04 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,3 °C

Ijtimoiy hayot
5 Mart  2020 3692

Mo‘ynoq: hayot yana qaytmoqda

Tobora yo‘qolib borayotgan Orolni  o‘z-o‘zidan unutib  bo‘lmaydi. Aytishlaricha, o‘n ming yil mobaynida u chegarasini to‘qqiz marta o‘zgartirgan ekan. IV asrda ham dengiz yo‘qolgan, biroq oradan o‘n bir asr o‘tib, u yana qaytgan. Ehtimol, qachonlardir yana uning suvlari Orolning mangu yodgorligiga, uning fojiasi ramziga aylangan Mo‘ynoq qirg‘oqlarini yuvar, deyishadi olimlar.

Hozir bunga ishonish qiyin, biroq yuz yillar muqaddam Mo‘ynoq baliqchilik sanoati bazasi hisoblangan, baliq ovlash hajmi kattali-gi sabab, uni baliq manbai ham deyishgan. Shovqin-suronli port shaharga yirik kemalar kelib to‘xtagan. 1960-yildan Orol sekin-asta quriy boshladi. So‘nggi yarim asr davomida suv sathi 30 metrgacha pasayib ketdi, bu 10 qavatli bino balandligiga teng degani. Suv bu yerdan 200 kilometrga uzoqlashgan, uning o‘rnida esa besh ¬million gektar maydonda qum-tuzli Orolqum sahrosi paydo bo‘lgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat ¬Mirziyoyev Orolbo‘yi mintaqasidagi muammolardan   qayg‘urib, bundan uch yil muqaddam, ya'ni 2017-yil 2-mart kuni Mo‘ynoqni rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturni tasdiqladi. Shu sabab sobiq port shahar ikkinchi hayotni boshidan kechira boshladi. Xususan, Prezidentimiz Mo‘ynoqda 20 ta ko‘p qavatli uy qurish,  shaharsozlikning  barcha yutuqlaridan foydalangan holda yangi zamonaviy shaharcha barpo etish, namunaviy infratuzilma yaratish borasida topshiriq berdi.  Qisqa vaqt ichida bu yerda bir qator ob'-yektlar foydalanishga topshirildi.

Keng ko‘lamli qurilish doirasida mahalliy ekologiya muzeyi, madaniyat markazi va stadion, Bozatau ovul fuqarolar yig‘inidagi oila-viy poliklinika to‘liq rekonstruksiya qilindi, 800 o‘rinli amfiteatr va davlat xizmatlari markazi, xostel, bolalar bog‘chasi qurildi. O‘zbekistonning eng shimoliy nuqtasida joylashgan,  suv tanqisligidan aziyat chekayotgan  shaharga 101 kilometrlik suv quvurlari tortib keltirildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Mo‘ynoqqa qayta hayot bag‘ishlash, jumladan, Orol dengizining qurigan tubida ihota o‘rmonlarini bosqichma-bosqich barpo etish bo‘yicha boshlangan konsepsiya davom ettirilib, o‘tgan yilning dekabr oyida shu yo‘nalishdagi qo‘shimcha cho-ra-tadbirlarni belgilab beruvchi keng ko‘lamli dasturga start berildi. Jumladan, ekologik muhitni barqarorlashtirish va tabiiy muvozanatni tiklash maqsadida qurigan dengiz tubi hududlarini ko‘kalamzorlashtirish ko‘zda tutilgan. 2020-yil oxiriga borib, yashil qoplamalar 700 ming gektar maydonni qamrab oladi.

Respublika rahbariyati tashabbusini Navoiy viloyati jamoatchiligi ham qo‘llab-quvvatladi. 2020-yilning 20-fevralida bu yerda to‘rt gektar maydonda “Navoiy tashabbus bog‘i” nomdosh parki barpo etildi. Bu yerga so‘nggi ikki oy mobaynida bir-birini almashtirib, ishchilar guruhlari kelmoqda. Jumladan, Navoiy shahri hokimi ¬Muhiddin Bozorov va Yoshlar ittifoqining Navoiy viloyati Kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Jamshid -Xodjayev ¬rahbarligidagi delegatsiyaning Mo‘ynoqqa safari natijasida Navoiy shahri va Mo‘ynoq tumani o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Navoiy yoshlarining qo‘shgan birinchi ulkan hissasi to‘rt yarim ming dona ko‘chat ekish bo‘ldi.

Adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi delegatsiya tarkibi viloyat nodavlat sektori va OAVning eng faol vakilla-ridan iborat bo‘ldi. “Dengiz chekinsa ham inson chekinmaydi” shiori ostida o‘tkazilgan ikki kunlik  ekotur tashabbuskorlari  hudud  aho-lisini Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirish va muhim umumxalq ishiga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilgan edi.

Birinchi manzilimiz Mo‘ynoq tumani yoshlariga bepul foydalanishga berilgan   “Mo‘ynoq kelajagi” (“Future Muynak”) IT-markazi va “Bookcafe” bo‘ldi. Texnik jihozlanish jihatidan  bunday muassasa hali respublikada yagona. Bu yerda o‘sib kelayotgan yosh avlod 2 va 3D modellash, animatsiya, veb-dizayn, dasturlash va rasmlarga ishlov berish bo‘yicha  tahsil oladi. Markaz vakili Bobur Aspetullayevning aytishicha, TATU Nukus filiali trenerlar uchun o‘quv-seminarlarini tashkil etmoqda. “Mo‘ynoq kelajagi” davlatimiz rahbarining “Agar kimdir bizning islohotlarimizga shubha qiladigan bo‘lsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin”, degan so‘zini yana bir bor yodga soladi.

“Bookcafe”da esa badiiy va ilmiy adabiyotlarni o‘qish va ulardan foydalanish uchun sharoitlar yaratilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi filiali bo‘lgan ekologiya muzeyi ochilganidan beri qariyb qirq yil o‘tib, deyarli ¬qayta qurildi. Muzey majmuasiga milliy ¬uslubda bunyod etilgan, ko‘rgazma pavilonlarini ifodalovchi Hunarmandlar xiyoboni ham kiradi.

Muzeydagi  350 ta eksponat mahalliy aholining madaniy hayoti va Mo‘ynoq tarixi haqida hikoya qiladi. Muzey o‘rtasidan esa Orol dengizining o‘n yillar davomidagi va bugungi holati batafsil ifodasini topgan sun’iy yo‘ldoshdan olingan xarita  joy olgan. Bu yerda qadimiy milliy bezaklarning, spirtda saqlanayotgan baliqlarning (qachonlardir Oroldan va uning atrofidagi chuchuk suvli ko‘llardan tutilgan) va baliqchilik kombinatida ulardan tayyorlangan konservalarning  kolleksiyasi mavjud.

Navoiyliklar mualliflari  tanlovda g‘olib bo‘lgan Navoiy pedagogika instituti talabalarining ijodiy ishlarini muassasa direk-tori Nargiza Jaksimuratovaga taqdim etdi.

— Navoiy davlat pedagogika institutining tasviriy san’at va muhandislik grafikasi kafedrasi bilan birgalikda talabalar o‘rta-sida “Dengiz chekinsa ham inson chekinmaydi” mavzusida ijodiy tanlov o‘tkazdik, — deydi “Ekoturizm va ekohuquq” NNT rahbari Zokir Tog‘ayev. — Unda ishtirok etgan yuzdan ortiq yigit-qizlar  ikki kun davomida Orol dengiziga bag‘ishlangan suratlar chizdi. Ularning ko‘p-chiligi kitoblarda o‘qiganlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun Mo‘ynoqka borish istagini bildirdi. Muzey uchun o‘nta eng yaxshi surat tanlab olindi.

Mo‘ynoqliklarga  O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Navoiy viloyat bo‘limi, shuningdek, “Jonli ta-biat” bioekologik jamoat markazi vakillari tomonidan ramziy sovg‘a — yelkanli kema hadya etildi.

Ekotur ishtirokchilari “Navoiy tashabbus bog‘i” hududida mahalliy sharoitga moslashtirilgan 40 dan ziyod ko‘chat ekdi. Bu paytda mahalliy bolalar musiqa va san’at maktabida madaniyat boshqarmasi qoshidagi maqom ansamblining chiqishi uchun so‘nggi tayyorgarlik ketayotgan edi.

Odamlar minglab kilometr yo‘l bosib,  qanday niyatda mashhur  “kemalar qabristoni”ni ko‘rish uchun Mo‘ynoqqa tashrif buyurmoqda?  Huvillab  qolgan dengiz tubi — o‘ta og‘ir ekologik muammo.  Sho‘r, quruq cho‘lda ham yashay oladigan yagona o‘simlik — saksovul — qutqaruvchi vazifasini o‘tamoqda.  Dengiz tubining qurigan  qismiga tuz va tuproq eroziyasini tutib turadigan saksovul ekish uchun ancha mashaqqat chekishga to‘g‘ri keldi. Saksovullar dastlab samolyotlardan, keyin yerda turib  ekildi.

Kuzatish maydonchasidan Orolqumning cheksiz ufqi yastanib yotganini ko‘rish mumkin. Bir paytlar Orol dengizi qirg‘og‘i bo‘lgan xiyla olis  pastlikda esa, endi hech qachon bepoyon dengiz suvlarida suza olmaydigan turli o‘lchamdagi kemalarning zanglab ketgan qobirg‘alari ko‘zga tashlanadi. Ammo qachonlardir  bu yerda chindanam dengiz bo‘lganini chig‘anoqlar eslatib turadi. Biz ularni Buxoro davlat universitetining bir guruh talaba qizlari bilan birgalikda terdik ham.

Ekotur doirasida navoiyliklar ko‘plab o‘simliklar ekib, bahor kelishi va yangi hayot boshlanishidan darak  bergandek jo‘shib sayrayotgan o‘n juft kaklikni ham ozodlikka uchirib yuborishdi.

Mo‘ynoq bu yerdagi odamlarning mustahkam irodali va mehnatsevarligi sabab, yangi hayotni boshdan kechirmoqda. Sobiq port shahar ta-rixi Orol dengizi muzeyi devorlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Imkon bo‘lib, mahalliy hunarmandlar mahsulotlari va zamonaviy ustalarning milliy buyumlari yarmarkasida qizil baxmaldan qilingan va qoraqalpoqcha naqsh solingan uchburchak tumor sotib oldim. Shaharning ko‘pgina binolari kiraverishiga ana shunday tumor osib qo‘yilgan.. Bu  Mo‘ynoqqa qut-baraka kelishi va yanada ravnaq topishining ramzi bo‘lib tuyuladi.

Dilfuza G‘ulomova.
Navoiy — Mo‘ynoq — Navoiy.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech