21 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,9 °C

Yashil sayyora
11 Iyun  2019 2567

Ekolog: «Tez orada Yerda nafas olib bo‘lmay qoladi, agar...»

Biz g‘aroyib kashfiyotlar, kosmosga parvozlar, texnika yutuqlari bilan esda qoladigan asrda yashayapmiz. Ammo hozir ko‘z o‘ngimizda sayyoramiz chiqindilarga to‘lib bormoqda va bioolamimiz esa dahshatli muntazamlik bilan inson qo‘lidan aziyat chekishda davom etmoqda. Biologiya fanlari doktori, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti ekologiya va evolyusion biologiya kafedrasi professori Mavluda HOJIAKBAROVA ekologik vaziyat, yaqin kelajakdagi tahdidlar va mavjud muammolarni hal etish yo‘llari haqida so‘zlaydi:

- Atrof-muhit bilan bog‘liq vaziyatning qachon jiddiy tus ola boshlaganini birdaniga aytish qiyin. Uzoq vaqtlar davomida unga aytarli e’tibor qaratilmadi, chunki boshqa masalalar undan ham muhimroq tuyulardi va bu mavzu keng muhokama qilinmagan ham. Ammo insoniyat, shu bilan birga mamlakatimiz aholisi ham, uni global ekologik tahdidlarga to‘qnash kelgan davrdan, ya’ni XX va XXI asrlar oralig‘idan boshlab hisoblash qabul qilingan. Buni sezmaslik va harakatsizlik o‘zini o‘limga mahkum etish demakdir. Afsuski, ko‘pchilik muammoga hali ham loqayd, mas’uliyatsizlarcha munosabatda. Ammo u allaqachon milliy va mintaqaviy chegaralar tashqarisiga chiqib bo‘lgan. Tabiat va inson muayyan qonunlar asosida bir-biri bilan o‘zaro aloqada bo‘ladi, uning buzilishi qaytarib bo‘lmas ekologik falokatlarga olib keladi.

Bu ancha kech anglandi - faqat 1970-yil boshidan ushbu masala global rivojlanishning dastlabki G‘arb modellarida keskin ravishda muhokama qilina boshlandi. Taxminan o‘sha davrlarda insoniyat atrof-muhitga antropogen ta’sir ko‘rsatishning qanday natijalarga olib kelishini his etdi. Tuproq eroziyasi, o‘rmonlarning kesilishi, ortiqcha baliq ovlash, kislotali yomg‘irlar, atmosferaning ifloslanishi, ozon qatlamining buzilishi – bu hozirda butun dunyoda kuzatilgan vaziyatlarning kichik bir qismi, xolos. Dunyo okeani suvlari halokatli tarzda ifloslangan, samaradorligi keskin kamaygan. Urbanizatsiya - qishloq aholisiga nisbatan shahar aholisining ko‘payishi - yirik markaziy hududlarning asosiy ifloslanish markazlariga aylanishiga olib keldi. Buning natijasi o‘laroq, ekologiya yomonlashuvidan kelib chiqadigan kasalliklar soni ortib bormoqda.

Plastik - sayyoramiz uchun zahar

Tabiiyki, barchamiz taraqqiyotga intilamiz. Bu bizning genetik kodimizga kiritilgan. Biroq ko‘pincha sivilizatsiya keltiradigan faravonlik nafaqat odamlar uchun qulaylik keltiradi, balki tabiat uchun xavf ham tug‘diradi. O‘tgan o‘n yil ichida inson o‘tgan asrga qaraganda ko‘proq plastik mahsulotlar ishlab chiqardi.

Uyingizda nimalar bor, har kuni nimalarni xarid qilishingizni bir eslab ko‘ring: bir marta ishlatiladigan idishlar, paketlar, qadoqlar va shishalar. Ular eng ko‘p tarqalgan plastik chiqindi turlari. Endi tasavvur qiling – ana shu hajmning faqat besh foizigina qayta ishlanadi va kundalik hayotda takroran ishlatiladi.

Ammo tabiiy bo‘lmagan kimyoviy moddalar bilan bir qatorda plastik va plastmassa tarkibida shuningdek, zaharli moddalar ham bor. Ular biz iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlariga o‘tadi. Ba’zilari teridan o‘tishi, nafas olish tizimiga kirishi mumkin. Tananing nozik muvozanatini buzish uchun bunday moddalarning kichik miqdori ham yetarli. Keyin-chi, nima bo‘ladi? Immun tizimi himoya funksiyasining tushib ketishi, bosh miya, jigar hujayralaridagi o‘zgarishlar, yurak va qon aylanish tizimi kasalliklari, saraton hujayralarining rivojlanishi paydo bo‘ladi.

Ma’lumki, plastmassa taxminan ikki yuz yil davomida parchalanadi. yerga tushgach, u kichik zarrachalarga bo‘linadi va ishlab chiqarish jarayonida qo‘shilgan kimyoviy moddalarni atrof-muhitga chiqara boshlaydi. Bu xlor, zaharli yoki alangalanishga qarshi kanserogen bo‘lishi mumkin. yer osti suvlari orqali ular eng yaqin suv manbaiga sizib o‘tadi, bu ko‘pincha jonivorlarning ommaviy qirilishiga ham sabab bo‘ladi.

O‘zbekistonning okeanga chiqish yo‘llari yo‘q. Ammo biz uning ifloslanishi haqida tez-tez gapiramiz, negaki, bu global muammo. Plastik chiqindilar qirg‘oqlarni va qirg‘oq hududlarini ifloslantiradi. BMT ekologlari 12 oyda bir marta atrofimizdagi dunyo uchun tashvishlanishga sabab bo‘ladigan statistikani e’lon qiladi. Ekspertlarning yangi hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili okeanga 13 million tonna plastik chiqindilar tushgan. Taqqoslash uchun: dunyodagi eng katta jonivor - ko‘k kit hisoblanadi. U 200 tonnagacha og‘irlikka ega bo‘ladi, ya’ni chiqindilarning umumiy miqdori 65 mingta ko‘k kitga teng, deyish mumkin.

Dunyo okeanidagi chiqindilarning katta qismini plastiklar tashkil etishi ajablanarli emas. Quyosh nuri ta’sirida ular sirtida o‘ta turg‘un zaharli moddalarni to‘playdigan mayda zarrachalarga bo‘linadi.

Qirqdan ziyod mamlakatlar o‘z hududida plastik paketlardan foydalanish bo‘yicha qonuniy cheklovlar va taqiqlarni o‘rnatdi. Biz ham chetda qolganimiz yo‘q, albatta. Prezidentimizning 2018-yil 18-maydagi «Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ko‘pchilik kutgan o‘zgarish bo‘ldi. Aynan ana shu hujjat savdo nuqtalarida paketlarning bepul berilishini to‘xtatdi. Ba’zilarning mazkur islohotdan norozi bo‘lib, 300 so‘m (katta plastik paket uchun o‘rtacha narx) juda qimmat, deb hisoblashi kishini ajablantiradi. Ammo kelajak avlodning hayoti bunga arzimaydimi? Boz ustiga, bu pul topishning usullaridan biri emas. Shu yo‘l bilan har bir kishining materiallardan yanada oqilona foydalanishi uchun yoki undan ham yaxshirog‘i – bir vaqtlardagidek eski to‘r xalta, mato va qog‘oz paketlariga o‘tishiga harakat qilinmoqda. Tutqichsiz paketlar masalasi haliyam ochiq: rivojlangan mamlakatlarda ulardan ham voz kechilmoqda, har bir mahsulotni unga qadoqlashni biz ham to‘xtatishimiz lozim.

Shuningdek, plastik idishlarda suv sotib olmang. Zanglamaydigan po‘latdan yasalgan idish yoki termosdan, tabiiyroq materiallardan tayyorlangan bir nechta ko‘p martalik paketlardan foydalaning. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan plastik idishlarni shishalisi bilan almashtiring. Mikroto‘lqinli pechdan foydalansangiz, pechkaga maxsus mo‘ljallangan plastik idishlarni olmang. Negaki, harorat ko‘tarilgani sayin, kimyoviy moddalarning oziq-ovqatga o‘tishi darajasi oshib boradi.

Uy havosi ko‘chanikidan xavfliroq

Nima uchundir ushbu tasdiq ko‘pgina talabalarni chalkashtiradi. Ko‘chada ishlangan gazlar, ishlab chiqarish va boshqalar bor, uy ichini esa shamollatib turamiz, turli xushbo‘ylantirgichlar, namlantirgichlardan va boshqa vositalardan foydalanamiz. Xo‘sh, unda gap nimada?

Gap xuddi o‘sha atir, dezodorant, xushbo‘y sovun va boshqa kosmetika, gigiena va maishiy vositalarda. Aynan ular, mantiqqa zid holda, havoni avtomobil va sigaret tutunidan ham bir necha marta ko‘proq ifloslantiradi. Ushbu kashfiyot turli shaharlardagi kvartiralar va ko‘chalarini o‘rganish orqali amalga oshirilgan. Natijada, mutaxassislar muammoning yagona va hatto, asosiy aybdori avtomobillar emas, degan xulosaga keldilar. Sanoat korxonalarining atmosferaga me’yoridan ziyod chiqaradigan tutunlari ham zararliligi bo‘yicha birinchi o‘rinda emas. Biroq kosmetik va maishiy mahsulotlarning kimyoviy «izlari» hamma joyda mavjud edi.

Har bir kislorod yutimida kimyoviy moddalar bo‘lgan kichik yopiq joyni tasavvur qiling. Tarkibida neftdan tozalangan aralashmalar bo‘lgan uy-ro‘zg‘or buyumlari havoni sezilarli ifloslantiruvchi manba hisoblanadi. Agar hammasi ana shunday sur’atlarda ketaversa, tez orada yerda nafas olib bo‘lmay qoladi.

Ushbu moddalar nafaqat inson salomatligiga, balki butun ekologiyaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular atmosferaning pastki qatlamlarida ozon shakllanishiga sabab bo‘ladi. Va so‘nggisi – ifloslangan havoning asosiy komponenti va o‘zi ham, astma hamda o‘pka muammolarini keltirib chiqarishi mumkin.

Hyech kim kosmetik mahsulotlarga e’tibor bermaydi, zararini hisobga olmaydi va uning aylanmasini tartibga solmaydi. Agar korxonalar va mashinalardan chiqadigan tutunlar vaqtida amalga oshirilgan chora-tadbirlar sabab sezilarli kamaygan bo‘lsa, endi boshqa ifloslanish manbalarini topish va ularni qanday bartaraf etish yo‘llari haqida bosh qotirishning vaqti yetdi.

Umid bor

Insoniyatning ekologik muammolarini hal etishning juda ko‘p usullari mavjud. Lekin hammasi korxonalar va maishiy chiqindilarni to‘g‘ri utilizatsiya qilish, ekologik jihatdan yanada tozaroq ishlab chiqarishga o‘tish, yanada tozaroq yonilg‘idan, tabiiy elektr ishlab chiqarish tizimlari (quyosh panellari yoki shamol tegirmonlari)dan foydalanishga borib taqaladi. Biroq aslida muammolar ko‘ringanidan-da, chuqurroq. Inson shaharlarda yashashga ko‘nikkan, shuning o‘ziyoq tabiatning o‘zi o‘rnatgan tartibning buzilishidir. Bunday markazlar - atrof-muhit ifloslanishining asosiy manbalari hisoblanadi. Lekin butunlay «yashil» aholi punktlarini yaratishga, afsuski, hali qodir emasmiz.

Agar qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerakligini tasavvur qilishga urinib ko‘rilsa, unda qurilish uchun yog‘och va tosh kabi mutlaqo zararsiz materiallarni ishlatish lozim. Tabiiyki, bunday shahar megapolisni emas, balki park yoki qo‘riqxonani eslatib yuboradi. Unda uylar daraxtlar orasida ko‘rinmay ketishi, ko‘chalarda esa jonivorlar bemalol yurishi kerak. Go‘yoki ertak, deyavering. Sodda qilib aytganda, aksincha bo‘lishi kerak - uy-joylari tarqoq bo‘lgani va deyarli inson qadami yetmagan joylarda istiqomat qilgan yaxshiroq. Shu yo‘l bilan biosferadagi yuklamani kamaytirish mumkin.

Bularning bari faqat loyihalar, xolos. Hozircha borini saqlashga harakat qilishimiz lozim. Agar masofani piyoda yurib o‘tish imkoni bo‘lsa, avtomobil yoki jamoat transportiga chiqmang, uydan chiqayotib, chiroqni o‘chiring va jo‘mrakni yopib qo‘ying, plastik idishlarda uyga ovqat olish odatidan voz keching. Hamma narsa maydasidan boshlanadi. Buning uchun kelajakda bizga albatta, «rahmat», aytishadi.

Sabina Alimova

yozib oldi.

«Pravda Vostoka».

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech