12 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,2 °C

Mamlakatimizda
24 Aprel  2020 2449

Ezgu fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam

Prezidentimiz xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olib, hozirgi pandemiya sharoitida aholimizning yordam va koʻmakka muhtoj qatlamlarini aniq, manzilli asosda qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish gʻoyasini ilgari surdi. Bu tashabbus barcha yurtdoshlarimiz kabi samarqandliklar qalbini ham joʻshdirib, gʻayratiga gʻayrat qoʻshmoqda. Shu bois, bu qutlugʻ harakat har birimizning kundalik hayotimiz magʻziga, insoniy burchimizning ham qarzi va ham farziga, davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanib ketdi. Aslida bunday ezgu intilish va fazilatlar xalqimizning yuragida, qalbida mujassam.

Davlatimiz rahbari 20-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida xalqaro va milliy talablarga toʻliq amal qilgan holda mamlakatimizda karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatish, shu asosda tezroq normal hayotga qaytish boʻyicha dastlabki chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. 22-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektorda esa aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish vazifalari, shu jumladan, karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlash masalasi Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi. Har bir yoʻnalish va kesimda bajarilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar yuzasidan aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi. Ularni muqaddas Ramazon oyi davomida oʻz vaqtida bajarish boʻyicha amaliy ishlarni boshlab yubordik.

Haqiqatan, kun sayin oʻzgarayotgan vaziyat aholi bandligini taʼminlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishni talab etmoqda. Bugungi kunda viloyatimizda 3,8 million kishi 904 ming oilada istiqomat qilib kelmoqda. Pandemiya boshlangunga qadar mehnat bozorida ishsizlik darajasi 9,3 foizni tashkil qilgan boʻlsa, xorijiy davlatlardan mehnat muhojirlarining qaytib kelishi va vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolar hisobiga bu miqdor 11,1 foizga yetishi kutilmoqda.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida kambagʻallikni qisqartirish masalasi koʻtarilib, uni kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar koʻrib kelinyapti. Tahlillar viloyatimizda daromad notekis taqsimlanganini koʻrsatmoqda. Shu bois, kambagʻallikning yuqori darajasi va oʻrta hol aholining umumiy aholi sonidagi ulushining eng past koʻrsatkichi ham baʼzi tumanlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Ana shunday oilalarni aniqlash boʻyicha oʻrganishlar bugungi kunda 47,7 ming (222,4 ming nafar fuqaro) muhtoj oila mavjudligi aniqlandi (shundan 18 mingga yaqin fuqaro chet eldan viloyatimizga qaytib kelgan mehnat muhojirlari hisoblanadi).

Albatta, Prezidentimiz qayd etganidek, kambagʻallikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini koʻpaytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga oʻqitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uygʻotish, infratuzilmani yaxshilash, manzilli nafaqa toʻlash tizimini joriy qilish kerak. Xuddi shu nuqtayi nazardan oʻtkazilgan tahlillar natijasida muhtojlik darajasidagi aholining 19 609 nafari mutaxassislikka ega boʻlib, hozirgi kunda ishsizligi, 35 776 nafarini shaxsiy tomorqasida band qilish imkoniyati mavjudligi, 39 615 nafari mutaxassisligi boʻlmagan ishsiz ekani maʼlum boʻldi.

Prezidentimiz soʻnggi 3 yil mobaynida tadbirkorlarni bevosita qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining shu yil 3-apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni va undan keyin qabul qilgan qarorlarida ularga berilgan turli imtiyoz va preferensiyalar, soliq taʼtillari, imtiyozli bank kreditlari va qoʻshimcha yengilliklar tufayli viloyatimizdagi aksariyat ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy barqarorlikni hamda ish oʻrinlarini saqlab qolishiga erishildi.

Joriy yilning mart - aprel oylarida:

- 3906 ta tadbirkorning 798,0 mlrd. soʻmlik kredit qarzdorliklari muddatlari 6 oyga uzaytirildi;

- tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 734 ta tadbirkorlik subyektiga 217,8 mlrd. soʻm moliyaviy yordam koʻrsatildi;

- turizm sohasidagi 455 ta subyektga yer, mulk soliqlari hamda ijtimoiy soliqning 12% dan 1%ga pasayishi hisobiga jami 2,4 mlrd. soʻmlik soliq imtiyozlari qoʻllanildi;

- tovarlarni realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 mlrd. soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻining 1276 ta toʻlovchisiga 27,8 mlrd. soʻm soliqlarni choraklik toʻlash huquqi berildi;

- 9641 ta qishloq xoʻjaligi korxonasiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 69,7 mlrd. soʻmga (50%) pasaytirildi va hokazo...

Viloyatda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida amaliy ishlar ham boshlab yuborildi. Tadbirkor va fermerlar kambagʻal oilalarga tomorqada ekin ekishga, takroriy ekin uchun oʻz yeridan joy ajratish, kasanachilikni yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashmoqda.

Prezidentimiz eʼtirof etganidek, davlat tomonidan, oʻz navbatida, bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit toʻlovlari, zarur resurslar bilan taʼminlash boʻyicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Yaʼni bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali koʻrsatiladigan saxovat va koʻmak boʻladi.

Misol uchun, “Agromir” MCHJ tomonidan umumxalq harakati doirasida Payariq va Samarqand tumanlaridagi 1000 ta muhtoj oilani 3 oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, shu bilan birga 600 nafar kambagʻal oilaga pudrat asosida 1 gektardan yer boʻlib berib, kooperatsiya tizimi orqali tokzorlar barpo qilish va ular orasida sabzavot ekinlarini ekish hamda kafolatli xaridini taʼminlash ishlari olib borilyapti. Prezidentimizning 22-aprelda boʻlib oʻtgan videoselektordagi eʼtirofidan ruhlangan tadbirkor yil yakuniga qadar bu maydonlarni 2 ming gektarga yetkazish va shuncha muhtoj oilani ishli qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirayotgan ushbu korxonaga tumanlarimizda koʻp qavatli zamonaviy uy-joy qurish uchun yer maydonini ajratib berishga koʻmaklashamiz.

Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasining 100 nafar kambagʻal oilani 3 oy davomida oziq-ovqat bilan taʼminlash, 10 ta oilaga sugʻorilmaydigan yerlardan uy qurib berish va 100 ta kambagʻal oila aʼzosini korxonasida ishga joylashtirish tashabbusi ham, albatta, saxovatga yarasha munosib taqdirlanadi. Korxonaga investitsiya kiritish sharti bilan qishloq xoʻjaligida foydalanmaydigan 8 gektar yer maydoni ajratib berilishi koʻzda tutilmoqda.

Yana bir eʼtiborli jihati, pandemiya davrida viloyatdagi barcha saxovatpesha tadbirkorlarning amaliy ishlarini “Samarqandning asl farzandlari” kitobini chop etish orqali targʻib qilish rejalashtirilyapti.

Bunday xayrli ishlarni Bulungʻur tumani misolida davom ettiradigan boʻlsak, hozirning oʻzida 405 nafar saxovatpesha tadbirkor “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida ishtirok etish ishtiyoqini bildirmoqda. Xususan, “BULUNGUR-SANDVIK AGROFIRMA” qoʻshma korxonasining 23 ta kambagʻal oilani oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari bilan taʼminlash va ushbu oila aʼzolarini ishga qabul qilish tashabbusi maʼqullandi. Umuman olganda, tumanda muhtoj oilalarning 750 nafar aʼzosini ishga joylashtirish, 325 kishini shaxsiy tomorqasida band qilishga erishish, 230 fuqaroni qurilish obyektlariga jalb qilish, 120 dan ortiq oilaga kooperatsiya asosida yer ajratib berish hisobiga 245 nafar shaxsni, qishloq xoʻjaligi ishlariga 420 ta fuqaroni band qilishga erishiladi.

Bundan tashqari, tumanni kartoshkachilikka ixtisoslashtirish (1,4 ming gektardan 4,0 ming gektarga koʻpaytirish) hisobidan fermer xoʻjaliklarida qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilib, muhtoj oila aʼzolari biriktiriladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, viloyat boʻyicha umumxalq harakati doirasida:

- muhtoj oilalarning 8,8 ming nafar aʼzosini ishga joylashtirish;

- 4,5 ming nafarini shaxsiy tomorqasida band qilishga erishish (issiqxona qurib berish, sabzavotlar hamda koʻchatlar ekish va boshqalar);

- 1,5 mingdan ortiq fuqaroni qurilish obyektlariga jalb qilish;

- 4,0 mingdan ortiq oilaga kooperatsiya asosida yer ajratib berish hisobiga 8500 ta fuqaroni band qilish;

- 100 dan ortiq tadbirkor tomonidan suv nasoslarini oʻrnatib berish orqali foydalanilmagan yerlarni oʻzlashtirib, 2,0 mingta muhtoj oilaga boʻlib berish choralari koʻriladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ishlariga kambagʻal oilalarning 7,5 mingta aʼzosi band qilinadi.

Pandemiya davrida 5,4 ming muhtoj oilaning shaxsiy tomorqalarida issiqxona, koʻchat va urugʻlik hamda sugʻorish vositalari oʻrnatish uchun 12,0 mlrd. soʻm subsidiya mablagʻlari ajratiladi hamda 29,5 ming fuqaroni 21,5 mlrd soʻmlik jamoat ishlariga jalb qilish choralari koʻriladi.

Bu ishlarni amalga oshirish negizida karantin talablariga rioya qilgan holda viloyatdagi sanoat va qurilish korxonalari faoliyatini tiklash choralari koʻrilmoqda. Jumladan, aprel oyi boshida 5828 ta sanoat korxonasi faoliyati toʻliq oʻrganib chiqilganda 1321 tasining faoliyati toʻxtagani, 1202 tasi 25 foiz, 1346 tasi 50, 559 tasi 75 va 1400 tasi 100 foiz quvvatda ishlayotgani aniqlandi. Sektor rahbarlari tomonidan korxonalar muammolarini hal etish orqali 242 ta korxona faoliyati qayta tiklandi va 1374 nafar ishchi ishga qaytarildi. Korxonalarga amaliy yordam koʻrsatish natijasida 44 tasining (439 nafar ishchi) faoliyati qayta tiklandi, 100 foiz quvvatda ishlayotgan korxonalar soni 25 taga (86 tadan 111 taga) oshirildi, 500 nafardan ortiq ishchi ish joylariga qaytarildi.

Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tadbirlar doimiy nazoratga olinib, karantin qoidalariga rioya qilgan holda, muhtoj oilalarga moddiy yordam berish, ularni ishga joylashtirish, sanoat va qurilish korxonalarining toʻlaqonli ishlashini taʼminlash choralari sektorlar kesimida amalga oshirilyapti.

Prezidentimiz yigʻilishda hali ishga solinmayotgan imkoniyat va rezervlarni koʻrsatib berdi. Haqiqatan, servis sohasida, umumiy ovqatlanish tarmogʻida, xizmat koʻrsatish, transport yoʻnalishidagi faoliyatini toʻxtatgan yoki tushumlari keskin kamaygan korxonalar bizning viloyatimizda ham mavjud. Vaholanki, karantin sharoitida ham oziq-ovqatlar va tovarlarni yetkazib berish, koʻchma savdo va xizmatlarni tashkil etish orqali bu korxonalarning kamida 70 foizini ishlatishimiz mumkin. Shuningdek, karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda, toʻlovlarni qabul qilish, sugʻurta, mikrokredit xizmatlarini ham yoʻlga qoʻyish choralariga tezroq kirishishimiz kerak.

Oʻz hunarmandchiligi bilan butun dunyoga dongʻi ketgan qoʻli gul ustalarimiz sanʼati va mahoratini masofaviy oʻquv kurslar orqali yoshlar va ayollarga oʻrgatish, oʻz maktabiga ega hunarmandlar tajribasini ommalashtirish boʻyicha berilgan topshiriqlarni bajrish boʻyicha mutasadli uyushma va idoralar bilan amaliy rejalar ishlab chiqilyapti va tez kunda ommaviy aʼborot vositalaridan foydalangan holda yoʻlga qoʻyiladi.

Prezidentimiz belgilangan vazifalarni sifatli bajarib, odamlarni ham band, ham rozi qilish kerakligini alohida eʼtirof etdi. Bu fikrlar Alisher Navoiy bobomizning “Odamiy ersang, demagil odami, onikim, yoʻq xalq gʻamidin gʻami” degan baytlariga hamohangligi bilan ham saxovat va koʻmak bugungi kunda odamiylikning bosh mezoniga, yashash hikmatining hayotiy qoidasiga aylandi.

Belgilab berilgan vazifalar masʼuliyati va savobini har bir samarqandlik yaxshi tushunadi va “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga oʻzlarining ezgu ishlari bilan, albatta, munosib hissasini qoʻshadi.

Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech