19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,3 °C

Tashvishli xabar
8 Aprel  2019 5904

Hashar qilib ekilgan ko‘chatlar nega ko‘karmaydi? Bu xayolga ham kelmasligi mumkin

Yoshi kattalar bir paytlar Toshkentdagi ariqlarning suvi zilol va toza bo‘lgani va unda bolalar hatto, baliq ham tutishganini eslashadi. Ana shunday ariqlar yoqalab ekilgan daraxtlar  soyasi haliyam ko‘pchilikni jaziramadan saqlaydi. Bunga poytaxtning Chilonzor tumanini misol keltirish mumkin. Bir paytlar tuman hududiga juda ko‘p chinorlar ekilgan, afsuski, hozirda ularning ko‘pi kesib tashlangan.

 

Hozir nimani ko‘ramiz? Ko‘pgina ariqlar tashlandiq ahvolda, chiqindilar bilan to‘lib ketgan. Ayniqsa, yo‘l chetlaridagi «suv arteriyalari». Ularga eski va yaroqsiz avtomobil pokrishkalari, plastik chiqindilarni tashlashadi. Ariq bo‘yida mashinalarni yuvishadi, buning natijasida ariqdagi suvga benzin va avtomobil moylari tushadi. Bir paytlar obihayot hisoblangan suvlar bugun zaharli.

Chilonzor tumanining Katta Xirmontepa ko‘chasi bo‘ylab ariq oqadigan 20-kvartaliga yo‘l oldik. «Bo‘rijar» machitidan 35-oilaviy poliklinikagacha bo‘lgan masofa nolegal mashina yuvuvchilarning yaxshi ko‘rgan joyiga aylangan. Bu yerga har kuni qo‘liga chelak, latta, doka, gubka olgan o‘nlab o‘g‘il va qiz bolalar bir-ikki so‘m pul ishlash maqsadida to‘planadi.

Bitta yengil avtomobilni yuvishga qancha berishadi, deya so‘radim. O‘n yetti yoshlar chamasidagi yigit «15 ming so‘m», deb javob berdi. Huquqni muhofaza qilish organlari buni taqiqlashmaydimi, deya yana so‘radim. Bosh irg‘ashdi.

Xo‘sh, avtoulov egalarini bunday noqonuniy joyda mashinalarini yuvdirishga nima majbur etmoqda? Javob aniq: rasmiy xizmat ko‘rsatish joyida bu ish uchun 20-30 ming so‘m pul olishadi. Agar qo‘l tekkizmay yuvish kerak bo‘lsa, xizmat haqi 40 ming so‘mga chiqib ketadi.

Yuqorida keltirilgan misol bittagina emas. Masalan, 26-kvartaldagi Shirin ko‘chasida ham shunday vaziyatni ko‘rish mumkin. Aytish joizki, bu hali muz tog‘ining yuqori qismi, xolos, boshqa tumanlarda ham shunga o‘xshash voqealar kuzatiladi.

Yuvish chog‘ida esa avtomobildan juda ko‘p iflosliklar va neft mahsulotlari oqib ariqqa tushadi. Boz ustiga, bunda turli kimyoviy yuvish vositalaridan foydalaniladi. Ulardagi kimyoviy birikmalar esa suvga va uning bo‘yida o‘sadigan o‘simliklar olamiga zarar yetkazadi. Bu yerda hatto, o‘t-o‘lan ham o‘smaydi. Ushbu hududlarda hashar yo‘li bilan ekilgan ko‘chatlarning ham tutib ketmay, qurib qolishi tushunarli, albatta.

O‘zbekiston Respublikasining «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 9-moddasiga muvofiq suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amalga oshirishi  lozim.

Biroq Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qilganimizda Toshkentdagi ariqlar ustidan nazorat qilish ularning vakolatiga kirmasligini aytishdi. Suv xo‘jaligi vazirligiga murojaat qilib ko‘rishni maslahat berishdi. Bu mahkamadan esa Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga yo‘naltirishdi, u yerdan esa yana xuddi o‘sha aylana bo‘ylab... Biror joyda aniq javob aytishmadi. Ikkinchi muammo ham havoda qoldi: mashina yuvuvchilarning nolegal faoliyatini kim nazorat qiladi, degan. Chilonzor tumani «Yakkatut» mahallasi uchastka noziri bilan suhbatlashganimizda bu yerda nolegal mashina yuvuvchilar muntazam ravishda jarimaga tortib turilishini bilib oldik. Ammo muammo baribir yechim topmagan.

– Boshqa ishlarimiz ham ko‘pligi sabab kun bo‘yi ariqlar yoqasida tartibni saqlab turishning iloji yo‘q. Ammo muntazam ravishda qoidabuzarlarni tutib, jarimaga tortib turibmiz, – deydi uchasika noziri Dilshod Mannonov.

Ariqlar yoniga nega haligacha mashinalarni yuvishni taqiqlovchi belgi qo‘yilmagani borasidagi savolga «Bir keling, taklifingizni muhokama qilamiz», degan javobni oldik.

Konstantin Bashlayev.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech