24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,5 °C

Ijtimoiy hayot
23 Aprel  2019 6918

Imkoniyati cheklanganlarning cheklanmagan imkoniyatlari

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq har bir inson mehnat qilish huquqiga ega. Ammo shifokorlar ishlashi mumkin, deganlar ham ish topishga qiynalib qoladi, bandlik xizmati nogironligi bo‘lganlarga hech nima taklif etmaydi. Xo‘sh, bunda qanday yo‘l tutish kerak?

Toshkentlik Anvar Hoshimov bolaligidan uchuvchi bo‘lishni orzu qilardi. Keyin bir safar oilasi bilan qarindoshlarinikiga samolyotda uchdilar – balandlikdan qo‘rqish hissi paydo bo‘ldi. Xullas, uchuvchi bo‘lish orzusidan voz kechildi. Biroq muhim, kerakli va insonlarga naf keltiradigan kasb egasi bo‘lish maqsadi baribir qoldi. Maktabga borganida birdan kelajakda o‘qituvchi bo‘lishni istab qoldi. Ustozlari uning ko‘ziga juda qudratli va hamma narsani biladigan bo‘lib ko‘rinardi. «Ko‘zlarimda butun boshli koinotning yulduzlari porladi», deya eslaydi hozir.

Maktabni oltin medal bilan tamomlagach, Toshkent davlat pedagogika institutiga (hozirda Nizomiy nomli universitet) o‘qishga kirdi. Ustozlari bir ovozdan o‘qitish zarur bo‘lmagan talabalar institutga juda kam kelishini ta’kidlashardi. Namunali o‘qituvchi bolalarni yaxshi ko‘radigan, fanini yaxshi biluvchi, ingliz tilini tushunadigan, o‘quvchilariga yoqadigan, quvnoq va mehribon va shu bilan birga yetarli darajada qattiqqo‘l bo‘lishi kerak. Ya’ni sinf xonasiga birinchi marta notanish kishi sifatida kirib, besh daqiqadan so‘ng ularning do‘stiga aylanishi lozim.

O‘ttiz beshga kirganda barqaror ishga ega bo‘ldi, turmush qurib, farzandlar ko‘rdi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘rnak olsa arziydigandek. Keyin ota-onasinikidan uyiga qaytayotgandi. Birinchi sovuq kunlar tushishi bilanoq onasi kasallandi, uni ko‘rgani kelib ushlanib qoldi. Hozirda ham o‘sha kunni esalab sira tushunmaydi. Bu istalgan kishi bilan sodir bo‘lishi mumkin edi, biroq afsuslangan bilan yordami tegarmidi. Kun bo‘yi yomg‘ir quydi, sovuq bo‘lgani uchun yo‘l usti yaxmalak bo‘lib qolgandi. Shusiz ham sirpanchiq yo‘ldan ketayotganida charchagan va uyqusiragan haydovchi mashinasini boshqara olmay qolib, boshqaruvidagi «buxanka» bilan qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketdi. Hodisa joyiga tez yordam darrov yetib kelganiga qaramay, bu Anvar Rahmatullayevich uchun bir umrga cho‘zilganday tuyuldi. Bosh-oyoq gipslangan va bog‘lab tashlangan holda shifoxonada o‘ziga keldi. Eng dahshatlisi, o‘ng qo‘lini qimirlatmoqchi bo‘ldi, ammo u yo‘q edi.

– Nogironlarga qanchalik qiyin ekanini tasavvur ham qilmagandim, – deydi suhbatdoshimiz. – Hammamiz ham rahmdil insonlarmiz, ammo biron kuni o‘zim ham bunaqa ahvolga tushib qolaman, deb sira o‘ylamagandim. Menga III guruh nogironligini berishdi va 2010-yilda «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirgandan so‘ng va «O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksi» bilan ushbu guruhga kiruvchilar uchun pensiya to‘lash bekor qilingach, pensiya olmay qo‘ydim. Shifokor ishlashimga ruxsat berdi. Men harakatlana olayotganim, gapirayotganim va nafas olayotganimga ham rozi edim. Ammo ko‘chaga chiqish eng murakkabi ekan, ana shunga to‘qnash keldim. Bunda nima eng qiyini bo‘ldi? Odamlar. O‘shanda o‘quv yili boshlangan va juda jazirama issiq edi. Protez yomon materialdan yasalgan, hamma yog‘imni ishqab tashlardi, yengsiz ko‘ylagim esa tabiiy va yasama qo‘lni bir-biridan yaqqol ajratib ko‘rsatib turardi.  Menga achinib qarashlari yoki ko‘zlarimiz to‘qnash kelganda yerga qarashlari bu hali ko‘ngilsizliklarni yarmi edi. Eng dahshatlisi, bunga hamkasblarim va o‘quvchilarning munosabati bo‘ldi. Meni ilgari yaxshi ko‘rgan, qadrlagan va hurmat qilganlar endi menga achinib qarashardi. Endi ular nazdida men avvalgidek, gaplashsa, hazillashsa bo‘ladigan mutaxassis, odam emasdim. Men esa o‘ng qo‘lsiz erkakka aylangandim, xuddi bu jismoniy kamchiligim ilgari ega bo‘lgan narsalarimni yo‘qqa chiqarib, birinchi planga chiqib olganday edi.

– Odamlar ko‘pincha yomon narsalarni yashirishga harakat qiladi va barcha yaxshi, ko‘zga yarq etib tashlanuvchan, baxtli narsalarni ko‘rsatishga intiladi, – so‘zida davom etadi Anvar Hoshimov. – Jismoniy kamchiligi bor kishining nogironlikdan boshqa biror muhim vazifani bajarayotgan birorta filmimizni yoki zamonaviy kitobni eslay olasizmi, shunaqasi bormi? Shunday darajada ham bunday kishining ijtimoiy hayotda faolligi haqidagi fikr tatbiq etilmaydi. OAV, kino, adabiyotlar orqali boshqalardan ajralib turuvchilarga bag‘rikenglik qilishni keng yoyish borasidagi xorijiy amaliyotlar haqida juda ko‘p o‘qiyman. Qo‘limni yo‘qotgach, kasbimni yomon biladiganga aylandimmi, qo‘limga qo‘shib bilimim va tajribamniyam kesib tashlashganmi? Yo‘q. Ammo ba'zi xurofotlarcha qarash sabab nogironligi bo‘lgan kishilarga juda kamdan-kam hollarda quloq tutishadi. Hamma achinish va hamdardligini bekitadi.

Natijada-chi? Kimda-kim bunday muammoga ilgari duch kelmagan bo‘lsa, bunday insonlar bilan o‘zini qanday tutishni, qanday gaplashishni va ular orasidan o‘zini qanday olib qochishni bilmay qoladi. Bolalar buni bilmagani uchun qo‘li bilan ko‘rsatib, kulishadi. Bu bilmaslik, bundan mutlaqo bexabarlik natijasi.

Tabiiyki, hamma kasalliklar ham ko‘zga birdan tashlanavermaydi. Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda qon aylanish tizimi kasalliklari erkaklardagi nogironlikka sabab bo‘lsa, ayollarda uni yomonsifatli o‘smalar keltirib chiqarar ekan. Ammo muammo alohida tibbiy emas. Nogironlarning huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada «nogironlik – bu tadrijiy rivojlanib boruvchi tushuncha, nogironlik buzilgan salomatlik hamda munosabat va muhit to‘siqlari o‘zaro munosabatlari natijasi bo‘lib, bu ularning jamiyat hayotida boshqalar bilan teng va samarali ishtirok etishiga halaqit beradi», deya keltiriladi. Ya’ni bunda nafaqat organizmdagi buzilishlar va ularning funksiyalarini tiklashga e’tiborni qaratish zarur. Axir, ko‘rish, eshitish qobiliyati, qo‘l-oyoqlari yoki a’zolarini qaytarib bo‘lmaydigan insonlar ham bor. Bunda asosiy e’tibor ularning jamiyatga qo‘shilishida moslashuviga va to‘siqlarning bartaraf etilishga qaratilishi lozim.

Bunga jamiyat hayotidagi cheklangan ishtirok kasallikka tenglashtirilmaydigan Germaniya davlatini misol keltirish mumkin, bandlikka ko‘maklashish uchun esa ustaxonalar mavjud. Istalgan kishi umumiy mehnat bozoriga jalb etilishi mumkin va davlat ishga qabul qilish kafolatini beradi. 700 dan ziyod shunday korxonalarni 280 ming nafar alohida talablarga ega kishilar qamrab olgan. Ular o‘zlari yoqtirgan va bunga qobiliyati bo‘lgan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin. Davlat ham bunday ustaxonalarni qurish, jihozlash va kundalik xarajatlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi.

«O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuning 7-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘z vakolatlari doirasida nogironlarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam sonini zaxirada saqlaydi, deyilgan. Odatda bunday vakansiyalarga kam haq to‘lanadi va alohida vakolatlarni talab etmaydi. Ammo shunga qaramasdan, noilojlikdan va boshqa varianti yo‘qligi sabab turli sohaning o‘ta qimmatli mutaxassislari ishga kiradilar. Bor-yo‘q sabab ularning nogironligida.

– Firma va kompaniyalar rahbarlari ularga oldindanoq yanglish munosabatda bo‘ladi va ular nuqtai nazaridan bu mantiqqa to‘g‘ri keladi, – deydi «Master Grupp» konsalting agentligi direktori Suhrob Jalilov. – Bundaylar ularning tez-tez kasal bo‘lib qolishidan, alohida sharoit yaratish zarurligidan va bu ishni bajara olmasliklaridan qo‘rqishadi. Qonun bilan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan imkoniyatlari cheklangan kishilar uchun qisqartirilgan ish haftasi (36 soatdan oshmagan), eng uzoq mehnat ta’tili (30 kundan kam bo‘lmagan) belgilangan va bu yollovchilarga yoqmaydi. Axir, ish vaqtining qisqartirilgan muddati maoshga ta’sir qilmaydi (Mehnat Kodeksining 116, 220-moddalari). Bundan tashqari, bayramoldi kunlari ular boshqalardan bir soat kamroq ishlaydi (MK 121-modda). Darvoqe, ana shunday xurofatlarcha munosabatga ayollar ham duch keladi. Dunyo tajribasining ko‘rsatishicha, oddiy farzand ko‘rishi va uzoq muddat dekretga chiqishi, turmushga chiqish va ishni butunlay tashlab ketishi mumkinligi sabab mas’uliyatli vazifalarga go‘zal jins vakillarini kamroq qo‘yishga intilishar ekan. Bu ikkala holatda ham noto‘g‘ri tushuncha muhim rol o‘ynaydi va tagida mablag‘ yo‘qotishni istamaslik yotadi.  Bunday narsalarga tug‘ma ko‘rmaydigan ukam ham to‘qnash kelgan va u bilan o‘z agentligimizni tashkil etdik. Ikkovimiz ham huquqshunosmiz.

O‘zimda ish topishimda hech qachon muammo bo‘lmagan. Unga esa asosan, rad javobi berishardi, yana bunda nogironligining bunga daxli yo‘q, balki hamma gap malaka yo‘qligidaligini ham aytishardi. Ukam bilan shunday siyosat yuritamiz: biror vakansiyaga xodim izlaganda uning salomatligi, jinsi, hatto, tajribasiga ham qarab o‘tirilmaydi. Shunchaki unga biror yumush beramiz. Uddaladimi – ishga qabul qilindi. Biroq ko‘pgina biznes egalari bir oddiy narsani anglab yetishmagan: ular, aynan, yetti muchasi sog‘ va kerakli malakaga ega, sog‘lom va boshqalarni ishga yollashadi.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan biroq ishlashni iistamaydiganlari ham uchraydi. Birinchi qahramonimiz Anvar Hoshimov – yetarli darajada kam uchraydigan misol, u jamiyatdan ajralib qolmaslik uchun nigohlaru kulishlarga dosh berishga, sevimli ishi bilan shug‘ullanish va to‘laqonli umr kechirishga tayyor inson. Kimdir yaqinlari va qarindoshlari davrasida g‘arq bo‘ladi, bu bilan hayot tugab qolmasliginiyam unutib, jismoniy reabilitatsiyaga boshi bilan sho‘ng‘iydi, boshqalari esa umidsizlikka tushadi. Bunda kishi go‘yoki butun olam senga qarshi va sen esa ojizsan holatiga tushib qoladi.

– Bunda faqat maqsadgina yordam berishi mumkin. Darhol oldingizga maqsad qo‘ying, – maslahat beradi hozir dars boshlanadi deganday soatiga qarab-qarab qo‘yayotgan Anvar Rahmatillaevich. – Uyda o‘zingga achinib o‘tirish domiga juda kuchli tortadi. To‘rt devor ichida qo‘rquvlarimiz ham kundan-kun orta boradi, ko‘chaga chiqmaslikka esa bahona asosliroq bo‘lib tuyula boshlaydi. Shu bois ham agar buning iloji bo‘lsa, biz uchun nogironligi bo‘lmaganlar orasida ishlash havo va dori-darmondek zarur.

Sabina Alimova.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech