16 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Fikr
12 Aprel  2019 7035

Kosmos, o‘qituvchilar va kitobsevarlar haqida

Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning o‘tgan yil oktyabr oyidagi davlat tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kelgusida iqtisodiyot, fan, texnika, madaniyat, ta’lim, turizm, sport va boshqa sohalarni yanada rivojlantirish borasida erishilgan ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga batafsil to‘xtaldi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash haqida gapira turib, mamlakatimiz rahbari yaqin kelajakda O‘zbekiston fuqarosi ham kosmosga parvoz qilishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

 

Ushbu so‘zlar har bir vatandoshimizning qalbiga chuqur muhrlandi. Albatta, hammamiz bu qachon sodir bo‘lishini intiqlik bilan kutyapmiz. O‘sha kun kelsa, jurnalist hamkasblarimizning qiziqishlarini tasavvur qilyapman. Nimani va qanday yoritish, suratga olish lozim, suhbatni qanday tashkil etish kerak? Bunda, masalan, taniqli publitsist va yozuvchi Anatoliy Agranovskiyning birinchi va keyingi kosmonavtlar to‘g‘risida tayyorlagan maqolalari asqotgan bo‘lardi.

Bunda darhol uning German Titov haqidagi «Qanday birinchi bo‘ldim?» ocherki yodga keladi. Parvoz sanasi va vaqtini oldindan bilgan markaziy «Izvestiya» gazetasining o‘z muxbiri radio orqali xabar qilinishidan oldinroq butun Oltoy o‘lkasini jahonga mashhur qilgan Polkovnikovo qishlog‘iga tashrif buyuradi. U yerda bo‘lg‘usi kosmonavt o‘qigan, bugun sobiq maktabda memorial muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Maqolada keltirilishicha, radioda parvoz e’lon qilinganidan so‘ng «Titovlar uyida hammasi aralash-quralash bo‘lib ketdi. Hamma baravariga gapirar, uning onasi ko‘zlariga yosh olgan, otasi esa uni yupatardi, hammayoqqa valerianka hidi anqib ketdi». Jurnalistlar birin-ketin yugurib kelishardi. Axborot olish darajasi matbuotning qishloqdan uzoqligiga to‘g‘ri proporsional edi. Dastlab, moskvaliklar yetib kelishdi, keyin boshqalari. «Faqat ertasi kuni kosmonavtning ota-onasini poytaxtga jo‘natish uchun aerodromga olib ketishayotganlarida rayon gazetalaridan ikki nafar jurnalist yugurib kelishdi». Ular baribir Titovlarga yetib olishdi va mashinadan tushirishdi. (- Nega qarab turibsan? Tezroq suratga ol! – Tasma tugadi…)» Buning bari batafsil va qiziqarli tarzda bayon etilgan.

Ammo publitsistning muhimlik borasida bunisidan ham qolishmaydigan boshqa topshirig‘i ham bor edi. Ertasiga o‘zi biladigan inson bilan uchrashishi kerakligini tushunish ancha qiyin bo‘ladi. U uchrashadigan kishining oldiga ertalab yetib keldi va o‘zini tanishtirdi: «Arganovsikiy, «Izvestiya»ning o‘z muxbiri».

«Uning ko‘zlarida nimadir yiltillab ketdi, tushundim: meni biladi. O‘qigan yo eshitgan. Unga dedim:

– Men Toporov masalasida kelgandim. Adashmasam, uni taniysiz, to‘g‘rimi?

– Shoshmang… – dedi u. – Toporov haqida siz yozgan edingiz-a? «Izvestiya»da… ha, bir ming to‘qqiz yuz o‘ttizinchi yilda.

– Yigirma sakkizinchi yilda, – dedim men.

– Yomon maqola edi, – dedi u. – Zararli.

1928-yilda men olti yoshda edim. Ammo maqola chiqqan, bu aniq. To‘g‘rirog‘i, feleton… Uning tagiga esa «A.Agranovskiy», deb yozib qo‘yilgan, ilgariyam meni otam bilan adashtirishgan, shu bois ko‘nikib ketganman». Katta Agranovsikiy Oltoy o‘lkasining uzoq qishlog‘idagi kulbalardan biriga kiradi. U yerda esa Glafira ismli bir qiz Genrix Ibsenning kitobini o‘qiyotgan ekan. Bu narsa mehmonni qanday hayratda qoldirganini ko‘rgan kulba egasi, chol unga: «Biz bilan bir muddat yashab ko‘r, shunaqa narsalarni ko‘rasanki…» deydi. Chindan ham muxbir mo‘jizaga duch kelgandi – «May tongi» kommunasidagi chol-kampirlaru yoshlar har kuni kechqurun klubga borib, Tolstoy, Turgenev, Leskov va boshqa ko‘plab yozuvchilarni o‘qisharkan. «Gogol, Chexov, Ostrovskiylarni to‘liq o‘qishgan. Bunga yana qator Yesenin, Katayev, Leonov, Shishkov kabi yangi nomlarni ham qo‘shing… Sakkiz yil ichida kunma-kun o‘qib bo‘lishgan. «Moler, Ibsen, Gyugo, Geyne, Mopassan, Gauptman, Materlink… Yana yoz, to‘xtama!»

Ular nafaqat kitobni o‘qishgan, balki muhokama ham qilishgan, hukm ham chiqarishgan («Bu qishloq uchun kerakli kitob» qabilida). Ularning ustozi va buning barini uyushtirgan kishi Toporov edi. Keyinchalik ular asosida o‘z fikrlarini qayd etib borib, «Dehqonlar yozuvchilar haqida» kitobini yozgan. Unga esa Abram Agranovskiy kirish so‘zi yozgan va kitob bir necha marta qayta nashr etilgan. Aslida maxsus muxbir Adrian Mitrofanovich Toporovni ta'qib qilgan hasadgo‘y va johil odamlardan himoya qilish maqsadida besh ming kilometr yo‘l bosib kelgandi. U o‘zining «Genrix Geyne va Glafira» maqolasida ashaddiy kitobsevarlar, beayov tanqidchilar, «Lapti kiygan Belinskiy» va ularning ustozi haqida hayrat bilan, uning dushmanlari to‘g‘risida esa nafratlanib yozadi.

Oradan o‘ttiz yil o‘tib, Agranovskiyning o‘g‘li, u ham maxsus muxbir, Toporovni ta’qib qilganlarga bosh-qosh bo‘lgan, hozirda esa bezovta, qarilik cho‘ktirgan va tayoqqa suyanib zo‘rg‘a yuradigan kimsa (etika nuqtai nazaridan uning ism-sharifi aytilmaydi) huzurida paydo bo‘ladi. O‘shandan beri uzoq bu qishloq Polkovnikovo qishlog‘iga aylandi, kosmonavt Titovning ota-onasi barchaga Toporov haqida so‘zlab berishgan: aynan u, ularni o‘qitgan va insonlar qatoriga qo‘shgan.

«Adrian Mitrofanovich tirik, deysizmi… Ay-yay-yay! Balki tuzalgandir… Ammo siz, o‘rtoq Agranovskiy, o‘z maqolangiz bilan biz qari kurashchilarning yuziga oyoq qo‘ydingiz, shunday. Eh, bu toporovchilar…»

Yo tavba, oradan shuncha yillar o‘tgan, ikkovi ham qarib-qartaygan, ammo dushmanlikning chek-chegarasi yo‘q ekan, u adovatu xusumat bilan to‘yingan, haliyam qoralashda davom etadi-ya?! – hayratga tushadi publitsist, suhbatdoshidan dalillar keltirishini so‘raganda u uzoq o‘ylanib qoladi. «Dalillar. Yana qanaqa dalillar? Toporov juda ustalik bilan niqoblangandi… O‘shanda Kosixda ishlardim, maktab rahbari edim… Menga shtatdan tashqari inspektor bo‘lishni taklif qilishdi… Bir kuni chaqirishib, shunday deyishdi: «Nima deysan, «May tongi» maktabiga borsakmikan? U yerdan signal tushgan… Tushunyapsanmi, bu kerak. U yerda bir o‘qituvchi bor ekan… Uni kuzat, u haqda qanday yomon gaplar eshitsang va hokazolarni to‘pla».

Mana, uning tomonidan yig‘ilgan ayrim «dalillar»: Toporov o‘zini juda katta oladi, haddan tashqari kekkaygan va o‘ziga bino qo‘ygan, juda kam odam bilan qo‘l berib ko‘rishadi… Faqat o‘z sigiridan sog‘ilgan sutnigina ichadi… Mana, sizga uning ma'naviy qiyofasi… mana bu Toporovning kitobi – unda qashshoqlar qatlamining o‘zi yo‘q, deb hisoblash mumkin. Mana u, bekinib olgan va tutish qiyin bo‘lgan dushman».

Buning bari ta’qibchi uchun – jiddiy, o‘quvchi uchun – kulgili. Kosmonavtning otasi Stepan Titov keyinchalik shunday deydi: «Hasad, deb o‘ylaysizmi? Ular hasad qilishni bilisharkanmi? Bu aslida kuchli hissiyot, degani. Hasad qilish uchun ham hasad qilayotgan narsangning ulug‘vorligini tushunishing kerak. Yo‘q, bu hasaddan ham battari. Bu o‘zingdan yaxshi, aqlli narsalarni qiyratish, ezib-yanchib tashlash istagi… Ular bu dunyoda qanday yurisharkan-a?»

Ta'qibchi-cholning so‘nggi maslahati shunday bo‘ldi: «Agar Toporov haqida yana nimadir chiqsa, va u yana maqtalsa, bu biz qari kurashchilar uchun haqorat bo‘ladi. Yaxshisi, yozmang».

– Yo‘q, – dedim unga. – Toporov haqida yozishadi hali, albatta, yozishadi. German Titovning kosmosga chiqqanini radiodan eshitgansiz, albatta. U aynan, o‘sha qishloqdan, o‘sha «May tongi»dan. Uning ota-onasi mening oldimda jurnalistlarga erishgan barcha yaxshi narsalari uchun birinchi o‘qituvchi – Toporovdan bir umr minnatdor ekanini aytishdi. Xullas, bu borada sizga hech qanday yordam bera olmayman: endi Toporov haqida, albatta, yozishadi».

Uzoq jim turgach, chol dedi: «Men o‘shanda sizlarga ham maktub yozganman… sinfiy kurash keskinlashishi  nuqtai nazaridan baho berganman unga… Ammo jiddiy javob bermadinglar… Nima emish, men o‘zimdan o‘n kalla yuqori turadigan Toporovni muhokama qilganmishman, menday maktab o‘qituvchisining xatida oltita grammatik xato bor emish. Tamom-vassalom. Va «A.Agranovskiy», degan imzo».

Maqolaning boshi ham, yakuni ham qiziqarli chiqdi: «Meni otam bilan juda ko‘p adashtirishadi: negaki, ismlarimiz ham bitta harfdan boshlanadi… - Bilasizmi, Toporov haqidagi maqolani men yozmaganman, - dedim o‘sha odamga. – Maqolani otam yozgan. Sizga ham xatni otam jo‘natgan. Men ham o‘shanday javob yozgan bo‘lardim. Xuddi o‘ziday qilib».

Darvoqye, Adrian Toporov uzoq umr ko‘rdi va butun umr adabiyotga qiziqdi, ba'zan matbuotda maqolasi e’lon qilinardi, bir necha kitoblar yozdi, jumladan, o‘zi haqidagi «Men, o‘qituvchiman» nomli asarini ham. Anatoliy Agranovskiy uning kitoblarini nashrdan chiqarishda va tahrir qilishda unga yordam bergan.

Yuqorida keltirilgan hodisada, umuman, o‘z ishida jurnalist dalillarga tayangan. Ammo hammayam bunday qilavermaydi. Kosmonavtlar, boshqa insonlaru hodisalar haqida tuzukkina yozilgan, deyish mumkin bo‘lgan ayrim maqolalarda, afsuski, yolg‘on detallar, uydirma va mishmishlar bekinib olgan bo‘ladi. Go‘yoki bir qoshiq qatron bir bochka asalni achchiq qilib yuborgandek. Shu ma'noda Agranovskiyning ehtiyotkorlik borasida aytgan so‘zlarini eslash, ortiqchalik qilmas: «Tabiat bo‘shliqni yoqtirmaydi. Bo‘shliqni esa asosan, begona o‘t to‘ldiradi. Axborot yetishmayotgan istalgan joy esa mishmishlar bilan to‘ladi. Bular bizga foydasi tegadigan mishmishlar bo‘lmaydi. Ular faqat zarar keltiruvchi bo‘ladi». Bu taniqli publitsist tomonidan berilgan yana bir muhim saboqdir.

Saydi Umirov.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech