12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9 °C

investitsiyalar
21 Avgust  2019 1432

Respublikamizning investitsiya ohanrabosi

Davlatimiz rahbarining joriy yil mart oyida viloyatga tashrifi chog‘ida Navoiy viloyatini investitsiya va innovatsiya markaziga aylantirish borasidagi ulkan rejalar haqida gapirdi va o‘lkani kompleks rivojlantirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi. Bundan buyon Navoiy viloyati ishbilarmonlar hududi bo‘lishi kerak, dedi Prezidentimiz va tajriba tariqasida «Navoiy - tadbirkorlar viloyati» loyihasini amalga oshirishni taklif qildi. Prezidentimizning mazkur tashabbusi mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalangan holda yirik loyihalarni boshlashga turtki berdi.

Zamonaviy formatdagi ommaviy makonni yaratish Navoiy viloyati uchun 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan dastur bilan belgilandi. Strategik dasturiy hujjatdagi asosiy o‘sish nuqtalari umumiy qiymati 26,3 trillion so‘mlik 511 ta investitsiya loyihalariga to‘g‘ri keladi. Ana shular doirasida bir milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni o‘zlashtirish, 15 964 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, Navoiyning uchta yetakchi korxonasida, jumladan, «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyatida ham, o‘n ikkita yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, unda davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifidan so‘ng bir hafta o‘tgach, qurilishi ikki yilga mo‘ljallangan klinker (kuydirib, toshga aylantirilgan sement) ishlab chiqarishning to‘rtinchi texnologik liniyasi qurilishi boshlab yuborildi. Ko‘p milliardli loyiha energiya resurslari iste’molini sezilarli darajada kamaytirish va ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Navoiy sementchilari ishga tushiradigan texnologik liniya – juda yaxshi taassurot qoldiruvchi sanoat majmuasining tayyor mahsulotlaridan atom stansiyasini qurishda foydalanish rejalashtirilmoqda.

Navoiy viloyatining potensial brendi targ‘ib qilishga muhtoj emas. O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan industrial hududi hamisha katta qiziqish uyg‘otadi va bugun keng biznes doiralarida, jumladan, xorijda ham tanilgan. Investitsiya ob’yekti sifatida mintaqaning raqobatbardoshligi zamirida qulay geografik joylashuv, rivojlangan transport infratuzilmasi, katta va kichik loyihalarni amalga oshirish uchun iqtisodiy va inson resurslarining mavjudligi yotadi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur mavzu viloyat rahbariyatining ustuvor vazifalari sirasiga kiradi va mintaqaning investitsion jozibadorlikni oshirish borasidagi har qanday takliflar uchun ochiqligi hamisha ta’kidlanib kelinadi. Birgina yil boshidan buyon viloyat ma’muriyati rahbari ko‘plab davlatlardan yuzlab xorijiy kompaniyalar vakillari, ishbilarmonlar va xususiy investorlar bilan muzokaralar olib bordi. Oxirgi tashriflardan biri - xomashyo yetkazib berish bo‘yicha taklif olgan Gomel oblasti delegatsiyasidir. Mahalliy bozorimiz mamlakatimizda ro‘y berayotgan iqtisodiy o‘zgarishlar nuqtai nazaridan belarusliklar uchun qiziqarli. Joriy yil bahori oxirida bo‘lib o‘tgan ikkita yirik xalqaro biznes-tadbir - «Invest in Navoi» va O‘zbekiston-Amerika-Kanada biznes-forumi ishtirokchilari ham shular haqida so‘z yuritdilar. Tashkilotchilar - mintaqaviy hokimiyatlar Investitsiyalar va tashqi savdo hamda Tashqi ishlar vazirliklari ko‘magida tadbirlarni sifatli maydonchada o‘tkazdilar. Bunga ishtirokchilar tarkibi ham mos keldi. Natijalar, ayniqsa, investitsiyalarni jalb qilishda, o‘zini uzoq kuttirmadi. Ma’lum qilishlaricha, ikki biznes-forum yakunida 370 million dollarlik 33 loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar yil boshidan buyon 76 ta, shundan sakkiztasi 2019-yil iyul oyida tashkil etilgan. O‘zlashtirilgan xorijiy kapitalning qariyb chorak qismi Janubiy Koreya investorlari hissasiga to‘g‘ri keldi, undan so‘ng Xitoy va Rossiya ishbilarmon doiralari hamda Turkiya biznesi vakillari investitsiyalar bo‘yicha deyarli teng pozitsiyalarda jalb etildi. Investitsiyalarning asosiy qismi qurilish materiallari, elektrotexnika, yengil sanoat kabi sohalarga yo‘naltirilgan. Joriy yil oxiriga qadar viloyat markazida sun’iy qoplama toshi ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar, Zarafshonda - marmarni qayta ishlash, Karmana tumanida - MDF va DSP ishlab chiqarish korxonalari quvvatlarining ishga tushishi kutilmoqda. Xatirchi tumanida - zamonaviy issiqxonaga asos solinadi. Bu yerda mutaxassislar bugun mintaqada 20 qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatayotgan Xitoy kapitali faolligiga e’tibor qaratmoqdalar, ulardan oltitasi «Navoiy» EIZda modem va IT-mahsulotlar, kabel, gigiena vositalari, keng ko‘lamdagi metall konstruksiyalar ishlab chiqarmoqda. Buyuk ipak yo‘li mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi doirasida «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish zavodi qurilishi borasidagi keng ko‘lamli loyiha amalga oshirilmoqda.

Hamkorlikka yanada ulkan dinamika va hajm qo‘shishda navoiyliklarga xorijiy ish safarlari ko‘maklashmoqda. Ular geografiyasi quyoshli Xitoydan tortib, Finlyandiyaning sovuq qirg‘oqlariga qadar cho‘ziladi. Biznes vakillari bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan murakkab va mashaqqatli ishlar natijalar bermoqda. Masalan, joriy yil boshida Xitoy investorlari bilan imzolangan umumiy qiymati 287 million dollarlik loyihalar sement, lift, metall konstruksiyalar, sendvich-panellar ishlab chiqarish, marmar, granit, kaxolong (zargarlikda ishlatiladigan opalning sutrang tusli turi), feruzani qayta ishlash korxonalarini tashkil etishni nazarda tutadi.

Zarafshon ma’muriyati rahbari Anvar Rajabov mintaqaga xorijiy kapitalni jalb qilish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanmoqda. Joriy yil boshidan buyon Xitoy bilan kelgusida ham hamkorlik qilish bo‘yicha to‘rtta shartnoma va Qozog‘iston bilan ikkita kelishuv viloyat hududida investitsiya loyihalari soni ko‘payishining ijobiy yakunidir. Xitoy kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, oltin qazib oluvchilar shahrida pigment bo‘yoqlar ishlab chiqaradigan kimyoviy zavod ochish rejalashtirilmoqda. Qozog‘iston korxonalari kutilayotganidek, Navoiy viloyatida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, kvars qumdan shisha ishlab chiqarish va «Zarafshon-city» loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan. Keyingi ikki yilda Zarafshonda qiymati 2,111 trillion so‘mlik 37 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish dasturlari ishlab chiqlgan.

Prezidentning may  oyidagi farmoni bilan belgilangan mintaqaviy rivojlanishning dolzarb shakli misli ko‘rilmagan va ijodiydir. 2019-yil 15-maydan boshlab Navoiy viloyatining butun hududi 2030-yil 1-yanvarga qadar erkin iqtisodiy zona, deb e’lon qilindi va ana shu davr ichida tadbirkorlikni ochish va yo‘lga qo‘yishdagi g‘ovlar minimum darajaga tushiriladi. Respublikaning yetakchi sanoat hududida biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, innovatsion tadbirkorlik va yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish, shuningdek, mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash hamda ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni tashkil etish - aniq maqsad qilib qo‘yilgan.

Bugun «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi - bu sarmoyadorlarni kutayotgan ulkan va hali o‘zlashtirilmagan qo‘riqdir. Sanoat parklari bilan o‘xshashliklarga ega bo‘lgan holda, so‘nggi bir yarim-ikki yil ichida Navoiy EIZ ijobiy o‘zgarishlarni boshdan kechiryapti. Uning iqtisodiy xaritasida sanoat ob’yektlari binolari birin-ketin qad rostlamoqda. Xorijiy investorlar ishlab chiqarish sohasida ishlayotgan korxonalarga juda faol investitsiyalar kiritmoqdalar. 2019-yil 1-avgust holati ma’lumotlariga ko‘ra, 50 tadbirkorlik sub’yekti tomonidan 206,8 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilgan. 22 korxona, ulardan o‘n beshtasi qo‘shma korxonalar, qiymati 18,8 million dollarlik loyihalarni amalga oshirdi. Ulardan biri PVX-profillarini ishlab chiqarish majmuasidir. Bu yerda yiliga 55,2 ming tonnagacha tayyor mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilganining o‘ziyoq korxonaning qanchalik miqyosga ega bo‘lishidan dalolat. Bu «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududida «Akfa Group» kompaniyasining ikkinchi loyihasidir.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-iyundagi qaroriga binoan «Navoiy» EIZ tarkibiga kiritilgan sobiq ishlab chiqarish majmuasi negizida qurilish materiallari bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan avtoklav gazbeton va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqaradigan ikkita zavod qurilishi boshlandi. Korxonalarni texnologik uskunalar bilan ta’minlash Ispaniya, Xitoy va Turkiya kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Avtoklav gazbeton ishlab chiqarish zavodi quvvati 150 ming dona, temir-beton mahsulotlari esa yiliga 400 ming kubometrni tashkil etadi. Loyiha tashabbuskorlari zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda zavodlarni ishga tushirish aholi uchun qulay, chiroyli va, eng muhimi, xavfsiz uylarni qurishda talab etiladigan materiallar ishlab chiqarish hajmini bir necha barobar oshirish, ob’yektlar qurish muddatini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi, deya ta’kidlamoqda. Ishlarni yakunlash va zavodlarni ishga tushirish yil oxiriga rejalashtirilgan.

Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida tasdiqlangan dastur o‘zining aniq chizgilariga ega bo‘lmoqda. Rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 511 ta loyihadan 217 tasi ishga tushirilgan, 2106 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Loyihalar tijorat banklari tomonidan 252,6 mlrd. so‘m miqdorida moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. Navoiy shahrida ochilgan yirik paxta ip-kalava, Qiziltepa tumanidagi Xitoy texnologiyasi asosida baliq yetishtirish, Karmanada tut ipak qurti ishlab chiqarish korxonalari keng ko‘lamli rejalar tuzmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Navoiy bo‘limi timsolida yirik ilmiy markazning mintaqada investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish vazifasini hal etishga jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bo‘lim qoshida XXRdan investitsiya oqimini muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy axborot markazini tashkil etish haqida xabar berilmoqda, u eng istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha potentsial investorlarga zarur ma’lumotlarni taqdim etadi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida vositachilik vazifasini bajaradi. Boshqa yangilik ham xursand qiladi. Navoiylik yosh olim Ahmad Burhonov mamlakatimiz Fanlar Akademiyasi tizimidagi barcha ishtirokchilar o‘rtasida doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha yagona g‘olib va «El-yurt umidi» jamg‘armasi sertifikati sohibi bo‘ldi. Joriy yil kuzi boshida u loyihalash, ekspluatatsiya qilish va ekspluatatsiyadan chiqarishni o‘z ichiga olgan yadroviy energetika qurilmalari mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish uchun Moskvaga, «MIFI» Milliy yadroviy tadqiqotlar universiteti aspiranturasiga yo‘l oladi. Ushbu yetakchi universitet atom energetikasi sohasida eng yuqori darajadagi mutaxassislarni tayyorlaydi. Ta’limini muvaffaqiyatli tugatgach esa, A.Burhonov mahalliy kadrlar va yangi avlod atomchilarni o‘qitish huquqini beradigan PhD doktori ilmiy darajasini qo‘lga kiritadi.

Dilfuza G‘ulomova

«Pravda Vostoka».

Navoiy viloyati.

Sergey Nikonenko surati.

 

 

«Правда Востока» gazetasining 2019-yil 21-avgustdagi 167-sonida «Инвестиционный магнит республики» sarlavhasi bilan chop etilgan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech