20 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,2 °C

Madaniyat
8 Aprel  2019 5343

Jahonni sayr etib kezgan karvonlar

Prezidentimizning «Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori  bo‘yicha Termiz shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro baxshichilik san’ati festivali jahonshumul ahamiyat kasb etayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Insoniyat madaniyati va adabiyoti durdonalarining qadimiy beshiklari Yunonistonu Rimdan tortib Hindistonu Chin Mochingacha, Chiliyu Kanada, Alyaska muzliklaridan tortib, Yaponiyayu Avstraliyagacha bo‘lgan keng dunyoning barcha hududlarida Alpomishu Barchinoylar diyorida, Termiziy bobolar yurtida bo‘lib o‘tayotgan ulkan festivalning dovrug‘i kezib yuribdi. Mamlakatimiz rahbari muhtaram Shavkat Mirziyoevning tashabbusi va sa’y-harakati bilan ilk bora bunday ulkan xalqaro anjumanning aynan O‘zbekistonda, Termiz shahrida o‘tkazilayotgani zamirida nihoyatda teran hikmat borligini alohida ta’kidlashni istayman. «Go‘rug‘li» turkumidagi qirqlab dostonlar, «Alpomish», «Kuntug‘mish», «Malla savdogar», «Rustamxon» kabi yuzlab dostonlar aynan bizning yurtimizda yaralgani va ular baxshilarimiz ijodi bilan avloddan avlodga o‘tib saqlanib kelayotganini butun dunyoga namoyish etish hamda ushbu buyuk xazinani asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazuvchi bulbulnafas baxshilarni tarbiyalab yetishtirish kabi ezgu niyatlar Xalqaro Baxshichilik festivalining bosh g‘oyasi hisoblanadi. Shu munsabat bilan bugungi kunda xalq og‘zaki ijodiyoti an’analarini rivojlantirish, baxshilar, oqinlar, folklorshunoslar, folklor ansambllarini qo‘llab-quvvatlash uchun yanada keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Bunday ulug‘vor ishlar o‘zidan o‘zi bo‘layotgani yo‘q. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz, degan ulug‘vor da’vatni ijtimoiy hayotimizga tadbiq etayotgan davlatimiz rahbari avvalambor adabiyotga, kitobxonlikka, ma’naviyatni rivojlantiriga katta ahamiyat qaratmoqda. Alisher Navoiy bobomizdan to Hamid Olimjongacha, Rabg‘uziydan to ustozlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha bo‘lgan adabiyotimizning shoh ildizlari xalq og‘zaki ijodi sarchashmalaridan bahramand bo‘lib, gullab-yashnagan. 

Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan Jizzax shahrida ijod maktabi hamda muhtasham yodgorligi bunyod etilgan xalqimizning sevimli shoiri Hamid Olimjonning Fozil Yo‘ldosh o‘g‘liga bag‘ishlangan  «Kuychining xayoli» she’ri yodimga tushmoqda.

 

Bu xayol so‘ngsizdir, osmon kabi keng,

Bu xayol tugamas hech hali-beri.

Uning boyliklari umrlarga teng,

Hamon belgisizdir boshlangan yeri.

 

Ushbu she’rda yurtimizda baxshichilik san’ati tarixi naqadar olis, naqadar qadim asrlarga borib taqalishi tarannum etilmoqda. Baxshining xayoli keng, baxshining xayoli boy, bu xayolning boshlangan vaqti noma’lum, uning oxiri ham noma’lum.  Demak, baxshining xayoli hamisha davom etadi va aslo tugamaydi.

Baxshilar bilan hamsuhbatu hamnafas ijod qilgan Hamid Olimjonning o‘zi ham she’rlarida baxshi bo‘lib ketadi. Uning Abdulla shoirga bag‘ishlangan «Do‘mbiram» she’rida shunday satrlar bor:

 

                                  So‘z boshlayin endi yaxshi-yomondin,

                                      Ko‘zlarimning nuri bo‘lgan do‘mbiram.

                                      Sen qo‘limda, kezib o‘tdim jahondin,

                                      Yuragimning jo‘ri bo‘lgan do‘mbiram.

 

                                      Sendan hech bir mumkin emas sovushim,

                                      Sen tog‘larda kezgan choriq kovushim,

                                      Sening bilan baland bo‘ldi tovushim,

                                      Bilagimning zo‘ri bo‘lgan do‘mbiram.

 

      Ha, do‘mbirada hikmat ko‘p. Do‘mbira chalib, yuragi jo‘shib, ilhomi toshib, ovozi tog‘lardan oshib, oyu yulduzlarga tutashib doston aytayotgan shoirning ovozida ham hikmat ko‘p.

      Katta baxshilarning do‘mbirasi yosh baxshilarga o‘tganidek Hamid Olimjon, Mirtemir, To‘ra Sulaymon kabi xalqona, baxshiyona ohanglarda ijod qilayotgan ulkan shoirlar an’analarini O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Xalila Davlatnazarov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari Eshqobil Shukur, Rustam Musurmon, iste’dodli yosh shoir Shodmonqul Salom kabi shoirlar davom ettirayotgani meni quvontiradi.

      «Sening bilan baland bo‘ldi tovushim» deganidek Prezidentimizning qarori asosida o‘tkazilayotgan Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali sharofati bilan baxshilarimiz, shoirlarimiz tovushi yanada baland bo‘lmoqda. Bugun uni butun jahon eshitmoqda.

      Vatanimiz san’ati va adabiyoti tarixiga oltin harflar bilan bitilajak ushbu ulug‘ voqyea biz ijodkorlarga katta g‘urur, otashin ilhom va ulkan mas’uliyat baxsh etadi.

      Jahonni sayr etib kezgan karvonlar bugun Termizda uchrashdi. Ana shu karvonlar bilan qo‘shilib sayr etgan baxshilarning xalqimizning buyuk tarixi va nurli kelajagi haqidagi termayu dostonlarini tinglamoqdamiz.

Sirojiddin SAYYID,

O‘zbekiston xalq shoiri.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech