10 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,2 °C

Sanoat
25 Oktyabr  2019 4615

Sanoat flagmani

Olmaliqda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) ishga tushirilganining 70-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu sanoat gigantini barpo etish XX asrning 30-lar oxiri, 40-yillar boshida rejalashtirilganligini juda kam odam bilsa kerak. Ammo turli holatlar ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining bo‘lg‘usi sanoat giganti faqat 1949-yildagina ishga tushirilgan.

Korxonani tashkil etishning qiyin davri yuklarini o‘z yelkasida ko‘targan minglab konchilar, boyituvchilar, metallurglar, rudalarni qazib olish va qayta ishlash quvvatlarini o‘zlashtirish, mamlakatning urushdan keyingi sanoati uchun zarur bo‘lgan mahsulotni olish va zavodni qurishga o‘zining fidokorona mehnatini sarflashgan. Ularning nomlari va ishlari ko‘hna hamda ayni paytda OKMK atrofida qad ko‘targan yangi, zamonaviy shahar, Olmaliq solnomasida abadiy qoladi.

Ular kombinatni nafaqat O‘zbekistonda, balki butun mintaqada mis-molibden, qo‘rg‘oshin-rux, polimetall, tarkibida oltin bo‘lgan rudalarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha yetakchi korxona darajasiga olib chiqdilar. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov yubiley munosabati bilan kombinat xodimlariga davlat mukofotlarini topshirdi.

Bugunga kelib kombinat konlarni ochiq o‘zlashtirish va rudalarni yer osti qazib olish, boyitish, oltin saralash fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energetika va transport tizimlari, rivojlangan infrastruktura va ijtimoiy ob'ektlarni o‘zida mujassam etgan o‘ziga xos ulkan majmuadir. O‘zbekistonning Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan 45 ta tarmoq bo‘linmalarida 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qilishadi.   

OKMK hozirda o‘sish bosqichida, ammo haqli ravishda O‘zbekiston sanoatining flagmani hisoblanadi. Ish samaradorligini oshirish uchun bu yerga yetakchi xorijiy va mahalliy olimlar hamda ekspertlar jalb etilgan, ular ishtirokida ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish dasturi ishlab chiqilib, bugun muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-yil avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq shahriga tashrifi chog‘ida yangi, «Yoshlik I» konini o‘zlashtirish boshlanishiga start berildi. Kombinat dunyoning 16 mamlakatiga 17 dan ortiq turdagi mahsulotlarni eksport qiladi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport 1,5 barobardan ziyodga oshdi.

Ko‘p ming kishilik jamoaning ahil va uyushqoqlikdagi mehnati evaziga barcha bashorat ko‘rsatkichlari ortig‘i bilan bajarildi, mahsulotlar ishlab chiqarish sezilarli darajada oshirildi, o‘sish sur'atlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 131,5 foizni tashkil qildi. Bu yil kombinatda bir qancha tarixiy rekordlar o‘rnatildi. 16 sentyabrga qadar mis eritish zavodida 100 ming tonna katod misi ishlab chiqarildi. Kombinat tarixida hali bunday natija qayd etilmagan!

OKMK shuningdek, shaharga asos solgan korxona ham hisoblanadi. Uning muvaffaqiyatli faoliyati sabab metallurglar, konchilar, transportchilar va boshqa kasblar vakillari istiqomat qiladigan butun shahar gullab-yashnamoqda va mamlakatimiz boyimoqda, rivojlanmoqda. Ularga yaratilgan sharoitlar va ijtimoiy infratuzilmalar kombinatning doimiy g‘amxo‘rligi natijasidir. Ta’lim va sog‘liqni saqlash, madaniyat va sportni rivojlantirish va dam olish - bularning bari doimiy ish mavzusi. «Metallurg» madaniyat saroyining bolalar raqs ansamblining yurtimizga nufuzli xalqaro tanlovlardan mukofot olib kelishi ham tasodif emas. Korxonaning 70-yilligi arafasida saroyning o‘zi ham rekonstruksiya qilinib, yangi «Mustaqilligimizning 27-yilligi» mikrorayonda yetti qavatli o‘nta uy foydalanishga topshirildi u yerda yana ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilgan, ikkita profilaktoriya rekonstruksiya qilinmoqda, kombinat balansidagi turar joylar va bolalar bog‘chalarida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bu yerda zamonaviy usulda fikr yuritish va ishlashga qodir kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Olmaliqda Toshkent davlat texnika universiteti filiali faoliyat yuritmoqda, 2018 yilda esa Rossiyaning «Moskva po‘lat va qotishmalar instituti» MTTU filiali ochildi. 

Kelgusida ham jamoa oldiga ulkan vazifalar qo‘yiladi. Yaqin yillarda xomashyo bazasini kengaytirish, kombinatning ishlab chiqarish quvvatini oshirishga qaratilgan uch milliard dollardan ziyod investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Misni boyitish fabrikasi qurilishi boshlandi, navbatda - metallurgiyada ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va kengaytirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish turibdi. Ular qatoriga zamonaviy sulfat kislota sexlari, Vanyukov pechlari, mis eritish zavodida misni elektroliz qilish sexi va boshqa ko‘plab ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan ob’ektlarni qurish kiradi.

Kombinatni rivojlantrish dasturiga muvofiq 2023-yilga kelib, ruda qazib olish yiliga 40 mln tonnadan 100 mln tonagacha, mis ishlab chiqarish hajmi 106 ming tonnadan 250 tonnagacha, rux - 68 ming tonnadan 120 ming tonnagacha,  affinajlangan oltin - 14,6 tonnadan 30 tonnagacha,  affinajlangan kumushni esa 98,6 tonnadan 215 tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.

Ishonch bilan aytish mumkinki, kombinatning ko‘pmillatli va tajribali jamoasi o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni faxr bilan uddalaydilar.

 

Aleksandr Zotov.

«Pravda Vostoka».

Muzaffar Abdullayev surati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 25-oktyabrdagi 216-sonida «Флагман промышленности» sarlavhasi bilan e’lon qilingan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech