10 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,2 °C

Kеyingi avlod
23 Oktyabr  2019 3158

Prezident maktablari o‘quvchilariga katta umid bog‘lanmoqda

Namanganda Prezident maktabi barpo etish shiddat bilan davom etyapti. «Zafar qurilish xizmati» XK quruvchilari uni shu yilning 1 noyabriga qadar foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Namanganda Prezident maktabida o‘qish uchun talabgorlar imtihonlarning birinchi bosqichi yakunlari bo‘yicha ushbu muassasalar tashkil etiladigan boshqa hududlardagi tengdoshlaridan o‘zib ketishdi. Imtihon davomida jami talabgorlar soni 7738 nafarni tashkil etib, 144 tasi barcha topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarishdi. Ta’kidlash joizki, imtihondan o‘tmagan, lekin eng ko‘p ball to‘plagan 500 nafar bolaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va umumta’lim maktablarida o‘qish uchun kvotalar berildi.

Hatto, tugallanmagan ob’ekt ham jasurona me'moriy innovatsiyalari bilan kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Ayni damda bu yerda ikki qavatli o‘quv binosi va uch qavatli yotoqxona binolari old ko‘rinishlarini bezash, tomini yopish, elektr ta'minoti, isitish tizimlari, santexnika jihozlarini montaj qilish va kommunikatsiyalarga ulash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Gimnastika zali va suzish havzasi ham deyarli bitib qolgan. Shu bilan bir qatorda, obodonlashtirish, metall to‘siqlar o‘rnatish, chorqirra tosh (bruschatka)lar yotqizilib, kanalizatsiya tortilmoqda. Ikki o‘quv binosi, suzish havzasiga ega sport zali, yotoqxonalar va boshqalar, bolalarning ota-onalari uchun mehmonxonadan tashqari, futbol, voleybol va basketbol maydonlari, harbiy mashqlar o‘tkaziladigan maydon (plats), dam olish hududlari, gulxona, o‘quv-tajriba maydoni, yopiq garajlar ham paydo bo‘ladi. Loyihaning smeta bo‘yicha qiymati 57 milliard so‘m bo‘lib, ushbu mablag‘ning katta qismi o‘zlashtirilgan.

– Bunday o‘ta muhim ob’ektni belgilangan muddatda bitkazib, foydalanishga topshirish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz. Qurilishga 300 ga yaqin quruvchi va 50 ga yaqin turli texnikalar safarbar etilgan, – deydi Ishlab chiqarish-texnika bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Akramov. – Ishni tezlashtirish maqsadida yuz nafar ishchi uchun dam olish joyi jihozlangan, sharoitlar yaratilgan, kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanyapti. Ko‘rib turganingizdek, ilg‘or qurilish texnologiyalari ham keng qo‘llanilmoqda, ko‘plab innovatsion ishlanmalar joriy etilmoqda. Barcha elektr, suv va kanalizatsiya tarmoqlari shift ostidan tortilmoqda, videokuzatuv kameralari kabellari ham o‘sha joydan o‘tadi. Issiqlikni saqlab qolish va shovqinni izolyasiya qilish uchun yo‘laklardagi beton yotqizma (styajka) ostiga qimmatbaho izolyasiya materiali - penopleks to‘shaldi.   

Bu yerda turli kasblar vakillari mehnat qilmoqda va ularning barchasi o‘z ishining haqiqiy ustalaridir. Qurilishda import qilingan qurilish materiallaridan foydalanilmoqda, Axadxon Asqarov rahbarligida santexnika brigadasi, Abduvohid To‘ychiboyev boshchiligidagi elektrmontajchilar barchaga o‘rnak bo‘lishmoqda.

Ta’kidlash joiz, maktab qurilishi viloyat hokimligi yagona injiniring kompaniyasi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda jamoatchilikning alohida nazoratidadir.

Quruvchilar fidokorona mehnat qilishmoqda: ob’ekt uch oy ichida noldan boshlab qurila boshlangan, bugun esa ba’zi joylarda allaqachon binolarni bezash ishlariga kirishilgan. O‘ylab ko‘ring-a, yer maydoni 17-aprelda ajratilgan, qurilish esa 1-mayda boshlangan.

Tuproq ishlariga ko‘p vaqt va kuch sarflandi - maydonlarni rejalashtirish, kotlovan qazish va h.k. Import qilinayotgan qurilish materiallari, ularning kompletlari, mebellar va hokazolar ham faoliyatni birmuncha sekinlashtirdi: sotib olish, yetkazib berish va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish deganday... Pardozlash g‘ishtlari - Rossiyadan, gipsokarton devorlari orasini to‘ldirishda ishlatiladigan mineral paxta - Qozog‘istondan, penopleks - Turkiyadan olib kelingan.

– Bu yerda ishlatilayotgan ko‘pgina texnologiyalar vaqtni tejaydi, masalan, gipsokarton va mineral paxtadan foydalanib, odatda shuvoq va bo‘yoqlarni bir necha qatlam qo‘llash kerak bo‘lgan g‘isht devordan ancha tezroq muddatda pardevor ko‘tarish mumkin, – deydi prorab Jaloliddin Soliyev. – Tez orada obodonlashtirish ishlarini ham boshlaymiz – beton yotqizma va chorqirra tosh yotqizamiz, maysa to‘shaymiz.

– Yaqinda Namangan shahridagi «Barkamol avlod» sport majmuasida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Mardon Esonboyev. – Nomzodlar matematika bo‘yicha 24 ta masalani hal qilishda axborotni tahlil qilish va taqqoslash qobiliyatlarini namoyish etishi, shuningdek, ingliz tilida 55 ta test savollarini yechishlari kerak edi. Buning uchun mos ravishda 60 va 75 daqiqa vaqt berildi.  Bunda Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Buyuk Britaniyaning «Cambridge Assessment International Education» tashkiloti vakillari ishtirok etishdi va bolalarning bilim darajasini baholashdi.

Ta'kidlash joiz, Prezident maktablari o‘quvchilariga ulkan umid bog‘lanmoqda: maktabda har bir ishda o‘zlarini namoyon eta oladigan, mamlakat rivoji va farovonligiga hissa qo‘sha oladigan eng iqtidorli yosh o‘g‘il-qizlar ta’lim oladilar. Prezident maktablari STEAMning ilmiy fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan. Bolalar matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar kabi fanlardan chuqur bilim olishadi. Barcha o‘quv jarayoni ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan. Qizig‘i shundaki, imtihonlarda ishtirok etgan va tanlovning xolisligi hamda oshkoraligini ta’minlagan xorijiy o‘qituvchilar ushbu muassasalarda o‘quv jarayonini boshqaradilar.

Bitiruvchilarga ta’lim borasidagi belgilangan namunadagi guvohnoma (attestat)lar beriladi, ularga xalqaro darajadagi tegishli dasturning diplomlari (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels) taqdim etiladi va bu ularga yetakchi xorijiy universitetlarga kirish imkonini beradi.

Umuman olganda, bolalarga har qanday nufuzli oliy o‘quv yurtiga kirish va kuchli mutaxassislar bo‘lib yetishishlari uchun bilim va ko‘nikmalarning eng katta yukini berish uchun barcha ish amalga oshiriladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayta va qayta dunyodagi eng katta boylik – bu yoshlarning egallagan bilimi va kasbi ekanini ta’kidlaydi.

Va bunda, albatta, juda ko‘p narsa o‘zlari ham taxminan shunday tanlovlardan o‘tgan o‘qituvchilarga bog‘liq. Har bir narsa hisobga olinadi: tajriba va kasbiy tayyorgarlik, bilim darajasi, shuningdek, ular o‘z ustida muntazam ishlashi, malakasini oshirishi, ilg‘or pedagogik texnologiyalarni samarali qo‘llay olishi lozim. 

Feruza Otaxonova

«Pravda Vostoka».

Namangan viloyati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 23-oktabrdagi 214-sonida «На учащихся Президентских школ возлагают большие надежды» sarlavhasi bilan e’lon qilingan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech