15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21 °C

Tashvishli xabar
13 Aprel  2019 7550

Taniqli brendlar bilan niqoblangan soxta mahsulotlar keltiradigan ziyon

Tovar belgilarini o‘zlashtirish jahon bozorida davlat nufuzini tushiruvchi global muammodir. Afsuski, bizning tadbirkorlarimiz ham bundan istisno emas. O‘zbekistonning ichki bozorlariga kirgan ayrim xorijlik biznesmenlar o‘z brendlarini soxtalashtirish muammosiga duch kelmoqda. Shu bois ham nufuzini xavf ostida qoldirishni istamay, mamlakatimiz hududidagi faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Natijada biz yangi ish o‘rinlarini, tajriba o‘rganish, xorijiy texnologiyalarni tatbiq etish imkoniyatini yo‘qotamiz...

Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, har beshinchi kishi «Gucci», «Louis Vuitton», «Dolce & Gabbana», «Nike», «Adidas», «Reebok» kabi firmalar liboslari-yu, poyabzallarini kiyib yuradi. Ammo ularning juda kam qismi asl tovar, qolganlarining bari - soxta. Eng qizig‘i, odamlar ham buni juda yaxshi biladi va ongli ravishda qo‘llab-quvvatlaydi. Buni tushunish ham mumkin: brend krossovkani 400 yoki sumkani 1000 dollarga xarid qilishga hammaning ham qurbi yetavermaydi. Biroq hamma did bilan, chiroyli va yorqin kiyinishni istaydi.

Ushbu dalilning boshqa, aytish mumkinki, soyada qoluvchi tomoni ham mavjud. Bozorlarning xorijdan keltirilgan soxta mahsulotlarga to‘lib ketganini kuzatgan mahalliy biznesmenlar ko‘ngilsiz oqibatlari haqida o‘ylab ham o‘tirmay, mahsulot ishlab chiqarib (oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, ichimliklar, kosmetikalar), yurtimizdagi iste'molchilarga sota boshlaydi. Ayrim tadbirkorlar buni «import o‘rnini bosish», deb oqlashga urinadilar, ammo bu puch gap: axir, o‘zganing brendi o‘g‘irlanyapti. Dunyo amaliyotida esa bu bilan qattiq kurashadilar.

Ushbu sohani tartibga solish uchun Prezidentimizning 2018-yil 23-maydagi «Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu hujjatga muvofiq Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentiga yashirin iqtisodiyot shakllanishi faktlarini aniqlash, yashirincha ishlab chiqarish faoliyatiga, soxta mahsulotlar ishlab chiqarilishiga chek qo‘yish vazifalari yuklatilgan. Masalan, asl 3 tasi 1 da «MacCoffee» (Rossiya) qahvasi bilan «MaksCoffee» bitta peshtaxtaga qo‘yilgan. Ular orasidagi farq ikki harfdagina, xolos. Qadoqlanishi va dizayni asliniki bilan bir xil. Bu soxta emasmikan, deya qiziqdik. «Bu qahva O‘zbekistonda ishlab chiqariladi», degan javobni oldik. Soxta mahsulotning narxi aslinikidan qariyb uch baravar arzon. Bunday sezilar-sezilmas farqqa e’tibor qaratmagan xaridor esa insofsiz ishlab chiqaruvchilar qarmog‘iga ilinib, arzonroq mahsulotni sotib oladi. Ammo soxta mahsulotning sifati ancha yomon, unisidan ham, bunisidan ham tatib ko‘rdik.

Aslida qanday ishlar qilinayotganini aniqlashga qaror qildik. Ushbu savolga javob topish uchun Toshkentdagi qator oziq-ovqat do‘konlariga tashrif buyurdik va ularda bir olam soxta mahsulotlarni topdik.

Chilonzor tumanining 18-kvartalidagi kichkina do‘konda bir maktab o‘quvchisining sotuvchidan «Kirieshki» qoqnonini berishni so‘radi. Sotuvchi esa indamay unga «Kireshi»ni uzatdi. Ammo bolakay ham anoyi emas ekan, o‘ziga soxta mahsulotni tiqishtirishayotganlarini darrov tushundi. Keyin uni sotib olishdan bosh tortib, aslini xarid qilish uchun qo‘shni mini-market tomon yo‘l oldi.

Amalda deyarli barcha peshtaxtalarga soxta mahsulotlar qo‘yilgan. Nahotki, insofsiz ishlab chiqaruvchilar bilan shunday ishlar olib borilayotgan bo‘lsa? Nima uchun ishlab chiqaruvchi hech bir jazosiz o‘z mahsulotini tarqatmoqda va bunda ularga sotuvchilar yordam bermoqda?

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (IMA)ga murojaat qildik. Bizni Intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Bobur Bozorov bilan uchrashtirib qo‘yishdi:

– Bo‘limimiz ijtimoiy tarmoqlar, turli internet-servislar, va shuningdek, bozorlarning profilaktik monitoringini olib boradi. Agar bu borada qonunchilik buzilishi faktlari aniqlansa, ogohlantirish uchun mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan aloqaga chiqamiz. Siz tasvirlagan holatlar bo‘yicha agar tovar belgisi  huquqiga ega tomonning arizasi bo‘lmasa, bunday tadbirkorlarga qarshi biror sanksiya (na ma'muriy va na jinoiy) kirita olmaymiz. Ariza yo‘qmi, davlat jarayonga aralasha olmaydi va kuzatuvchi pozitsiyasida turadi. Ammo har qanday sharoitda ham manfaatdor shaxs IMAga kelishga va mos ariza topshirishi yoki mutaxassis bilan maslahatlashishga haqli.

Prezidentimiz 2019-yil 8-fevralda «Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga imzo chekdi. Unda «huquqni qo‘llash amaliyotining o‘tkazilgan tahlili shuni ko‘rsatdiki, intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berish bo‘yicha ishlarning lozim darajada bajarilmaganligi, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimining samarasizligi, idoralararo mustahkam hamkorlikning mavjud emasligi, intellektual mulk sohasida malakali kadrlarning yetishmasligi» ta’kidlangan.

Bunda «Colgate» va «Galaxy» tish pastalarining qadoqlanishning bir xilligi sababli bo‘lib o‘tgan sud jarayonini eslab o‘tishni joiz, deb o‘ylaymiz. Norozi tomon - «Colgate» kompaniyasi. Ekspertlar tovar belgisini ro‘yxatga olayotganda qanday dalillarga tayanishgan ekan?..

Shuningdek, oqqa qora bilan aniq-taniq «tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash taqiqlanadi», deb yozib qo‘yilgan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonnuni ham hech kim bekor qilmagan.

Xorijiy tajriba masalasiga kelsak, masalan, Turkiyada soxta mahsulot ishlab chiqarganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. To‘g‘ri, bunda darhol turli mamlakatlardagi ko‘plab o‘xshash vaziyatlarning sud orqali hal etilganini eslash mumkin. Aybdorlar ko‘pincha juda katta jarimalarga tortiladilar.  Ishonamizki, bizda ham ana shunday amaliyot paydo bo‘ladi. Hozirda bu borada ishlar olib borilmoqda. IMAda bizga bunday huquqbuzarliklar uchun jazo yanada qattiqroq bo‘lishi borasida tayyorlangan hujjatlar loyihalarini ko‘rsatishdi. Hozirda ularni Oliy Majlis Senati ko‘rib chiqmoqda.

Konstantin Bashlayev.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech