20 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,5 °C

18 Aprel  2020 932

Bildirilgan ishonch yuksak marralarga qanot boʻladi!

XXI asrda Sharqning dunyodagi eng muhim nuqtaga aylanib borayotgani, geosiyosiy jarayonlar, iqtisodiy-siyosiy munosabatlarda jahonda oʻziga xos oʻrin egallayotgani hech birimizga sir emas. Bu jarayonda sharq mamlakatlarini har tomonlama oʻrganib, ilmiy tadqiq etish yosh tadqiqotchilarimiz uchun muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimiz 16-aprel kuni imzolagan “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror mamlakatimizda bu yoʻnalishni rivojlantirishda yana bir muhim qadam boʻldi.

Ayniqsa, qaror asosida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti negizida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining tashkil etilishi mazkur oliy oʻquv yurti jamoasini nihoyatda quvontirdi. Ushbu yuksak eʼtirofga loyiq boʻlishga undaydigan yangi maqsadlar, aniq rejalar tuzishga ilhomlantirdi.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori, avvalo, oliy taʼlimni rivojlantirish, qolaversa, sharqshunoslik sohasiga berilayotgan katta eʼtiborning samarasi, deb bilaman. Unda belgilangan har bir band universitet jamoasi zimmasiga Oʻzbekistonning sharq mamlakatlari bilan ikki va koʻp tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi, sharq tillari boʻyicha malakali mutaxassislar, jahonda roʻy berayotgan jarayonlarni toʻgʻri talqin qila oladigan tahlily tafakkurga ega kadrlarni tayyorlash, ularga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash singari masʼuliyatli vazifalarni yuklaydi.

Sharqshunos mutaxassis sharq mamlakatlarining tillari, tarixi, madaniyati, moddiy va maʼnaviy merosi, iqtisodiyoti, siyosati, xalqaro maydondagi nufuzini oʻrganish uchun har tomonlama bilimga ega boʻlishi lozim. Shu jihatdan, qarorda xalqaro standartlarga muvofiq kompleks bilimlarga ega malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan, mehnat bozori uchun raqobatbardosh boʻlgan kadrlarni tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, ilm-fanni jadal rivojlantirish, professor-oʻqituvchilarning salohiyati, pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni sharqona qadriyatlar asosida tarbiyalashni takomillashtirish boʻyicha aniq topshiriq va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi. Shuningdek, sharq mamlakatlarining rivojlanish omillari, ulardagi zamonaviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlar, sharq madaniyati merosi, qadimiy yodgorlik va qoʻlyozmalarni ilmiy jihatdan oʻrganish, mazkur yoʻnalishda ilmiy xodimlar, pedagoglari tayyorlash hamda mahalliy va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish boʻyicha bir qator vazifalar qoʻyildi.

Dunyo mamlakatlarining tobora taraqqiy etib borayotgani barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham oʻqitishning ilgʻor, yangicha, taʼsirchan usullaridan foydalanish, dars amaliyotlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni taqozo qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, qarorda universitetda zamonaviy taʼlim texnologiyalari, talabalar bilimini baholovchi ilgʻor metodikalar, sharq mamlakatlarini oʻrganish boʻyicha zamonaviy mediamahsulotlar va elektron adabiyotlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tadbiq etish masalasi boʻyicha alohida band kiritilgan.

Qarorda universitetdagi taʼlim jarayonlarini zamonaviylashtirish va dunyodagi sharqshunoslik maktablarida amalga oshirilayotgan ishlardan yoshlarni boxabar etish va bu yangi ilmlarni taʼlim jarayonlariga olib kirishni jadallashtirish maʼnosida akademik mustaqillik berish masalasi ham koʻzda tutilgan. Bu bilan universitetga taʼlim standartlarini ishlab chiqish, malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini, talabalarning bilimini baholash, xorij tajribasi asosida oʻquv jarayonining amaliyot bilan integratsiyalashuvini taʼminlash tizimini yaratish, ularni tasdiqlash huquqi ham berildi. Shu bilan birga, yangi oʻquv yilidan boshlab taʼlim jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Xorijiy hamkorlar bilan amalga oshiriladigan qoʻshma dasturlarning oʻquv rejalari, fan dasturlarining mustaqil tasdiqlanishi universitet jamoasiga bildirilgan katta ishonchdan dalolat.

Qaror asosida universitetga sharq tillari oʻqitiladigan taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun doimiy faoliyat yurituvchi qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining tashkil etilishi ham shu tillarda dars berib kelayotgan pedagog kadrlar uchun katta imkoniyatdir. Chunki shu paytgacha mamlakatimizda sharq tillari oʻqitiladigan taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining malaka oshirishi va oʻz sohalari boʻyicha zamonaviy bilimlarga ega boʻlishini ham monitoring qilish, ham ularning salohiyatlarini kuchaytirib borishni taʼminlaydigan alohida markaz boʻlmagan. Yangi markazda oʻtiladigan oʻquv kurslari yakunida pedagoglarga belgilangan namunadagi sertifikat berilishi ham kadrlar salohiyatini baholashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Yetuk mutaxassislarni tayyorlashda moddiy-texnik baza, ilmiy metodik, oʻquv-uslubiy taʼminotning yetarlicha boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda, qarorda sharq tillari boʻyicha malakali tarjimonlarning oʻquv jarayoni va amaliyotni uygʻun olib borishiga imkon yaratadigan sinxron tajriba laboratoriyasi hamda talabalarning mustaqil taʼlim kompetensiyalari, sharq tillari boʻyicha elektron taʼlim resurslarini shakllantirishga xizmat qiladigan zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan zamonaviy multimedia markazining tashkil etilishi belgilandi. Mazkur laboratoriya va markaz faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi yoshlarda oʻz sohalariga boʻlgan qiziqishni kuchaytirish bilan birga, dunyodagi sharqshunoslikka oid ilmiy manbalar, zamonaviy bilimlarni koʻproq va kengroq oʻrganishlari uchun imkoniyatlar yaratadi.

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda uzluksiz taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash, yoshlarning kasb tanlash bilimlari, koʻnikmalarini quyi taʼlim bosqichlaridayoq yoʻlga qoʻyish maqsadida, ayniqsa, professional taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, qaror bilan 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab Namangan va Xiva shaharlarida sharq tillari oʻqitiladigan texnikumlarni tashkil etish bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishi, shubhasiz.

Shunigdek, qarorda ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadidauniversitet huzurida Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Sharq mamlakatlarining rivojlanishini tadqiq etish ilmiy-tahlil markazini ochish belgilandi. Mazkur markazlar qisqa vaqtda sharq xalqlari madaniyati, sharq tillaridagi adabiy, tarixiy, falsafiy manbalarni chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish, yurtimiz qadriyatlari, milliy merosimizni dunyoga targʻib etish, sharq mamlakatlarining tarixi, rivojlanish bosqichi, iqtisodiy-siyosiy taraqqiyot xususiyatlarini kompleks tadqiq etish, ayniqsa, Oʻzbekistonning sharq xalqlari bilan oʻzaro munosabatlarini rivojlantirishda asosiy ilmiy maskanlarga aylanishiga ishonaman.

Bugun Prezidentimiz oliy taʼlimda faoliyat yuritayotgan barcha mutaxassislar oldiga mazkur tizimni takomillashtirish, zamon talablariga moslashtirish va bu orqali Oʻzbekisiton oliy taʼlim muassasalarini Markaziy Osiyodagi alohida “xab”ga aylantirishdek ulkan vazifa qoʻydi. Xususan, milliy universitetlarimizning jahondagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari reytingidan munosib joy egallashiga erishishimiz lozim. Biz ana shu tizimning bir qismi sifatida yuqoridagi qarorda belgilangan barcha vazifalarni amalga oshirib, yuqori natijalarga erisha olsak, albatta, koʻzlangan marraga yetamiz. Prezidentimizning Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-oʻqituvchilari, ilmiy jamoasi, talaba-yoshlari, umuman, sharqshunoslik sohasi rivojiga bildirgan katta ishonchlarini oqlashga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Gulchehra Rixsiyeva,

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech