efiopiya, Tanzaniya, Mozambik, JAR, Eritreya va Zimbabveda ekinlarga katta zarar keltirgan.

Samarador choralar

Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 28-martdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora- tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori oʻsimliklarni himoya qilish sohasida muhim boʻlgan tadbirlarni tashkil etish, amalga oshirish va sohada tub burilish yasadi. Dunyo olimlarining bu boradagi uzoq yillik tadqiqotlari natijalari yetishtirilayotgan ekinlar hosilini saqlab qolishda ilmiy-amaliy manba boʻlib xizmat qilmoqda. Bugungi kunga qadar yaratilgan agrotexnologiyalarning barchasi ham ishlab chiqarish amaliyotiga toʻliq joriy etilmagan yoki ulardan unumli foydalanilmayapti. Shu bois, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda oʻsimliklarni himoya qilish tizimining rivoji nafaqat aholi salomatligi, balki eksport salohiyatini oshirishda va oʻzbek brendini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi.

Mamlakatimizda bu tizim fermer xoʻjaliklari, agroklasterlar va aholi tomorqa egalariga xizmat koʻrsatib, yetishtirilayotgan ekinlar hosilini saqlashda oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Bu borada Toshkent davlat agrar universiteti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion xizmat turi - Oʻsimliklar klinikasi faoliyati respublikaning barcha tumanlarida yoʻlga qoʻyildi.

Yangi xizmat vamalakali kadrlar

Prezidentimizning 2018-yil 19-20-yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Oʻsimliklar klinikasi xizmatini barcha tumanlarda keng joriy etish boʻyicha topshirigʻi va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-sentyabrdagi “Oʻsimliklar klinikalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tizim faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda huquqiy tayanch vazifasini oʻtamoqda. Hozir Oʻsimliklar klinikalari soni 145 tadan ortiq boʻlib, ularning nafaqat oʻsimliklarni himoya qilish, balki aholiga urugʻchilik, koʻchat yetishtirish, oʻgʻitlash, yuqori hosil yetishtirish va boshqa innovatsion texnologiyalarni joriy etish bilan ham shugʻullanishi rejalashtirilmoqda.

Respublikamiz uchun boshoqli don ekinlarining zang va qorakuya kasalliklari, mevali daraxtlarning bakterial kuyish va monilioz, klastosporioz, parsha, un shudring, sabzavot ekinlarining fuzarioz, alternarioz, barcha qishloq xoʻjaligi ekinlarining viruslari va fitoplazmalari iqtisodiy xavfi yuqori boʻlgan oʻsimlik kasalliklari turlariga kiradi. Ekologik muammolar vujudga kelishi natijasida qishloq xoʻjaligi ekinlarida bir qator kasalliklarning avj olishi kuzatilmoqda. Ularni oldindan aniqlab, profilaktik choralar koʻrish esa yetishtirilayotgan hosilni 90-95 foizgacha saqlab qolish imkonini beradi.

Prezidentimizning 2019-yil 19-avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida agrar sohadagi kadrlar sifatini oshirish va ularni raqobatbardosh qilib tayyorlash boʻyicha qator vazifalar belgilandi. Universitetda “Oʻsimliklarni himoya qilish” (asosiy ekin turlari boʻyicha) hamda “Oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantini” taʼlim yoʻnalishlari takomillashtirilgan holda yangidan tashkil etilishi va ushbu yoʻnalishlarga talabalarni qabul qilish kvotasi ikki barobar oshirilishi malakali, raqobatbardosh kadrlar yetishtirish, mavjud muammolarni hal etishda tayanch vazifasini bajaradi.

Ehtiyot boʻlganni egamning oʻzi asraydi

Xoʻsh, oʻsimliklarni himoya qilishga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, fermer, dehqon va tomorqa xoʻjaliklari rahbarlari jiddiy eʼtibor beryapti, deya olamizmi? Olimlar va mutaxassislarning bu borada berayotgan tavsiyalari amaliyotda necha foiz bajarilyapti? Deylik, bir fermer tavsiyalarga itoat etib, himoya usullarini toʻliq qoʻllayapti. Uning yonidagi fermerlar-chi? Afsuski, yoʻq!

Natijada tavsiyalarni amalga oshirgan fermer ham kutilgan natijani ololmay, ishlov bermaganlarga nisbatan koʻproq iqtisodiy zarar koʻrib, hafsalasi pir boʻladi. Oqibatda shu hududni keyingi yoki undan keyingi yili yoppasiga kasallik, zararkunanda, hasharotlar bosib hosil nobud boʻlgandagina odamlarning koʻzi ochilib, birlashib kurash yoʻllarini izlay boshlaydilar. Qachonki, ular ilmiy mutaxassislarning koʻrsatma, tavsiyalariga toʻliq rioya qilingan holdagina ofatni yengadilar. Bunday holat tarixda juda koʻp marotaba qayd etilgan.

Mamlakatimiz boʻyicha koʻp yillik qimmatli tajribani yodga olsak. Oltiariqlik mirishkorlar haqida gap ketganda faqat yurtdoshlarimiz emas, balki Rossiya, Yevropa, Osiyo davlatlari fuqarolari ham oltindek tovlangan uzum boshlarini koʻz oldilariga keltiradilar. Hozirgi davrda bu yerda yil davomida ishkomda yangi uziladigan uzum bor. Yilning ogʻir yoki yaxshi kelishini bahona qilmay, muttasil ravishda moʻl va sifatli hosil olishga erishadilar.

Buning asosiy sababi — jami uzum yetishtiruvchilar bir jamoadek birlashib, bir-biri bilan tajriba almashishadi. Oʻsimliklar himoyasi butun hudud boʻyicha oʻtkazilib, birorta xoʻjalik chetda qolmaydi. Hozirgi davrda ushbu vazifani Oʻsimliklar klinikasi oʻz zimmasiga olib, hosildorlik yana-da moʻl boʻlishiga, eksport hajmini orttirishga xizmat qilmoqda.

Bizning asosiy maqsadimiz shu kabi tajriba maktablarini respublikamizning barcha hududlarida asosiy ekin turlari boʻyicha tashkil etish, fermer, dehqonlarimizning ilmiy salohiyatini oshirish hamda yurtimiz farovonligini mustahkamlashdir.

Botir Sulaymonov,
Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech