24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,1 °C

Tashvishli xabar
18 Yanvar  2019 12705

Bolangiz maktab oshxonasida ovqatlanadimi?

O‘tgan yilning noyabr oyida Bekobod Tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 8-sonli bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilaridan bir guruhi «ovqatdan zaharlanish» tashxisi bilan olib kelingan edi. Xuddi shu holat meni poytaxtimiz maktab oshxonalariga borib, farzandlarimiz nimalar iste’mol qilayotgani bilan qiziqib ko‘rishga undadi.

 

Aksariyat ota-onalar farzandlarini maktabga bilim olish uchun jo‘natayotib, ularning o‘qish paytida och qolib ketmasligi haqida ham o‘ylaydi. Kimdir bolasining sumkasiga oldindan olma, pechene solib qo‘yadi, ayrimlarga bolasining biron nima yeb olishi uchun qo‘liga pul tutqazish qulayroq ko‘rinadi. Bunday ota-onalar maktab oshxonalari oshpazlarining o‘z ishiga halol va vijdonan yondashishiga ishonishadi. Ammo bu to‘g‘rimikan?..

O‘zbekiston Respublikasining 0288-10-sonli Sanitariya qoidalari va me’yorlariga muvofiq o‘quv muassasalari oshxonalarida quyidagi oziq-ovqatlar, taomlarni va kulinariya mahsulotlarini tayyorlash va sotishga yo‘l qo‘yilmaydi: gamburger, chizburger, xot-dog, sosiska va kolbasa, pechda pishirilgan bulochkalar, chipslar, kirieshka va xrustyashkalar, gazlangan ichimliklar, uyda (sanoatda emas) tayyorlangan istalgan oziq-ovqat turi, kremli qandolat mahsulotlari, yog‘da qovurilgan un mahsulotlari, achchiq souslar, ketchup, mayonez, yegulik konservalar, marinadlangan meva-sabzavotlar, tabiiy qahva, tonus va quvvatni oshiruvchi ichimliklar, saqich va boshqalar.

Aniqlanishicha, poytaxt maktablarida ovqatlanishni tashkil etuvchi mas’ullarning hammasi ham yuqorida keltirilgan qoida va me’yorlar bilan tanish emas ekan.

Bir paytlar o‘zim o‘qigan Chilonzor tumanidagi 182-maktabni eslayman. Maktabga kiraverishdayoq pechda tayyorlangan pishiriq va kakaoning hidi dimoqqa urilardi. Eski qadrdon makonimga borishga qaror qildim. Hech nima o‘zgarmabdi... O‘sha eski, ishtahani qitiqlovchi tanish hidlar haliyam keng va shinam maktab oshxonasiga chorlaydi. Mirobod tamanidagi 175-maktabda esa bufetning qaysi tarafda ekanini darrov aniqlay olmadim.

Binoga kirishim bilan bor-yo‘g‘i bir necha stolga ko‘zim tushdi (xuddi shu tumandagi 147-maktab bolalari ham shu yerda o‘qishadi (maktab avgust oyidan beri kapital ta’mir uchun yopib qo‘yilgan). Juda g‘alati ko‘rinish – jamoa shunchalik katta, zal ham kenggina, ammo stollar bor-yo‘g‘i 16 kishiga mo‘ljallangan. Nimalar sotishayotganini ko‘rish uchun vitrinaga yaqin bordim. Unga esa sabzili gamburger, yog‘da qovurilgan kartoshkali perashka, sabzili salat solingan pegodilar, orasiga sosiska solingan pishiriqlar, kirieshka, gazlangan ichimliklar, konfetlaru shokoladlar qo‘yilgan. Yuqoridagilarning barini o‘quv muassasalarida sotish taqiqlangan. Bundan tashqari, SVCh-pechning ochiq, hech nima bilan himoyalanmagan simlari o‘quvchilar keladigan tomonga qaragan, elektrga ham o‘sha yerda, stolning ustida, bolalar qo‘l uzatsa yetadigan masofada ulab qo‘yilgan. Texnika xavfsizligi bo‘yicha bunga yo‘l qo‘yilmasligi kerak. Hatto, polda ham oshpazlarni tok urmasligi uchun dielektrik to‘shama yo‘q. Endi qisqagina tanaffus paytida imkoni boricha peshtaxtaga yaqinroq borishga intilayotgan, to‘g‘rirog‘i, o‘zini urayotgan bolalarni o‘zingiz tasavvur qilavering. Bolalar oshxonasiga borishdan oldin ism-shariflarini keltirmaslikni so‘ragan bir nechta ota-ona bilan muloqotda bo‘ldim. Ma’lum bo‘lishicha, ular maktab ma’muriyatiga bir necha bor chips, kirieshka va boshqa shu kabi zararli mahsulotlarni sotmasliklarini so‘rashgan. Ammo hech qanday natija bo‘lmabdi.  Onalardan biri bolalar ovqatlanishi uchun mas’ul maktab tibbiy hamshirasini topib gaplashmoqchi ham bo‘libdi, ammo uni topolmabdi.

Ammo qizig‘i shundaki, maktabga gazeta vakili kelishini eshitiboq tibbiy hamshira qayerdan bo‘lsa ham yetib keldi. Bezovtalangan holda barcha mahsulotlarning yangi ekanini tushuntira ketdi. Bizning bunday mahsulotlarning maktab oshxonalarida sotilishi taqiqlangani haqidagi e’tirozimizga ushbu mahsulotlarni bolalarning yaxshi ko‘rishini va ular orasida ketchup va mayonez yo‘qligini aytdi.  Unda yopilmagan, usti ochiq turgan mahsulotlar borasida nima desa bo‘ladi? Vitrina-muzlatkich haqida aytmasa ham bo‘ladi – uning o‘zi yo‘q. Ota-onalardan biri tibbiy hamshiraga o‘tgan yilgi Bekobod hodisasini eslatdi. Biroq bunga ham quloq solinmadi va maktabda bu binoni ko‘rishga haqqimiz yo‘qligini bot-bot eslatishda davom etildi.

Unda iste’molchi (ayni vaziyatda maktab o‘quvchilari) ko‘rsatilgan xizmatlar sifatini qanday tekshirib ko‘ra oladi? Sutkalik namunasi haqidagi savolimiz ham ochiq qoldi. Ya’ni bolalar zaharlanib qolgan vaziyatlarda laboratoriyaga mikrobiologik tadqiqot uchun tayyor taomlarni sanitariya qoidalari va me’yorlariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi tekshiradigan hech nima bo‘lmaydi!

(Sutkalik namuna taom porsiyasi to‘liq hajmda – 100 grammdan kam bo‘lmagan miqdorda salatlar, suyuq va quyuq taomlar, garnirlardan olinadi. Ular qozon (tarqatish joyi)dan sterillangan (yoki qaynatilgan) qoshiq yordamida shisha yoki metall qopqog‘i zich yopiladigan steril (yoki qaynatilgan) shisha idishga solinadi. Va namuna maxsus muzlatgich yoki muzlatgichda buning uchun ajratilgan joyda +20...+60C daraja haroratda 24 soatdan kam bo‘lmagan muddatga (dam olish va bayram kunlari bunga kirmaydi) saqlab qo‘yiladi).

 

Direktor xonasida

Bor mas’uliyatni tibbiy hamshiraga ag‘darishga harakat qilgan o‘quv muassasasi ma’muriyati bilan ham suhbat bo‘lib o‘tdi. «Bu uning oshxonasi, nima qilishni o‘zi biladi», emish! O‘quv muassasasi direktori maktab bufeti assortimenti qanaqaligini, yeguliklar qanday holatda sotilayotgani va eng asosiysi, Sanitariya qoidalari va me’yorlari haqida mutlaqo bilmas ekan. Bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo‘l tutishi kerak? Ularning savollariga kim javob beradi?

Aylanishda davom etamiz. Chilonzor tumanidagi 217-maktab. Foyega kirgandanoq yoshliging esingga tushib ketadi: yaxshi jihozlangan oshxonada har biri alohida paketlarga solingan yangi pishirilgan bulochkalar terib qo‘yilgan. Suyuq ovqatga – karam sho‘rva, quyug‘iga – osh. Narxlar ham cho‘ntakbop. Ovqat suzib berilgach, vitrina-muzlatgichdan yangi salat olib berishadi. Sutkalik namuna haqidagi savolimga nafaqat qoniqarli javob oldim, balki zaruriy hujjatlarni ham ko‘rsatishdi: tibbiy hamshira ham ortiqcha gap-so‘z qilgani yo‘q. Maktab oshxonasi ishidan ota-onalar ham mamnun ekan. To‘g‘ri-da, ular farzandlarining uydan tashqarida ham sog‘lom ovqatlar iste’mol qilayotganidan xotirjam. Oltinchi sinfda o‘qiydigan bir bolani to‘xtatib, undan oshxonaga tez-tez kirib turadimi-yo‘qmi qiziqdim. U esa xotirjamlik bilan: «Har kuni kiraman. Buvim uzoqda yashaydi, ota-onam ishda bo‘ladi. Uyda ovqatni isitib, so‘ng idish-tovoqni yuvib qo‘yishga erinaman. Ota-onam shusiz ham, har kuni cho‘ntak xarajati berishadi. Men esa uni tushlikka sarflayman». Bu orada oldimizda besh-oltita qiziquvchan bolakaylar yig‘ilib qoldi va suhbatimizga aralashishdi. Aytishlaricha, ular bufetga taomlarning arzonligi uchun emas, balki mazali tayyorlashgani uchun ham kelisharkan. Buning yana bir qulayligi bor – tag‘in ichging kelsa, oshpazlar bepul choy quyib beraverisharkan. Bu bolalar ovqatlangandan so‘ng jumrakka yugurib, sovuq suv ichmasliklari uchun, albatta.

Mirobod tumanidagi 60-maktab oshxonasi ham bizni xursand qildi. Pishiriqlarning turi ko‘p. Issiq ovqatlar ham pishirishadi. Turli gazlangan salqin ichimliklar va kirieshkalar yo‘q!

Maqola tayyorlanishi chog‘ida 175-maktabda mehmon sifatida o‘qigan 147-maktab o‘quvchilari yana «o‘z uyi»ga qaytishibdi. Hammayoq toza, chiroyli, yangi mebellar. Ammo bitta «lekin»ni bor: sifatli ovqatlanishni baribir tashkillashtira olishmabdi. To‘g‘ri, issiq va mazali ovqat tayyorlanadi, biroq ular bilan bir qatorda zararli fastfudlar ham sotilmoqda. Bola tanaffusda orasiga sosiska solingan bulochkani yegach, maktabdan uyiga bir ahvolda kirib keladi, ya’ni zaharlanish alomatlari bilan. Bolakayning ota-onasi tez yordam chaqrishdi va u zaharlanishning og‘ir turi bilan shifoxonaga yotqizildi.

P.S. Bunda 12 yoshli o‘quvchi jabr ko‘rgan. Endi hurmatli direktorlar bunga nima deb javob berarkan? Bolalar shu taomlarni yaxshi ko‘radi, debmi? Bufetda sotilayotgan gamburgerlar orasida ketchup va mayonez yo‘q, debmi?

Xullas, ayrim o‘quv muassasalari rahbarlarining ushbu holatdan keyin maktab oshxonasini qattiq nazorat ostiga olishlariga ishonib qolamiz.

Lyudmila Kalentyeva.

 

Mutaxassis fikri

Respublika Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining Bolalar va o‘smirlar gigienasi bo‘limi oliy toifali sanitar shifokori Rauf Qosimovdan yuzaga kelgan vaziyatni izohlab berishini so‘radik:

- Maktablarda o‘quvchilar uchun ovqatlanishni tashkil etish – nafaqat bolalarning yaxshi kayfiyatini, balki o‘qitish samaradorligining oshishini ham belgilab beradigan ta’lim tizimi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Turli kasalliklarning oldini olishda ovqatlanish madaniyati ulkan ahamiyatga ega. Ushbu masala maktab o‘quvchilari uchun dolzarb va u shifokor, pedagog va ota-onalarda ham qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Zero, 17 yoshga qadar bolaning rivojlanishi o‘zi bo‘lgan muhitga ko‘p jihatdan bog‘liq. Aynan, organizmning juda tez o‘sishi va ijtimoiy adaptatsiyasi maktab davrlarida kechadi. Bu esa juda katta ma’naviy va ruhiy kuch, yaxshi jismoniy tayyorgarlikni talab etadi. Sakkizinchi sinfdan boshlab, har o‘quv yilida 17 soat sog‘lom turmish tarzi darslari o‘tiladi.

- Maktabda ovqatlanish tizimini kim nazorat qilishi kerak?

- O‘zbekiston Davlat bosh sanitar vrachining 2010-yil 18-sentyabridagi qaroriga muvofiq ovqatlanish bloklarining mos sanitariya-texnik holatini ta’minlash va o‘quvchilarning sifatli va ratsional ovqatlanishini tashkil etish, shuningdek, ijaraga maxsus bino ajratgach, ijarachilarning ovqat tayyorlashini nazorat qilish, maktab direktori va hamshira zimmasiga yuklatilgan.

Prezidentimizning 2018-yil 27-iyuldagi «Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq xo‘jalik sub’yektlarini tekshirish maksimal darajada qisqartirildi. SES vakillari laboratoriya tadqiqotlari uchun har uch oyda bir marta oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlardan namuna olishlari mumkin. Har yarim yilda – xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqida ma’lumotnomalarning bor-yo‘qligi tekshiriladi.

- Maktab oshxonasi uchun sutkalik namuna olish shartmi?

- Shart. Buni nazorat qilish esa tibbiy hamshiraning vakolatiga kiradi. Afsuski, biz joylarda tez-tez bunga rioya qilmaslikka duch kelamiz. Biroq ular loqaydligi tufayli  butun boshli guruhlarning ovqatdan zaharlanishi va ichak xastaliklari yuzaga kelayotgan shaxslarning mas’uliyatini qonunchilik tartibida oshirish mumkin, deb hisoblayman. Agar ular bunday ishlar uchun jaolanishini bilsa, o‘z ishiga butunlay boshqacha yondasha boshlaydilar.

- 175-maktabdagi vaziyatni qanday izohlagan bo‘lardingiz?

- Bu vaziyatda tibbiy hamshira va maktab direktori javobgarlikdan qochgan. To‘g‘ri, bolalarga kireshka, chips, gazlangan ichimlik, konfetlar juda yoqadi, ammo o‘zlari ularning zararli ekanini bilishmaydi. Bunday mahsulotlar taqiqlangan, chunki tarkibida xushbo‘ylantirgichlar, ta’m beruvchi va ta’mni kuchaytiruvchi vositalar, bo‘yoqlar, yumshatgichlar, konservantlar va boshqa qo‘shimchalar mavjud. Bola organizmiga bunday kimyoviy birikmalar to‘g‘ri kelmaydi. Bundan asab, qon va endokrin tizimi aziyat chekadi. Allergik kasalliklar tez-tez uchraydigan hodisaga aylandi. Bolalar kun davomida nima iste’mol qilganini unutib qo‘yadilar va shu bois ham unga nima salbiy ta’sir ko‘rsatganini aniqlash qiyin kechadi.

- Yog‘da qovurib pishirilgan perashka, ponchiklar nega taqiqlangan?

- Bu taomlar bir pishirganda bir yo‘la hammasi ishlatilib ketmaydigan ko‘p o‘simlik yog‘ida qovuriladi. Qovurish jarayonida unga xamir va go‘sht parchalari, un tushadi.  Amalda oshpazlar bu yog‘dan bir necha kun, hatto, haftalab foydalanadilar. Bunday yog‘da to‘planib qolgan kanserogenlar turli kasalliklarni, jumladan, saratonni ham keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois ham maktabda bolalar qanday ovqatlarni iste’mol qilayotganiga jiddiy e’tibor qaratish kerak.

Shu o‘rinda ota-onalarning ham maktabga borgach, oshxonasiga kirib, qanday mahsulotlar sotilayotganiga e’tibor berishini, biron noto‘g‘ri ishni aniqlashsa yoki nimadir shubha uyg‘otsa, vakolatli instansiyaga bu haqda murojaat qilishlarini istardim.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech