18 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,9 °C

Mamlakatimizda
8 Mart  2019 3254

«Dalalar — joni dilim...»

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari Lolaxon Murotovani bilmagan odamni topish qiyin. Maqsadga intiluvchan, mas'uliyatli, murakkab vazifalarni ham osongina hal eta oladigan inson.

Butun umrini halol mehnatga bag‘ishlaganini va endi u yuz karra bo‘lib o‘ziga qaytayotganini aytadi. O‘tgan yili paxtadan 650 milliondan ziyod, don ekinlaridan 350 million so‘m daromad olib, jami bir milliard so‘m sof foyda olgan.

Bunday hajmlargacha yo‘l uzoq va oson bo‘lmagan, albatta. Lola Murotova oddiy ishchi, mexanik, traktor haydovchisi, tabelchi, brigadir, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Mustaqillik yillarida fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Sirtqi bo‘limda o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘ldi.

Ayol yuksak mukofotlar bilan, jumladan, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» faxriy unvoni bilan ham taqdirlangan. Oltiariq tumani aholisi unga doimo hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘ladi.

Tuman markazidan chiqib, O‘zbekiston faxriylari sanatoriysi tomon yursangiz, keyin «Belariq» ko‘rsatgichi bo‘yicha o‘ng tomonga burilsangiz, tez orada chor atrofi mevali bog‘lar bilan o‘ralgan dala shiyponiga yetib kelasiz. Qahramonimizni bu yerda tez-tez uchratish mumkin. Agar ishlari haqida so‘rasangiz, kulib: «mana shu dalalar - mening joni-dilim va ekinlari – farzandlarim-da!», deya javob beradi. Va, chindan ham, uning uchun ular butun hayoti mazmuniga aylangan.

- O‘tgan yili viloyat hokimligi binosida boshqa ishtirokchilar bilan birga Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasi tingladim , - deydi Lola opa. - Yurtboshimizni o‘z Vatanini va xalqini chin dildan sevadigan, har bir insonning farovonligi va manfaatlari haqida o‘ylaydigan fidoyi inson, deb hisoblayman. Uning hayotga bo‘lgan yangicha nuqtai nazaridan ilhomlandim. Uning shaxsan o‘zi qishloq xo‘jaligi sohasida ilm-fan va texnologiyalarning so‘nggi yutuqlarini joriy etish tashabbuskori bo‘lganining o‘ziyoq biz fermerlarni ulkan yutuqlar va cho‘qqilar sari undaydi.

Fermer xo‘jaligi avtoparkida «Class Orion» kombayni, uchta «Belarus» va ikkita yuk tashuvchi traktorlar, mineral o‘g‘itlarga ishlov beradigan yana bir texnika birligi, «Damas» va «Nexia» avtomobillari mavjud. Fermer xo‘jaligida 110 kishi bir yoqadan bosh chiqarib, bahamjihat mehnat qilishga o‘rgangan.

Fermer xo‘jaligining o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratsak: 350 gektar maydonda «Asr» va «Grom» donli ekinlari yetishtirilib, vatan xirmoniga rejadagi 870 tonna o‘rniga 1100 tonna bug‘doy topshirildi. 127 gektar yerdan «Namangan-77» navidan yuqori paxta hosili olinib, qabul qilish punktlariga 440 tonna sanoat xomashyosi yetkazib berildi. Har bir gektar maydondan hosil 40 sentnerdan oshib, yillik reja qariyb 155 foizga oshirib bajarildi.

Lolaxon opa Farg‘ona viloyati xalq deputatlari Kengashi vakili sifatida mamlakatning siyosiy va ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi viloyat bo‘limi yig‘ilishlarida dolzarb masalalar borasida ma'ruzalar qiladi. Qahramonimizning aytishicha, hammasiga ulguradi va qilgan ishlarining samarasi uni yangi-yangi yutuqlar sari ilhomlantiradi.

Hamid Burhonov.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Rashid Galiyev surati.

 

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 8-martdagi № 47-sonida «Одна на миллион» sarlavhasi bilan chop etilgan

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech