02 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6,4 °C

Ijtimoiy hayot
6 May  2020 7304

Mehr karvonlari Sardobaga yoʻl olgan

Jannatmakon yurtimizning bir boʻlagi sirdaryoliklar, sardobaliklar! Bugun butun mamlakat siz bilan birga. Xalqimizning oʻyu xayolidasiz.

Davlat rahbari boshchiligida barcha vazirliklar vakillari, qutqaruvchilar, quruvchilar, muhandislar, aloqachilarning harakati bir boʻlib sizning aziz joningizni asrab qolishdi. Maqsadga erishildi. Erta tongdan harbiylar, ichki ishlar xodimlari, Milliy gvardiyamiz yigitlari uyma-uy kirib odamlarni avtobuslarga, har xil turdagi odam tashuvchi transportlarga joylashtirib ulgurdilar. Goʻdak bolalarni, nogiron odamlarni, chol-kampirlarni yelkalariga opichlab, qoʻllarida koʻtarib avtobuslarga chiqarayotgan formadagi yigitlar vaqtni boy bermadilar. Oqimning qoʻrqinchli shovullashi eshitilib turgan joydan, xatarning ogʻzidan mahallalar aholisi olib chiqib ketildi.

Harbiy-havo kuchlari birinchilardan boʻlib Sardoba toʻgʻoni buzilgan joyga yetib kelishdi. Vertolyotlar uchuvchilari Sardoba osmonida najot qushlaridek uchib, yordam soʻrab tomlarga chiqqan, yetib borish qiyin boʻlgan joylardan odamlarni qutqarib qoldilar. Harbiy-havo kuchlarida mamlakatimizning qanday bilimli, mard va jasur yigitlari xizmat qilayotganiga yana bir ishonch hosil qildik. Ular 300-marta murakkab qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirish uchun havoga koʻtarilib, barchasini muvaffaqiyatli yakunladi va 300 ta vatandoshimizni xavfli vaziyatdan olib chiqdi. Jismonan baquvvat, ogʻir-bosiq, yoʻlbarsdek shiddatli, sirtlondek chaqqon bu oʻgʻlonlar - Allohning suygan bandalarining biror marta ham xato qilmaganining sababi ona Vatanga sadoqati, xalqqa sodiqligidir. Bir qalamkash sifatida omonlikda, bir necha tilda bemalol soʻzlasha oladigan, eng soʻnggi rusumdagi harbiy samolyotlar, vertolyotlarni boshqarayotgan uchuvchi yigitlar bilan Chirchiqdagi eskadrilyada uchrashganimda “Biz osmonda yurganimiz bilan oyogʻimiz yerdagi gullarga oʻralib turadi”, deyishgan edi. Bugun uchuvchi yigitlarning ona tuproq gullariga oʻralib turgan qadamlariga muhabbatimiz gullari poyondoz boʻlsin.

Sardobaga yeru koʻkdan yordamga yetib kelindi. Toʻgʻri, koʻrkam binolar, fayzli uylar, buyumlar, bogʻu rogʻlar, gurkurab yotgan polizlar soatlar ichida balchiq ichida qoldi. Qoʻy-qoʻzilar, sigirlarning podalari, otlarning uyurlari, mashinalarni gugurt qutisidek oqizib ketayotgan suv balosidan SIZ, AZIZ SARDOBALIKLAR qutqarib qolindingiz. Narsa topiladi. Inson qoʻli bilan yaratiladigan barchasi tiklanadi. Inson topilmaydi. Sirdaryoliklar, sardobaliklar jannat yuzlilar, quyosh chehraliliklar, yuragingizga ogʻir olmang. Bardam boʻling. Yoningizda har qanday sharoitda inson boʻlib qola oladigan, oʻzbek degan ulugʻ nomga ming bor loyiq millat turibdi. Mamlakat koʻzingizga qarab nafas olmoqda. Toshkent shahridan, Qoraqalpogʻistondan, viloyatlardan kelayotgan “saxovat va koʻmak” karvonlarining keti uzilmaydi.

Sardoba. Bu soʻzning maʼnosi karvonlar toʻxtab oʻtadigan, hordiq chiqarib, suv ichib rohatlanadigan joy, degan maʼnoni anglatadi. Bugun ham yurtim karvonlari oʻz Sardobasi tomon yoʻl oldi. Maqsad yordam koʻrsatishga, yonma-yon turishga, madadkor boʻlishga, mehr ulashishgadir.

Bizda halokat oʻz vaqtida jilovlandi. Hozir oqim bartaraf etildi. Odamzod jar yoqasida turganda uni balodan saqlab qoluvchi Allohi va unga “Qoʻrqma, yoningda biz bormiz”, deb dadil ayta oladigan eli boʻlishi kerak.

Zulfiya Moʻminova,
shoira

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech