17 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,3 °C

Ijtimoiy hayot
26 Iyun  2019 3550

«Vatan havosidan nafas olish – ulkan baxt»

Namanganda Prezidentimizning sa’y-harakatlari, xalqimizga xos bag‘rikenglik va insonparvarlik bilan yurtiga qaytarilgan bir guruh vatandoshlarimiz viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari tomonidan kutib olindi.

Barchani hayratga solgani: temiryo‘l vokzaliga kelgan Toshkent-Andijon poezdidan ikki-uch yashar bolani ko‘targan bir ayol chiqib keldi. Bolasini kutub olayotganlardan biriga tutqazdi-da, tiz cho‘kib jonajon yerini uzoq va qayta-qayta o‘pdi.

– Hozir hech nima so‘ramang, – deydi o‘zini Bahriniso Ustaboyeva, deya tanishtirgan vatandoshimiz. – U yoqlarda ko‘rgan kunlarim, chekkan azoblarimni, hozirgi quvonch, baxt va hayajonni tasvirlashga so‘z topa olmayman. Bizni Vatanimizga qaytargan Prezidentimizdan juda minnatdormiz! Endi yangi hayot boshlayman va uch farzandimni davlatimiz rahbarining ishonchini oqlaydigan, mamlakatning yorqin kelajagini qurishga hissa qo‘shadigan qilib tarbiyalayman.

– Agar bizni qaytarib olib kelishmaganlarida, kim bilsin, qonli urushlar kechayotgan yerlarda holimiz ne kechardi, – deydi chap qo‘li yelkasidan to tirsagiga qadar bog‘langan va ortopedik apparat o‘rnatilgan Malika Ismatillayeva. – Ko‘rib turganingizdek, o‘qdan yaralandim. Ikkita yosh farzandimga ham o‘q tekkan, ular hozirda shifokorlar nazorati ostida. U yoqlarda ko‘rgan azob-uqubatlardan aqldan ozishimga oz qoldi. Endi u kunlar biz uyg‘ongan dahshatli tush bo‘lib qoldi.

Bu Suriyadagi vatandoshlarimiz bilan sodir bo‘lgan yagona fojia emas: fuqaro M. oilasi bilan chet elga ishlash uchun jo‘nab ketdi. O‘sha yerda qizini turmushga berishdi. Bir muddat kelin-kuyov tinch va baxtli yashashdi, keyin to‘satdan g‘oyib bo‘lishdi. Ota-onalari qidira boshladilar va yangi turmush qurganlar Suriyaga jo‘nab ketganidan voqif bo‘lishdi. Aql bovar qilmas harakatlar, urinishu chiranishlar bilan u yerga yetib borishdi va qizini topdilar. Bu orada jangarilar tarafida turib urushlarda qatnashgan er halok bo‘lgan, xotini esa farzand ko‘rishga ulgurgan. Turmush o‘rtog‘i halok bo‘lgandan so‘ng uni majburlab bir suriyalik jangariga nikohlashgan, undan ham bir qizi bor. Bu eri ham jangda o‘ldirilgan. Ota-onasi qizi bilan uzoq qololmagan, negaki, otasi o‘ta og‘ir yaralangandi.

Boshqa bir oilada er Suriyaga birinchi bo‘lib ketgan, keyin oilasini chaqirib olgan. Turmush o‘rtog‘i harbiy to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan, o‘g‘li dinni o‘rganish maqsadida masjidga qatnay boshlagan…

– Bir kuni masjidga snaryad tushib, bolam halok bo‘ldi, – deb eslaydi Mahmuda opa ko‘zlarida yosh bilan. – Haliyam sal tiq etgan tovushdan «ana, aviazarba yoki artilleriya zarbasi boshlandi», deb bir uchib tushaman. Uyni juda tez tark etish va biror bog‘da yoki xaroba orasida yashirinishga majburan o‘rganib ketganman. Ushbu dahshatlardan qutulib, uyga qaytishga yordam bergan Prezidentimizga mingdan-ming rahmat!

Temiryo‘l vokzaliga 57 nafar namanganlik – 15 nafar xotin-qiz, 42 nafar voyaga yetmagan bolani olib kelgan mashinalar korteji «Namangan» xalqaro aeroportiga yo‘l oldi va u yerda chet eldan qaytarilgan fuqarolar bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.

– Ehtimol, Vatan havosidan nafas olish – ulkan baxtligini hech kim siz kabi kuchli tushunmasa kerak, – dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov. – Lekin bilishingiz kerak – sizlarni qaytarish oson kechmadi. Bundan buyon siz davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligi ostida bo‘lasiz. Sizga klinikalarda davolanish va sog‘likni tiklash, farzandlaringiz uchun ta’lim olish, qisqasi, normal hayotga qaytish uchun barcha sharoitlar taqdim etiladi.

– Suriyadan qaytgan ayollaru bolalarning psixologik va jismoniy moslashuvini ta’minlash uchun eng yuqori darajadagi chora-tadbirlar ko‘rildi, – deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi viloyat bo‘limi raisi Iroda Qo‘chqorova. – Malakali psixologlar ularga zarur yordamni ko‘rsatdilar. 13 nafar vatandoshimizga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti, 40 nafar bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berildi. Viloyatda tegishli davlat tashkilotlari va muassasalari bilan birgalikda ularni ijtimoiy himoya qilish, bandligini ta’minlash, salomatligini tiklash, bolalarni ta’lim-tarbiya muassasalariga joylashtirish, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yuborishni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Aeroportda Suriyadan qaytganlarga sovg‘alar – bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlari, o‘yinchoqlar va kiyimlar topshirildi.

Feruza Otaxonova.

«Pravda Vostoka».

Namangan viloyati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 26-iyundagi 127-sonida

«Операция «Добро»: спасти от трагедии» sarlavhasi bilan

nashr etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech