13 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +1,1 °C

Urbanizatsiya
10 May  2019 4769

Ishlab chiqarish qanday qayta jonlantiriladi?

Ko‘pchiligimiz tashlandiq sex va fabrika binolarini ko‘rganmiz. Bir paytlar hayot qaynagan binolar endilikda kerak bo‘lmay qolgandek tuyuladi. Ular ichi, atrofi chiqindilarga to‘la boshlaydi va atrofning tashqi ko‘rinishini ham buzib turadi. Bunday obektlar yaqinidagi aholi esa: «Shu tashlandiq binoni surib-tekislab tashlashsa ham bo‘lardi», deb o‘ylay boshlaydi. Ammo bundan manfaatliroq yo‘li ham bor – ularni qayta jonlantirish.

Prezidentimizning 2018-yil 11-oktyabrdagi «Davlat mulki ob’ektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’ektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tadbirkorlik sub’ektlariga foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlarini sotish tadbirlarini tezlashtirishga qaratilgan tajriba e’lon qilindi.

Bo‘sh turgan ko‘chmas mulk qiymati baholanmay «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasiga investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilash bilan boshlang‘ich bir so‘m miqdoridagi narxda savdoga qo‘yiladi. Ushbu usulning afzalliklari - tezkorlik, shaffoflik va bunga imkoniyatning mavjudligidir.

Bunday islohotlar aholi eng zich yashaydigan Farg‘ona vodiysida, ayniqsa, dolzarbdir. Ushbu mintaqada respublika aholisining uchdan bir qismi yashaydi. Aholi bandligini ta’minlash masalasini sifatli hal etish uchun ish o‘rinlari yaratishga ulkan ehtiyoj mavjud. Bu asosan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish orqali ta’minlanadi.

2019-yilning birinchi choragida viloyatda «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi orqali qiymati 1 milliard so‘mdan ortiq 45 ta ob’ekt sotildi va yaqin vaqt ichida ular bazasida zamonaviy ishlab chiqarish hamda servis shoxobchalari tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda mahalliy yoshlardan 600 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Farg‘ona vodiysining har bir viloyatida ilgari foydalanilmagan ishlab chiqarish ob’ektlari o‘rnida barpo etilgan korxonalarga misollar ko‘p. Masalan, Andijon viloyatining Xonobod shahrida sobiq sog‘liqni saqlash bo‘limi binosida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish tashkil etildi. Tadbirkor ob’ektga 550 million so‘mga investitsiya kiritdi va buning natijasida 35 nafar yosh yurtdoshimiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Andijonda «Sabo hamkor baraka» MChJ investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan ma’muriy va ishlab chiqarish binolarini xususiylashtirdi. Trikotaj mahsulotlari, shuningdek, gidroponika va suvni tozalash uskunalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonada 1000 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan va ularning aksariyatini mahalliy yoshlar tashkil etmoqda.

Namangan viloyatidagi «Dilbar teks» MChJ tomonidan bo‘sh turgan sobiq yotoqxona binosi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qayta jihozlandi. Investitsiya loyihasi qiymati - 2,5 milliard so‘m. Bu yerda 50 kishi ishlamoqda.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida nasos stansiyasining bo‘sh turgan binolari zamonaviy diagnostika markaziga aylandi. Unga kiritilgan investitsiya hajmi 300 million so‘mni tashkil etdi.

Ruslan Bekchonov.

Davlat aktivlarini boshqarish Agentligining

Davlat aktivlarini xususiy mulkka berish boshqarmasi

bosh mutaxassisi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech