22 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14,5 °C

Xalqaro hamkorlik
3 Fevral  2020 1486

O‘zbekiston – AQSh o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik kengaymoqda

3 fevral kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va AQSh tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi.

Muloqot davomida 2018 yil may oyida Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – AQSh sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi muhokama qilindi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo OAV xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda muzokaralar samarali kechgani qayd etildi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar hamkorlikka doir turli yo‘nalishlarni qamrab olgan holda, yuqori sur'at kasb etgan. O‘zaro aloqalar tizimli va muntazam xususiyatga ega. Bu ko‘p jihatdan O‘zbekiston bilan AQSh Prezidentlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari va shaxsiy irodasi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning AQSh tomonidan e'tirof etilishi tufaylidir.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirilishi jarayoniga alohida e'tibor qaratilgani, strategik sheriklikning yangi bosqichlarini kelgusida aniq va amaliy mazmun bilan boyitishga ikki tomon ham tayyorligi ta'kidlandi. Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ta'lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olingani qayd etildi.

O‘zbekiston tomoni bundan keyin ham mamlakatimizda AQSh biznes vakillariga qulay shart-sharoit yaratish, birgalikdagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga tayyorligi bildirildi.

O‘z navbatida, Vashington O‘zbekistonda inson omili tushunchasi tobora ustuvor ahamiyat kasb etayotgani, xususan, mamlakatda keyingi yillarda diniy erkinlik, bolalarning majburiy mehnatga jalb etilishini butunlay bartaraf etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, shuningdek, so‘z erkinligini ta'minlash kabi muhim demokratik jarayonlarda keskin ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berganini e'tirof etmoqda.

O‘zbekiston va AQShning bugungi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mintaqaviy masalalarga yondashuvi bir-biriga juda yaqinligi, tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik, xotirjamlik va farovonlik hukm surishi tarafdori ekani qayd etildi.

Abdulaziz Komilov va Maykl Pompeo zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda kurashish, ularning oldini olish, jumladan, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinganini ta'kidladi. Afg‘onistonga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni yanada faollashtirishga, ushbu mamlakatni savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya aloqalariga keng jalb etishga kelishib olingani ta'kidlandi.

 Matbuot anjumanida tomonlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar rivoji bugungi kunda yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgani, shu bilan birga barqarorlik kasb etgani, tomonlarning sa'y-harakatlari bundan buyon ham strategik sheriklikning o‘zaro manfaatli yangi yo‘nalishlarini aniqlashga yo‘naltirilishini tasdiqladilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech