05 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,5 °C

Mamlakatimizda
6 May  2020 3352

Ofatlarni yenggan xalq irodasi

Bu yil bahor hammamizni bir silkitib koʻrdi goʻyo:

Koronavirus pandemiyasi...

Buxoro viloyatida boʻron...

Sirdaryo viloyatida roʻy bergan ofat...

Bularning barchasi xalqimiz irodasini sinovdan oʻtkazmoqda.

Bularning barchasi xalqimiz matonatini namoyon etmoqda.

Bu kabi balo-qazolarga xalqimiz ilgari ham koʻp roʻbaroʻ kelgan va hammasini mardonavor yengib, har qanday kutilgan va kutilmagan imtihonlardan yana-da toblanib, charxlanib, kuch-qudratga toʻlib oʻtgan. Ayniqsa, tabiat imtihonlari el-yurt hayotida chuqur iz qoldirgan: “tarixda misollar juda koʻp bunga”.

Sirasini aytganda, obodlik va taraqqiyotga kurash va mashaqqatlarsiz erishilgan emas. Turli toʻsiq va gʻovlar yengib oʻtilib, baland dovonlar, yuksak marralar zabt etilgan.

Nogohonda kelgan qiyinchilik va murakkabliklar bartaraf etiladi, ulardan ertangi kun uchun zarur boʻlgan tajriba va saboq qoladi. Odamlarning kelajakka boʻlgan ishonchi yanayam mustahkamlanadi.

Xalq katta suvni balo, deb bejiz aytmagan. Sardoba suv omboridan toʻgʻonning bir qismini oʻpirib chiqqan katta suv qancha oilaning halovatini buzdi, qancha ekin maydonlarini payhon qildi.

Tabiiy ofatdan zarar koʻrgan hududlar aholisi tezkorlik bilan xavfsiz joylarga koʻchirildi va vaqtincha yashab turishlari uchun zarur sharoit yaratildi, boshpana, oziq-ovqat va dori-darmon bilan taʼminlandi.

Prezidentimiz Sirdaryoda talafot yetgan hududlar ichiga kirib borib, uy-joyi buzilgan, jabr koʻrgan yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz suhbatlashdi, “Shunday ogʻir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz”, deb ularning koʻnglini koʻtardi, ularga tayanch va suyanch boʻldi. Koʻrilgan tezkor choralar boshiga tashvish tushgan minglab odamlarni sarosima va tahlikadan saqlab qoldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining “Yurtdoshlarimizning hayoti biz uchun hamma narsadan ham qimmatlidir” deb taʼkidlashi buyuk Alisher Navoiyning:

Jondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq boʻlmas,

Ondin seni koʻp sevarmen, ey umri aziz

satrlariga gʻoyat hamohangdir. Inson qadrining yuksakligi, inson umrining bebaholigi, tiriklikning qimmati haqida bunday ezgu va olijanob gʻoya Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi arafasida, ayniqsa, yana-da chuqur ramziy maʼno kasb etadi, deb oʻylayman.

El boshiga mushkul-mashaqqat tushganda kimning kimligi bilinadi, kutilmagan ofatlar, sinovlar xalqni jipslashtiradi.

Shu kunlarda Sirdaryoga mamlakatimizning barcha hududlaridan “Muruvvat karvonlari” muntazam borib turibdi. Mushkul vaziyatda qolgan odamlarga ulkan hajmda insonparvarlik yordami – zarur oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va hatto bolalar uchun turli oʻyinchoqlar yetkazib berilmoqda. Yondosh tumanlar va qoʻshni viloyatlarda yurtdoshlarimiz suv toshqinidan zarar koʻrgan odamlarga oʻz uyidan joy berdi. Xususan, dunyoning katta qismida, jumladan, yurtimizda ham karantin tartibi saqlanib turgan bugungi sharoitda, eng avvalo, oddiy insoniy mehr-muruvvatga, koʻmakka muhtoj odamlarga koʻrsatilayotgan olijanob amaliy yordamning ahamiyatini hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Ha, bugun butun el-yurtimiz oyoqqa qalqdi. Ayniqsa, Ramazon oyida qalbini xayru ehson hamda shafqat va shafoat his-tuygʻulari chulgʻagan hamyurtlarimiz tabiat injiqliklari tufayli ozor yetgan hech bir inson saxovat va muruvvatdan chetda qolmasligi uchun astoydil saʼy-harakat qilmoqda.

Jurnalist Erkin Saidov Sirdaryo tumanida yashaydi. U voqea joyidan koʻchirilgan 35 nafar jabrdiyda odamni oʻz uyiga joylashtirdi. Ular bugun bir oila boʻlib yashamoqda. Eng qizigʻi, bir oilaning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi shoshilinchda boshqa yoqqa olib ketilgan ekan. Bolalar bugun yana oʻz oilasi, ota-onasi bagʻriga qaytdi.

Suv toshqinidan jiddiy zarar koʻrgan qishloqlardan biri – “Qoʻrgʻontepa” mahallasida istiqomat qiluvchi fermer oʻz jonini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, qudratli suv oqizib ketayotgan bir ota-onaning ikki dilbandi – voyaga yetmagan opa-singilni qutqarib qoldi. Oʻzingiz ayting, talatoʻpda yoʻqolib qolgan farzandlarini topgan oilalar quvonchining chegarasi bormi?.. Ana shunday fermer va tadbirkor yigitlar emasmi bugungi kun qahramonlari, shu emasmi vatanparvarlik?..

Buxoro va Sirdaryoda boʻlgan voqea-hodisalar xalqimizning saxovat, mehr-shafqat fazilatlari naqadar chuqur hayotiy ildizlarga ega ekanini yana bir bor amalda isbotladi. Sirdaryoning asriy choʻl-biyobonlari oʻtgan yuz yillikda xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, mashaqqatli mehnati, matonati va sabr-bardoshi bilan gulistonga aylangan edi. Asli Sirdaryo farzandi, Oʻzbekiston xalq shoiri Toʻra Sulaymon jonajon yurtini bunday madh etgan:

Uyur-uyur yilqi, qoʻzi-qoʻyligim,

Har qishloq, har uyi oʻlan, toʻyligim,

Davrada qomati osmon boʻyligim,

Sirdaryo – nurafshon, nurxonam mening,

Xizr nazar qilgan gulxonam mening.

Hech shubhasiz, suv toshqini asoratlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar va el-yurtimizning jonkuyarligi, jonfidoligi bilan Sirdaryo ahli bu ogʻir va jiddiy sinovdan sharaf bilan oʻtadi, viloyat Vatanimizning hamisha navqiron, yana-da obod goʻshasiga aylanadi. Zero, shoir bu muqaddas yurtni “Xizr nazar qilgan gulxonam”, deb bejiz aytmagan.

Barcha tashvishlar oʻtadi, kam-koʻstlarning oʻrni toʻladi, Sardoba voqeasi Vatanimiz va xalqimiz tarixining jasorat sahifasi boʻlib qoladi.

Baʼzida tabiat soladi qutqu,

Odamlar boshiga tushadi qaygʻu.

Barcha balolardan yurtni asragan

Xalqim jasorati, irodasi bu.

Salim Ashur,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech