07 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,3 °C

Hukumat
11 Noyabr  2019 2388
OʻzA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga qutlovi

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari va tashkilotchilari!

Aziz do‘stlar!

O‘zbekistonda ilk bor “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari – yetakchi siyosatchilar, olim va ekspertlarni qabul qilish biz uchun ulkan sharaf. Sizlarni saxovatli va mehmondo‘st zaminimizda samimiy qutlayman!

 

Mazkur konferensiya asrlar davomida Sharq va G‘arb madaniyatlari o‘zaro tutashgan va bir-birini boyitgan, yangi ilmiy g‘oya va bilimlar tug‘ilgan shahar – Samarqandda o‘tkazilayotganida chuqur ma'no mujassam. 

 

Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Samarqand hozirgi kunda ham mintaqaviy va global kun tartibiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha ochiq va konstruktiv muloqot uchun o‘ziga xos maydon vazifasini o‘tagan holda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda. 

 

So‘nggi ikki yilda bu yerda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash bo‘yicha xalqaro konferensiya, Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi va mintaqa uchun tarixiy ahamiyatga ega yuksak darajadagi qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu, o‘z navbatida, hamkorlikning o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni shakllantirish haqida so‘z yuritish imkonini beradi. 

 

Bugungi uchrashuv ushbu ezgu an'anani davom ettirishi hamda ochiqlik va o‘zaro anglashuv ruhida o‘tishiga ishonchim komil. 

 

Haqli ravishda nufuzli va obro‘li ekspert-tahliliy platforma hisoblangan “Valday“ klubining har bir yig‘ilishi hamisha butun dunyo mutaxassislari va jamoatchiligi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otadigan yorqin hodisa bo‘lib kelgan. 

 

O‘ylaymanki, Yevroosiyo mintaqasi, jumladan, Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan murakkab jarayonlarga bag‘ishlangan bugungi munozara ham sermahsul bo‘lib, istiqboldagi o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab beradi. 

 

Markaziy Osiyo Yevroosiyo makoni va, umuman olganda, geosiyosatda tobora muhim rol o‘ynamoqda. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo xalqlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli mintaqada mutlaqo yangi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik muhitini yaratishga erishildi. 

 

Siyosiy ishonch yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu esa bugungi kunda mintaqadagi hayotiy muhim muammolarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish, transport va savdo masalalari bo‘yicha oqilona murosaga erishildi. 

 

O‘zbekiston Respublikasi ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori. Asosiy maqsadimiz Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqa, tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirishdan iborat. 

 

Shubhasiz, bularning barchasi global xavfsizlikni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, butun Yevroosiyo mintaqasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining dunyodagi yetakchi hamkorlar, birinchi navbatda, Rossiya bilan o‘zaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi. 

 

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkori va ittifoqdoshi. Azaliy do‘stlik rishtalariga asoslangan munosabatlarimiz izchil rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyimoqda. 

 

O‘zbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, innovatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi sohasidagi, yirik transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining mavjud salohiyatini to‘liq ishga solishdan manfaatdor. Madaniyat va ta'lim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

 

“Valday“ klubining O‘zbekistondagi bugungi uchrashuvi mamlakatlarimizning ishonchli muloqot va amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda barcha darajalarda rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilishining yorqin dalilidir.

 

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

 

Samarqandda o‘tayotgan “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi mamlakatlarimiz ekspert-tahlil hamjamiyatlari o‘rtasida yangi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va mavjudlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Umid qilamanki, bunday uchrashuvlar muntazamlik kasb etadi. 

 

Konferensiya ish faoliyati samarali bo‘lishini, Sharq gavhari - ko‘hna va navqiron Samarqand bilan tanishish sizlarda yorqin va unutilmas taassurot qoldirishini tilab qolaman.

 

 

Toshkent shahri,

2019-yil 11-noyabr.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech