27 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,2 °C

Fikr
1 May  2020 2723

Ayol boʻlsa, uyda toʻla nur boʻladi...

Virus pandemiyasi hammani bir xil oʻylaydigan, bir xil harakat qiladigan qilib qoʻydi. Yaʼni hammaning niyati tezroq bu ofatdan qutulish, chorasi esa uyda oʻtirish!

Qarang, ajabo, odamzodni uyga qaytardi, bir meni yoki sizni emas, bani odamzodni uyga qaytardi! Nega shugina, koʻzga koʻrinmas zarralarning zarrasi butun odamzodni boshqa odamga aylantirdi? Uni halim qildi, oʻychan qildi. Eng asosiysi, oilaga qaytardi!

Darvoqe, karantinni chilla oʻtirish, desak ham boʻladi. Chunki qadimdaajdodlarimiz, chilla oʻtirib (qirq kun) oʻzlarini yemoq, ichmoqdan, odamlar nigohidan saqlab, faqat ibodat qilib poklaganlar va tilaklari ijobat boʻlgan. Bizning ham duolarimiz ijobat boʻladigan, tavbalarimiz qabul qilinadigan vaqt keldi. Pokiza oilamiz bilan pokiza uyimizda, pokiza boʻlib Parvardigordan soʻraylik: elimizni , vatanimizni,vijdonimizni, imonimizni Oʻzi asrasin!

Biz keyingi paytlarda uyimizga faqat uxlagani keladigan boʻlib qolgandik. Bugun karantin kunlari gullar ochilib yotgan bogʻchamni, uydagi xonalarni kezib, shular haqida oʻylar ekanman, biz yaratgan har narsaning bizdaham haqqi bor ekan-da, degan xayolga keldim.

Axir biz ularni ekar ekanmiz, oʻz niyatlarimizni ham qoʻshib ekamiz-ku. Xonalarga hashamatli mebel toʻplamini joylar ekanmiz, oʻz orzularimizni ham joylamadikmi, degan fikr keldi beixtiyor. Demak, nafaqat ular bizniki, balki biz ham ularniki ekanimizni unutayozdik, axir.

Shu tobda onamni esladim. Oh, jannatim, onam. Qachon borsak eshik ochiq, qozonda ovqatlar pishgan, uylar saranjom-sarishta.... Uy toʻla nur boʻlardi. Chindan ham ayol – uyning chirogʻi!

Ayollarkoʻchaga chiqib, ishlay boshlagach, uydagi bu fayz yoʻqola boshladi. Bolalar qarovsiz, erkaklar mehrsiz, ayollar muhabbatsiz qolaverdilar. Toʻgʻri, roʻzgʻor, talablar, xohishlar darajasi ham oshdi. Shuning uchun hamma harakatda, tahlikada. Hammaga hamma narsa kerak!Nafslar urchiy boshladi. Qorinlar toʻydi, doʻkonlar, bozorlar toʻldi, koʻz toʻymadi.Ammo, mana, boʻlar ekan-ku.

Afsus, endi vaqtimiz bor, ixtiyorimiz yoʻq, molu davlatimiz bor, xotirjamligimiz yoʻq! Birgina karantin biz bino qoʻygan, kerilib yuradigan mashina – temir, duru gavharlarimiz – tosh, kiyimlar – latta, pul esa qogʻoz ekanini anglatib qoʻydi.

Buvilarimiz bular haqida tez-tez bizni ogohlantirardilar.Bobolarimiz esa “Oʻzingni er bilsang, oʻzgani sher bil!” qabilidagi hikmatlarni aytib, manmanligimizni sindirib turardilar. Qani ular? Ularning ham vaqtlari yoʻqmi yoki biz ularni tinglamay qoʻydikmi?!

Umuman olganda, bugun karantinda oʻtirar ekanmiz, shu masalalarni bir oʻylab koʻradigan palla keldi. Oʻzbek ayoli sabrli, matonatli. Ogʻir kunlarda doimo jonbozlik koʻrsata oladigan zot!Hozir hambir qoʻli qozonda boʻlsa, bir qoʻli bolalarining onlayn darslari bilan ovvora.Oiladagi kattalarning duosi, turmush oʻrtogʻiningrizoligi, bolalarining qobilligiunga tuganmas kuch-qudrat, gʻayrat beradi.

Ayol bayramlarni sevadi. Bir shirin taom qilib ham, qiziga bir chiroylikoʻylak tikib berib ham, qoʻshnilarni mehmonga chaqirib ham bayram qilaveradi ayol. Bugungi karantinkunlarida ham bolalariga ertak aytib, sheʼr yodlatib hamshukronalik xissini oʻrgatayotgani aniq. Oila xotirjamligini saqlab tura oladiganyagona xilqat bu – Ayoldir!

Bugungi karantin kunlarida uyda oʻtirib, qizlarimizning kelajagi haqida yanayam muffasal oʻylashga yetarlicha vaqtimiz bor.

Azizlarim, opam, singlim, tengdoshim, qizlarimizni turmushga tayyorlayapmizmi? Ha, albatta, deysiz: kurslar ochilgan – pishiriq, turli millat taomlari, tikuv-kashta tikish, uqalash, raqs va hokazo.

Qani bularning ichida “Men tushayotgan oila” kursi?Qaynota- qaynona, qayin akayu qayin singil, ovsin kabi darslar bormi? Ularning har birlariga bir necha soatlarni ajratish mumkin-ku. “Qut-baraka, uvol”, “Halol va harom”, “Bola boqish”, “Koʻngil olish” kabi kurslar boʻlsa, qani edi. Avvallari bu darslar bor edi. Ha, ishonavering, bu kurslarning direktori buvimiz, oʻqituvchisi onamiz, tarbiyachilari opamiz, kelinoyimizboʻlar edi. Hozir koʻp narsani mahallaga yuklab qoʻymadikmi?

Baʼzi ayollarimiz tugʻruq stolidan tushmay turib: “Qizim baxtli- taxtli boʻladi, yaxshi joylarga kelin boʻladi, boy-badavlat, malikalardek, erkin, ozod boʻlib yashaydi”, deb niyatlar qiladi. Toʻgʻrimi?Ogʻzimizdan chiqqan har bir soʻz bizning taqdirimiz ekanligi ham ayon.

Birinchi kundan boshlab oshkorasep yigʻish bilan ovora boʻlayotgan ota-onaning harakatlarini koʻrib oʻsgan qiz molparast boʻladi. Toʻgʻri, avvallari ham onalarimiz otasiga harna yordam, deb sep yiqqan, toʻrtta kiymay, ikkita kiygan, ikkitasini esa sepga tashlagan. Ammo u seplarni toki kimgadir unashilmaguncha qiziga koʻrsatmagan. Koʻngli buzilmasin, fikri chalgʻimasin, deb. Hatto ipak matoli atlaslarni ham kiygizishmas edilarki, erta uygʻonib qoladi, deb.

Hayxot, endi-chi?!Endi “malika” boʻlishorzusida yashagan qiz bechora toʻydan keyin qarasa,na “qirol” bor, na taxt .U yerda faqat “xizmatkor”lik. Ana, ajrimning eng birinchi sabablaridan biri!

Toʻydan oldingi sovgʻa-salomlar, sayru sayohatlar, xuddi hind kinosidagidek oʻldim-kuydimlar yoʻq. Turmushga chiqish faqat ishqiy sarguzashtlardan iborat deb oʻylaganlar uchun oila tutish mehnatlari ogʻir kechadi va mutlaqo bunday hayotga tayyor emaslar uchun chidab boʻlmas zugʻumdek tuyuladi.

Qizim hech narsani bilmaydi, xizmatkor qoʻshib beraman, quda xafa boʻlmaysiz-da, deydigan yuzi qattiq onalar ham koʻpayib qoldi. Lekin bu koʻp holatlarda ish bermadi. Toʻgʻri-da, uyda yana bir begona odamning yurishi kimga yoqadi. Xizmatkor ketgandan keyin noshud kelin masalliqlarni uvol qilavergach, ishlarining bosh-oxirini topolmay qolgach, qaynonapand-nasihat qiladi. U, albatta, “malikai turandod”ga yoqmaydi. Mana, ularning oʻrtalariga tushgan birinchi sovuqlik!

Ijtimoiy tarmoqlarda sinfdosh qizlar yigit talashib, bir-birlarini urib tashlayotganlari, vahshiylarcha pichoq koʻtarib, oʻqituvchilariga poʻpisa qilayotganlarining guvohi boʻlyapmiz. Oʻsha qizlar, emasmi,kelin boʻlgandan keyin qaynonasini, erini oʻldirib, gumdon qilayotganlar, tugʻib, norasidasini iflos joylarga tashlab ketayotgan juvonlar... Bunganima deysiz? Bunday voqealar tarixda boʻlganmi, bunchalik oshkora, behayolarcha tus olganmi? Mana, ajrimlarning yana bir sababi.

Yuqoridayomon tarbiyali qizlar haqida soʻz yuritdik. Toʻgʻri, ular juda oz foizni tashkil etadi, lekin ularbor-da.Bitta boʻlsa ham koʻp biz uchun, bizning millat uchun. Yuqorida kelishib olganimizdek, hamma asl qizlarimiz bizning yutugʻimiz, boyligimiz, faxrimiz, gʻururimiz.

Biz bugun oʻzni tarbiyalash borasida bosh qotirar ekanmiz, koʻzimiz koʻrib, qulogʻimiz eshitib turgan illatlar haqida gaplashyapmiz. Zero, iqror tavbaning ONASIDIR! Shunday ekan, keling, bugungi karantin kunlarida qizlarimizga, singillarimizga oʻzbekona urf-odatlarimizni oʻrgataylik. Qadriyatlarimizni qadrlashga chorlaylik. Qiz millat kelajagi ekanini, avlodlar esa undan andoza olishini qulogʻiga quyalik. Oilaning farishtali, sarishtali bekalari boʻlib yetishishida biz oila boshlari, buvilarning, onalarning oʻrnimiz ibrat boʻlsin.

Farida Afroʻz,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, shoira

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech