23 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Fikr
25 Dekabr  2018 4540

Xalqi kitob o‘qiydigan davlat doim rivojlanishda bo‘ladi

Oilaviy kutubxonamizda juda ko‘p kitob saqlanadi. Yaqinda mehmonga kelgan to‘rt yashar nevaramning to‘ppa-to‘g‘ri kitob javoni tomon yo‘l olganiga e’tibor qaratdim. Bitta kitobni qo‘liga olib, o‘zi hali o‘qish-yozishni bilmasa-da, anchayin jiddiy qiyofada uni birma-bir varaqlay boshladi.

Uni kuzata turib, bir paytlar o‘zim deyarli har kuni boradigan «Kitobsevarlar jamiyati» esimga tushdi.

Bolaligimizda tengdoshlarimiz bilan darslardan so‘ng bo‘sh vaqtimizni badiiy adabiyotga sarflardik. Bir-birimiz bilan kitoblar almashardik, kattadan kichikkacha, bari, kitobni faqat o‘n kungagina o‘qishga beradigan kutubxonaga a’zo bo‘lardi. Yosh kitobsevarlar o‘rtasida «Tom Soyer va Geklberri Finning sarguzashtlari», «Gulliverning sayohatlari», «O‘n besh yoshli kapitan», «Temir niqob», «Polk o‘g‘li», «Chin inson haqida qissa» kabi asarlarni o‘qish juda ommalashgan edi.

Esimda bor, otam menga Georgiy Bryansevning yaqinginada nashrdan chiqqan «Sirli so‘qmoqlar» kitobini sotib olib berdi. Kattalar ham, kichiklar ham uni hech bo‘lmaganda bir kunga o‘qish uchun olishga navbatda turardi. O‘qib ulgurish uchun tungi uyqudan ham voz kechib mutolaa qilardik. Ertalab esa uyqusiragan holda kim ishiga, kim o‘qishiga otlanardi. Ammo bu shunga arzir edi-da!

Afsuski, bugun farzandlarimiz kitoblarga deyarli qiziqmay qo‘ydi. Ularga vaqtini planshet titkilab o‘tkazish ma’qulroq. Kattalar tanbeh bersa, internetda undan ham ko‘proq, qiziqarliroq narsalar borligini aytishadi. Ana shu muammo borgan sari ommalashib, kattalashib bormoqda. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham qo‘liga deyarli kitob olmay qo‘ydi. Ammo hayotning ko‘rsatishicha, hech kimni kitob o‘qishga majburlab bo‘lmaydi. Kitob o‘qishga istak tabiiy va ichdan bo‘lishi kerak.

Jahon adabiyoti klassiklarining asarlari to‘plamlarini hozirga qadar saqlayman. Bir paytlar mashhur yozuvchilarning asarlarini 20 kilogramm makulatura topshirgani haqidagi abonoment bo‘yicha sotib olish mumkin edi. Shu bois ham o‘sha davrlarda tug‘ilgan kunga eng zo‘r sovg‘a kitob hisoblanardi. Chor-atrofdagi hamma kitob o‘qiganini katta avlod vakillari yaxshi eslasa kerak. Transportda, bekatlarda, istalgan jamoat joylarida qo‘lida kitob tutgan odamni ko‘rishi mumkin edi. Hozir-chi, nimani ko‘ramiz? Manzara butunlay boshqacha. Nafaqat kitoblar, balki gazeta-jurnallar ham unutilyapti. Ko‘pchilik, asosan, sarlavhasinigina o‘qiydi. Gazeta va jurnallarni endi undagi krossvordlarni yechish uchun sotib olishyapti. Qayg‘uli vaziyat. O‘sib kelayotgan yosh avlod mutolaaga bo‘lgan qiziqishni qaerdan rivojlantirsin?

Masalan, kichik nevaramning kitob o‘qishga uncha xushi yo‘q. Ko‘chaga chiqishga va o‘rtoqlari bilan o‘ynashga ruxsat berishdan oldin klassiklarning asarlaridan bir necha sahifa o‘qib berishini so‘rayman. Har safar uning bunga arang chidayotganini ko‘rib-bilib tursam-da, usuldan voz kechmayapman. Mayli, buyuk mualliflarning asarlari bilan shunaqa tanisha qolsin.

Kitoblarning hayotimizda muhim rol o‘ynashini, hatto, Prezidentimiz ham bot-bot takrorlaydi. Davlatimiz rahbarining fikricha, mutolaa madaniyatini oshirish aholi savodxonligining o‘sishiga xizmat qiladi. Ishonchim komilki, o‘sib kelayotgan yosh avlod ham, bu klassika bo‘ladimi yoki fantastik janrda, muhim emas, albatta, kitob o‘qishi kerak. Adabiyotlar bilim doirasini kengaytiradi, so‘z boyligini oshiradi va fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Faqat kitob o‘qiydigan xalqgina doim rivojlanishda bo‘ladi va farovon yashaydi.

Erkin Ibragimov,
mehnat faxriysi.

Timur Kaysarov surati.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech